Uche uchta o'yinda bitta gol urdi
25 jan 2014 18:55
Yangiliklar


Uche uchta o'yinda bitta gol urdi
O'z vaqtida "Paxtakor", "SHo'rtan" jamoalarida o'ynagan nigeriyalik hujumchi Ixeroume Uche ayni paytda Vetnam Super ligasining "Tan Kuang Nin" klubi sharafini himoya qilyapti.
Vetnam chempionatining bu yilgi mavsumi 11 yanvar kuni start olgan bo'lib, shu kuni Uchening jamoasi o'z uyida kutilmaganda "Song Lam An" klubiga 0:1 hisobida yutkazib qo'ydi. 17 yanvar kuni o'tkazilgan 2-turda "Tan Kuang" "Nin Bin" maydonidan g'alaba (3:1) bilan qaytdi. Bugun esa Uche jamoadoshlari safarda "Bin Duong" klubi bilan nursiz durangga imzo chekishdi. O'yinda hisob ochilmagan. 2007 yili "Paxtakor" tarkibida O'zbekiston chempioni bo'lgan nigeriyalik futbolchi o'tkazilgan uchta o'yinda bitta to'p kiritishga muvaffaq bo'lgan. "Mavsumning ochilish o'yinida kuchli raqibga mag'lub bo'ldik. Bu klub chempionatda peshqadamlik qilyapti. Bugun qanday o'ynashganidan xabarim yo'q, lekin dastlabki ikki uchrashuvda yuz foizlik natija qayd etishgandi. Vetnam chempionati ham yildan-yilga kuchayib boryapti. Mamlakat klublari o'z saflariga Braziliya, Gana, Nigeriya, Kamerun, Avstraliya, Yaponiya, Koreya kabi davlatlardan kelgan legioner futbolchilarni qo'shib olishyapti. Joriy mavsumda jamoamiz oldiga chempionlik vazifasi qo'yilgan. Mavsum endigina boshlandi. Bu yog'iga ochko yo'qotmaslikka harakat qilamiz", - deydi SAga bergan intervyusida Ixeroume Uche.
Kamoliddin ALIMOV
Kamoliddin ALIMOV

Fikrlar