So’nggi yangiliklar

12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  0 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  1 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  1 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  5 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  1 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  2 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  4 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  2 00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  5 00:10Саудия Арабистони. Обамеянгнинг голи "Ал Насср"ни мағлуб қилди, Роналдудан 911-гол  16

Temur Olimxo'jaev: “Bir jamoada 2-3ta taktika bo'lishi kerak ” Yangiliklar

Temur Olimxo'jaev: “Bir jamoada 2-3ta taktika bo'lishi kerak ”

O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi bu yil Falastinda tashkil etilgan Osiyo chempionati saralash o'yinlarida ishtirok etib, guruhda birinchi o'rinni qo'lga kiritgan holda qita birinchiligida yo'l oldi.

Tajribali mutaxassis Temur Olimxo'jaev uchun terma jamoa ham, saralash o'yinlari ham begona emas. Sababi, o'smirlarimiz ustozi bundan avvalgi terma jamoani ham Osiyo chempionatiga olib chiqqan. Qolaversa, 1983-1984 va 1998 yillarda tug'ilgan futbolchilardan iborat terma jamoalarni ham boshqargan va shogirdlari bilan qita birinchiligiga chiqa olgan. Kuni kecha biz Temur aka bilan uchrashib, yil yakunlari va rejalari borasida suhbatlashdik.


- Dastavval, yil yakunlari, amalga oshirilgan ishlar, yig'inlar, o'rtoqlik uchrashuvlari va albatta Osiyo chempionati saralash o'yinlari haqida to'xtalib o'tsangiz.

- Biz Osiyo chempionati saralash bahslariga fevral oyida tayyorgarlikni boshlagandik. Qishning so'nggi oyida Toshkentda ikki kunlik tanishuv yig'ini o'tkazdik. Mart oyida Yaponiyada xalqaro futbol festivalida ishtirok etishimiz kerak edi. Festivalda ishtirok etadigan futbolchilarni tanlab olishimiz uchun ham fevral oyida yig'in o'tkazdik. Yaponiyadagi festivalda “Kiyota”, “Tokio” klub tarbiyalanuvchilaridan tashqari, mezbonlar, Afg'oniston va Eron terma jamoalariga qarshi ham o'ynadik. Uchrashuvlarda yutdik ham, yutqazdik ham. Festivalda g'oliblar bo'lmaydi, u erda hamma g'olib. Mezbonlarning festivalni tashkil qilishlaridan asosiy maqsadi – yaqin yillarda Yaponiyada Olimpiada o'yinlari o'tkaziladi. O'sha musobaqa oldidan mamlakatni yaqindan tanishtirish rejalashtirilgan ekan. Bir kunda har bir bo'limi 40 daqiqadan iborat ikkitadan uchrashuv o'tkazdik. Tabiiyki, bolalar jismoniy tarafdan biroz qiynalishdi. Boisi, biz Yaponiyaga 17 nafar o'yinchi bilan yo'l olgandik. CHunki mezbonlar shunday talab qilgandi. 

SHundan so'ng may va iyul oylarida Toshkentda 3-5 kunlik yig'in o'tkazdik. Bu yig'inlarda texnik-taktik, o'yin tashkil qilish borasida ishladik. Boisi, bu vaqtga kelib terma jamoaning o'zagi aniq bo'lib ulgurgandi. Avgust oyida Xitoyga safar uyushtirdik. “CHin yurti”da xalqaro turnir bo'lib o'tdi. Musobaqada Mo'g'iliston, Qirg'iziston, Turkmaniston va Xitoyga qarshi o'yinlarda maydonga tushdik. Etiborlisi, raqiblarimiz bizdan bir yosh katta edi. Turnir saralash o'yinlari oldidan biz uchun juda foydali bo'ldi. SHaroitlar o'z yo'liga, chunki mezbonlar mehmonlarga juda yaxshi sharoitlarni yaratib bergandi. Raqiblar ham jiddiy edi. Ayniqsa, Xitoyga qarshi o'yin bizga yaxshigina dars vazifasini o'tab berdi. Biz mag'lubiyatga uchragan mazkur uchrashuvda kamchiliklarimizni bilib oldik. SHogirdlarim hali bunday muhitda to'p surmagandi. Ishonasizmi, o'z bag'riga 30 ming ishqibozni sig'dira oladigan stadionning deyarli yarmi har bellashuvda to'lardi. Malum bo'lishicha, bu shaharda stadionda bo'lsa-da, jamoa yo'q ekan. SHuning uchun mahalliy xalq har qanday uchrashuvni qo'yib yubormadi. Hatto shahar hokimi ham uchrashuvlarn kuzatib bordi. Bizning jamoa mezbonlarda iliq taassurot qoldirdi. Buni ularning o'zi ham tan oldi.

Saralash o'yinlariga so'nggi tayyorgarlik bosqichini dastlab 28 avgust kuni Toshkentda boshladik. Keyin yig'inimiz Qatarga ko'chdi. 5 senyatbrga qadar Dohada mezbonlarga qarshi ikkita nazorat uchrashuvida maydonga tushdik. Mazkur o'yinlar saralash uchrashuvlaridan oldin so'ngi nazorat bahslari bo'lgani sababli, ochig'i, shaxsan menda biroz cho'chish bo'ldi. CHunki raqib avvalgilariga nisbatan biroz jiddiy edi. Termamizning asl kuchini ko'rsatib berardi. Qolaversa, Qatar termasida 11 nafar ispaniyalik murabbiy faoliyat ko'rsatar ekan. Keyin o'zimga-o'zim ular ispaniyalik bo'lsa, men O'zbekiston farzandiman, deya o'zimga va yigitlarga ruhiy dalda berdim. Natijasi shu bo'lsa kerak, birinchi uchrashuvda mezbonlarni 4:0 hisobida mag'lubiyatga uchratdik. Fikrimcha, ular bizdan bunday hujumkor, presingga asoslangan o'yinni kutmagan bo'lsa kerak?! Ikkinchi o'yinda endi mezbonlar ochiqchasiga qarshi hujum taktikasida to'p surishdi. Barcha futbolchi himoyaga “yotib” oldi. Rosti, biz raqibdan bunday taktikani kutmagandik va bunga tayyor emasdik. Mezbonlar “devor” uslubidan foydalanishayotgandi. O'yin davomida shogirdlarimga tegishli ko'rsatmalarni berdim. To'pni o'zlarida ko'proq ushlab, nazorat qilishlarini so'radim. Qiziqarli bellashuvda biz hisobni ochdik. Oradan ikki daqiqa o'tib, darvozabonimizning xatosidan keyin hisob tenglashdi. Ammo uchrashuv oxirida ikkinchi golni urdik va yana g'alaba qozondik. Birinchi o'yindan keyin bizga etibor qaratmagan mezbonlarning ispaniyalik murabbiylari ikkinchi bellashuvdan so'ng yonimizga kelib, tabriklab ketishdi. Qatardan Toshkentga yaxshi kayfiyatda qaytdik. Dohadagi g'alabalar bolalarning o'z kuchiga bo'lgan ishonchini ortishiga xizmat qildi. Keyin poytaxtimizda Falastinga safar oldidan so'nggi tayyorgarlik bosqichiga kirishdik.

- Bizga malum bo'lishicha, Qatarda ham, Falastinda ham yordamchilaringiz bo'lmagan. Ular hujjat muammolari Toshkentda qolib ketishgan. Bu sizga qiyinchilik tug'dirmadimi?

- Haqiqatdan ham hujjat muammolari sababli yordamchilarim Qatarga ham, Falastinga ham bora olishmadi. Qiyinchilik tug'dirmadimi? Yo'q, chunki men ikki hissa kuch bilan harakat qildim. To'g'ri, albatta qiyinchilik bo'ladi, terma jamoada hammaning o'z o'rni bor. Qolaversa, terma jamoada shifokor, uqalovchi va darvozabonlar murabbiyi bor edi. Ular menga har tomonlama yordam berishdi. Yordamchilarimning yo'qligini bildirmaslikka harakat qilishdi. Qisqasi, murabbiylar shtabi bir musht bo'lib ishladi. Toshkentda 14 sentyabrga qadar mashg'ulot o'tkazdik. SHu kuni safarga uchib ketdik. Safarimiz biroz uzoq bo'ldi. Avval Dubayga, keyin Ummonga, so'ng Falastinga uchib bordik. To'g'ridan-to'g'ri reys yo'qligi sababli 21 soat deganda Falastinga etib bordik. 15 sentyabr kuni manzilga etib borgan bo'lsak, ertasi kuniyoq birinchi rasmiy o'yinda maydonga tushdik. Raqib Maldiv edi. To'g'ri, g'alaba qozonishimizga ishongandik, biroq bu futbol. Hozir hamma futbol o'ynashni biladi. Boz ustiga, bu saralash o'yinlaridagi birinchi rasmiy o'yinimiz edi. Bunday bahslarning bosimi katta bo'ladi. Lekin shogirdlarim bu bosimdan tezda chiqib ketdi va biz 8:0 hisobida g'alaba qozondik. Oradan bir kun o'tib, yana bir mezbonlarga qarshi o'ynadik. Bu uchrashuvning natijasi ham biz uchun juda muhim edi. Sababi, maydon egalari birinchi o'yinda Yamanga yutqazib qo'ygan. Bizga qarshi bor kuchi bilan o'ynashini taxmin qilish qiyin emasdi. Qaysidir manoda bu biz uchun final sanalardi. Aytgancha, barcha uchrashuvlarni suniy maydonlarda o'tkazdik. Xullas, biz o'z uslubimizdan voz kechmadik. Hujumkor, pressingga asoslangan futbolni namoyish qilib, raqibni 6:0 hisobida “taslim” etdik. Qizig'i, ikkita o'yinda ham g'alaba qozonib, Osiyo chempionati yo'llanmasini hal qila olmadik. Boisi, guruhda to'rtinchi o'rinni egallagan terma jamoaga qarshi o'yinlarning natijasi bekor qilinardi. Oqibatda Yamanga qarshi bahs ham finalga teng bo'ldi. Kunora maydonga tushayotganimiz, garchi hisoblar yirik ko'rinish olgan bo'lsa-da, katta bosim ostida to'p surganimiz biroz charchoqga sabab bo'lgandi. Lekin yigitlar final bosqichiga chiqishimizga bir qadam qolganini juda yaxshi xis qilib turishgandi. Qolaversa, biz yurtga bosh ko'tarib qaytishni maqsad qilgandik. Xudoga shukr, yigitlar meni va bizni uyaltirgani yo'q. Biz Yamanni 5:2 hisobida mag'lub etdik. Raqibda bosh murabbiy braziliyalik ekan. Uchrashuvdan keyin bizni tabriklab, Braziliyaga borib, bizga futbol o'ynashni o'rgatinglar, deya o'z fikrini bildirib ketdi. Xullas, uchchala o'yinda ham g'alaba qozonib, kelasi yil sentyabr oyida Hindiston maydonlarida bo'lib o'tadigan Osiyo chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritdik.

Terma jamoaning o'zagi bor. Lekin biz yosh futbolchilarni izlashdan to'xtamaymiz. Sababi, bola bu yoshda har tomonlama o'sayotgan bo'ladi. Ham ruhiy, ham jismoniy, ham fikrlash bo'yicha rivojlanadi. Bunday rivojlanish jarayonidan kimdir yaxshi o'tadi, kimdir yo'q. SHuning uchun men har doim futbolchilarga ham aytaman: terma jamoa eshiklari har doim barchaga ochiq. Agar kimningdir o'yinida pasayish kuzatilsa, u bilan xayrlashamiz. Marhamat, o'z ustida ishlab yana ishonchimizni qozonsin, tarkibdan joy olaveradi. Bizda masuliyat juda yuqori. Oldimizga jahon chempionatiga chiqish vazifasi qo'yilgan. Nafaqat Osiyo chempionatida kuchli to'rtlikka kirish, balki jahon chempionatida ham yuqori o'rinlarni egallash asosiy vazifalarimizdan biriga aylanib boryapti. CHunki kichik mundialda qatnashish odatiy holga aylanib ulgurganiga ancha bo'ldi. 


- 2000 yilda tug'ilgan bolalar o'rtasidagi barcha turnirlar murabbiylar shtabi tomonidan kuzatib boriladimi? Nega bu savolni beryapman, chunki shaxsan o'zim kuzatgan bir nechta musobaqada biror bir terma jamoamizning murabbiylarini ko'rmaganman.

- Albatta, murabbiylar iloji boricha barcha turnirlarni kuzatib borishga harakat qilishadi. SHaxsan o'zim PFL o'tkazadigan Respublika miqiyosidagi turnirlarga boraman. Bundan tashqari, viloyatlardagi maktablarning murabbiylari qo'ng'iroq qilib, iqtidorli bolalarni ko'rishimni so'rashadi. Ularni iltimosini hech qachon rad qilmayman va kuzataman. Oddiy misol, hali bir hafta bo'lgani yo'q. Namangan viloyati terma jamoasi kuni kecha Toshkentga kelib, “CHig'atoy”da o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazdi. Tarkibdagi iqtidorlarni ko'z ostimga olib qo'ydim.

- Gapingiz “quruq” bo'lib qolmasligi uchun fakt bilan aytsangiz. Yosh istedodlarni ko'rish uchun qachon va qaysi shaharlarga bordingiz?

- O'tgan yili Buxoroga, bu yil bahorda Namanganga bordim. Ikkala shaharda ham Respublika miqiyosidagi turnirlar bo'lib o'tdi. Musobaqada barcha jamoalar eng yaxshi o'yinchilari bilan ishtirok etdi. Qarshiga borib, “Nasaf” akademiyasi bilan yaqindan tanishib, iqtidorlarni kuzatdim. Bu akademiyadagi sharoitlarni ko'rib shunga guvoh bo'ldimki, bu erda faqat ishlash kerak. Yaxshi o'yinchi tarbiyalash uchun barcha sharoit bor. SHu erda bir gapni aytib o'tsam: bizga, futbolimizning rivoji uchun shuncha sharoit yaratib berayotgan rahbarlarimiz – Yurtboshimiz Islom Abdug'anievich Karimovga, O'FF prezideni Mirabror Usmonovga katta rahmat aytaman! Hozir barcha sharoitlar ko'zga ko'rinyapti. Endi natija yaxshi bo'lsa, etiborga munosib javob bo'ladi. 


- Murabbiy sifatida sizga qanday natija kerak? CHiroyli o'yin bilan natijaga erishishni xohlaysizmi yoki himoyaviy futbol orqali maqsadga etishishni qo'llaysizmi?

- Bunday holatlarda birinchi navbatda raqib etiborga olinadi. Uning kuchi va qanday uslubda to'p surishi asosiy planga chiqadi. SHaxsan menga murabbiy sifatida doimo hujumkor futbol tarafdori bo'lganman. CHunki eng yaxshi himoya – hujum degan gap bor.

- 1998 yilda tug'ilgan bolalardan iborat terma jamoani boshqarganingizda Toshkentda bo'lib o'tgan saralash o'yinlarida bir holat etiborimni tortgandi. Siz yuqorida hujumkor o'yinni xush ko'raman dedingiz. Ammo o'shanda terma jamoa ko'proq natija uchun o'ynagandi. Futbolchilar maydonda ko'proq himoyani o'ylab, haddan tashqari ehtiyotkorlik bilan to'p surgandi. Qolaversa, vaqt cho'zishlarga ham guvoh bo'lganmiz. 

- Bir jamoada 2-3ta taktika bo'lishi kerak. Raqibga va o'yindagi vaziyatga qarab taktikani almashtirish lozim. Toshkentdagi saralash o'yinlaridagi uslubimiz ham hujumkor bo'lgan, lekin futbolchi o'z uyida to'p sursa, o'z-o'zidan ehtiyot bo'lishga harakat qiladi. Uyda devorlar yordam beradi, deymizku, ammo ruhiy tomondan og'ir. Bola hamma yaqinlarining oldida o'zini ko'rsatishga harakat qiladi-yu, ammo o'zi xohlamagan tarzda xato qilib qo'yadi. 

– Osiyoning asosiy favoritlariga qarshi o'yinlarda qachon biz ham ochiq futbol namoyish qilishni boshlaymiz? 

- Osiyo favoritlariga qarshi o'yinlarda bizga bitta kamchilik pand beradi. Ular to'p bilan muomala qilish jarayonida tezroq fikrlashadi va tez qaror qabul qilishadi. To'g'ri, bizning futbolchilar ham texnik tomondan ancha kuchli, raqiblardan aslo qolishmaydi, ammo maydonda tez fikrlash borasida biroz orqadamiz. Koreyslar, yaponlar bu borada sezilarli yutuqlarga erishgan. Maydonda tez fikrlagan futbolchi, tezlik bilan jamoadoshini to'p bilan taminlaydi, o'zi ham kerakli joyga ochiladi. Kerak joyda zarba beradi, ochiladi. Bu futbolning muhim qismi. Men shogirdlarimdan har doim shuni talab qilaman. Bunday raqiblarga qarshi hali ochiq futbol namoyish qila olmaymiz.

- Futbol tez fikrlashni terma jamoada emas, balki o'z klubida o'rganishi kerak...

- To'g'ri. Men oxirgi vaqtlarda mashg'ulotlarni kuzatib, shunga guvoh bo'lyapmanki, 10 metrga to'g'ri to'p oshirishni bilmaydigan futbolchilar bor. Ularni qiynab, murakkab mashg'ulotlar orqali boshlarini og'ritish shart emas. Oddiy mashg'ulotlar - to'pni to'g'ri oshirishni va albatta buni tezkorlik bilan amalga oshirishni o'rgatish zarur. To'p oshirishni bir joyda turib emas, balki harakat bilan amalga oshirish lozim. Natijada maydonda tezroq fikrlash ham rivojlanib boradi. 

- Terma jamoa tashkil topganidan buyon murabbiylar “terma jamoa eshiklari barcha uchun ochiq”, deb keladi. Agar hammasi reja asosida ketsa va terma jamoa jahon chempionatiga chiqsa, tarkib necha foizga yangilanadi?

- Odatda terma jamoa o'zagining 70 foizi saqlanib qolinadi. CHunki o'sha 70 foiz eng iqtidorlilar hisoblanadi Ko'pchilik nega tarkib asosan Toshkent jamoalarining azolari bilan to'ldirilgan, deya etiroz bildiradi. Bu oddiy haqiqat. Eng iqtidorli bolalarni poytaxt akademiyalari saralab olgan. Men boshqarayotgan terma jamoada ham asosan ikki klub azolari, lekin ularning aksari viloyatlardan. Keling, fakt bo'lishi uchun sanab beraman. Tarkibda Toshkentdan 3, Farg'onadan, 1, Namangandan 3, Andijondan 1, Qashqadaryo 1, Toshkent viloyati 2, Navoiy 2, Samarqand 2, Surxondaryo 2, Sirdaryo 3, Jizzax 1 va Buxorodan bir necha futbolchi bor.


- Terma jamoaning jahon chempionatiga tayyorgarligi qay yo'sinda olib boriladi?

- Hozir aniq fikr bildirishim mushkul. Sababi, men reja tuzib chiqib, markazga topshirganman. Markaz yanvar oyida O'FF prezidenti Mirabror Usmonov tomonidan tasdiqlangan rejani qo'limga tutqazadi. O'sha reja asosida ish olib boramiz. Anig'i shuki, kelasi yildan boshlab bir oyda bir marta yig'in o'tkazamiz. 

- Osiyo chempionatining guruh bosqichida qaysi raqiblarga qarshi o'ynashni xohlardingiz?

- SHaxsan menga buning hech qanday ahamiyati yo'q. Sababi, suhbat avvalida takidlaganimdek, hozir hamma futbol o'ynashni biladi. Qolaversa, Osiyo chempionatida kuchsiz raqibning o'zi bo'lmaydi. 

- O'smirlar va yoshlar terma jamoalarimizning jahon chempionatiga chiqishi odatiy holga aylanib qoldi. Bu sizga qandaydir bosim tug'dirmaydimi?

- Yo'q. Aslida har qanday murabbiy natija ko'rsatishni xohlaydi. SHuning o'zi bir bosim. Men shogirdlarim bilan jahon chempionatiga chiqishni istayman.

- Siz shu kunga qadar to'rtta terma jamoada ishladingiz. To'rtta avlodga ustozlik qilgan inson sifatida aytingchi, bolalarning fikrlashi qanchalik o'zgargan?

 - Hozirgi bolalar tez katta bo'lyapti. Tezroq nimagadir erishishga harakat qilyapti. Murabbiylar har bir futbolchiga alohida muomalada bo'lishi kerak. CHunki maydondagi 11 nafar o'yinchining har bir alohida olam. SHunday tizim yaratilishi kerakki, terma jamoa bir soatdek ishlashi lozim. 

- SHunday deysizku, terma jamoada buni amalga oshirishga vaqt kam...

- To'g'ri, vaqt kam. Lekin biz terma jamoada bitta kuchli tizimni yaratish uchun kerak bo'lsa, uch mahallab mashg'ulot o'tkazamiz. Hatto yig'inlardan so'ng futbolchilarga alohida vazifa yozib beramiz. Ular klublariga qaytganidan keyin vazifalarni bajaryaptimi-yo'qmi, nazorat qilishni murabbiylarga topshiramiz. Kerak bo'lsa, ularni nazorat qilish uchun viloyatga borib kelamiz. Sababi, aytganimdek, har bir bola bilan yakka tartibda ishlash lozim. 

- To'rtta avlod bilan ishlash jarayonida qaysi biri bilan mazza qilgansiz? Yani, qaysi avlod sizni so'zsiz tushunardi?

- (o'ylanib) 1983-84 yillarda tug'ilgan bolalardan iborat yigitlar bilan ishlab mazza qilganman, desam mubolag'a bo'lmasa kerak. Etibor bering, o'sha avlodni deyarli sakson foizi hozir ham futbol o'ynayapti. Yo'q bo'lib ketmadi. O'ynaganda ham oddiy jamoalarda emas, etakchi klublarda, milliy terma jamoada o'ynab kelishyapti. Haqiqat ham o'sha avlodda iqtidorli yigitlar ko'p edi. 


- O'smirlar bilan ishlab kelyapsiz. Futbolchi etishtirib borasida qaysi akademiya yoki futbol maktablarini alohida takidlagan bo'lardingiz?

- “Paxtakor”, “Nasaf”, “Bunyodkor” akademiyalari. Andijon, Namangan va Yangier futbol maktabi futbolga ixtisoslashgan maktablari va “O'zDongJu” jamoasi yoshlarni tarbiyalab berish bo'yicha etakchilik qilmoqda. 

- Bitta futbol maktabi bir yosh toifasida yilda birgina o'yinchini terma jamoaga tavsiya qila olmasa, u maktabni faoliyatidan nima naf? Aksar maktablarning tarbiyalanuvchilari terma jamoa yoki oliy liga klublarini bir chetga qo'yib turing, hatto birinchi ligada ham o'ynay olmayapti. 

- Men doimo bir gapni aytaman: hamma ham futbolchi bo'lavermaydi. SHuning uchun maktablarda tarbiyaga ham jiddiy etibor qaratishadi. Qolaversa, bolaning sog'lom o'sishini ham nazorat qilishadi. CHunki bizning davlatda sog'lom avlod tarbiyasi asosiy maqsadlarimizdan biri. Bola futbolchi bo'lmasa ham yaxshi inson bo'lishi mumkin. Asosiysi shu.

- Osiyo chempionatidan oldin sizni xavotirga solayotgan holatlar ham bormi?

- Menga bolalarning barchasi Osiyo chempionatiga jarohatlarsiz etib borsa, shuning o'zi katta xursandchilik. Qolganini bajarsa bo'ladi. Faqat bolalar o'z oldilarida qanday vazifa turganini his qilishsa va buni unutishmasdan mehnat qilishsa, vazifani bajarishimiz yanada osonlashadi. 

- Turli klublardan kelgan futbolchilarni terma jamoada bir oila sifatida shakllantirishning iloji bormi? Yoki baribir guruhbozliklar bo'ladimi?

- Boshqalarni bilmadimku, bizda hamma bir oila. Bolalar kim qaerdan, qaysi klubdan kelganligiga qaramaydi. CHunki bizda tartib-intizom birinchi o'rinda turadi. SHogirdlarim ovqatlanishga ham birga chiqishadi. Dam olish vaqtida ham bir-biridan ajralmaydi va bir-birini ajratmaydi. Balki gaplarimga ishonmassiz, lekin buni terma jamoani chetdan kuzatganlar ham aytishdi. Terma jamoa azolari ahilligini etirof etishdi. Ilgari qaysidir terma jamoalarda guruhbozliklar bo'lgandir, ammo bizda bunday emas. Futbolchilar maydon tashqarisida guruhbozlik qilishsa, maydonda ham bir-birlarini tushunishmaydi. Bizda murabbiylar shtabi ham bir oila. Aslida shunday bo'lishi kerak. SHundagina ijobiy natijaga erishish mumkin.

Furqatbek NISHONOV suhbatlashdi.


Reyting: +1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика