Surxonga kim bosh murabbiy bo'ladi?

Narzulla Saydullayev
25 yanv 2018, 17:18
Kuni-kecha Pro-liga ishtirokchisi Termizning Surxon jamoasida e'tiborga molik o'zgarishlar yuz berdi.

Surxondaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligida navbatdan tashqari yig'ilish o'tkazildi. Unda viloyat futbol federatsiyasi rahbariyati, Surxon futbol klubi a'zolari ishtirok etdi.

Yig'ilishning kun tartibidan o'rin olgan asosiy masala, Surxon jamoasiga yangi rahbar tayinlash va jamoaning yangi mavsumga munosib tayyorgarlik ko'rishi bo'ldi.
Avval xabar berganimizdek, bungacha jamoa boshlig'i sifatida ishlab kelgan Erkin Xolboboev iste'foga chiqarildi. Endilikda ushbu lavozimda Xayrulla Nurullaev faoliyat olib boradigan bo'ldi.

2017 yilgi mavsumda jamoa natijalariga mas'ul bo'lib kelgan bosh murabbiy Sergey Kovshov kelgusida Quvasoyning Cementchi jamoasida ishlashga qaror qildi.
Shunday ekan endilikda Surxonga yangi bosh murabbiy tayinlanadi. Xo'sh, bu borada rahbariyat qaysi nomzodda to'xtaladi?

Aytishlaricha, hozirda termizliklar Vali Keldiev va Abdusamad Do'rmonov bilan muzokara o'tkazmoqda. Keldiev Haqqulobodning Norin jamoasini boshqarib kelayotgandi. 

Bugun uning jamoasi o'quv-yig'in mashg'ulotlarini boshlaydi. Shuning uchun haqqulobodliklar Keldievni kutmoqda. Do'rmonov esa so'nggi bor, Farg'onaning Neftchi jamoasida yordamchi murabbiy sifatida ishlagandi.

Ammo surxondaryolik ishqibozlar boshqaruv postiga So'g'diyonaning sobiq murabbiyi Davron Fayzievni kelishini istamoqda.

Ko'ramiz, yangi rahbariyat qaysi murabbiyning nomzodida to'xtalar ekan?

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia