So’nggi yangiliklar

23:19Хави "Интер Майами" бош мураббийи бўладими? Инсайдерлар маълумот беришди  0 22:49АПЛ клублари сўнгги 10 йилликда трансферлар учун қанча ишлатишди?  0 22:22"Ювентус"га "Челси" футболчиси керак  0 21:57Нико Уильямс болалигидаги кумирлари ким бўлганини айтди  5 21:34Максим Шацких: "Черан, Собирхўжаев борасидаги саволлар менга берилмасин. Бу мавзу ёпилган"  18 20:57Миржалол Қосимов: "Натижадан ҳам ўйиндан ҳам қониқдим"  2 20:36Суперлига. ОКМК "Жар"да "Пахтакор"ни мағлуб қилди  6 20:25"Пахтакор" кумуш медаллар учун курашдан чиқди  10 20:06Суперлига. ОКМК ВАР томонидан 13 дақиқа текширилган ҳамда япониялик футболчи томонидан урилган голлар эвазига 11 йилдан сўнг сафарда "Пахтакор"ни мағлуб этди  58 19:50Гари Невилл АҚШда дам олган Рэшфорд ва Каземирони танқид қилди  3 19:21"Реал" январда Эндрикни ижарага бермайди  0 18:59Жоау Канселу: "Ҳар доим "Барселона"га мухлислик қилганман"  2 18:35Сон Туркияда тўп тепиши мумкин  0 18:06Александр Ежов: "2-3 та вазиятни юз фоиз голга айлантиришимиз керак эди"  0 17:50Асрор Алиқулов: "Машъал" кейинги мавсум Суперлигада ўйнамайди? Бу ҳақда эшитганимиз йўқ"  3

"Tibbiyoti "cho'loq" futbol marraga etolmas". Abror Pirriev bilan ochiq suhbat Yangiliklar

"Tibbiyoti "cho'loq" futbol marraga etolmas". Abror Pirriev bilan ochiq suhbat

Bugungi zamonaviy futbolni tibbiyotsiz tasavvur qilib bo'lmaydi.

Sport tibbiyoti allaqachon millionlar o'yinining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Biroq hozirda futbolimiz mazkur jihatdan maqtanadigan darajada hisoblanmaydi. Yakshanba tongida "Lokomotiv" shifokori Abror Pirriev bilan bo'lgan suhbatimiz futboldagi tibbiyot masalalari, vitaminzaciya tushunchasi, futbolchilarning jismoniy holati, ulardagi koviddan keyingi davr kabi mavzularni o'z ichiga oldi. To'g'ri suhbat bir muncha katta. Lekin zarur jihatlarga to'xtalib o'tilganini aytish joiz.


- Suhbatimizni bugungi kunda "Lokomotiv"dagi faoliyatingiz qanday ketayotgani haqidagi fikrlaringiz bilan boshlasak...

- Klubdagi faoliyatim odatdagidek davom etmoqda. Bilasiz so'nggi yillarda "Lokomotiv"da o'zgarishlar yuz berdi. Strategiya o'zgardi. Birato'la tibbiyot sohasida ham urg'u jamoaga yosh kadrlarni jalb etish va tarbiyalashga qaratildi. Bizda ishlab kelgan shifokorlarni boshqa klublarga berib, sohaga qiziquvchi yoshlarni ishga olganmiz. Klubdagi tibbiy xizmatni tashkil qilish uchun hozirda 4ta shifokor, 6ta umumiy o'rta tibbiyot xodimi faoliyat yuritmoqda.


- O'FA qoshida yurtimizning tibbiyot sohasida o'z yo'nalishining etakchi mutaxassislarini jalb qilgan holda yangi qo'mita tashkil etilgan. Mazkur qo'mita raisi lavozimida ham mehnat qilyapsiz...

-  Endilikda nafaqat terma jamoa yoki klub, balki butun futbolimiz miqyosida sport tibbiyotini to'g'ri yo'lga qo'yish vaqti keldi. Futbolni tibbiyotsiz rivojlantirib bo'lmasligini anglab etishdi. Bu yo'lda “Tibbiy qo'mita” ko'p ishlarni amalga oshirishi kerak. Faoliyat qamrovi futbol akademiyalaridan tortib milliy terma jamoalargacha bo'lib, tibbiy xizmatni tashkil qilishdan tortib, ovqatlanish, vitaminizaciya, reabilitaciya, kadrlarni tayyorlash kabi muhim vazifalarni o'z ichiga oladi. Xullas, qilinadigan ishlar anchagina.

- Hozirda jamoani Denis Korostichenko boshqarmoqda. O'tgan mavsumda portugaliyalik Mikael Sekeyra bilan ishladingiz. Xorijlik murabbiylar bizning futbolchilar bilan ishlashga qiynalyaptimi yoki futbolchilarimiz ularning talabiga javob bermayapti? Xususan Sekeyra ketish chog'ida bizga oddiy maktab bolasi qiladigan xatolar pand berdi, dedi...

- Har bir xorijlik murabbiy jamoaga o'z g'oyasini singdirishga urinadi. O'yin uslubini ko'rsataman, deb keladi. Bizda shunaqa yanglish tushuncha borki, xorijlik murabbiy kelib, bizga barcha narsani hal qilib beradi, degan mazmunda munosabatda bo'lamiz. Aslida yuqori saviyadagi futbolga tayyor sharoit yaratib, so'ngra etuk mutaxassislar jalb qilinishi kerak. Barcha ish yo'lga qo'yilgandagina xorijlik mutaxassisning uslubi natija berishi mumkin. Sekeyraning o'z metodi bor edi. U: “Xorijlik murabbiy futbolchiga qanday pas berish yoki to'p tepishni o'rgatmasligi kerak, siz bularni akademiyadayoq puxta egallagan bo'lishingiz kerak. Men sizga futbolning oliy dasturini singdirish uchun kelganman, tag'in maktab dasturiga qaytishni istamayman”, der edi. Sekeyra katta g'oyalar bilan tashrif buyurdi. Ammo hali ish ko'p ekan. Talabga javob bermaydigan maydonlarimizni ko'rib jig'ibiyron bo'lardi. CHunki bunday maydonlarda uning o'yin uslubi ish bermas, o'yin  o'zimizning ur, tepdandan nariga o'tmasdi. Har bir xorijlik kuchli mutaxassis klub uchun tajriba. Sekeyra “Lokomotiv”ga ko'p narsa qoldirdi. U yosh murabbiylarga, xususan Korostichenkoga qanday ishlash kerakligini ko'rsatib ketdi. Qisqasi, Sekeyraning klub uchun katta foydasi tegdi, uni doim hurmat bilan eslaymiz, qo'ng'iroqlashib turamiz.

- Siz uchun chet ellik murabbiy bilan ishlash birinchi marotaba bo'lgani yo'q. CHunki Ektor Kuper kabi talabchan mutaxassis bilan terma jamoada ishlagansiz...

- Ektor Kuper jahon futbolida mavqei baland murabbiy. Ajoyib mutaxassis edi. Ishni qanday yo'lga qo'yishni biladi. Kupergacha terma jamoada tibbiy taminot abgor ahvolda bo'lgan. Ochig'i bint va yoddan nariga o'tolmaganmiz. Mirabror Usmonov ajoyib boshqaruvchi rahbar bo'lganlar. U kishi barcha sharoitni yaratib berardilar. Lekin hamma gap o'shandan unumli foydalanib, taminotni yaxshilamagan terma jamoalarga masul mutasaddilarda edi. Kuper esa ilk kundanoq tibbiy xodimlar va taminot masalasini ko'ndalang qo'ydi va kamina boshchiligimda buni zarur mavqega olib chiqa oldi. Bilmadim, o'yin uslubi tanlashu, to'g'ri ishlash qanday bo'lishini o'rgatuvchi turfa “mutaxassis”larimizga Kuper faoliyati yoqmagandir, ammo jamoa ichida bo'lgan inson sifatida u bilan birga ishlash Sekeyra bilan faoliyat yuritganim kabi faqat iliq taassurotlar qoldirgan.

