Timur Kapadze Qirg'iz Respublikasiga qarshi bahs oldidan nimalar dedi? (to'liq matbuot anjumani)
19 mar 22:54
Yangiliklar


Timur Kapadze Qirg'iz Respublikasiga qarshi bahs oldidan nimalar dedi? (to'liq matbuot anjumani)
"Ertaga bizni qiziqarli bahs kutib turibdi. O'ylaymanki, biz ertangi bahsga tayyormiz. O'z uyimizda o'ynaymiz. Bugun so'nggi mashg'ulotni o'tkazamiz. Barchasi joyida" - deya fikr bildirdi Timur Kapadze.
Birinchi navbatda, butun jamoa nomidan, so'nggi uch yarim yilni biz bilan birga o'tkazgan Srechko Katanecga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bosh murabbiyimizga qattiq sog'liq tilaymiz. O'yinga to'xtaladigan bo'lsak. O'yin ahamiyatini sizlar bizdan ham yaxshiroq tushunib turibsizlar. Biz ertaga bir jamoa bo'lib harakat qilsak, o'z oldimizga qo'ygan maqsadimizga erishamiz" - dedi Odiljon Hamrobekov.
- 2011 yili O'zbekiston milliy terma jamoasi safida Qirg'izistonga qarshi ikki uchrashuvda qatnashgan edingiz. Ikki bahsda ham O'zbekiston terma jamoasi g'alaba qozongan edi. Ushbu uchrashuvlarni eslaysizmi?
- Albatta, ammo u vaqtdagi o'yinlarni ertangi bahs bilan solishtirish qiyin. Futbol kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Biz o'sha vaqtlari Qirg'iziston bilan ko'p marotaba to'qnash kelganmiz. Qirg'iz futboli hozirgi kunda o'sishmoqda. O'ylaymanki, ertaga jamoamiz kuchli va yaxshi o'yin namoyish etadi.
- Savolim Eronga qarshi kechadigan keyingi uchrashuv haqida edi. Tehronga etib borish masalalarida muammolar kuzatilmaydimi?
- Hammasi joyida. Barchasini rejalashtirganmiz. Tehronga to'g'ridan-to'g'ri reys orqali uchib boramiz va ortga "charter" reysda qaytamiz. Qaerda joylashishimiz ham aniq bo'lib ulgurgan, Tehronga bundan avval ham borganmiz.
- Qirg'izistonga qarshi o'yinga ko'ngildagidek tayyorgarlik ko'ra oldingizlarmi?
- Vaqt biroz kamroq edi. Hozir ham mashg'ulotimiz bor. Hammasi joyida va barcha futbolchilar sog'-salomat. Men FIFA kunlarini oldinroq boshlanishini istagan bo'lardim, ammo bu bizning qarorimiz emas. Har bir futbolchimiz ertaga maydonga tushib, o'zining eng yaxshi o'yinini namoyish etadi.
- Husniddin Aliqulovning yo'qligi himoyamizga qanchalik tasir qilishi mumkin?
- Bu futbol va bunday holatlar uchrab turadi. Terma jamoadagi har bir futbolchi tayyor bo'lishi kerak. Shu sababli, Husniddin o'rnini bilintirmaymiz degan umiddaman. Jarohatlar futbolning bir bo'lagi. Nima bo'lishidan qati nazar biz asosiy vazifamizni bajarishimiz kerak.
- Hojimat Erkinov so'nggi pallada terma jamoaga chaqirildi. Bunga sabab o'ng qanot yarim himoyasidan ko'nglingiz to'lmayotganmi? Shuningdek, Oston Urunovning holati qanday?
- Oston biroz noqulaylik his etdi va shu sababli kechagi mashg'ulotlarda oxirigacha ishtirok etmadi. Hozir u doktorlar nazorati ostida, ertaga yakuniy qarorni qabul qilamiz. Hojimatni esa kerakligi uchun chaqirdik. Oldinda yana bitta bahsimiz.
Odil Hamrobekovga savol
- Qirg'izistonga qarshi dastlabki uchrashuvdan oldin Srechko Katanec "ertaga maydonda kim "boss" ekanligini ko'rsatib qo'yishimiz kerak. Biz Qirg'izistondan kuchliroq ekanligimizni isbotlashimiz zarur" degan edi. Ertangi o'yindan oldingi kayfiyat ham shundaymi?
- Maydonda familiya o'ynamaydi. Futbolchi o'zi harakat qilishi kerak. Biz Qirg'izistondan kuchliroqmiz deb maydonga tushsak, bu bizning xatomiz bo'ladi. Biz o'zimizning mahoratimizni, xohishimiz orqali namoyish etishimiz mumkin. Zamonaviy futbolda har qanday jamoa har qanday raqibni mag'lub etishi mumkin ekanligiga guvoh bo'lyapmiz. Bitta o'yinga tayyorgarlik ko'rish oson. Bizda bunday kayfiyat yoki holat yo'q.
Odil Hamrobekovga savol
- "Bunyodkor" stadioni sizga begona emas. Maydonning hozirgi holati qanday? Avvalgi bahslarda maydon holati bo'yicha gap-so'zlar ko'p bo'lgandi. Ertaga anshlag bo'lishi kutilmoqda. Ushbu haqda ham fikr bildirib o'tsangiz...
- Muxlislarimizning qo'llab-quvvatlashi bizga yordam beradi va bizga yuklatilgan masuliyatni oshiradi. Maydon holati juda ham yaxshi edi, ertaga maydon bo'yicha muammo bo'lmasa kerak.
- Abduqodir Husanovning terma jamoadagi laqabi "Siti"ga o'tganidan keyin o'zgardimi?
- Husanovning transferi yosh futbolchilarga ko'proq motivaciya beradi. Mashg'ulotlarga kelayotgan muxlislar soni ham ko'payib qoldi. Abduqodirning terma jamoadagi laqabi o'zgarmadi. U biz uchun hali hamon o'sha-o'sha Abduqodir.
- Terma jamoa safidagi Superliga futbolchilarining jismoniy holati qanday? Ular 90 daqiqa o'ynay oladimi?
- Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, jismoniy holatimiz yoki boshqa jihatlarga etibor berish kerak emas. Maydonga chiqib, o'zimiz uchun kerakli natijani qo'lga kiritishimiz shart. Futbol jamoaviy o'yin va bahs davomida futbolchilar bir-birini to'ldirishi kerak. Qani edi, bizda tayyorgarlik uchun biroz ko'proq vaqt bo'lsa, ammo bu ilojsiz. Ertaga barcha eng yaxshi o'yinni ko'rsatishi kerak.
- Timur aka, siz Olimpiya terma jamoamizni ilk marotaba Olimpiya o'yinlariga olib chiqqan murabbiy sifatida tarixdan joy olgansiz. Endi esa milliy terma jamoani ham ilk marotaba mundialga olib chiqishingiz mumkin. Ushbu jihat sizga bosim yuklayaptimi yoki qo'shimcha kuch bermoqdami?
- Men bu haqda o'ylayotganim ham yo'q. Men o'z oldimga qo'ygan vazifani uddalashim kerak. Ertaga o'yinimiz bor, undan keyin esa keyingi bahsga tayyorgarlik ko'rishimiz kerak.
- Guruhimizdagi boshqa terma jamoalar bizga nisbatan "o'ziga xos"(kelishilgan. tahririyat) o'yinlar ko'rsatishi mumkinmi?
- Menga umuman qizig'i yo'q. Barchasi o'zimizga bog'liq. Ochkolar yig'ishda davom etishimiz kerak. Raqiblar bizning o'rnimizni egallashni istaydi va shu sababli ular bunday narsalarga qo'l urishi mumkin.
- Olimpiya terma jamoasidan so'ng murabbiylik faoliyatingizda kichik tanaffus ro'y berdi. Ushbu tanaffus sizga qanchalik yordam berdi?
- Har bir bahs bu alohida yuk. Nasib qilgan ekan, Olimpiadaga chiqish nasib qildi. Biroz dam olgani, ancha katta foyda berdi. Fikrlashim o'zgardi. Terma jamoaga kelishim esa, tezda ro'y berdi. Bosh murabbiy sog'lig'idagi muammolar tufayli o'z lavozimini tark etdi. Terma jamoa menga begona emas, ko'p yillar davomida futbolchi sifatida o'ynadim va endi bosh murabbiy sifatida shu erdaman. Asosiy etiborimiz ertangi o'yinga qaratilgan.
- Bishkekdagi uchrashuv ancha qiyin kechgandi. Ertaga ham shunday "xavfli" scenariy takrorlanmasligi uchun nima qilishimiz kerak deb o'ylaysiz?
- Bilasiz, qo'shnichilik aloqalarimiz bor. Bu ham qo'shimcha bosim yuklaydi va har bir bahs o'ziga yarasha asabiy bo'ladi. Ertaga nima bo'lishidan qati nazar, raqibga imkon bermaslik va g'alaba qozonish. O'yin qanday kechishidan qati nazar asosiysi g'alaba qozonish.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar