So’nggi yangiliklar

08:36Sofascore. Кечаги учрашувда Аббосбек Файзуллаевнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  1 08:06Саудия Арабистон чемпионати. «Ал Ҳилол» мавсумдаги илк мағлубиятини қабул қилди  0 07:38Суперлига. Бугун 25-тур якунланади  0 04:12"Андижон" ўз уйида "Динамо"ни йирик ҳисобда мағлуб этган ўйиндан ФОТОГАЛЕРЕЯ  0 04:07Чемпион "Насаф" Фарғонада "Нефтчи"га мағлуб бўлган ўйиндан ФОТОГАЛЕРЕЯ  0 02:57Ла Лига. "Барселона" "Сельта"га қарши ўйинда сўнгги дақиқаларда иккита гол ўтказиб, ғалабани қўлдан чиқарди  104 02:06"Челси" 100 миллионлик форвардни харид қилмоқчи?!  2 00:29А Серия. "Милан" ва "Ювентус" ўртасидаги ўйин нурсиз дуранг билан якунланди  9 00:26АПЛ. "Манчестер Сити" ўз уйида "Тоттенхэм"га йирик ҳисобда таслим бўлди  30 23:11Битта гол урилган Тошкентдаги "Олимпик" — "Бунёдкор" ўйинидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  0 23:00Франция чемпионати. "Ланс" Ҳусановсиз ўз уйида "Марсель"дан учта тўп ўтказиб, мағлуб бўлди  8 22:49Моуринью "Реал" собиқ ўйинчисини нишонга олди  2 22:11АПЛ. "Арсенал"дан йирик ғалаба, лондонликларнинг сўнгги голини ўтган йили Ўзбекистонга қарши баҳсда ҳаракат қилган 17 ёшли ўйинчи урди  10 22:06Бундеслига. "Байер" 0:2ни 5:2 қилди, "Боруссия Дортмунд"дан жавобсиз 4та тўп, "Хоффенхайм" — "Лейпциг" ўйинида 7та гол  0 22:00Суперлига. Экстра-тайм: жорий мавсум узоқ давом этган ўйинлар  0

SHamil Yarulin: "Nasaf" OCHL yo'llanmasi uchun kurashmoqda" Yangiliklar

SHamil Yarulin: "Nasaf" OCHL yo'llanmasi uchun kurashmoqda"

Avval vada qilganimizdek, “Nasaf” futbol klubi muxlislarini qiziqtirgan savollari bilan klub bosh menedjeri SHamil aka Yarulinga murojaat qildik.
U kishi ushbu savollarga bajonidil javob berdilar. Biz quyida u kishi bilan bo'lib o'tgan suhbatni etiboringizga havola qilayapmiz.

Savolarning bazilari muxlislar tomonidan berilgan. Bunda eng faol muxlisimiz Umid Haydarov bo'ldi.

- “Nasaf” FK birinchi davrani juda yaxshi yakunladi, klub rahbari sifatida jamoa natijalaridan ko'nglingiz to'ldimi?


- Albatta jamoamizni birinchi davra yakuni bo'yicha ko'rsatgan natijalarini ko'rish kishini xursand etadi. Jamoamiz azolari ishonchimizni oqlashdi buning uchun ulardan minnatdorman. Albatta kamchiliklarimiz ham yo'q emas. Ayrim o'yinchilarimiz shunchaki o'ynashdi yoki o'zlarida tajriba etarli bo'lib, buni maydonda to'liq namoyish etishmadi. Balki bunday o'yinchilarimiz ikkinchi davrada o'zlarini ko'rsatishar… Biz albatta bunga mavsum so'ngida baho beramiz.

- Biz muxlislarni ikkinchi davrada tarkib bo'yicha o'zgarishlar qiziqtiradi, kimlar klubni tark etishi yoki kimlar kelishi haqida aniq malumot bersangiz.