- Vitaminizaciya to'g'risida to'xtalsak. Ushbu atamani ko'pchilik turlicha talqin qiladi. Futbolchilar, mutaxassislar intervyularida jar solishadi. Vitaminizaciya nima o'zi?

- Vitaminlar organizmning unib-o'sishi va faoliyati uchun zarur bo'lgan elementlardir. Vitaminizaciya bu vitaminlarning tabiiy va kimyoviy ko'rinishda organizmga kirishi. Meva, sabzavotlar oddiy kundalik tarzimiz uchun etarli. Lekin sportchi uchun emas. U jismoniy yuklama bilan ishlaydi va keragidan ko'proq vitamin, minerallarni yo'qotadi. SHu bois qo'shimcha vitamin beriladi. Vitaminizaciyada jismoniy yuklamada zo'riqib ishlaydigan barcha azolar qamrab olinadi: Yurak, jigar, mushaklar. Asosiy vitaminizaciya yuklamalarga boy bo'lgan o'quv-mashg'ulot yig'inlarida o'tkaziladi. Boshqa payt qo'llab turuvchi rejimga o'tiladi. SHuningdek, terlaganda ko'p yo'qotiladigan mineral tuzlarni o'rnini qoplash uchun izotoniklar beriladi. Futbolchi uchun universal birgina vitamin yo'q. SHifokor mashg'ulot turi va yuklama darajasiga qarab tarkiblarini tanlab, o'zi tayyorlab beradi. Xullas, tibbiyoti kemtik sport marrada oqsar, deganlaridek futbolimizdagi tibbiyotni professional darajaga olib chiqmas ekanmiz, har doimgidek marraga yaqin qolganda bizga bir oz nimadir etishmay volaveradi.

- Bugungi kunda klublarimizdag vitaminizaciya borasida maqtana olmamizmi?

- Bir narsani to'g'ri tushunishimiz kerak. Vitaminizaciya deganda ko'z oldimizga yaltiroq va jozibador idishlardagi dorilar kelmasin. Birinchi navbatda, bazaviy vitamizaciya o'tkazish uchun mahalliy dorixonalarda mavjud vitamin va qo'llovchi preparatlardan foydalanish mumkin. Barchasini chet eldan sotib olib kelish shart degani emas. To'g'ri, professional jamoalar uchun zarur qo'shimchalar ham borki, uni xorijda ishlab chiqariladi va sotib olishga to'g'ri keladi. Aytmoqchimanki, yosh futbolchilardan boshlaboq kimyoviy vitaminlarga mukkasidan ketish kerak emas. Buni tabiiy yo'l bilan, masalan vitaminlarga boy sabzavot va mevalarga boy to'g'ri ovqatlanish orqali. Katta futbolda esa qo'shimcha vitaminlar shart va bunga mablag'ni ayamaslik kerak. Hozir ham terma jamoada vitamin taminoti yo'lga qo'yilgan. Ammo barcha klublarimizda bu hol ko'ngildagiday, deb ayta olmayman.

- Mazkur savolimga javobingiz qisman futbolchilarga tavsiya bo'lishi ham mumkin, deb o'ylayman. Milliy taomlarimizni (osh, kabob va hokazo) istemol qilish futbolchilarga qay darajada mumkin? Tartibi qanday? Ayrim murabbiylar tanadagi yog' miqdorini nazorat qilish uchun buni taqiqlab qo'yishar ekan...

- Jamoalarimizning asosini mahalliy futbolchilar tashkil qiladi. Milliy taomlardan cheklab qo'ya olmaysiz. To'g'ri, osh og'ir ovqat. Ammo, uni parhezbop tayyorlash mumkin. Yana, bizda odat borki, asosiy taomni kechki payt tanavvul qilib, choylarni ichib, keyin uxlaymiz. Hazmi bir oz qiyin milliy ovqatlarimizni parxezbop tayyorlab, mashg'ulotga qarab, gohida tushlik mahali istemol qilish mumkin. Sekeyra davrida shunday qilardik. Ammo o'yindan oldin osh eyish yaramaydi.

- Energetik ichimliklar zararligi haqida o'qiymiz, eshitamiz. Ammo uchrashuvlardan oldin kiyinish xonasida, stadionga etib kelish jarayonida futbolchilarning bevosita shunday ichimliklarni ichayotganiga guvoh bo'lamiz...

- Aslida rangli va gazli ichimliklarning barchasi sportchi uchun zarar. Organizimdagi zarur elementlarni, asosan kalciyni yuvib ketadi. Energetiklarda taurin, kofein degan moddalari borligi uchun sportchilar ichishadi. Ammo sportchilar uchun tavsiya qilingan energetiklar bor, o'shalardan foydalanishgani maqul.

- Koronavirus pandemiyasidan so'ng ko'p futbolchilarning yuragi bilan bog'liq muammolar kelib chiqmoqda. Kristian Eriksen misolida ko'rdik. Serxio Aguero yuragi bois butsalarini mixga ilishga qaror qildi. Yig'inlar paytida bizning futbolchilarda ham shunday holatlar kuzatilmadimi?

- Oldindan dolzarb bo'lib kelgan muammo. Yurak qon-tomir jismoniy mashqlar natijasida yuklama oladigan asosiy azolardan. Eriksenda yurak xuruji ro'y berib, klinik o'lim qayd etildi. Keyinchalik bunga sabab qilib miokardit kasalligi aytildi. Aslida sabab turli tuman bo'lishi mumkin. Eshitgan bo'lsangiz kerak, yuragida muammo bo'lsa shifokor darrov yoshligida shamollashni qanday o'tkazganini so'raydi. Har doim virusli infekciya (gripp, ORVI, kovid) yurak va bo'g'imlarga tasir o'tkazadi. Ularning kasalligi emas, asorati xavfli. O'spirin sport yo'lini tanlaganidan so'ng har bir shamollashning asorati chiqib kelishni boshlaydi. Nima qilish kerak? Virusli infekciyalardan saqlanish, kasallangach esa oxirigacha davolanish zarurligini takidlayman. Kovid kuchli virus bo'lgani uchun asoratni ham kuchli qoldirdi. Bizning futbolda ham ko'p uchraydi. Ayniqsa bolalar futbolida oddiy poliklinika beradigan malumotnoma bilan cheklanamiz. Uni poliklinikaga borib oladi yoki ota-onasi pulga olib kelib beradi. Ayrim murabbiylar bor tuzalsang kelasan, deb qaytarib yuboradi. Futbolimizda har bir iqtidor egasi quyi pog'onadan yuqorilab borarkan, asosiy jamoalarga tibbiy muammo bilan kelmasligiga etibor qaratish lozim. Aniqlanganda kech bo'ladi. SHu boisdan yoshlgidanoq tibbiy ko'rikka etiborliroq bo'lishimiz zarur. Avvalgi yillarga qaraganda chuqurlashtirilgan tibbiy ko'rik qamrovini kengaytirishga harakat qildik. Rahbariyat ham sog'lom yoshlargina futbolimiz kelajagi bo'la olishini, sog'lom tanagina jismoniy yuklamani etarlicha ko'tara olishini anglab etmoqda. O'FA qoshidagi tibbiy qo'mitaning vazifalaridan biri ham shu.

- Intervyularingizda Superligani kuz-bahor tizimiga o'tkazish haqida ko'p aytasiz... 

- Ha. Bu masalada men aynan shu omil bugungi kunda futbolimizga, ko'p gapiriladigan jismoniy tayyorgarlikka foyda beradi deb bilaman. SHifokor sifatida futbolchilar jismoniy holatiga tasir qiluvchi bir qancha omillarni sanab o'tishim mumkin, ammo qisqa qilib, buni ijobiy tomonga o'zgartirish uchun asosiy qadam aynan chempionatni kuz-bahor tizimiga o'tkazish deb hisoblayman.

Tobora isib borayotgan iqlimimizdagi tig'iz mashg'ulotlar va o'yinlarda juda ko'p energiya yo'qotiladi, uning o'rnini qoplash esa amri-mahol, ayniqsa, issiq iqlimdagi ishtahasizlik hamda bizdagi vitaminizaciya va reabilitaciya darajasi bilan.

Gap faqat toliqishda emas, issiq iqlimdagi yuklamalar insonning asosiy azosi – yurak, jigar, tayan tizimi faoliyatiga salbiy tasir ko'rsatadi. Bu omillar futbolchi organizmiga tasir o'tkazmay qo'ymaydi. Nisbatan salqin ob-havoda organizm yuklamani yaxshi qabul qiladi, naf ko'proq bo'ladi va tiklanish jarayoniga kam vaqt sarflaydi. Mo'tadil iqlimdagi yuklamalar futbolchi tinkasini quritmaydi, balki jismoniy holat yaxshilanishiga turtki bo'la oladi. Qolaversa tiklanish jarayoni yaxshi kechadi. 

Ikkinchidan, hozirgi formatda yil davomida yuklamaning teng taqsimlanmasligidir. Qishda uch oy tanaffus, davralar orasida esa 2-3 hafta. Mavsum davomidagi uzilib qolishlar endi alohida mavzu. Bu degani jismoniy holatni meyorida ushlab turishga vaqt taqsimoti imkon bermaydi.

Yana, chempionatimizning kuz-bahor tizimiga o'tishi futbolimiz jozibadorligini oshiradi deb o'ylayman. O'yin tezlashadi, temp oshadi. Salqinroq sharoitda futbolchi organizmi yayrab ishlaydi, nisbatan tez tiklanadi, yaxshi jismoniy formada turadi, tomoshabop o'yinlar ko'payadi.

Agarda kuz-bahor tizimiga o'tish shunchalar og'riqli bo'lsa, hozirgi formatni kuz-bahorga moslab o'zgartirish ham mumkin. Asosiysi 15 dekabrdan 15 fevralgacha va 15 iyundan 15 avgustgacha tanaffus qilib, ular oralig'idagi muddatga chempionat o'yinlarini sig'dirish. Maqsad qishning qahratoni-yu, yozning chillasidan qochgan holda ikki marotaba bir xil – 2 oylik tanaffusda qisqa dam hamda etarli yuklama bilan organizmning jismoniy holatini yaxshilab olish. Maydonlarni ro'kach qiladiganlarga aytsam: hozirgi formatdan farqi – bu 15 kunlik tafovut. Juda katta farq emas. SHundoq ham dekabrgacha cho'ziladigan chempionatdan so'ng qorsiz qishimiz fevral oyida quyosh bilan o'tishi-yu, tabiat injiqliklari mart oyida bo'lishi hech kimga yangilik emas. Qolaversa, bahor-kuz formatiga o'tgan AFK musobaqalarida qatnashuvchi MTJ uchun ham bu qulay va foydali bo'ladi. Alqissa, ertami-kechmi kuz-bahor formatiga o'tishimiz aniq. Ammo buni qanchalar erta amalga oshirsak, futbolimizga shuncha tez foyda qilgan bo'lamiz.

Reyting: +8   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика