Stul atrofida nishonlangan gol, Lushan, Boboev, "Bunyodkor" haqida - O'zbekiston chempionatida o'ynagan tunislik yagona legioner SHaker Zuagi bilan intervyu
05 avg 2020 00:53
Yangiliklar
Stul atrofida nishonlangan gol, Lushan, Boboev, "Bunyodkor" haqida - O'zbekiston chempionatida o'ynagan tunislik yagona legioner SHaker Zuagi bilan intervyu
Davom ettiramiz. Bu safar AGMK va "Bunyodkor" jamoalari tarkibida harakat qilgan, O'zbekiston chempionatida o'ynagan tunislik yagona legioner SHaker Zuagiga savollarni yog'dirib tashladik. Albatta, XXI asrda istalgan futbolchini internet orqali topish mumkin bo'lmoqda. Demak, imkoniyatlardan maksimal ravishda foydalanamiz.
- Salom SHaker, ishlar qanday ketmoqda, karantinda nimalar bilan bandsiz? Siz "Bunyodkor" klubi muxlislari qalbidan umrbodga joy olgan futbolchilardan birisiz.
- Avvalo, sizga katta rahmat aytaman. Kutilmagan holat bo'ldi. Odamni jinni qiladigan karantin bo'lmoqda. Tunis va Dubayda uyim bor. Bir u erda, bir bu erda yashayapmiz. Karantinni oilam bilan o'tkazyapman. Ko'rib turgan har bir narsamdan, lahzamdan zavq olishga harakat qilyapman. Yo'l-yo'lakay ovqat qilishni o'rganyapman.
- Siz haqingidagi internetdagi malumotlar 2017 yilda qolib ketgan. Hozirda qaysi jamoada o'ynayapsiz?
- 2017 yili faoliyatimni yakunladim. "Bunyodkor"dan keyingi "Al Halij" jamoasi faoliyatimdagi so'nggisi bo'ldi.
- Bugun etiborimiz "Bunyodkor"dagi faoliyatingizga qaratiladi. Jamoa tarkibida 2 mavsum o'ynadingiz. Sergey Lushanning faoliyati, murabbiylik darajasiga qanday baho bera olasiz?
- Sir emaski, faoliyatim davomida ko'plab jamoalar tarkibida o'ynaganman va Roje Lemerr kabi mashhur inson bilan ishlaganman. U o'z vaqtida Evropa va jahon chempioni bo'lgan. Sergey Lushan ham faoliyatimdagi eng yaxshi murabbiylardan biri. Natijalar zo'r bo'lmagandir, lekin u yoshlar bilan ishlab, kelajak uchun katta poydevor qurib ketdi. Qarang, u kashf qilgan Rustam Ashurmatov, Eldor SHomurodov, Dostonbek Hamdamovlar hozir qanday darajada. U maydonga tushurgan yigitlar o'sib-ulg'ayib, yaxshi joylarda o'ynashmoqda, klub ularning ortidan pul ishlab olmoqda.
- 2015 yili "Bunyodkor" Osiyo chempionlar ligasida yaxshi o'yin ko'rsata olmadi. Buni nima bilan izohlashingiz mumkin?
- Jamoa yaxshi edi. Saralashda ko'plab yulduzlari bor "Al Jazira"ni mag'lub etgandik. Guruh bosqichida esa raqiblar bizga qarshi yopiq va himoyaviy o'yin tashkil qilib, hujum qilishimizga ko'p ham imkoniyat berishmadi. Bo'lgan imkoniyatlardan foydalanish qiyin kechdi. Raqiblar esa gol urib ketaverdi. OCHL darajasidagi turnirlarda raqiblar kichik xatolarni kechirishmaydi. SHunday kichik xatolar tufayli biz mag'lub bo'laverdik. Muvaffaqiyatsizlikni shunday izoxlayman.
- Umuman olganda jamoa ketma-ket ikki mavsum davomida OCHLda g'alabaga erisha olmadi.
- Raqiblar ham kuchli edi. Legioner hujumchilar, byudjeti yirik klublar, yulduzli jamoalar. 2015 yilgi mavsumdan keyin jamoa yanada yoshardi, 2016 yilga kelib, tarkibda tajribali futbolchilar juda kam edi, ko'plab etakchilar jamoani tark etdi. Mavsumni yaxshi boshlagandik, biroq tarkib borasida muammolar ko'p bo'lgani, zaxira esa torligi natijalarga jiddiy tasir ko'rsatdi. O'sha ikki mavsum klub uchun katta dars bo'ldi va keyinchalik natijalar yaxshilanib bordi.
- 2016 yili "Bunyodkor" bilan shartnomani bekor qildingiz. Bunga klubning moliyaviy holati sabab bo'ldimi?
- Oilam tufayli shu qarorga keldim, bu erda klubning pulga taqaladigan ishlari sabab bo'lmagan. 3 yil davomida oiladan uzoqda bo'lish oson emas. Juda qiynalayotgandim. BAAga oilamning oldiga qaytishga qaror qilgandim.
- Intervyularingizdan birida "Bunyodkor"dan boshqa jamoada o'ynamayman degandingiz. "Bunyodkor"dan ketganingizdan keyin O'zbekiston klublaridan takliflar bo'ldimi?
- "Bunyodkor" juda ahil oila. Hozirgacha u erdagi do'stlarim bilan gaplashib turaman. "Bunyodkor"ni tark etganimdan keyin AGMKdan taklif tushdi. Ularga futboldagi faoliyatimni tugatganimni aytib o'tdim. Olmaliqdan ham yaxshi xotiralar qolgan.
- "Bunyodkor"da o'zbek tilini yoki so'zlarini o'rgandingizmi?
- O'rganmoqchi bo'ldim, biroq juda qiyin ekan. "Rahmat" so'zini hali ham ishlatib turaman.
- "Bunyodkor"dan ketganingizdan keyin jamoaning o'yinlarini kuzatyapsizmi?
- Ha. Doimiy ravishda. Ushbu jamoa tarkibida o'ynab ketgan ko'pchilik bilan hali ham aloqadaman. Ular ham jamoaning o'yinlarini va natijalarini kuzatib borishadi.
- "Bunyodkor"dan ketganingizdan keyin O'zbekistonga keldingizmi?
- Yo'q, bora olmadim. Ammo bu rejada bor edi. Buni tashkillashtirishda muammolar yuzaga keldi. Karantin qoidalari yumshaganidan keyin oilam bilan O'zbekistonga borib kelish rejamda yo'q emas.
- "Bunyodkor"dagi eng muhim insoningiz sifatida kimni aytgan bo'lardingiz?
- U erda hamma bir tan-u bir jon bo'lgan. Hammaga bir xil etibor va sharoit yaratilgan. Biror kimni ajratib ko'rsatsam, kimdir mendan hafa bo'lib qolishi mumkin.
- "Mashal" darvozasiga urilgan golingizni stul atrofida nishonlagandingiz. Buning sababi nimada edi?
- Hali ham yodimda. Jamoaning ruhiy holatida tushkunlik va g'amginlik bor edi. Mashg'ulotimizga chiroyli ruxshunos ayol tashrif buyurdi va u stul atrofida aylanib, odamning miyasini joyiga keltiruvchi fikr-mulohazalar bildirdi. Ushbu mashg'ulot yakunlanganidan keyin jamoadagilar bilan uradigan golimni stul atrofida nishonlashni kelishib olgandik. O'yin kuni o'sha ruxshunos ayol ham tribunada edi va u bundan xursand bo'lgandi.
- O'zbekistonda yanada ko'proq qolib, "Bunyodkor" sharafini himoya qila olarmidingiz?
- Yuqorida aytganimdek, oilam meni chaqiraverdi. Qizim francuz-arab maktabiga borayotgandi, u ham meni sog'inayotganligini tezroq qaytishimni so'ragandi. Menimcha O'zbekistonda qololmasdim.
- "Bunyodkor"da o'zingizda nimani kashf qildingiz?
- Men o'ynagan boshqa klublarda hayot o'zgacha bo'lgan. Mashg'ulot qilasan, uyingga borasan, dam olasan, o'yinlar o'ynaysan. "Bunyodkor"da hamma bir-biriga juda yaqin bo'lar ekan. U erda men hamma bilan do'st bo'la olishimni o'zim uchun kashf qildim, u erdagi oddiy haydovchidan to klub prezidentiga qadar.
- Keyinchalik Baxtiyor Boboev ham jamoani boshqardi. Uning murabbiylik ishiga qanday baho berasiz?
- U klub uchun ko'p ishlarni qilgan. Klubning muammolari ko'pligidan jamoaga bosh murabbiy olib kelish ham qiyin bo'lgandi. Baxtiyor akani "Bunyodkor"ni qiyin vaziyatda elkasida ko'tarib yurgan inson sifatida hurmat qilaman. Uning o'rnida bo'lganida hayotini qil ustiga qo'yib, bunday tavakkal qiladigan insonni topish ilojsiz edi. Tushunyapsizmi, gap faqatgina murabbiylikda emas, uning ortida aytilmaydigan va futbolchilardan ham sir tutilgan ko'plab gaplar talaygina.
- Jamoadagi asosiy raqobatchingiz kim edi?
- Bizning paytda tarkibda ko'plab eksperimentlar amalga oshirilardi. Qanday tushuntirsam bo'larkin, bu navbatdagi mavsum uchun tayyorgarlikning bir qismi desammikin. Maydonga doim har xil tarkibni tushirib, iloji boricha barchaga o'yin amaliyoti taqdim qilinishi kerak edi. Lushan ham Boboev ham shuning yo'lidan bordi va ularning ortidan yosh yigitlar anchagina tajriba to'plab olishdi. Yomon o'tgan bir mavsumdan keyin jamoa yaxshi o'yin ko'rsata boshladi, yoshlar ham tajribalarini ishga solishdi. Buni ijobiy holat deb hisoblayman.
- Muxlislarga tilaklaringiz.
- Klub muxlislariga unutilmas onlar uchun rahmat aytaman. Ularni yoddan chiqarib bo'lmaydi. Albatta, imkoniyat bo'lishi bilan ularning oldiga borib, ko'rishib suhbatlashib qaytaman. Bunga vada beraman. Barchaga rahmat.
Mirjalol Normatov suhbatlashdi
Fikrlar