- Muxlislarimizga malum, biz bu yilgi chempionatda tarkibni shakllantirish bo'yicha asosan o'zimizning ichki imkoniyatimizga katta etibor qaratayapmiz. Bu harakatimiz qaysidir manoda o'zini oqladi. Bu yo'nalishda yana davom etamiz. Asosiy tarkibga yoshlarimizdan bir-ikki o'yinchini yana qo'shib olish rejamizda bor. Kelgusida yani ikkinchi davra oldidan kimnidir chetdan taklif qilish rejamiz umuman yo'q, bu aniq. Mana shu tarkib bilan mavsumni oxirigacha kurash olib boramiz. Endi jamoani kimlar tark etishi to'g'risida, albatta bu borada o'zgarishlar bo'ladi. Biz ayrim o'yinchilarimizga o'zlari uchun jamoa topishni taklif qildik. O'zlaringizga malum hammani birdan maydonga tushirib bo'lmaydi. Ayrim poziciyalarimizda ular raqobatdan qolib ketishayapti. Ularga ham o'yin amaliyoti kerak. Agar shunday o'yinchilar maydonga tushavermasa, bu ularga ruhiy jihatdan ham salbiy tasir qiladi. Eng yaxshisi ular boshqa jamoalarda faoliyatini davom ettirgani maqul. Biz ular bilan suhbat qildik va vaziyatni tushuntirdik. Ammo hozir bular kimlar bo'lishini aniq aytmayman. CHunki hozircha aynan kimlarni qaysi klubga ketishi aniq emas. Mabodo ular o'zlari uchun klub topib shartnoma imzolasalar buni ochiqlaymiz. SHuni yana alohida aytib o'tish kerakki, agar ular o'zlariga klub topolmasalar safimizda yana qolishlari ham mumkin.

- Siz rahbar sifatida jamoa murabbiylar shtabining ishiga aralashib turasizmi? Yoki ular mustaqil faoliyat yuritishadimi?


- O'zlaringizga malum, klub rahbari sifatida va lavozimim taqozasiga ko'ra bunga to'liq vakolatim bor. Ammo biz bosh murabbiyga ishonamaniz va unga mustaqil faoliyat yuritish uchun imkon yaratganmiz. Murabbiylar shtabida ham kimlar yani qaysi mutaxasislar bo'lishi ko'proq menga emas bosh murabbiyga ravshanroq deb hisoblayman. To'g'ri, bazi bir klublarda klub bosh menejeri murabbiylar ishiga har daqiqada hamma masalalarda aralashib turishadi – bu menimcha to'g'ri ish emas. Agar sen rahbar bo'la turib uni ishga qabul qilgan bo'lsang eng maquli unga mustaqil ishlashga imkon ber, natijani talab qil. Murabbiy nima qilishini o'zi biladi. Albatta bazan shunday holatlar bo'ladiki, murabbiylar ishiga rahbar sifatida aralashishga to'g'ri keladi, bu mening faoliyatimda kamdan-kam uchraydigan holat.

- Klubning moliyaviy ahvoli qoniqarlimi? Futbolchilarga maosh borasida qarzdorlik yo'qmi?

- Ochiq aytaman, qani endi bundanda yaxshi moliyaviy imkoniyatga bo'lsak, bundanda yaxshi imkoniyatlarga ega bo'lsak. Ammo hozirda ayrim klublardagi moliyaviy ahvoldan ko'ra bizning ahvolimiz ancha yaxshi. Bundan nolish odobga to'g'ri kelmaydi. Bu borada bizga omad kulib boqmoqda. Klubimiz tomonidan o'yinchilarimizga hech qanday maosh bo'yicha qarzdorligimiz yo'q. Tan olish kerak, bizda ham ayrim paytlar uzilishlar bo'lib turadi, ammo bu ko'pga cho'zilmaydi. Klubimizning maoshdan tashqari xarajatlari ham katta. CHunki biz infrakstrukturamizni doimo rivojlantirish ustida ishlar olib borayapmiz. Birgina misol biz yaqinda o'rinbosarlarimiz uchun alohida bazani tuhfa qilmoqchimiz. SHu birgina baza so'zi orqali ifoda etilayotgan majmuaga futbolchilar uchun hamma sharoitlar muhayyo qilinadi. Hozir buni birma-bir sanab o'tirmoqchi emasman. Kim ham hohlamaydi deysiz juda ko'p mablag'i bo'lishini... Ammo hozirgi kunda faoliyatimiz uchun, yaxshi natija ko'rsatishimiz uchun xullas barchasi uchun moliyaviy imkoniyatimiz etarli. Buning uchun bizga homiylik qilayotgan SHo'rtangaz kimyo majmuasi rahbariyatiga u erda mehnat qilayotgan insonlardan minnatdormiz.

- “Nasaf” futbol klubi o'z infrastrukturasini rivojlanishiga juda katta etibor qaratadigan klub hisoblanadi. SHu jihatdan “Markaziy” stadion rekonstrukciyasi yana davom ettiriladimi?


- Stadionimiz rekonstrukciyasi haqida gapiradigan bo'lsam, janubiy tribuna tomonda klub ofisi barpo etildi va chiroyli fasadga ega bo'ldi. Stadionning bu qismi boshqa o'zgartirilmaydi. SHimoliy tribunaga kelsak, bu tomon rekonstrukciyasi vaqtinchalik to'xtatilgan. Vaqti kelib, aniqrog'i muassisimiz tomonidan shu ishga mablag' ajratilgach bu tribuna rekonstrukciyasi ham nihoyasiga etkaziladi. Stadion hozir o'z bag'riga 16000 muxlisni sig'dira oladi. Rekonstrukciya ishlari tugallangach esa 20 000dan oshiq o'ringa ega bo'ladi. Agar muxlislarimiz “Markaziy” stadionni asosiy loyiha darajasida ko'rishni hohlasalar- o'yinlarimizga ko'plab tashrif buyurishsin, o'z sevikli jamoasini ko'pchilik bo'lib, qo'llab-quvvatlashsin. Bu albatta rejalarimizni tezlashtirishimizga ham turtki bo'lardi. Biz aziz muxlislarimizni stadionda ko'proq ko'rishni juda hohlaymiz. Har qanday holatda ham biz ishlarni oxirigacha etkazamiz.

- Jamoadan ikkinchi davrada qanday natija ko'tayapsiz? Sizningcha jamoa OCHL musobaqasi yo'llanmasini qo'lga kiritishi mumkinmi?


- Men albatta shu erda chempionatimizni qanday boshlaganimizni eslayman: birinchi turda o'z maydonimizda durang o'ynadik, ikkinchi turda “Bunyodkor”dan mag'lubiyatga uchradik... Bu holat ko'plab muxlislarimizda jamoaga nisbatan salbiy fikrlar paydo bo'lishiga sabab bo'ldi. Ammo biz bugungi kunda muxlislarimizga joriy chempionatda shunchaki harakat qilmayotganimizni oz bo'lsada isbot qildik. Bu meni ham juda quvontiradi. Men ham xuddi sizlardek “Nasaf” tashkil bo'lgandan bo'yon jamoaga muxlislik qilaman. O'ylaymanki, jamoamiz hozirgi kunda ancha mazmunli va qiziqarli o'yinlar namoyish etmoqda. Bizda yuqori o'rinlar uchun kurashishga salohiyat etarli darajada. Endi OCHL yo'llanmasiga kelsak, bu etishib bo'lmaydigan narsa emas. Buning uchun kurashayapmiz, ezgu maqsadlarimizdan biri ham shu. Agar maqsad bo'lmasa ishingda qanday mano bo'lishi mumkin? Aytishadiku, “soldat, soldat emas agar u general bo'lishni orzu qilmasa” deb. SHunday ekan ushbu maqsadlarimizni amalga oshirish uchun juda ko'p mehnat qilishimiz kerak. Buni o'yinchilar ham, murabbiylar ham, qolaversa muxlislarimiz ham chuqur his qilishlari va qaysidir manoda o'zlarining hissalarini qo'shishlari kerak.

- Stadionga kirish chiptalarini kategoriyalarga bo'lib sotishni iloji bormi, masalan 4-5 ming so'mga chipta olish ayrim muxlislarga qimmatlik qilayapti?


- Agar o'yinlarga bilet sotish klub daromadining bir qismi deydigan bo'lsak, bu borada maqtana olmaymiz. Agar jamoani bir oyda bir yoki ikki o'yin o'tkazayotganini hisobga olsak. Bu unchalik katta summani tashkil qilmaydi. Agar haqiqiy muxlis uchun o'rtacha 4-5 ming so'mlik chipta qimmatlik qilsa, bilmadim. Mening tasavvurimga ko'ra, muxlislarimizning chipta xaridlari orqali, futbolning, o'z sevgan jamoasining rivojiga o'z hissalarini qo'shayotganlarini aslo unutmasliklari kerak. Ammo bizda 12 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun stadionga kirish mutlaqo bepul. Bu yildan ayollarimiz, opa-singillarimiz, qizlarimiz uchun alohida sektorlar tashkil qildik. Ular uchun ham stadionga kirish tekin. Bu sohada ham kelgusida qiladigan ishlarimiz ko'p.

- Siz muxlislarni juda hurmat qiladigan klub rahbari hisoblanasiz, ularning klubga nisbatan ishonchini yanada ortirish bo'yicha qanday tashabbuslar kutgan bo'lardingiz?


- Men bu haqda yuqorida fikrlarimni bayon qildim. Biz muxlislarni stadionimizda ko'proq ko'rishni hohlaymiz. Ishoning buni moliyaviy jihatdan unchalik ahamiyati yo'q. Balki, bu jamoa uchun juda katta dalda bo'lar edi. Ular o'zlarining mehnatini Sizning yuzlaringizdagi quvonchlar orqali ko'rgisi keladi. Siz qanchalik ko'p o'yinchilarni qo'llab-quvvatlasangiz ular shunchalik kuchli o'ynashga harakat qilishadi. Yana qo'shimcha qilib shularni aytmoqchimanki, mabodo muxlislarimizda faoliyatimizga nisbatan qandaydir etirozlar bo'lsa, marhamat o'zimizga kelib ayting. Bu ishimizning rivojiga ham foydasi bor. Ammo chetda turib yoki stadionda turib, bo'lmag'ur mish-mishlar yoki haqoratlar qilishi – bu bizning milliy madaniyatimizga aslo to'g'ri kelmaydi. SHunday muxlislarimiz bor, yaxshi o'yin ko'rsatsak ham doimo norozi. Ammo sabr qilamiz, insofga kelib qolar deb. Bazan o'ylab qolasan shunaqa insonlarni muxlis deb hisoblash to'g'rimikan deb. Bundaylar nima hohlashadi o'zi, bu faqat o'zlariga malum. Yana takror aytaman: agar muxlislarimizda ishimizning rivoji uchun har qanday taklifmi, tashabbusmi yoki mulohazasi bo'lsa, eshitishga tayyormiz. Bu bizning vazifamiz. Muxlislarimiz orasida yuqori madaniyat va odob-axloq sohiblari juda ko'pchilikni tashkil qiladi. So'zimni oxirida shuni aytmoqchimanki, barcha harakatlarimiz va faoliyatimizning asosiy maqsadi Siz muxlislarimizni xursand qilish. Futbolni sevishda davom eting, barchamizga jamoamizning ulkan zafarlarini nishonlash baxtiga Yaratganning o'zi muyassar qilsin!

- SHamil Samigulovich, mazmunli suhbatingiz uchun Sizga barcha muxlislar nomidan o'z tashakkurimizni izhor etamiz. Siz va Sizning rahbarligingizdagi klub xodimlari, biz muxlislar uchun qilayotgan ishlaringizda aslo charchamang deb qolamiz.


Suhbat “Nasaf” PFK matbuot xizmati va voha.uz futbol muxlislari sayti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика