So’nggi yangiliklar

01:46Команнинг "Барселона"га ўтиши истисно этилмаган, аммо "блауграна"ни вингернинг жароҳатлари ва маоши хавотирга солмоқда  0 01:22"Ливерпуль" ван Дейкка янги шартнома таклиф қилмайди?!  0 00:58Александр Хомяков: "Бугунги ўйинда ҳеч нарса ўхшамади, нима бўлганини тушуна олмаяпман"  2 00:34Иван Бошкович: "Ишлашимиз лозим бўлган жиҳатлар бор"  1 00:21Григорий Колосовский: "Натижа адолатли бўлди"  0 00:04Илёс Зейтуллаев: "Бугунги уч очконинг қиймати олтинга тенг эди. Биз ҳафа қилган "болбой" йигитчага дастхатлар туширилган футболка совға қиламиз"  4 23:52Альварес Мадридга учиб келди ва эртага тиббий кўрикдан ўтади. Форвард "Сити"дан "Атлетико"га 75+20 млн евро эвазига ўтади  3 23:30Аброр Имомхўжаев "Пахтакор-79" авиаҳалокатини ёдга олди  0 23:11Туркия Суперлигаси. "Сивасспор" илк турда ўз майдонида "Трабзонспор" билан дуранг ўйнади  2 23:03МЮ ва Бруну бир йилга узайтириш банди билан 2027 йилга қадар шартнома бўйича келишувга эришишди  2 22:31Педру Нету 60+3 млн евро эвазига "Вулверхэмптон"дан "Челси"га ўтди  0 22:15Суперлига. "Бунёдкор" - "Андижон" 2:0  4 21:59Суперлига. "Бунёдкор" мавсумдаги иккинчи ғалабасини "Андижон" билан ўйинда қайд этди  59 21:56Ўртоқлик ўйини. "Атлетико" "Ювентус"ни ишончли ҳисобда таслим этди, Феликс яна гол урди  3 21:09Суперлига. "Сўғдиёна" — "Металлург" 2:2  1

Taktik ayyor va o'jar murabbiylar to'qnashuvi yoxud Buffon - Noyer Yangiliklar

Taktik ayyor va o'jar murabbiylar to'qnashuvi yoxud Buffon - Noyer

Bugun Evropa chempionlar ligasi 1/8 final bosqichidan o'rin olgan eng markaziy to'qnashuv bo'lib o'tadi, desam mubolag'a bo'lmaydi.


PSJ - "CHelsi", "Arsenal" - "Barselona" kabi juftliklarni kamsitmagan holda shuni aytish mumkinki, "Yuventus" hamda "Bavariya" o'rtasidagi o'yin juda ko'pchilikni qiziqishlariga sabab bo'lmoqda. Neytral ishqibozlar uchun Turindagi o'yin nisbatan qiziqarliroq kechishi aniq. Ushbu ikki grand jamoalardan biri chorak final ostonasida klublar o'rtasidagi eng yirik turnirni erta yakunlashiga to'g'ri keladi.


To'g'risi, aynan shu ikki jamoa ko'rsatgan futbollar orqali ushbu sport turiga bo'lgan mehrim, muhabbatim ancha oshgan. Del Peroning "Yuventus"dagi ajoyib o'yinlari, Nedvedning ajabtovur zarbalari, Trezegening jarima maydonchasi ichidagi raqiblariga uyushtirgan "qotillik"larini ko'pchilik tiffozilar va futbol shaydolari hali unutishmagan. "Bavariya" deganda Oliver Kanning mahluqlardek vajoxati, Effenbergning sportchilarga xos jahli, Jovanni Elberning mohirona o'yinlari va gollarini ko'rib katta bo'lgan avlodning ko'pchiligi "Bavariya"ni boshqacha yaxshi ko'rsa ajab emas. Ular qatorida kamina ham bor. Yashirmayman, evropadan Germaniya va Italiya futboli havosidan "nafas" olib katta bo'lganman.
Italiya deganda avvalo "Yuventus" ko'z oldimizda gavdalanadi. Bu jamoa Italiya chempionatlari tarixidagi eng ko'p chempionlikni qo'lga kiritgan klub. Germaniya desa barcha "Bavariya"ni tushununishi hammaga ayon. Bir so'z bilan aytganda, bugun Italiya va Germaniya gegemonlari to'qnashuvining dastlabki qismini tomosha qilamiz.


Mavsumni omadsiz boshlagan ECHLning amaldagi finalchisi - "Yuventus" dekabrga kelib o'z o'yinini topib oldi. Startni ko'ngildagidek boshlanmaganiga o'ziga xos sabablar mavjud edi. Allegri qo'l ostidagi "Yuve"ning so'nggi yillardagi eng muhim, etakchi uchta futbolisi - Karlos Teves, Arturo Vidal va Andrea Pirloning jamoadan ketishi o'z tasirini ko'rsatdi albatta. Lekin zukko Allegri tez orada Pogba va Markizio  atrofida qudratli "Yuventus" o'yinini tiklay oldi. Teves qilgan ishlarni, endilikda yozda katta pullar evaziga sotib olingan Paulo Dibala bajaradigan bo'ldi. Argentinalik yosh iqtidor sohibi tezda "Yuventus"ning yangi "motori"ga aylana oldi. 2013 yilda "Bavariya"ga ECHLni qo'lga kiritishda o'zining munosib hissasini qo'shgan va Pep bilan kelishmovchiliklar sababli myunxenliklar safini tark etgan Mario Manjukich, o'tgan yili "Atletiko"dan turinliklar tarkibiga kelib qo'shildi. Mario Manjukich "Yuventus"ga tezda kirishib ketdi. Avvaliga Mandukich chempionat o'yinlarida gol urishda biroz oqsadi. Ammo hujumchi "Yuve"ning ECHLdagi muhim gollari va kuzdan so'ng chempionatdagi qiymati baland bo'lgan gollarni kiritishni kanda qilmadi. Mario Manjukich tabiatdan juda ko'plab gollar urib tashlaydigan hujumchilar toifasiga kirmaydi. Mario bir o'yinda xet-trik yoki penta-trik sohibiga aylanmaydi. Xorvatiyalik forvard asosan har o'yinda bittadan gol uradi va kam hollarda maksimum bir uchrashuvda dubl qayd etishi mumkin. Lekin Marioning gollari asosan jamoasiga doimo foyda keltirib keladi. Jarohati bois "Yuve"ning so'nggi bellashuvlarini o'tkazib yuborgan Manjukich, "Bavariya"ga qarshi o'yin oldidan safga qaytdi va katta ehtimol bilan sobiq jamoasi bilan o'yinda ishtirok etadi. Mario uchun bu bahs juda qadrli va muhim ahamiyat kasb etadi. Manjukich bu bahsda eski qadrdonlarini ko'radi va Myunxendagi birgina "do'sti" Pepga o'z "salom"ini etkazishga oshiqishi tabiiy. "Yuventus" jamoasining jarohatlanganlar safidan Jorjio Kellini ham qaytgan va turinliklarning himoya qo'rg'oni sardori muhim uchrashuvda jamoasiga yordam berishi kutilmoqda.
Allegri boshqaruvidagi "Yuventus" ketma-ket 15 o'yindagi g'alabali seriyasini o'tgan haftada, chempionat doirasidagi "Bolonya" bilan o'yinda durang qayd etib, to'xtatib qo'ydi. "Yuve" o'z darvozasidan so'nggi to'qqizta uchrashuvdan buyon to'p o'tkazib yubormayapti. Mavsum startidagi "Yuventus"dan asar ham qolmagan. Bugungi "Yuventus" o'tgan yilgidan ham kuchliroqdek, shashti yuqoriroqdek ko'rinmoqda. G'alabalarga tashna, ko'zlari raqib darvozasini ko'rishga oshiqayotgan "Yuventus"ning hujum chizig'i vakillarini to'xtatib qolish "Bavariya"ga oson bo'lmaydi.

"Bavariya" doimgidek musobaqaning asosiy favoritlaridan biri sanaladi. Germaniya chempionatida yakka hokimlikni o'rnatib olgan myunxenliklar, ECHL bosh sovrini uchun bo'lgan yo'lda dastlabki jiddiy to'qnashuvga shaylanishmoqda. "Bavariya" "Yuventus"dan farqli ravishda mavsum startini ko'ngildagidek boshlashgandi va jamoa deyarli bir tekisda qoniqarli natijalarni qayd etib kelmoqda. Ammo jamoa o'yinida pasayish yo'q emas. "Bavariya" kuzda ko'rsatgan shiddatkor o'yinlarini ayni paytda taqdim eta olmayapti. Balki jamoa qishki pauzadan so'ng biroz tin olgandir. "Bavariya" bundesligadagi katta tafovutdan so'ng o'z o'yinini biroz qochirib yubormoqda. Xosep Gvardiola jamoaga kelganidan buyon "Bavariya" bahorga qadar juda katta tezlikda keladi. Biroq bahorga kelib "Bavariya" avvalgi motivaciya, konsentraciyani yo'qotadi va mavsumning eng muhim pallasida yuqori notada o'ynay olmaydi. Oxirgi ikki mavsumda shu holatlar yuz bergandi va Pep bu kamchiligini hali to'g'rilay olganicha yo'q. Bu Gvardiola uchun "Bavariya"dagi so'nggi mavsum va ECHLdagi avvalgi xatolarini to'g'rilash uchun ham oxirgi imkoniyat.
"Bavariya"ga Gvardiola kelishidan avval bu jamoalar ECHLda chorak final bosqichida o'zaro duch kelishgandi. O'shanda Yupp Xaynkes jamoasi Kontening "Yuventus"iga hech qanday imkoniyat qoldirmasdan yarim finalga yo'l olgandi. Albatta Yupp va Pep boshqaruvidagi jamoalar o'rtasidagi farq juda katta. U paytdagi "Bavariya" haqiqiy fantastik jamoa edi. Hozirgi jamoa ham tarkib borasida undan kam emas. Aksincha tarkib jihatdan Pepda tanlov ham, sifat ham juda yuqori. Ammo "oshpaz" boshqa. Ovqat tayyorlashda esa, bilasiz, hamma gap oshpazda.   
Hozirgi vaqtda jamoalar deyarli bir xil darajada. Tarkibni hisobga olmaganda, "Yuventus" "Bavariya"ga bu safar etarlicha qarshilik qilishga qodir. Allegrining taktik yurishlaridan o'tgan mavsum "Real" aziyat chekkandi, bu safar Allegri "Bavariya"ning bo'lajak murabbiyi Anchelottini mag'lub etgani kabi Gvardiolani ham enga oladimi?
Buni Turindagi o'yindan so'ng emas, Myunxendagi uchrashuvda, hakam xushtagidan so'ng bilib olamiz. Ungacha esa jamoalar holati va imkoniyatlarini o'rganib, tahlil qilib ko'ramiz. "Bavariya"ning hujum chizig'idagi tandem Levandovski-Myuller ushbu mavsumda barcha musobaqalarda jami 56 marotaba darvozalarni ishg'ol etishdi. Bu fantastik natija. "Bavariya"ning "Yuventus"dan yana bir ustun tomoni - vingerlarida. "Bavariya"da ayni paytda jahonning eng kuchli vingerlari to'p suradi. Uzoq vaqt jarohatini davolab safdan chiqqan Frank Riberi ushbu bahsda maydonga tushishga tayyor. Robben ham jarohatidan forig' bo'lgan. Kamiga ushbu mavsumni "Bavariya"da ko'tarinki ruhda o'tkazayotgan Duglas Kosta va asli "Yuventus"ga tegishli bo'lgan Kingsli Koman maydonga tushishga shaylar. "Bavariya" jamoasining qanotlari eng xavfli nuqta. "Yuventus" agarda shu muammoni echimini topa olmasa, unda ularga juda qiyin bo'lishi aniq. Lekin "Bavariya" jamoasi markaziy himoyasi ayni paytda havas qilarli holatda emas. Jamoaning asosiy himoyachisi Jerom Boateng jarohati tufayli safdan chiqqan. Xolger Badshtuber ham ayni paytda jarohati sabab jamoa bilan birga emas. Mehdi Benatia esa yaqindagina jarohatidan forig' bo'ldi va safga qaytdi. Badshtuber va Boatengning jarohatlanishi oqibatida "Spartak"dan olingan Serdar Taski o'tgan turda debyut o'yinini o'tkazdi va aynan uning xatosi evaziga "Bavariya" "Darmshtadt"dan gol o'tkazib yubordi. Bu esa uning boshlang'ich tarkibda o'ynash ehtimolini kamaytirib yuboradi. Katta ehtimol bilan markaziy himoyada Joshua Kimmix va Benatia paydo bo'ladi. Yoki Alaba ham markazda o'ynab berishi mumkin.


"Yuventus" - "Bavariya" to'qnashuvi orqali muxlislar Buffon hamda Manuel Noyer kabi zamonamizning eng kuchli ikkita darvozabonlari o'rtasidagi o'ziga xos duelga ham guvoh bo'lishadi. Ushbu ikki kiper ayni paytda jahonning eng kuchli darvozabonlari sanalishadi. Buffon qariyotgan bo'lsada, yoshlardek jo'shqin va ishtiyoqi baland posbon. Manuel Noyer esa maydonda darvozabon qiladigan ishlardan tashqari boshqa yumushlarni ham bajarib turadigan g'ayri-tabiiy futbolchi. Buffondek darvozabonda hozirga qadar ECHL bosh sovrini yo'q. Bu esa biroz adolatsizlik. Noyer esa bu yutuq tamini biladi. Buffon faoliyatini yakunlashi arafasida ECHL bosh sovrini qo'lga kiritish uchun borini berishi aniq.
Bizni kamida 180 daqiqa davom etadigan qiziqarli va shiddatkor futbol kutmoqda. Bu bahsda esa biz bu ikki fantastik darvozabon ijrosidagi ajabtovur "seyv"larni tomosha qilishimizga shubha yo'q. Ularga muammo tug'dira oladigan futbolchilar ham etarli. SHu bois, bu o'yinni tomosha qilish uchun yana bir qo'shimcha motivaciya mavjud.


SHu o'rinda Buffonning bir gapini eslab o'tmasam bo'lmaydi. Evro-2012 yarim final uchrashuvi Italiya hamda Germaniya o'rtasidagi o'yin oldidan Buffon shunday degandi: "Noyer jahon futbolidagi bundan buyon birinchi raqamli posbon bo'ladi. Uning istedodi va mahorati buni ko'rsatib turibdi. Buyog'iga Noyer jahonning eng kuchli darvozaboni nomini mendan olib qo'yadi", - deb aytib o'tgandi. Amalda ham betakror va takrorlanmas Buffonning so'zlari to'g'ri bo'lib chiqdi. Noyer ketma-ket uchinchi yildirki dunyoning eng yaxshi darvozaboni deb tan olindi. Lekin u hali Buffon darajasida chiqdi deb aytmagan bo'lardim. Noyer shak-shubhasiz hozirgi kunda birinchi raqamli kiper. Lekin Buffonning darajasiga chiqish, uni zabt etish uchun hali Noyerning qiladigan ishlari juda ko'p. Sovrin yutish borasida emas, umuman o'yin va harakatlari evaziga. Buffon 38 yoshida ham jahon futbolida Noyerning raqobatchisi.


Demak bu to'qnashuvda imkoniyatlar teng. "Yuventus" himoyadagi juda tartibli va aniq harakatlari evaziga "Bavariya"ni musobaqadan chiqarib yuborishi mumkin. Gvardiola boshqaruvidagi jamoalarga qarshi yuqori pressing va raqibni maydon markazidayoq qarshi olib, ularga hujum tashkil etish jarayonidayoq to'siq qo'yilsa bas. O'shandagina "Bavariya" asabiylashib qoladi. Yoki Allegri himoyada butun o'yin davomida juda zich harakat qilib, o'z omadini qarshi hujumda izlashi mumkin. Lekin "Yuventus" qarshi hujumda ideal tarzda o'ynay oladigan jamoalar sirasiga kirmaydi. Allegrida doimo ikkita reja bo'ladi. Qaysi birini tanlashini esa vaqt ko'rsatadi. Menimcha, Turindagi bahsda "A" rejasini ishga soladi va Myunxenda boshqa kartalar bilan yurish qiladi.
Gvardiolada esa doimo bitta reja - to'pni saqlash va raqib jarima maydonchasi oldida tiki-taka o'ynab, bo'sh hududlarni poylash. Agarda "Bavariya" o'z o'yinini o'tkaza olsa va rejalari ish bersa "Yuventus" darvozasi bir necha marotaba ishg'ol etilishi mumkin. Ammo avvalgi yillardagi yarim final o'yinidagi kabi o'xshamay qolsa, "Bavariya" himoyasi sochilib ketishi mumkin. Pepni rejasi o'xshasa-o'xshadi. Bo'lmasa, "Bavariya" o'z ananalariga sodiq qolgan holda qanotlar orqali yurish qilib ko'radi. Bu kabi vaziyatlar asosan "A" rejasi o'xshamagan va futbolchilar maydonda o'zlarining individual harakatlariga tayanib o'ynashga to'g'ri kelib qolgan paytda bo'ladi. "Bavariya"ning himoyadagi muammosidan tashqari eng katta kamchiligi - murabbiyning boshqa rejasi yo'qligida. "Bavariya" Gvardiola qo'l ostida ikkinchi raqamli jamoa sifatida o'ynay olmaydi. Faqatgina "Bavariya" taklif etgan o'yinga raqib chora topolmay qolsagina myunxenliklarning ishlari besh bo'ladi. Aks holda 2014 yil "Real", 2015 yil Kataloniyadagi "Barselona" bilan bo'lgan uchrashuvlarda kuzatilgan holat takrorlanishi mumkin.
Taktik ayyor va moxir Allegri Gvardiolaga nimani tayyorlab qo'ygani juda qiziq. O'jar Pep esa yana eski quroliga ishonadi.

SHaxsan menga kim yutishining umuman farqi yo'q. Muhimi, chiroyli futbol va munosib jamoa g'alaba qozonsa bo'lgani.


Bu jamoalarning o'zaro o'yinlari statistikasiga murojaat qiladigan bo'lsak, 8 uchrashuvning 4tasida "Bavariya", 3tasida "Yuve" g'alaba qozongan va bitta o'yin durang bo'lgan. Bu borada minimal ustunlik nemislar tarafida.


Ha aytgancha, bu o'yinni matnli onlayn translyaciya ham meni zimmamda.

Demak g'oyibona ko'rishguncha...


SHahboz Beg'amov

Reyting: +15   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика