So’nggi yangiliklar

14:18Винисиус: "Вазият ўзгармаса, ЖЧ-2030ни Испаниядан олиб қўйиш керак"  7 13:45Сречко Катанец: "Бу ерда ким хўжайин эканлигини эртага кўрсатишимиз керак" (тўлиқ)  12 13:17Элит ОЧЛ. "Пахтакор" – "Ал Васл" учрашувини япониялик ҳакамлар бошқаради  5 12:30КХДР бош мураббийи: "Нейтрал майдонда ўйнаш қўшимча устунлик бермайди"  15 12:16Сречко Катанец: "КХДР билан фарқимиз биз ҳеч қандай ўртоқлик учрашувларисиз тайёрландик"  13 11:39"Реал" кейинги ёзда "Манчестер Сити" етакчисини сотиб олиш учун барча имкониятни ишга солади  7 10:42"Ливерпул"га қарши учрашувдаги хатолардан сўнг МЮ Каземирони бошқа клубга таклиф қилди  15 10:15Николай Ширшов хотира кубоги. Бугун турнир ғолиблари аниқланади   4 10:11Германия терма жамоасининг собиқ футболчиси фаолиятини "Рома"да давом эттиради  5 09:40Кечирилмади! Немис клуби мухлислари футболчини бошқа жамоа либосида суратга тушгани учун дўппослашди  2 09:03Бразилиянинг машҳур жамоаси уй стадионининг номини Марсело шарафига ўзгартирди  5 08:35"Челси" собиқ футболчиси Қатар клубига ўтишга яқин  3 08:07«Арсенал»нинг янги футболчиси Мерино қанча муддатга сафдан чиққани маълум бўлди  2 07:38Футзал. Бразилия футзал терма жамоаси Тошкентга етиб келди  3 00:27Ёзги транфер ойнасида рекорд даражада кўп трансфер амалга оширилди – ФИФА  6

Soqolli vajohat va tabassum Yangiliklar

Soqolli vajohat va tabassum

Aron Gunnarssonning namunaviy sardor ekanligiga dalillar. Bu-gungi Islandiya termasi yorqin ijrochilardan tarkib topganiga endi shubha yo'q.

Biroq shu yorqin futbolchilar safida ham alohida ajralib turadigani bor. Gap chinakam namunaviy sardor sifatida ko'zga tashlangan Aron Gunnarsson haqida ketyapti. Kimdir aytishi mumkin: eh, yana Islandiya termasi va yana island futbolchisimi? Ha, shunday. Zero, bu yurt vakillari Evro-2016dagi ishtiroklari bilan qayta-qayta etirof etishga munosib ekanliklarini isbotlashdi.

Angliya termasi futbolchilari oxirgi kuchlarini yig'ib, final hamlasiga shaylanishayotgan vaqtda bu harakatlari qo'lda shunchaki, suv purkaydigan to'pponcha ushlagancha butun dunyoni zabt etishga urinishdek tuyuldi. CHunonchi, island jamoasi  ishtiyoq bilan o'yinni davom ettirayotgan, xotirjam holda, orqa chiziqni mustahkam ushlayotgandi. Bunday holatda barcha futbolchilarning yumushlari tayin: Xalldorsson o'z jamoadoshlarini boshqarib, ularga ishonch bag'ishlaydi, Arnason va Ragnar Sigurdsson butun havo hujumini to'liq bartaraf etishadi, Gilfi Sigurd-sson raqibning uzatmalari yo'lini batamom yopib, to'pni o'z izmiga bo'ysindiradi. Xullas, hammasi rejalashtirilganidek. Yo'q, bu muvozanatni 84-daqiqada islandlar sardori Aron Gunnarsson (bir lahzaga etibor qarating - tayanch yarim himoya­chisi) uchinchi golni urishga urinib buzdi. Orqa chiziqdan to'pni qabul qilgan soqolli vajohat elektrichka tezligida (to'xtang, Islandiyada temir yo'llarning o'zi yo'q-ku) raqib jarima maydoniga bostirib kirdi va Jo Xart darvozasini o'qqa tutdi. Keyingi lahzada vajohati picha pasayib, soqoli atrofida ancha samimiy va beg'ubor tabassum yugurdi. Uning bu qiyofasidan taxminan quyidagi fikrni ilg'ash mumkin: Nima, rostdan ham, uchinchi golni urishimizni kutdinglarmi? He, yo'q, bu erga kelganimdan o'zim ham esankirab qoldim. Bu Evro-2016ning eng shov-shuvli natijasini taqdim etgan o'yinlardan biri - Angliya-Islandiya (chorak final, 1:2) lavhalariga ozgina sharh.



Aynan shu, gohida yoqimli tabassum tortiq etadigan, lekin boshqa vaqtlarda vajolat uyg'otadigan soqolli qiyofa bugungi Islandiya terma jamoa­sining bosh ramzidir. Barchaga tushunarliki, island ertagi zamirida aniq-tiniq yo'lga qo'yilgan tizim, mashaqqatli mehnat va taktik tomondan puxta tayyorgarlik yotibdi.  SHuningdek, Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun shioriga muvofiq harakatlanish. To'g'ri, bu shiorni Rossiya termasi o'ziga dastak qilib olgandi, biroq turnirdagi o'yinlar ko'rsatdiki, ruslar shunchaki, tilda aytishgan ekan, amalni esa islandlar namoyish etishdi. Biroq Franciya-2016ning eng yoqimli va barcha (faqat inglizlarga emas)ga birdek manzur bo'lgan jamoasini yagona futbolchi timsolida tariflash zarurati tug'ilsa, aql bovar qilmas darajada yaxshi o'ynagan Sigurd­ssonlardan birini emas, aynan Aron Gunnarssonni tanlash joiz. Ha, Islandiya termasi sardoriga teng keladigani ko'rinmadi va endi uning suratlarini har joyga osib qo'yish mumkin. Tabiiyki, Aronni orol jamoasining bosh etakchisi sifatida maqtash uchun bir necha dalillar bor.

Birinchidan, Gunnarsson eng mallarang soqol sohibi. Mohiyatan olganda, bu chindan ham, islandlar uchun g'ururlanishga katta asos beradi. Rossiya premer-ligasi tarixidagi birinchi island - Xannes Sigurdsson (aytgancha, uning qiyofasi 5 yil oldin Nalchikda o'ynagan vaqtdagidan zarracha o'zgargan emas - taqirbosh va qalin soqol)ning aytishicha, shimoliy mamlakatda soqol o'stirish mardlik belgisi sanaladi va hamma shuni istaydi. Xullas, Aron Gunnarsson bu masalada har bir jamoadoshiga dars bera oladi.

Ikkinchidan, uning Islandiyaga muhabbati cheksiz. Soqol futbolchining umumiy xarakterini to'liq ochib bermayaptimi? Yaxshi, unda Aronning o'ng qo'liga nazar solish kerak - terini o'yib yozilgan 603 raqami. Bu Gunnarsson tug'ilib-ulg'aygan Akyureyri shahrining pochta kodi. Aron futbol o'ynashni ham shu mo'jaz shaharda o'rgangan. Aytishlaricha, u hozirda Akyureyrida hattoki, merdan ham muhim figuraga aylanib ulguribdi Bundan hayron qolishning hojati yo'q, axir mamlakat prezidenti o'zini fanatlar bilan teng ko'rayotgan vaqtda mer ikkinchi darajaga tushsa, nima qilibdi? Endi futbolchining o'ng qo'liga nigoh: yana jonajon shahri - Akyureyridagi ibodatxona tasviri. Agar bular ham Aronning o'z yurtiga muhabbati darajasini anglash uchun kamlik qilsa, shunchaki, uning o'yinoldi matbuot anjumanida aytgan gaplariga etibor qarating. Ehtimol, ayrimlar bunday g'ururbaxsh so'zlarga beparvo qarashar yoki istehzo aralash kulib qo'yishar, biroq tan olish joiz, jamoani olg'a boshlash uchun aynan shunday yondashuv kerak: Biz - island xalqimiz. Biz - mag'rur vikinglarmiz. Biz - jangchilarmiz va raqibimiz kim bo'lishi mutlaqo ahamiyatsiz!

Uchinchidan, uning etakchilik xususiyatlari aql bovar qilmas darajada ko'p. Aronning akasi Arnor uning xarakteri qanday shakllanganini quyidagicha hikoya qiladi: Bir-birimiz bilan futbol yoki gandbolda o'zaro raqobatlashmagan paytlar tovoqdagi bo'tqa yoki baliqni kim tezroq paqqos tushirish bo'yicha bahslashardik. Bazida esa mashinaga o'tirib, poygada bellashardik. Xullas, akasi bilan kurashga to'la bolalik tufayli Aron etarlicha chiniqqan. Qarang, terma jamoa bosh murabbiyi Lars Lagerbek sardorlik bog'ichini Gunnarssonga topshirgan payt u 23 yoshli yigitcha edi. Aron etakchilik fazilatlari bilan qaysidir manoda Dovyurak filmi bosh qahramonini eslatadi. Ularning o'xshash tomonlari birgina tash-qi qiyofalari emas - Uilyam Uolles o'z xalqi ozodligi uchun kurashgan bo'lsa, Aron maydonda uning g'ururi uchun olishadi. Umuman, islandlar g'oyat erkparvar xalq sanalishadi va o'z mustaqilliklarini nihoyatda qadrlashadi.

To'rtinchidan, bunisi asosiysi, Gunnarssonga xos muayyan holatga ko'nikib yurmaslik tabiati kishini hayratga soladi. Islandiya termasi va uning sensacion yurishi haqida etarlicha gapirildi, yozildi. Biroq ko'pchilik Aron Gunnarsson yoshligida gandbolchi bo'lganini hali eshitmagan bo'lsa kerak. U oddiy emas, o'ta yorqin gandbolchi sanalgan. Deylik, 15 yoshida kattalar o'rtasidagi Islandiya chempionatida (Tor jamoasida) debyut qilgan. Biroq bu sport uning uchun emasligini tezda tushungan. Vaholanki, Aron o'smirlar toifasida eng baquvvat va eng chaqqon o'yinchi bo'lgan. Aytishlaricha, raqib jamoalar ustozlari uni zararsizlantirish uchun mudom ikki o'yinchini biriktirib qo'yishgan. Gunnarssonning o'zi esa futboldan ko'ra, gandbolda kuchli ekanligini tan olgan. Biroq u bu sport turidan zerikkani uchun voz kechgan. Boz ustiga, sport yo'nalishini o'zgartirayotgan payti otasiga Islandiya futbol terma jamoasida o'ynashga vada bergan. Ishonchni qarang! Tabiiyki, otasi bunga ishonmagan.

Xullas, Aron Gunnarsson 15 yoshida qo'l to'pidan voz kechib, Tor klubining futbol sekciyasiga qatnay boshlaydi. 15 yoshida! Joylarda murabbiylar 10 yoshli bolalar yo'liga ham shunchaki, to'siq qo'yishlari sir emas. Axir kim ham 3-4 yildan buyon o'zi shug'ullantirayotgan bola qolib, chetdan nogahon kelgan notanish yigitcha bilan ishlashni xohlaydi? Bu katta tavakkal-ku. Lekin Islandiyada 15 yoshli Aronni ikkilanmay futbol to'garagiga qabul qilishadi va u 17 yoshida Gollandiyaga yo'l oladi. Yana 2 yil o'tgach esa, asosiy tarkibdagi 2ta o'yindan qoniqmay, Angliya tomon yuzlanadi. Yigitcha boshida tumanli o'lkada ko'p noqulayliklarni sezadi. Ayniqsa, taomlarga sira ko'nikolmaydi. Zero, asosan fast-fud (tezkor tayyorlanadigan taom) va o'zi pishira oladigan nimalarnidir tanovul qilishiga to'g'ri keladi. SHuning uchun keyinroq futbolchining onasi ham Koventriga ko'chib o'tadi va 2 yil davomida o'g'lining maishiy hayotini tartibga soladi. Bunday etibor izsiz ketmadi - Aron bor diqqatini professionallikka qaratib, yana 2 yildan keyin Islandiya termasining soqolli sardori va etakchisiga aylandi. Bir joyda turish, qulay yashash sharoitini izlash unga xos emas. Deylik, Aron Evro-2016 starti arafasida Kardiff Sitidan ketishni ixtiyor etdi. CHunki bu jamoada zaxirachi roli uni sira qoniqtirmayotgandi.

Aytish joiz, Aron Gunnarsson gand­boldan futbolga ozgina superkuchni o'zi bilan olib o'tdi. Uning autdan to'p tashlashlari bunga dalil. SHunday takrorlanmas, shunday effektli - xuddi burchak zarbasiday. Uning harakatlarini takrorlash juda mushkul va bunda gap qo'llarda ham emas. Agar sizning qo'llaringiz menikidan ikki baravar baquvvat bo'lsa ham, hech narsa o'zgarmaydi, - deydi Gunnarsson. - Hammasi to'pni  kuch bilan uloqtirishingiz emas, balki qaysi nuqtaga tashlashingizga bog'liq. Xullas, Aron ijrosidagi autlar shunchaki, islandcha sovuq qurol. Jamoa bu orqali ko'p gol uradi. Angliya termasi darvozasiga yo'llangan birinchi golni eslang  - hammasi aynan Gunnarssonning to'p tashlashidan boshlangandi.



Aron - mamlakat terma jamoasi uchun ideal sardor. Zero, jamoadoshlarini qanday olg'a boshlashni yaxshi biladi, ularni tribuna tomon ergashtirib, jangovar  hayqiriqni jo'r holda aytishni qoyillatadi. U yana tashqi qiyofasi, xatti-harakati, qo'rquv bilmasligi, butun tayanch hududini yopishi bilan o'z mamlakatini ulug'laydi, uning  sharafini himoya qiladi. SHuningdek, havas uyg'otadigan turmush tarziga amal qiladi: xotini - Kristborg Yonasdottir Islandiyada elit bodibilder sifatida mashhur. Biroq ularning o'g'illari bilan birga tushgan suratlariga qarab, ayolning bodibilder bilan shug'ullanishiga sira ishonolmaysiz. Umuman, bu oila anchadan buyon mamlakatda eng namunaviylaridan biri sanaladi.

Nihoyat, Aron o'z misolida bu hayotda imkonsiz orzu yo'qligini ko'rsatib berdi. Maqsad sari yo'l ancha o'nqir-cho'nqir - qulayliklardan voz kechish, notanish davrada kurashish, yangi sharoitlar va o'zgacha masuliyat, qiyinchiliklarga tik boqish... Inson xohlasa, bularning barchasini eplaydi - bu Aron Gunnarsson tajribasi bilan ham tasdiqlandi. Muhimi, inson o'z xohishi va nima qilayotganini bilsa, bas. Joriy yoz Islandiya termasi o'z tarkibidagi rejissyor, hovli tozalovchisi, port xizmatchisi va boshqalar bilan orzu tomon qanday borish mumkinligini ko'rsatib berdi. Aron esa shu uyushqoq jamoa sardori va maqsadga eltadigan yo'llarni sheriklaridan-da yaxshiroq biladi. U o'z tabassumi bilan barchaning etiborini o'ziga qaratib ulgurdi. To'g'ri, Franciya termasi bilan o'yinda bu tabassumni chin manoda ko'rmagan, island ertagi birozgina o'xshovsiz uzilgan bo'lsada, u o'z ahamiyatini yo'qotmaydi. Zero, oldinda boshqa turnirlar va o'yinlar borki, ularda Aron Gunnarson hali ko'p bora tabassum ulashsa, ajabmas.

A.QODIROV tayyorladi

Reyting: +11   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика