Vadim Abramov: "Buxoro"da rasman ishlamayman, Baqoevga yordam beraman"
27 jan 2017 16:01
Yangiliklar
Vadim Abramov: "Buxoro"da rasman ishlamayman, Baqoevga yordam beraman"
Bu borada Erudit Sport Vadim Karlenovich bilan suhbatlashib, vaziyatga oydinlik kiritdi.
BUXOROGA BORIB, BOSHQA REJAM BORLIGINI AYTDIM
- Vadim Karlenovich, sizni yangi lavozim bilan tabriklasak bo'ladimi?
- Yo'q, yangi klub bilan meni tabriklay olmaysiz.
- Buxoro klubini boshqarishingiz borasidagi gap-so'zlarga qanday izoh berasiz?
- Izoh bera olmayman. CHunki men hech qaerda ishlayotganim yo'q.
- Buxoroga borib, klubdagi sharoitlar bilan tanishib chiqqaningiz rostmi?
- Mendan Buxoroga kelishimni, ayrim masalalarda suhbatlashishlarini so'rashdi. SHunga Buxoroga borgandim.
- Sizga Buxoro klubidan taklif bo'ldimi?
- Jiddiy taklif demagan bo'lardim, shunchaki ular ayrim masalalarda men va mening fikrim bilan qiziqishdi.
- Xo'sh, Buxoroga borib keldingiz, taassurot va xulosalaringiz qanday bo'ldi?
- Umuman olganda, taassurotlarim yomon emas. SHunchaki, mening boshqa rejalarim bor. Bilasizmi, meni Buxoroga taklif etishganda, noto'g'ri tushunmasliklari uchun darhol yo'q deya olmadim. CHaqirilgan joyga hali bormay, darhol rad etdi deb aytmasliklari uchun Buxoroga bordim, vaziyat bilan tanishdim, gaplashib oldim. CHiroyli shahar, muxlislar qiziqishi kattaligi xursand qiladi. Ammo mening boshqa rejalarim bor. Toshkentdan tashqarida ishlashim qiyin. Har holda taklifni qabul qilgandan so'ng u erga borib ishlashing kerak.
- Boshqa rejalaringizdan kelib chiqsak, sizda Toshkent klublaridan takliflar bormi?
- Yo'q, ayni damda oldimda hech qanday taklif yo'q. Buxoro klubi bilan gaplashdik, ularga mening boshqa rejalarim borligini malum qildim. Bor gap shu.
HOZIRCHA TOSHKENTDAN TASHQARIDA ISHLASHNI ISTAMAYMAN
- Buxoro taklifini rad etganingiz jamoadagi so'nggi jiddiy o'zgarishlarga bog'liqmi?
- Yo'q, bu savolga javob bera olmayman, bu savol menga emas. CHunki men ular nima uchun, qaysi sabab tufayli istefoga chiqarilganligini bilmayman.
- Aytmoqchimanki, klubdagi oldingi murabbiylarga bo'lgan munosabat, etakchi futbolchilarning jamoani tark etayotganligi sabab bo'ldimi?
- Umuman olganda, bu ham qarorimga qandaydir tasir ko'rsatdi, ammo aynan shu sabab tufayli rad etdim deya olmayman. Aytishim kerak, Buxoro boshidan mening rejalarimda yo'q edi. SHu bois men bu haqda jiddiy o'ylaganim ham yo'q.
- Sir emas, terma jamoadagi faoliyatingiz orqali muxlislarda yaxshi taassurot qoldira olgansiz. Yangi mavsumda sizni klublarimizda ko'rishimiz mumkinmi?
- Men ham shunga umid qilaman. Albatta, agar yaxshi va qiziqarli taklif bo'lsa, ko'rib chiqishga tayyorman.
- Taklif Oliy Liganing kuchli klublaridan bo'lsa ko'rib chiqasizmi yoki o'rtamiyona jamoalar taklifini ham qabul qilasizmi?
- Men uchun buning farqi yo'q. Eng asosiysi o'sha klub Toshkentda bo'lsa bo'ldi. Hozircha Toshkentdan tashqarida ishlashni istamayman.
Ushbu suhbat 25 yanvar chorshanba kuni o'tkazilgach, oradan bir kun o'tib, Buxoro klubi rasmiy sayti klub rahbariyati qaroriga binoan, Ulug'bek Baqoev jamoa bosh murabbiyi sifatida ish boshlashini, Vadim Abramov esa rasman maslahatchi murabbiy sifatida faoliyat olib borishi haqida elon qildi. SHundan so'ng biz yana Vadim Abramov bilan bog'lanib, voqealar rivojiga oydinlik kiritishni istadik.
BAQOEVNI NOMZODINI O'ZIM TAKLIF QILDIM, IMKONQADAR YORDAM BERAMAN
- Vadim Karlenovich, kechagi suhbatimizda Buxoro taklifini rad etganligingiz haqida aytgan edingiz. Bugun esa klubning rasmiy malumotida Buxoroda faoliyat boshlashingiz aytildi. Buni qanday izohlaysiz?
- Gap shundaki, kecha Buxoroda bo'lganimda taklifni qabul qila olmasligimni aytib, bosh murabbiy lavozimiga, terma jamoadagi faoliyatimdan juda yaxshi bilganim Ulug'bek Baqoevni taklif qilgandim. SHunda ular aniq javob berishmagandi. Bugun esa qo'ng'iroq qilib, Sizning taklifingiz bilan Ulug'bek Baqoev bilan ko'rishdik, gaplashdik, endi bosh murabbiy sifatida tayinlayapmiz, deyishdi. O'z o'rnida men ham bundan xursandligimni, Baqoev Buxoro futboli uchun begona emasligini, lozim bo'lsa, imkonqadar qo'limdan kelgancha yordamimni ayamasligimni aytdim.
BUXORODA RASMAN FAOLIYAT YURITMAYMAN, TAKLIFLAR UCHUN OCHIQMAN
- Demak, siz klubda maslahatchi murabbiy sifatida faoliyat yuritasizmi?
- Yo'q, buni qanday tushutirsam ekan, men shunchaki Ulug'bek Baqoevga yordam beraman. Maslahatchi murabbiy bo'lib ishlamayman. Klubda rasman faoliyat olib bormayman.
- Yani Buxoroda ishlamaysiz?
- Yo'q, men shunchaki Baqoevga chempionat boshlanguniga qadar yordam beraman. Mavsum boshlanishiga oz vaqt qoldi, shu bois komplektaciya va boshqa istalgan savollarni echishga yordam beraman.
- Agar sizga boshqa klublardan yangi taklif tushsa-chi?
- Men takliflarni ko'rib chiqishga tayyorman.
- Sizda Buxoro varianti qanday paydo bo'lgandi?
- Klub rahbariyati taklifi bilan borgandim. Avvalo, menga ishonib taklif qilishgani uchun xursand bo'lgandim. Taklifni darhol rad etmay, to'g'ri tushunishlari uchun, chaqirilgan joyga borib mening boshqa rejalarim borligini, u amalga oshsa, to'satdan barchasini tashlab ketish noto'g'ri va noqulay bo'lishini tushuntirdim. CHunki, boshqa taklif tushsa men aniq o'sha taklifni qabul qilaman. SHunday ekan, men klubga ham, sizga ham to'g'risini aytayapman. Bilasiz, birovni aldash menga begona. Ayni damda Ulug'bek Baqoevga qo'limdan kelganicha yordam beraman. Yangi klublardan taklif tushgan taqdirda, ko'rib chiqaman. Takliflar uchun ochiqman.
Usmon IBODOV suhbatlashdi, Erudit Sport gazetasi.
Fikrlar