Superliga-2019. Legionerlardan tuzilgan ramziy terma jamoa
13 dek 2019 12:48
Yangiliklar
Superliga-2019. Legionerlardan tuzilgan ramziy terma jamoa
Odatda mavsum tugagach dunyoning ko'zga ko'ringan nashrlari o'z ramziy terma jamoalarini tuzishadi. Ushbu ramziy terma jamoadan mavsum davomida o'zini ko'rsata olgan futbolchilar joy olishadi. Biz ham 2019 yilgi O'zbekiston chempionatida o'ynagan legionerlar futbolchilardan tuzilgan ramziy terma jamoani tuzib chiqdik.
Ushbu ramziy terma jamoadan bir darvozabon, uch himoyachi, besh yarim himoyachi va ikki hujumchi joy oldi. SHuningdek ramziy terma jamoamizning bosh murabbiyi ham bor.
Darvozabon
Milan Mitrovich
Klubi: "So'g'diyona"
Mamlakati: Serbiya
Tug'ilgan sanasi: 27.02.1991
Superliga-2019dagi statistikasi: 23ta o'yin, 2070 daqiqa, 25ta gol o'tkazdi, 9ta "quruq o'yin"
2018 yil yozidan buyon "So'g'diyona" klubida o'ynab kelayotgan serbiyalik posbon bu mavsumni ajoyib o'tkazdi. 23ta o'yinda maydonga tushgan Milan o'z darvozasidan 25ta gol o'tkazib yubordi. Bu Mitrovich o'rtacha har 83 daqiqada gol o'tkazganini anglatadi. 9ta uchrashuvda raqiblar uning darvozasiga yo'l topa olishmadi va Mitrovich yakunlangan mavsumda "quruq o'yin" o'tkazish bo'yicha Superligada ikkinchi bo'ldi. Faqat "Surxon" posboni Asilbek Amonov undan ko'proq (11ta) "quruq o'yin" o'tkazdi. "So'g'diyona" darvozaboni AGMK bilan bahsda Dilshod Jo'raevning penaltidan tepgan zarbasini qaytarishga muvaffaq bo'lgan edi.
Himoyachilar
Darko Stanoevich
Klubi: "Surxon"
Mamlakati: Serbiya
Tug'ilgan sanasi: 12.04.1987
Superliga-2019dagi statistikasi: 25ta o'yin, 2250 daqiqa, 3ta gol, 2ta sariq kartochka
Bir necha yillardan buyon O'zbekistonda o'ynab kelayotgan tajribali himoyachi bu mavsumni Superligaga qaytgan "Surxon" klubida o'tkazdi. Bo'ydor himoyachi 2019 yilgi O'zbekiston chempionatida 25ta uchrashuvda maydonga tushdi va 3ta gol urishning uddasidan chiqdi. U "Qizilqum", "Qo'qon-1912" va "So'g'diyona" bilan o'yinlarda to'p kiritishning uddasidan chiqdi. Stanoevich 25ta o'yinda atigi ikki marta sariq kartochka oldi. Markaziy himoyachi uchun bu ajoyib natija hisoblanadi.
Vladimir Bubanya
Klubi: "Surxon"
Mamlakati: Serbiya
Tug'ilgan sanasi: 02.08.1989
Superliga-2019dagi statistikasi: 24ta o'yin, 2160 daqiqa, 1ta gol, 4ta sariq kartochka
O'tgan mavsum AGMK safida o'ynagan Vladimir Bubanya Stanoevich bilan birga "Surxon" sharafini himoya qildi. Aynan himoyadagi mazkur tandem tufayli ham termizliklar o'z maydonlarida o'tgan o'yinlarda atigi bir marta yutqazishdi va o'z darvozalaridan 6tagina gol o'tkazib yuborishdi. Bubanya 24ta bahsda ishtirok etdi va "Bunyodkor" bilan uchrashuvda raqib darvozasiga to'p kiritdi. Hakamlar unga mavsum davomida 4 marta sariq kartochkani ko'rsatishdi.
Igor Golban
Klubi: "Navbahor"
Mamlakati: Rossiya
Tug'ilgan sanasi: 31.07.1990
Superliga-2019dagi statistikasi: 22ta o'yin, 1910 daqiqa, 1ta golli uzatma, 1ta sariq kartochka
O'zbekiston fuqaroligini olib terma jamoamiz safida o'ynashi kutilayotgan rossiyalik himoyachi xuddi o'tgan yillarda bo'lgani kabi stabil o'ynadi. Golban "Navbahor" tarkibida 22ta uchrashuvda maydonga tushdi. Bo'ydor himoyachi birinchi davrada "Buxoro"ga qarshi kechgan bahsda golli uzatmani amalga oshirgandi. Rossiyalik futbolchi mavsum davomida juda ham tartibli harakat qildi va o'z oldida bor yo'g'i bir marta sariq kartochkani ko'rdi xolos.
Yarim himoyachilar
Yovan Jokich
Klubi: "Lokomotiv"
Superliga-2019dagi statistikasi: 24ta o'yin, 1845 daqiqa, 1ta gol, 2ta sariq kartochka
AGMKdan "Lokomotiv"ga ko'chib o'tgan Yovan Jokich yakunlangan mavsumda "temiryo'lchilar"ning asosiy futbolchilaridan biri bo'ldi. Superligada 24ta bahsda o'ynagan Yovan birinchi davrada Toshkentda "Surxon" darvozasiga ajoyib gol urgan edi. Tanyach yarim himoyachi sifatida o'ynaydigan Jokich 24ta uchrashuvda ikki marta ogohlantirildi.
Nikola Milinkovich
Klubi: "So'g'diyona"
Mamlakati: Serbiya
Tug'ilgan sanasi: 18.02.1991
Superliga-2019dagi statistikasi: 23ta o'yin, 1934 daqiqa, 2ta gol, 3ta sariq kartochka
O'tgan yildan buyon Jizzax klubida o'ynab kelayotgan futbolchi bu chempionatda "So'g'diyona"ning 4-o'rinni egallashida juda ham katta xissa qo'shdi. 23ta uchrashuvda maydonga tushgan va 20ta o'yinda to'liq o'ynagan Milinkovich raqiblar darvozasiga ikkita gol urishga erishdi. U "Nasaf" va "Paxtakor" bilan o'yinlarda o'z nomini tabloga yozdirib qo'ydi.
Kaxi Maxaradze
Klubi: "So'g'diyona"
Mamlakati: Gruziya
Tug'ilgan sanasi: 20.10.1987
Superliga-2019dagi statistikasi: 26ta o'yin, 2267 daqiqa, 5ta gol, 2ta golli uzatma, 3ta sariq kartochka
Ramziy terma jamoamizdan o'rin olgan "So'g'diyona"ning uchinchi futbolchisi. Ha, bu mavsum Jizzax klubi safida legionerlar ajoyib harakat qilishganini hech kim inkor qila olmaydi. "Paxtakor" va "Lokomotiv" kabi yurtimiz grandlari safida o'ynagan gruziyalik tajribali futbolchi bu yil "So'g'diyona"da to'p tepdi. Kaxi 26ta turning barchasida maydonga tushishga muvaffaq bo'ldi. Barchamiz Maxaradze haqiqiy universal futbolchi ekanligini bilamiz. Bu mavsum gruziyalik futbolchi markaziy himoya, tayanch yarim himoya, hujumchi orti va xatto hujumchi sifatida ham o'ynaganiga guvoh bo'ldik. Maxaradze AGMK (har ikkala o'yinda), "Qizilqum", "Qo'qon-1912" va "Bunyodkor" bilan uchrashuvlarda jami 5ta gol urishning uddasidan chiqdi. Bundan tashqari uning to'p uzatishidan keyin sheriklari ikki bor gol urishdi.
Arslanmirat Amanov
Klubi: "Lokomotiv"
Mamlakati: Turkmaniston
Tug'ilgan sanasi: 28.03.1990
Superliga-2019dagi statistikasi: 23ta o'yin, 1515 daqiqa, 4ta gol, 6ta golli uzatma, 1ta sariq kartochka
Turkmaniston terma jamoasi sardori yil boshida o'tgan Osiyo Kubogidan so'ng "Lokomotiv" bilan shartnoma tuzdi. Mavsum davomida 23ta uchrashuvda maydonga tushgan Amanov 4ta gol urdi va 6ta golli uzatmani amalga oshirdi. U "Paxtakor", "Buxoro", "Surxon" va "Bunyodkor" bilan o'yinlarda gol urdi. Arslanmirat 2019 yilgi Superligada eng ko'p golli pas bergan legionerga aylandi.
Elguja Grigalashvili
Klubi: "Qizilqum"/AGMK
Mamlakati: Gruziya
Tug'ilgan sanasi: 30.12.1989
Superliga-2019dagi statistikasi: 26ta o'yin, 2212 daqiqa, 11ta gol, 2ta golli uzatma, 3ta sariq kartochka
Bu yil ikkita klub safida o'ynab ramziy terma jamoamizdan o'rin olgan yagona futbolchi. Elguja birinchi davrada "Qizilqum" tarkibida 13ta o'yinda 4ta gol urgan va 2ta golli uzatmani amalga oshirdi. Ikkinchi davrada AGMK safida ham 13ta uchrashuvda maydonga tushdi va 7ta gol urishga muvaffaq bo'ldi.
Hujumchilar
Dragan CHeran
Klubi: "Paxtakor"
Mamlakati: Serbiya
Tug'ilgan sanasi: 06.10.1987
Superliga-2019dagi statistikasi: 24ta o'yin, 2030 daqiqa, 23ta gol, 5ta golli uzatma, 4ta sariq kartochka
SHubhasiz 2019 yilgi Superliganing eng yaxshi legioneri. Mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo'lish uchun eng asosiy davogar hamda yakunlangan chempionatimizning eng yaxshi to'purari. Bir so'z bilan aytganda 2019 yil Dragan CHeranning yili bo'ldi. Superligada 24ta o'yinda maydonga tushgan CHeran 23ta gol urishga erishdi. U O'zbekiston chempionatlari tarixida bir mavsumda eng ko'p gol urgan legionerga aylandi. Dragan 2009 yil afsonaviy Rivaldo o'rnatgan rekodni (20ta gol) yangiladi. CHeran bu mavsum 2ta xet-trik va 5ta dubl rasmiylashtirdi. "Paxtakor" hujumkor yarim himoyachisi besh marta sheriklari gol urishiga ham xissa qo'shdi.
Aleksandr Kasyan
Klubi: "Navbahor"
Mamlakati: Rossiya
Tug'ilgan sanasi: 27.01.1989
Superliga-2019dagi statistikasi: 24ta o'yin, 1979 daqiqa, 10ta gol, 4ta sariq kartochka
Bu yil Superligada ilk mavsumini o'tkazgan rossiyalik hujumchi birinchi davrani ajoyib tarzda o'tkazdi va 9ta gol urdi. Ikkinchi davrada Kasyanga nimadir bo'ldi va atigi 1ta gol urdi xolos. Rossiyalik futbolchi jami 24ta o'yinda maydonga tushdi va raqiblar darvozasiga 10 marta to'p kiritdi. Agar keyingi mavsumda ham "Navbahor"da o'ynasa Kasyan bundan ham yaxshi o'ynashiga shubha yo'q.
Bosh murabbiy
SHota Arveladze
Klubi: "Paxtakor"
Mamlakati: Gruziya
Tug'ilgan sanasi: 22.02.1973
Xuddi Dragan CHeran singari bu yil SHota Arveladzega ataldi desak ham bo'ladi. Futbolchilik faoliyatida ko'plab sovrinlarga ega chiqqan gruziyalik mutaxassis murabbiylik faoliyatida bu yilga qadar hech qanday sovrin yuta olmagan edi. 2019 yilda Arveladze boshchiligidagi "Paxtakor" O'zbekistondagi barcha musobaqalarda g'olib chiqdi va treblga erishdi. "SHerlar" Superligada chempionat tugashiga 6ta tur qolganida chempionlikni rasmiylashtirib bo'lishdi. 25-turga qadar Arveladze boshchiligidagi "Paxtakor" chempionatga hech kimga yutqazmadi va mavsumni atigi bitta mag'lubiyat bilan yakunladi. Gruziyalik murabbiy O'zbekiston chempionatidan tashqari mamlakat kubogi hamda bu yil yangi tashkil etilgan Liga kubogini qo'lga kiritdi. Bir necha yillardan so'ng O'zbekiston tarixida trebl qayd etgan birinchi murabbiy kim bo'lgan deb savol berishsa uning javobi SHota Arveladze bo'ladi.
Fikrlar