So’nggi yangiliklar

00:05"Атлетико" Галлахер қарор қабул қила олмаётгани сабаб "Валенсия" билан Герранинг 25 млн евролик трансферини келишиб қўйди  0 23:25Суперлига. "Металлург" - "Локомотив" 1:1, Ҳошимов "Металлург"даги биринчи расмий ўйинида қизил карточка олди  5 23:05Александр Крестинин: "Ғалаба қозониш учун бир оз ақлли футбол керак  0 22:57Григорий Колосовский: "Энди биз майдонга чиқадиган ҳар бир ўйин финал бўлиши керак"  1 22:35"Тоттенхэм" ўйинчиси "Милан"га ўтишга яқин  0 22:07"Ювентус" ўйинчисини "Аякс"га ижарага беради  0 21:40Суперлига. "Металлург" ва "Локомотив" иккинчи даврани дуранг билан бошлади   25 21:27"Арсенал" собиқ вингери Николя Пепе "Вильярреал" ўйинчисига айланди  0 20:29"Барса" собиқ форварди Брейтуэйт "Эспаньол"ни харид қилмоқчи  0 20:05Назорат ўйини. "Пахтакор" "Олимпик"га 7та гол урди  5 19:29РПЛ. ЦСКА ўз майдонида "Оренбург"ни тор-мор этди, Файзуллаев эса...  9 19:10"Барса" Уильямснинг трансфери барбод бўлса, "Бавария" вингери билан шартнома имзолаши мумкин  4 18:228 футболчи шу ёзда "Ювентус"ни тарк этиши мумкин  0 17:58"Барса" ўйинчиси Роке яна "Ал Ҳилол" таклифини рад этди  1 17:23Симонс яна бир мавсумни ижара асосида "Лейпциг"да ўтказади. У бир неча кундан сўнг тиббий кўрикдан ўтади  3

Suhbat maydonchasi. DENIS IVANKOV: "Nasaf" - bu mening uyim" Yangiliklar

Suhbat maydonchasi. DENIS IVANKOV: "Nasaf" - bu mening uyim"

Qarshining "Nasaf" jamoasida ish olib borayotgan tajribali mutaxassis Denis Ivankov bilan "Championat.asia" sayti uchun maxsus intervyu tashkil etdik.

Denis Ivankov "Nasaf" jamoasida darvozabonlar murabbiyi sifatida faoliyat yuritadi. Ushbu mutaxassis qo'li ostidan bir qator istedodli va iqtidorli posbonlar etishib chiqqan va chiqmoqda. Ushbu murabbiy so'nggi yillarda "Nasaf"dan bir yo'la ikki nafar iqtidorli darvozabonni kashf etgani ham so'zimizga isbot bo'la oladi. Avvaliga Eldor Suyunov yarq etib porlab chiqqan bo'lsa, keyinchalik O'tkir Yusupov muxlis va mutaxassislar etiborini o'ziga tortdi.

"Nasaf" klubi Turkiyaning Antaliya shahrida tashkil etilgan yig'inni yakunlab yurtimizga qaytib kelganidan so'ng, biz Denis Ivankov bilan uchrashdik va o'zimizni qiziqtargan bir qator savollarga javob oldik.


Denis Ivankov haqida qisqacha malumot:

Tug'ilgan yili: 1972 yil, 6 may.

Tug'ilgan joyi: CHirchiq, Toshkent viloyati.

Futbolchilik faoliyati: "CHirchiq", "Kimyogar", "Paxtakor", "Nurafshon", "Neftchi".

Murabbiylik faoliyati: "Kimyogar" (2004), "Mashal" (2004-2006, 2008-2012), "Paxtakor" (2006-2007), Ukraina jamoalarida (2007-2008), O'zbekistan Olimpiya terma jamoasida, "Nasaf" (2013-...) 

Turar joyi: Italiya, San-Benedetto-del-Tronto.


"Men Toshkentdagi Titov nomli futbol internati tarbiyalanuvchisi hisoblanaman. Ko'plab tajribali futbol murabbiylari qo'li ostida shug'ullanganman. Faoliyatim davomida "CHirchiq", "Paxtakor", "Nurafshon", "Neftchi" kabi jamoalarda to'p tepganman. Murabbiylik faoliyatimni esa 2004 yildan boshlaganman. Dastlabki ish joyim "Kimyogar" klubi bo'lgan. Aynan 2004 yilda meni Bahrom Boyjonovich Davlatov "Mashal" jamoasiga taklif etgandi. SHundan so'ng 1,5 mavsumni "Mashal" jamoasida o'tkazgan bo'lsam, keyinchalik "Paxtakor" klubida ham ishlashga muvaffaq bo'ldim. 2007-2008 yillar mobaynida Ukrainaning birinchi liga jamoalarida ishladim. Keyinchalik 2009 yilda yana "Mashal"ga qaytdim va Muborakda 2013 yilga qadar darvozabonlarni shug'ullantirdim. SHundan so'ng "Mashal" birinchi ligaga tushib ketdi. 2013 yilgi mavsum boshlanishi arafasida Ro'ziqul Berdiev meni "Nasaf" jamoasiga birga ishlashga taklif etdi va men bu taklifni qabul qildim. SHundan beri mana uchinchi yildirki Qarshida ish faoliyatimni davom ettiryapman", - deya so'z boshladi Denis Ivankov.


- Eldor Suyunov, O'tkir Yusupovdan tashqari oliy ligada o'ynayotgan shogirdlariz haqida to'xtalib o'tsangiz...?

- Men ularni hammasini shogirdlarim deya olmayman. Ammo Sanjar Quvvatov bilan to'rt yil mobaynida birga ishlaganman. Sardor Qobuljonov ham qo'l ostimda shug'ullangan. SHuningdek, "Mashal"da bir qator darvozabonlarni shug'ullantirganman. Vaqtida Pyotr Gizimchuk ham "Mashal"da meni qo'l ostimda bir muddat shug'ullangan (kuladi). Terma jamoalarda birga ishlagan darvozabonlarim haqida gapirmayman. CHunki ularni o'z shogirdlarim deya olmayman.


- So'nggi paytlarda bir qator istedodli darvozabonlarni kashf etyapsiz. Buning siri nimada?

- Men o'zimni maqtashni istamasdim. CHunki men bosh murabbiy oldidagi o'z vazifamni bajarmoqdaman. Darvozabonlar kerakli dasturim asosida tayyorlab boraman. Bu erda bollarning katta mehnati ham yotibdi. Aynan ularning tirishqoqligi, mashg'ulotlardagi mehnati samarasi yuzaga chiqyapti desak to'g'riroq bo'lardi. O'z ishimni sidqidildan bajaraman va qilayotgan ishimni sevaman. Menga bu zavq bag'ishlaydi.



- Sizning mashg'ulotlaringiz juda rang-barang va qiziqarli bo'ladi. Bu g'oyalarni qaerdan olasiz? Sizning bu borada aniq bir ishlab chiqqan dasturingiz mavjudmi?

- Hammasini o'zim o'ylab topaman. O'zimning ishlab chiqqan dasturim asosida darvozabonlarni shug'ullantiraman. Mashg'ulotlarim hech qachon takrorlanmaydi. Har kuni har xil uslubda va g'ayri-tabiiy mashg'ulotlarni o'tkazamiz. Barchani o'z uslubi bo'ladi. Masalan Italiya darvozabonlar maktabining o'z uslubi, Germaniyaning o'z uslubi bor. Ispaniya va Angliyada ham boshqa uslubda darvozabonlarni tayyorlashadi. Men ko'proq Italiya darvozabonlar maktabida qo'llaniladigan uslubdan andoza olaman. Italiyada asosiy urg'u jismoniy holat va tezkorlikka qaratiladi. Germaniyada esa reakciya va to'p bilan muomala qilish yaxshi yo'lga qo'yilgan. Masalan so'nggi Jahon chempionatida Noyerning nimalar qilganini butun dunyo ko'rdi. Bu fantastika. Noyer so'nggi himoyachi rolida ham o'zini juda yaxshi ko'rsatdi. Kimdir to'pga chiqishda juda yaxshi o'ynaydi. SHu bois biz iloji boricha hamma joydan o'zimizga kerakli jihatlarni olib, uni amalda qo'llashga harakat qilamiz. 


- Siz "Nasaf"ga kelganingizda jamoada Mixail Naumov, G'ayrat Hasanov va Eldor Suyunov bor edi. Ilk mavsumdayoq ikki tajribali darvozabon ichidan siz Suyunovni asosiy kiper sifatida kashf etdingiz. SHu haqda to'xtalib o'tsangiz?

- Ha, o'shanda Naumov va Hasanov o'zaro asosiy tarkib uchun kurashib kelishardi va Eldor Suyunovni hech kim tanimasdi. Meni bir odatim bor. Buni barcha yaxshi biladi. Ish jarayonida shaxsan o'zimning "yoqimtoy" futbolchilarim bo'lmaydi. Mashg'ulotlarda kim ko'proq ter to'ksa, kim munosib bo'lsa, o'sha darvozabonni asosiy tarkibga kiritishni bosh murabbiyga taklif qilaman. Agarda hozir Eldor Suyunov ham xatolar qilishni boshlasa, Yusupov uning o'rnini egallaydi va Suyunov zaxira o'rindig'ida o'tiradi. Yoki aksincha. Ular meni yaxshi bilishadi. Hayotda barcha futbolchilar bilan juda inoqman. Lekin ishda hammasi boshqacha. Biz ishdan tashqari aka-uka, do'stdek munosabatda bo'lamiz. Bemalol gaplashib o'tirishimiz mumkin, yoki restoranga borib ovqatlanishimiz mumkin. Ishdan tashqari har qaysi darvozabon yoki futbolchilar bilan juda yaxshi aloqada bo'laman. Men murabbiyman, mendan uzoqroq yur yoki meni oldimda hamma gapni gapirma deydigan odatim yo'q. Ish paytida men murabbiy, ular esa futbolchi.  Hayotda esa hammasi risoladagidek bo'ladi. O'shanda nima bo'lganini aytib beradigan bo'lsam, birinchi turda "Olmaliq" bilan o'yinda G'ayrat Hasanov ikki marotaba o'z darvozasidan to'p olib chiqqandi va yakunda durang o'ynagandik. O'yindan so'ng uchrashuv diskini ko'rib chiqdik va Hayrat Hasanovning xatolarini ko'zga tashlandi. Ikkinchi turda esa Mixail Naumov darvozani egalladi. O'sha bahsda biz "qaldirg'ochlar"ga yirik hisobda yutqazib qo'ydik va o'tkazib yuborilgan gollarda Naumovning xatosi bor edi. CHempionatni dastlabki ikki turini g'alabasiz va "cho'ntak"da bir ochko bilan boshladik. Bu albatta juda qoniqarsiz edi. SHundan so'ng "Nasaf" murabbiylar shtabida kichik majlis o'tkazildi va men o'shanda ishonch bilan keyingi o'yinda Eldor Suyunov darvozani qo'riqlashi kerakligini aytdim. CHunki Suyunov mashg'ulotlarda hammadan ko'ra ko'proq ter to'kardi va o'ziga bo'lgan ishonchi yuqoriligi sezardim. Ro'ziqul Berdiev va yordamchi murabbiylar so'rashganida ikkilanmasdan Eldor Suyunovga ishonch bildirishimni aytib o'tdim. Bir soniya ham o'ylamasdan shu qarorga kelgandim. Keyin Eldor Suyunov bilan o'zaro gaplashib oldik. CHunki "Nasaf" o'sha paytda qiyin davrni boshdan kechirayotgandi. Va uchinchi tur, "Buxoro"ga qarshi uchrashuv. Eldor Suyunov esa o'rinbosarlar tarkibida o'ynab yurgan bola edi. Men unga hayajonlanmasligini o'qtirdim va o'ziga bo'lgan ishonchini oshirishi kerakligini takidlagandim. Yo'q, hammasi ko'ngildagidek bo'ldi va biz "Buxoro"ni yirik hisobda mag'lub etdik. Eldor esa o'z darvozasini munosib qo'riqlagandi. Keyinchalik u asosiy darvozabon sifatida o'ynay boshladi. Men shuni aytib o'tmoqchimanki, G'ayrat Hasanov va Mixail Naumov juda yaxshi va kuchli darvozabon sanalishadi. Ular bilan hayotda juda yaxshi munosabatdamiz. Har ikkalasi ham ajoyib insonlar. Men ularni juda qattiq hurmat qilaman. Lekin futbolda faqat bitta darvozabonni tarkibga kiritish mumkin. Bu futbol qonuni.

- SHogirdingizni terma jamoaga taklif qilishgani sizni quvontirgan bo'lsa kerak?

- Albatta, juda quvongandim. Ha, bu mening terma jamoadan taklif olgan birinchi shogirdim emasdir. Lekin shunga qaramay Suyunovni terma jamoa libosida maydonga tushishi men uchun ikki hissa yoqimli bo'lgan. O'shanda butun jamoa meni ham tabriklab qo'yishgandi. Bundan lahzalar har doim yoqimli bo'ladi.

- "Nasaf" darvozabonlari penalti qaytarishda ancha muvaffaqiyatli harakat qilishadi. Bu borada alohida ish olib borasizmi?

- Yo'q, biz mashg'ulotlarda penalti ustida ish olib bormaymiz. Men mashg'ulotlarda penalti tepib ularni tayyorlamayman. Masalan, Artur Gevorkyan bemalol kelib Suyunovni ham, Yusupovni ham dog'da qoldira oladi. Men Maxaradze yoki boshqa futbolchilarni aytmayman. CHunki penalti tepuvchi har doim raqib posbonini alday olishi mumkin va bu oson. Men mashg'ulotlarda ularni bu borada alohida tayyorlamayman. CHunki o'zim penaltini futbolchilardek tepa olmayman. Artur Gevorkyan bu ishni mendan ko'ra juda yaxshi uddalaydi. Penalti bu ko'proq reakciyaga bog'liq. Bu borada esa mashg'ulotlarda ishlashanadi. Lekin har qanday kuchli reakciyaga ega darvozabon ham penaltini qaytara olmasligi mumkin. Bu ko'proq lotoreya, yani omadga ham bog'liq.

- O'tgan yili Eldor Suyunov ko'p vaqtni MTJning yig'inlarida o'tkazdi va bu orada "Nasaf"da O'tkir Yusupovga o'zini ko'rsatishi uchun imkoniyat paydo bo'lgandi. Bu imkoniyatdan Yusupov to'laqonli foydalandi desak ham bo'ladi. Hozirda esa bu ikkala darvozabon o'rtasida yaxshigina raqobat vujudga keldi. So'ramoqchi bo'lganim, hozirda o'zingiz uchun asosiy darvozabonni aniqlab olgansizmi? Hademay OCHL o'yinlari start oladi...

- Odatda murabbiy jamoa o'zagini o'zi uchun aniqlab, bilib yuradi. Bu erda o'yinning qachonligini farqi yo'q. Meni ham o'zimcha o'ylab yurgan asosiy darvozabonim bor. Lekin bu haqida ochiq aytishni istamayman. Balki bu Suyunov, Yusupov yoki Alibek Turopov ham bo'lishi mumkin. Lekin hamma narsani mashg'ulotlar va kim qanday tayyorgarlikka ega ekanligi hal etadi. Masalan Alibek Turopov ham so'nggi ikki yil ichida katta o'sishga erishdi. Bu posbon mahalliy futbolchi hisoblanadi va o'rinbosarlar safida o'ynab keladi. Alibekni ham yorqin kelajak kutmoqda deya olaman. SHuningdek, yaqinda yana bir darvozabon Suleyman Axmedkarimovni "Lokomotiv"dan oldik. To'rttala darvozabonimiz ham birdek ishlashadi. Menda hech bir posbon erkinlikka berilishga haqqi yo'q. Buni hammasi juda yaxshi biladi. "Traktorsoziy"ga qarshi o'yinda Eldor Suyunov yoki O'tkir Yusupovdan biri o'ynashi aniq. Ularning ichidan kim o'ynashini esa vaqt ko'rsatadi.

- Asosiy tarkibga qaysi darvozabonni o'ynatishni aniqlashda sizning rolingiz qay darajada?

- Bizning o'zi xos bir odatimiz bor. Har qanday o'yindan oldin Ro'ziqul Berdiev bilan o'zaro o'tirib muhokama qilamiz va keyin yakuniy qarorga kelamiz. Albatta, so'nggi so'zni bosh murabbiy aytadi. Lekin hozirgacha Ro'ziqul Berdiev meni maslahatimga quloq solib kelgan va buning uchun Berdievga katta rahmat aytmoqchiman. Meni fikrim Ro'ziqul Berdievni befarq qoldirmaydi. SHunday desam to'g'riroq bo'ladi.


- Siz kelajakda mustaqil ravishda bosh murabbiylikda o'zingizni sinab ko'rish haqida o'ylab ko'rganmisiz? Rejada bormi?

- Yo'q, menga o'z ishim yoqadi. Bosh murabbiy bo'lganingdan keyin sen nafaqat darvozabonlarga, balki butun jamoaga javobgar bo'lasan. Bu javobim meni kattaroq masuliyatdan qo'rqadi degani emas. SHunchaki menga o'z ishimni bajarish yoqadi. Ha, to'g'ri, bosh murabbiy bo'lish bu boshqacha va bu jarangli eshitiladi. Rostini aytganda, bu haqida o'ylab ko'rganim ham yo'q. Menga o'zimizning "kichik oila"miz yoqadi. Darvozabonlar bilan biz bir oiladekmiz. O'z shogirdlarim bilan hayotda ham juda yaqin aka-ukadekmiz va samimiy munosabatda bo'lamiz. Ularga gap yo'q. Hammasi juda zo'r bolalar.

- Siz "Nasaf" futbol akademiyasiga ham tashrif buyurib turasizmi? Yosh murabbiylarga o'z tajribalaringizni bo'lishib, yosh istedodli darvozabonlarni ko'zdan kechirasizmi?

- Ha, albatta. To'g'ri, har bir mashg'ulotlarda qatnashaman deya olmayman. Lekin u erda nima bo'layotgani xabardorman. Qachonki u erda musobaqalar bo'lganida, vaqtimiz to'g'ri kelsa borib kuzatib turaman. Yaqinda akademiyadan 1996 yilda tug'ilgan darvozabon o'rinbosarlar tarkibiga qo'shildi. Biz bu borada akademiya rahbari Kucherenko bilan maslahatlashdik. "Nasaf" akademiyasida SHerzod Kattaev ish olib bormoqda. Ushbu darvozabon "Mashal"da meni qo'l ostimda harakat qilgandi. SHerzod maslahatlar kerak bo'lgan payt menga qo'ng'iroq qiladi va biz gaplashib turamiz.

- Sizni ko'pchilik nafaqat yaxshi murabbiy, balki juda yaxshi do'st va inson sifatida ko'radi. So'ramoqchi bo'lganim, masalan ko'pchilik murabbiylarni futbolchilar gapirishadi: "Meni tarkibga kiritmaydi..." va shunga o'xshash gaplar uchrab turadi. Siz vaqtida Naumov, Hasanov va boshqa bir qator tajribali kiperlarni zaxira o'rindig'ida qoldirgansiz. Lekin ular bilan aloqangiz juda yaxshi. Bu juda kam uchraydigan holatlardan biri. Buni qanday uddalaysiz?

- Gap shundaki, men hammaga barchasini ochiq-oydin gapiraman. Avvalo hamma futbolchilarni hurmat qilaman va ular ham meni hurmat qilishlarini sezaman. Men shunchaki kimnidir asosiy tarkibdan zaxiraga o'tqazdirib qo'ymayman. Birinchi oldiga borib, vaziyatni tushuntiraman va hamma gapni ochiq aytaman. Bazi murabbiylar hech narsa demaydi va kimnidir zaxira o'rindig'iga mixlab qo'yyadi. Bu albatta har qanday darvozabon uchun alamli. Xatosi bo'lsa yuziga aytish kerak. Masalan Eldor Suyunov xato qilsa va uni o'rniga boshqa darvozabonni qo'yish kerak bo'lsa, unda men Eldorni oldiga borib gaplashib, hammasini tushuntirishga harakat qilaman. SHunda o'rtada nizo kelib chiqmaydi. SHu bois bo'lsa kerak, hamma bilan birdek yaxshi munosabat o'rnatkanman. Ishda ular meni o'quvchilarim. Hayotda esa do'stlarim, aka-ukalarim. Murabbiy avvalo shogirdining mehnatini hurmat qilishi kerak. Ko'plab darvozabonlar bilan do'stona aloqadaman. Men ularni ajratmayman. Kimdir birinchi ligada o'ynashi mumkin, kimdir oliy ligada. Kimdir asosiy tarkib o'yinchisi, qaysidiri zaxira posboni. Bazi darvozabonlar terma jamoa azosi, kimdir esa o'rinbosarlar tarkibida o'ynaydi. Men ularni ajratmayman. Hammasining qiladigan ishi bir xil.  Qaysidir futbolchining omadi kelgan, kimningdir esa bu borada omadi chopmagan bo'lishi mumkin.

- Uchrashuvdan oldin darvozabonlarni personal ravishda o'yinga alohida tayyorlaysizmi?

- Yo'q, hech kimni personal tayyorlamayman. Odatda barcha darvozabonlar bilan bir xil tempda ishlaymiz. Barchasi grafik asosida. O'yin kuni kim maydonga tushushini bilaman, lekin bu haqida o'ziga aytmayman. Uchrashuv kuni kimdir xonada musiqa eshitib o'tirishi mumkin. Kimdir uxlaydi.  Eldor Suyunov terma jamoa yig'iniga ketayotganida men Eldorga aytgandim. Sen hozir ketyapsan va endi seni o'rningda O'tkir o'ynaydi. Kelganingda u bilan raqobatlashasan va kim zo'rligini isbotlay olsa, o'sha maydonga tushadi deganman. Eldor tushungan bola va u mening gaplarimdan so'ng: "To'g'ri, bu borada gap-so'z bo'lishi mumkin emas, Sanich", - degandi. SHuningdek, O'tkir Yusupovga ham aytganman, agarda sen o'zingni hurmat qiladigan darvozabon bo'lsang, unda endi asosiy tarkib uchun kurashasan va imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qilasan deganman. Meni bolalarim bir-biri bilan juda ahil va inoq. Har doim bir-birini qo'llab-quvvatlashadi. SHu jihatdan Eldorga ham, O'tkirga ham, Alibekka ham tan beraman. Ular hayotda chinakamiga do'stlar.


- Siz ularni yaxshi o'ynashsa alohida rag'batlantirasizmi?

- Yo'q. SHunchaki biror narsani amalga oshirish borasida butun jamoa bilan bahslashib turamiz. Masalan, o'tgan mavsumning ilk o'yinida "Dinamo"ga qarshi o'yin oldidan Ilhom Yunusovga agarda bugun gol ursang, umbaloq oshaman degandim. O'shanda Ilhom gol urgandi va men so'zimni ustidan chiqqandim (kuladi).

- Eldor Suyunov va O'tkir Yusupovning yaxshi jihatlari va kamchiliklari haqida gapirib o'tsangiz?

- O'tkir Yusupovning kamchiligi shundaki, unga biroz o'ziga bo'lgan ishonch etishmaydi. To'plarga chiqishlarda yoki qaysidir vaziyatda tezkor qaror qabul qilish va biroz sovuqqonlik etishmaydi. Eldor Suyunovning harakatlaridagi tezlik va oyog'i bilan o'ynashda muammolari bor. Buni to'g'ri tushunsa bo'ladi. Sababiki, Suyunov ancha uzun bo'yli futbolchi va bu tabiiyki unga biroz halaqit beradi. Uning o'yin uslubi boshqacharoq shakllangan. Bu jihatdan olib qaraganda, O'tkir Yusupov esa engilroq va chaqqon posbon. Eldor Suyunov o'yinni "o'qiy" olishi, himoya va yarim himoyani boshqara bilishi uning katta yutuqlaridan biri. Futbolchilarga vaqtida "podskazka" beradi. Har ikkala darvozabon ham juda yaxshi va kelajagi porloq kiperlardan deb bilaman. Suyunov va Yusupovning bir-biriga o'xshash jihatlari ham ko'p. Kamchiliklar ustida esa ish olib boryapmiz.

- Alibek Turopov ushbu mavsumda O'tkir Yusupov va Eldor Suyunovga asosiy tarkib uchun katta raqobat tug'dira oladimi?

- Bu futbol va futbolda hamma narsa bo'lishi mumkin. Masalan Suyunov jarohat olib qolsa, Yusupovning qorni og'rib qoladigan bo'lsa, unda Alibek Turopov asosiy tarkibda o'ynayveradi. U hali yosh bo'lishiga qaramasdan, mashg'ulotlarda o'z tajribasi va mahoratini oshirib bormoqda. Turopov mashg'ulotlarda ham bu ikkala posbonga katta raqobat tashkil etmoqda deya olaman. Agarda vaziyat shuni taqozo etib, Alibek asosiy tarkibda tushishi kerak bo'lib qolsa. O'ylaymanki, Alibek Turopov uyaltirib qo'ymasdi.



- Nima deb o'ylaysiz, Eldor Suyunov yoki O'tkir Yusupov kuchliroq chempionatda o'zlarini ko'rsata olishadimi? 

- Hamma futbolchi yoki darvozabon evropaning kuchliroq chempionatida harakat qilishni orzu qiladi va shunga intiladi. Meni o'ylashimcha, hozir biroz vaqtli. Yana ikki yil o'z ustilarida yaxshi ishlab, o'zlarini ko'rsata olishsa, keyinroq bemalol Evropaning kuchliroq chempionatida ham bemalol o'ynab ketishlari mumkin. Hammasi o'zlariga bog'liq va mashg'ulotlarda tinmay ishlashlari talab etiladi.

- "Nasaf" OCHLda guruh bosqichidan o'ta oladimi?

- Meni o'ylashimcha, jamoamizning guruhdan chiqishga kuchi etadi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, bizning guruhimizda oddiy jamoalarning o'zi yo'q va kurash juda qizg'in kechadi deb o'ylayman. Masalan, raqibimiz "Traktorsoziy" jamoasininig bazi o'yinlarini ko'rib chiqdim, ularni markaziya yarim himoya chizig'ida mahoratli futbolchilar jamlanishgan. Umuman olganda, kuchli va tarktibli jamoa. Arab klublarini o'yinlarini hali ko'zdan kechirganim yo'q va ular haqida aniq bir narsa deya olmayman. OCHLda oddiy jamoalar o'ynashmasligi aniq. Arab jamoalari katta pul evaziga kuchli futbolchi va murabbiylarni jalb etishadi va ularning kuchi ham shunda. U erda hammasi professional darajada tashkil etiladi.

- Sizga o'zimizning milliy chempionat yoqadimi?

- Nima desam ekan. Umuman olib qaralsa, ha, yoqadi. Lekin  shunaqangi joylari borki, bular menga u qadar maqul kelmaydi. Ammo meni ishim chempionatga baho berish emas. Men o'z ishimni bajarishim kerak. SHunaqa joylari bo'ladiki, chempionat tashkilotchilari mana shu maydonda o'ynaysizlar deyishadi. Aynan shu maydonda o'ynash kerak bo'ladi. U erda o'ynash uchun sharoit bormi yoki yo'q bu hech kimni qiziqtirmaydi. O'ynash kerakmi, demak boshqa iloji yo'q. Bu jihatlari kishini biroz ranjitadi. Biz askarlardek aytilgan gapni bajarishga majburmiz. Masalan, "Vobkent" stadionini olaylik. SHu jamoaning stadionida bo'lganmisiz? Kiyinish xonasi haqida gapirishga til ojizlik qiladi. "Buxoro" jamoasi bir paytlar o'sha stadionda raqiblarini qabul qilgandi. Bu aqlga sig'maydigan holat. "Vobkent" stadioni ham, kiyinish xonasi ham juda achinarli holatda. Oliy liga jamoalari bunaqangi stadionlarda o'ynashlari mumkin emas! SHunga o'xshash jihatlari menga yoqmaydi. CHempionat saviyasi yomon emas. Lekin yanada rivojlanish va o'sishdan to'xtamaslik zarur. O'zbekiston milliy terma jamoasi mundialga yo'l olishini istagan bo'lardim. Qolgan toifadagi terma jamoalarimiz jahon chempionatlarida muntazam ishtirok etishmoqda. Aynan shu kichik detallarga etibor qaratilib, chempionat saviyasi yanada oshirilsa, unda yaqin orada Jahon chempionatiga ham chiqish nasib etadi deb o'ylayman. Odamlar ham imkon qadar yaxshi ishlarni amalga oshirishga harakat qilishmoqda. Mamlakatda bir qator yangi stadionlar qurilmoqda. Misol uchun Toshkentdagi "Bunyodkor" stadioni, Namangandagi yangi o'yingoh, Farg'onada yangi qurib bitkazilayotgan stadion. Yaxshi ishlar ham ko'p qilinmoqda. Umid qilamanki, yaqin yillar ichida O'zbekiston milliy chempionatida saviyasi va darajasi yanada o'sadi va ko'zlangan maqsadlarga etishiladi.

- Sizga boshqa jamoalardan takliflar tushdimi?

- Takliflar bor, ammo bu haqida gapirishni istamagan bo'lardim.

- Nega? Qaysi jamoalar sizga taklif bilan chiqishmoqda?

- "Nasaf" bilan amalda shartnomam bor va bu haqida gapirish klubga nisbatan hurmatsizlik bo'ladi deb o'ylayman. Takliflar o'zimizning jamoalardan emas, balki chet klublaridan bo'lmoqda. SHunga qaramay "Nasaf"da qolishni maqul ko'raman. Bu erda moliyaviy tomondan, yoki boshqa jihatlardan yutqazayotgandirman. Lekin Ro'ziqul Berdiev va boshqa hamkasblar bilan juda yaxshi aloqadamiz. Insoniylik sifatida ham "Nasaf"dagi kelishuvimni qadrlayman. Bu jamoada nafaqat murabbiy sifatida, balkim inson sifatida juda baxtliman deya olaman. Qilayotgan ishimdan zavqlanaman. Ish jarayonida bosh murabbiy meni ishimga aralashmaydi. Hamma o'z ishini qiladi. Bu ham bir tomondan juda muhim omillardan biri hisoblanadi. "Nasaf"da ishlash yoqimli.


- Siz ko'plab jamoalarda ishlagansiz. Jamoalarni solishtirganda, "Nasaf" siz uchun futboldan tashqari yana nimani anglatadi?

- Futbolchilik davrimda men "Paxtakor", "Kimyogar", "Nurafshon" va "Neftchi"da o'ynaganman. Agarda avvalo futbolchilik davrimni olib qarasak, "Neftchi" - bu mening uyim edi. Murabbiylik faoliyatimda "Paxtakor", "Mashal" va "Nasaf" klublarida ishladim. SHubhasiz aytishim mumkinki, "Nasaf" - bu mening uyim. Bu bilan boshqa jamoalarda o'zimni yomon his qilganman demoqchi emasman. Har bir klubda o'zining plyus va minuslari bo'lgan. SHu fursatdan foydalanib, Bahrom Boyjonovich Davlatovga rahmat demoqchiman. Meni katta futbolga aynan Davlatov va Salim Yusupovich olib kelishgan. CHirchiqda ishlab yurgan paytim, meni "Mashal"ga Salim Eshmuhammedovning tavsiyalari bilan chaqirishgan. Men qaerda nima bo'lgan bo'lsa shuni aytganman. "Mashal"da, "Paxtakor"da ham yutug' va kamchiliklarini aytganman. Hozir aynan "Nasaf"da ekanligim uchun bu klubni maqtayotganim yo'q. SHunchaki haqiqatni aytyapman.  "Nasaf" bu mening uyim. Uyda esa o'zingni yomon his qilmaysan. 

- Buyog'iga bir nechta blic-savollar bermoqchi edim. Men sizga ikkita variant taqdim etaman. Siz shu ikkitasidan bittasini tanlashiz kerak bo'ladi.

- Mayli, eshitaman.

- Sizga kim bilan ishlash ko'proq maqul. Vadim Abramov yoki Ro'ziqul Berdiev?

- (Kuladi). Abramov yoki Berdiev? Maylimi ulardan birini tanlayman va keyin izoh beraman. Juda qiyin savol ekan. Bu bilan kimnidir ranjitib qo'yishni istamagan bo'lardim. Meni tanlovim - Ro'ziqul Berdiev. CHunki bizlarning ko'plab jihatlarimiz o'xshash va ishlash uslubimiz bir-biriga yaqin. Vadim Abramovni inson sifatida ham, murabbiy sifatida ham juda hurmat qilaman. Vadim Abramov bilan juda yaxshi aloqadamiz. Uning ishlash uslubi biroz boshqacharoq. SHu bois meni javobim Ro'ziqul Berdiev.

- Qaysi darvozabon kuchliroq, Ignatiy Nesterov yoki Eldor Suyunov?

- Ayni paytda Eldor Suyunov Nesterovdan kuchli. To'xtang, shu erda ham aniqlik kiritib o'tsam. Bu bilan Ignatiy kuchsiz deyishdan yiroqman. Nesterov so'nggi osiyo Kubogini juda yaxshi o'tkazdi. Janubiy Koreya bilan bo'lgan o'yinda darvozani zo'r quriqladi va o'tkazib yuborilgan gollarda uni ayblamagan bo'lardim. Ignatiy Nesterov bilan birga ishlamagan bo'lsamda, uni mashg'ulotlarda qanday ter to'kishini yaxshi bilaman. Ignatiy so'nggi yillarda bekorga O'zbekistondagi birinchi raqamli darvozabon sifatida qaralmaganini ko'p isbotlab kelgan. Lekin hozirgi tanlovim - Eldor Suyunov. CHunki, so'nggi chempionatda kim qanday ishtirok etganini va ishlaganini ko'rdim. Suyunovni o'zimni shogirdim uchun etirof etayotganim yo'q. SHunchaki u hozir o'sish davrida va ayni paytda uni Nesterovdan kuchli deb bilaman.  

- O'zbekiston terma jamoasi o'yinlarini qaysi bosh murabbiy qo'li ostida ko'rish sizga ko'proq yoqadi? Vadim Abramov yoki Mirjalol Qosimov?

- Mirjalol Qosimov bilan Vadim Abramov boshchiligidagi jamoada birga ishlaganmiz. Lekin Qosimov boshqaruvi ostidagi jamoada birga ishlamaganman. SHu bois uning ish uslubini yaqindan bilmayman. Menga ko'proq Vadim Abramov boshchiligidagi terma jamoa o'yinlari manzur kelgan. Bu murabbiylar ish uslubi bir-birinikidan keskin farq qiladi. SHunchaki muxlis sifatida aytadigan bo'lsam, menga Abramov boshqaruvidagi terma jamoa o'yinini tomosha qilish maroqli tuyulardi. Bu erda hammaning o'z qarashi bo'ladi.

- O'tgan mavsumdagi eng yaxshi futbolchi sizningcha kim bo'ldi? Sardor Rashidov yoki Jamshid Iskanderov?

-  Menimcha, Jamshid Iskanderov kuchliroq. Sardor Rashidov so'nggi paytlarda juda katta o'sishga erishdi. Mirjalol Qosimov ushbu futbolchini kashf etdi va aynan Qosimov qo'li ostida u yuqori darajaga chiqishga erishdi desam mubolag'a bo'lmaydi. Jamshid Iskanderov nega kuchliroq? CHunki u o'yinni olib boradi va vaziyatlarni yaratadi. "Paxtakor"ning o'yini asosan shu futbolchiga bog'liq. Jamshid Iskanderov - yaratuvchi. Sardor Rashidov esa ko'proq boshqa jamoadoshlarining harakatlariga tayanib harakat qiladi. Uni to'p bilan taminlab turish zarur. Bu ikkala futbolchilar umuman boshqa tipdagi o'yinchilar sanalishadi. 

- Qaysi jamoaga muxlislik qilasiz?

-  Men birorta jamoaga ishqibozlik qilmayman. Masalan bizda Zafar Xolmurodov "Barselona"ning haqiqiy fidoiy muxlisi sanaladi. Uning uchun "Barselona"dan zo'r klub yo'q (kuladi). Ayniqsa "Barselona" va "Real" o'ynaganida "Nasaf" bazasida hamma tunda bo'lsa ham futbol ko'radi. Biz o'shanda futbolchilarga ruxsat beramiz. Futbolchilar o'zaro bahslashishadi. Kimdir "Real"ga ishqiboz, kimdir "Barselona" tarafida. Bu normal holat va kollektivda shunaqangi sog'lom muhit bo'lgani ham quvonarli. Men asosan Angliya chempionati o'yinlarini tomosha qilaman. Tumanli Albiondagi o'yinlarni ko'rish menga zavq bag'ishlaydi. CHiroyli futbol shaydosiman. Menga hozirgi kunda "Barselona"ning o'yini maqul kelmoqda.

- Sizning idealizdagi darvozabon kim bo'lgan?

- Yoshligimda Rinat Dasaev va Toni SHumaxerlarning o'yinini ko'rib zavqlanardim. Umuman kuchli darvozabonlar ko'p bo'lgan. Lev Yashin dunyoning eng kuchli posboni sifatida tan olingan. Hozirgi kunda Manuel Noyer bu borada etakchilik qilmoqda. Yashin davrida darvozabonlarning o'yin uslubi va vazifalari biroz boshqacha bo'lgan. Hozirgi kunda kiperlarning vazifalari ancha ko'paygan. Ular oyog' bilan ham yaxshi o'ynashmoqda. Manuel Noyer bu uslubni tadbiq etdi. Noyerning qilayotgan ishlari aqlga sig'maydi. So'nggi himoyachi, libero rolida ham o'zini erkin his etmoqda ushbu nemis posboni. Kerak bo'lsa bir-ikkita futbolchilarni ham aldab o'tishi mumkin. Noyer darvozabonlarning yangi o'yin uslubini kashf etdi. Jahonda kuchli darvozabonlar juda ko'p va barchasining o'ziga xos yaxshi va kamchilik taraflari bor. Darvozabonlarning ishi juda ham qiyin ish. Ular bir o'yinda o'ntalab imkoniyatlarga ega bo'lishmaydi hujumchilardek. Aksincha butun uchrashuv davomida yaxshi harakat qilib, so'nggi soniyada birgina xatoga yo'l qo'yishsa ham jamoasi mag'lub bo'lishi mumkin. Misol olganda, Aleksandr Filimonovning Ukraina bilan bo'lgan o'yinda SHevchenkodan o'tkazib yuborgan golini eslashimiz mumkin. O'shandagi xato Filimonovning keyingi faoliyatiga qattiq tasir o'tkazdi. Andrey SHevchenko esa o'sha vaziyatda gol urmaganda ham qahramonligicha qolardi. Hujumchilarda vaziyat boshqacha. Ular ketma-ket beshta imkoniyatdan foydalana olmay, so'nggi oltinchi vaziyatni golga aylantirib qahramon bo'lishlari mumkin. "Oltin to'p" uchun kurashda shu bois maydonda harakat qiladigan futbolchilarning imkoniyatlari yuqori baholanadi va futbol jamoatchiligi bu borada ularga ko'proq yon bosadi. Manuel Noyerning "Oltin to'p" uchun kurashga qo'shilgani ham katta yutuq bo'ldi desam ham bo'ladi.

- Nega bizning darvozabonlarimiz penalti tepishmaydi. Evropada penaltini amalga oshiradigan bir qator darvozabonlar bor. Bizda nega shunaqangi qobiliyat sohiblari etishib chiqishmaydi? Yoki murabbiylarimiz bunga ruxsat berishmaydimi?

- Jasur Narziqulovni eslaysizmi? "Mashal"da o'ynaganida "Metallurg"ga qarshi uchrashuvda penalti tepgandi. O'yinda hisob nol-nol bo'layotgan vaziyatda hakam "Metallurg" darvozasi tomon penalti belgiladi. Avvaliga Bobojonov tepdi va uning zarbasini Mamur Ikromov bartaraf etgandi. Oradan ikki daqiqa o'tib yana penalti bo'ldi. SHunda barcha futbolchilar jim o'tirishganida, Jasur Narziqulov darvozasini tashlab, penaltini tepish uchun yugurib bordi. O'shanda bizda Bahodir Davlatov bosh murabbiy edi. Jasurni yugurib kelayotganini ko'rgan Davlatov menga qarab, Jasur qaerda kelyapti dedi. Men esa penaltini tepgani dedim. Jasur Narziqulovni tepgan to'pini ham Mamur Ikromov qaytarishga erishgandi va yakunda durang o'ynagandik. Keyin meni bo'ynim baloga qolgandi. O'shanda meni o'ylashimcha, Jasur haqiqiy mardlik ko'rsatgandi. Butun jamoa jim bo'lib qolganida, masuliyatni o'z bo'yniga olib, penaltini tepishi ham bu jasurlik aslida. Gol ura olmagani esa boshqa masala. Men aslida darvozabonlarning penalti tepishiga qarshi emasman. Olimpiya terma jamoasida ishlaganimizda, Mochalov bir o'yinda penaltini tepgandi. Vadim Abramov o'shanda Vityaga yo'q demagandi, mayli tep, gol ur deb ruhlantirgandi.

- Mavsum oldidan darvozabonlarni yig'ib, o'z oldilarizga maqsad qo'yasizlarmi? Masalan ushbu mavsumda mana shuncha gol o'tkazmasligimiz kerak degan manoda.

- Albatta. Har mavsum avvalida va yakunida o'zaro yig'ilib, kichik majlis o'tkazamiz va o'z oldilarimizda maqsad va vazifalar qo'yamiz. Aynan mana shuncha gol o'tkazib yuborma degan vazifalar bo'lmaydikuya, ammo har mavsum iloji boricha kamroq to'p o'tkazib yuborishni aytaman. Yil yakunida esa mavsum davomida yig'ib borgan statistikalarimni ularga ko'rsatib, kim qancha gol o'tkazgani, qancha to'pga chiqqani, yugurgani va shunga o'xshash kichik detallarigacha etibor qarataman. Buni ko'pchilik etibordan chetda qoldirishi mumkin. Ammo bu narsa muhim hisoblanadi. Har mavsum statistikasini o'zim uchun yig'ib boraman. Yig'indagi mashg'ulotlar statistikani ham olib boraman va ularga keyin bu haqida malumot beraman. Har kim nima ish qilgani haqida tasavvurga ega bo'ladi.

- Yangi mavsum oldidan o'z fikrlaringiz...?

- Umid qilamanki, "Nasaf" uchun yangi mavsum omadli keladi. CHempionatda albatta sovrinli o'rinlar uchun kurashamiz. OCHLda guruhdan chiqishni istaymiz va o'ylaymanki, buni amalga oshira olamiz. Bunga shaxsan o'zim ishonaman. Istardimki, barcha sog'-salomat bo'lishini va darvozabonlarimiz mavsumni jarohatsiz o'tkazishib, kamroq gol qo'yib yuborishlarini xohlardim. Barcha o'ylagan reja va maqsadlarimizni amalga oshirishga harakat qilamiz. Yil yakuniga kelib esa, bir mavsum bekorga ketmaganini his qilsam bo'lgani. Futbol muxlislariga va jamoatchiligiga ham ulkan zafarlar tilab qolaman. Barcha sog' va omon bo'lsin!

- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. "Nasaf"ning xalqaro maydondagi o'yinlarida zafar va omad yor bo'lsin!

- Sizga ham rahmat, barcha "Championat.asia" sayti ijodkorlari va o'quvchilariga omad yor bo'lishini istab qolaman. Ishlaringizga rivoj.


SHahboz BEG'AMOV suhbatlashdi.

Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика