Samandar SHodmonov: “Dinamo”ga Haydarovning taklifiga binoan keldim”
17 jan 2014 09:28
Yangiliklar


Samandar SHodmonov: “Dinamo”ga Haydarovning taklifiga binoan keldim”
Qashqadaryolik futbolchi o'zining chaqqon harakatlari bilan ko'pchilikni etiboriga tushgan desak mubolag'a bo'lmaydi.
Ochig'ini aytganda, SHodmonovning o'tgan yili ishlari unchalik ham yurishmadi. Boisi birinchi davrada “Olmaliq”da u avvalgidek o'ynab keta olmadi va mavsumning ikkinchi qismida esa “Nasaf”ga kelib, asosan zaxira futbolchisiga aylanib qoldi.
SHu boisdan ham Samandar klubini o'zgartirishga qaror qildi. Mahoratli futbolchi ayni paytda Samarqandning “Dinamo” klubi yig'inida ishtirok etmoqda.
- Samandar, garchi “Nasaf” bilan o'tgan yili bronza medalini qo'lga kiritgan bo'lsangizda, jamoani tark etishga qaror qildingiz. Bu ko'pincha zaxirada o'tirib qolganingiz bilan bog'liqmi?
- Ha, shunday desa ham bo'ladi. To'g'risini aytganda, o'tgan yili etarlicha o'yin amaliyotiga ega bo'lmadim. Asosan zaxira o'yinchisi sifatida gavdalandim. Ayni o'ynaydigan yoshda bo'la turib, zaxirada vaqtim kelishini kutib o'tirishdan mano yo'q deb hisobladim. Qolaversa “Nasaf” bilan amaldagi shartnoma o'z kuchini yo'qotgandi. Bundan kelib chiqadiki, ayni paytda erkin agentman.
- “Olmaliq”da ham o'z o'yiningizni topib keta olmaganingizga nima sabab bo'lgandi?
- O'zimga ham bu borada ko'p savol berib ko'rdim. Nimadir etishmadi... Aybni murabbiy yoki boshqalardan qidirish noto'g'ri, bu borada avvalo muammo echimini o'zimdan qidirishim kerak.
- Ayni paytda esa “Dinamo” o'quv-yig'in mashg'ulotlarida ishtirok etmoqdasiz. Sizni bu erga kim taklif etdi?
- Bosh murabbiy Ravshan Haydarovning chorlovi bilan kelganman.
- Joriy mavsumni ushbu jamoada boshlashingiz aniq bo'ldimi?
- Yo'q, hozircha klub hech qaysi futbolchi bilan bitim imzolamadi. Bunga hali ozgina vaqt bor.
- “Mashal” bu yil sobiq futbolchilarini ortga qaytarmoqda. Sizga ham klub rahbariyati tomonidan Muborak jamoasiga yana qaytish taklifi bo'ldimi?
- Yo'q. Lekin oldimda “Dinamo”da boshqa yana 2-3 ta variantlar bor edi. Samarqandga kelishim uyimga yaqin va bu erda tajribali murabbiy faoliyat olib borayotgani turtki berdi.
- Yangi jamoaga kirishib ketishingiz qanday bo'lmoqda?
- Bu borada muammo bo'lgani yo'q. "Dinamo"dagi futbolchilar bilan oldindan tanishmiz. SHu bois bemalol ayta olamanki, moslashib bo'ldim.
- Ravshan Haydarov va uning o'tkazayotgan mashg'ulotlari xususida nima deysiz?
- Ravshan Akmalovich tajribali murabbiy. O'z vaqtida milliy terma jamoa va "Paxtakor"da ishlagan. Bu ham murabbiyning qanday saviyadaligini ko'rsatib turibdi. Mashg'ulotlarga keladigan bo'lsak, hozir qishki yig'inlar asosan yugurish bilan o'tadi. Demoqchimanki, jismoniy tayyorgarlikka ko'proq etibor qaratiladi. Lekin to'p bilan ham ishlayapmiz. Xullas hozircha hammasi yaxshi.
Islombek Rustambekov suhbatlashdi

Fikrlar