So’nggi yangiliklar

08:30Расман: «Қизилқум»ни яна 4 нафар футболчи тарк этди  0 08:06Суперлигада ўйнашга даъвогар «Хоразм»га «Локомотив» футболчиси ўтишга яқин  0 07:42А Серия. «Интер»да ғалаба, «Фиорентина» мағлуб бўлди  0 01:47МЮ босслари Рэшфордни таркибдан чиқариб юборган Аморимга босим ўтказишадми?  8 00:57"Арсенал"дагилар ҳавотирда  1 00:18"Интер" - "Комо". Таркиблар билан танишинг  0 00:01Зидан фақат иккита жамоани бошқариши мумкин  6 23:31ОКМК Дубайда Россиянинг икки клуби билан ўйнайди  0 22:43Роналду: "Қайси биринг Мессини мендан кучлироқ дединг?"  13 22:23Тозалик инспекторлари МЮ стадиони баҳосини 4дан 2га туширди. Нега?  4 21:18Расман: "Навбаҳор" африкалик футболчини ўз сафига қўшиб олди  14 21:00Ҳисобда акс этмаган — осон ғалаба! "Реал" - "Севилья" учрашуви таҳлили  5 20:41Умтитининг фаолияти хавф остида  5 20:19"Тоттенхэм" ҳужум чизиғини "Вулверхэмптон" вакили билан кучайтирмоқчи  0 19:56Раҳмоналиевнинг агенти футболчининг "Рубин"дан кетиши ҳақидаги хабарларга изоҳ берди  2

Rossiya premer-ligasida paydo bo'lgan yana bir o'zbek futbolchisi Yangiliklar

Rossiya premer-ligasida paydo bo'lgan yana bir o'zbek futbolchisi

Teglar :  Vadim AfoninRossiya
Yoxud Vadim Afonin bilan suhbat

Rossiya premer-ligasida yangi mavsumdan boshlab yana bir o'zbekistonlik futbolchi paydo bo'ldi. Odil Ahmedov va Vitaliy Denisov qatorida endi Vadim Afonin ham tilga olinmoqda. “Orenburg” jamoasi bilan birinchi divizionda muvaffaqiyatli qatnashib ilk bor premer-ligaga yo'l oldi. Futbolchimiz muntazam ravishda jamoasining asosiy tarkibidan joy olib kelmoqda. Yaqinda Afonin bilan bog'lanib bafurja suhbatlashdik.   

- Dastlabki savol: bolaligingiz qanday kechgan, birinchi ustozingiz kim?
- Toshkentning “Traktor” klubi tizimida tarbiyalanganman. 9 yoshimda otam meni shu erga olib kelgandi. Dastlabki murabbiyim Haydar Asqarovich bo'lgan. Afsuski, hozir u kishi hayot emaslar. Bolaligim “Traktor” maktabida o'tdi. Keyinchalik o'smirlar, o'rinbosarlar va asosiy klub tarkibiga qadar bo'lgan yo'lni bosib o'tdim. SHundan so'ng “Rubin”ga yo'l oldim. 


- “SHo'rtan”da to'p surib yurgan paytlaringizda xayolingizga bir kun kelib rus premer-ligasida to'p suramanmikin, degan fikr kelganmidi?
- Har qanday o'yinchi omadini iloji boricha chetda sinab ko'rishni istaydi. Bunday xohish menga ham begona emasdi. Yashirmayman, katta futbolga kirib kelganimdan so'ng kuchliroq birinchilikda to'p surishni niyat qilganman. Omadim bor ekan, keyinchalik menda o'z kuchimni chetda sinab ko'rish imkoniyati yuzaga keldi. “Orenburg” tarkibiga kelib qo'shilganimdan so'ng jamoa bilan premer-ligaga ko'tarilish haqida orzu qilardik. Ko'rib turganingizdek, orzu ro'yobga chiqdi. Aytishim kerakki, “SHo'rtan”da to'p surib yurgan kezlarimda ham ko'rikdan o'tish uchun Rossiyaga borishimga to'g'ri kelgan.   

- Ammo Rossiyada o'zingiz to'p surgan dastlabki klub “Rubin” hisoblanadi, shunday emasmi?
- Ha, birinchi bor Rossiyada o'zim o'ynagan klub aynan “Rubin” hisoblanadi. O'shanda 18 yoshda bo'lib, “Traktor”ning asosiy tarkibiga endi kelib qo'shilgan paytlarim edi. “Rubin”da malum vaqt o'ynagach, so'ngra ortga qaytdim. “SHo'rtan”da uch yil to'p surganimdan so'ng Belgorodning “Salyut” jamoasiga borib qo'shildim. Taqdir taqozosi bilan Orenburgning “Gazovik” (hozirgi “Orenburg”) jamoasi azosiga aylandim.   

- Vadim, nima deb o'ylaysiz, “Rubin” klubi sizni kuzatyaptimikin? Axir o'tgan vaqt davomida o'yiningizni ancha shakllantirdingiz...  
- “Rubin”da  o'ynagan paytlarim rahbariyat butunlay boshqacha edi. Xuddi shunday fikrni murabbiylar shtabi xususida ham bildirishim mumkin. Boz ustiga o'rinbosarlar bilan ishlayotgan murabbiylar ham o'zgarib ketdi. O'zingiz ham yaxshi bilsangiz kerak, Qurbon Berdiev Qozonni tark etgan. Hozir “Rubin”da butunlay boshqa odamlar ishlashmoqda. O'zim bilan birga ishlagan kishilardan hozir u erda hech kim qolmagan bo'lsa kerak.

- “Orenburg”da legioner o'yinchi hisoblanasizmi?
- Ha, axir men O'zbekiston terma jamoasi safida maydonga tushganman. SHunday ekan, klub uchun men legioner o'yinchi hisoblanaman.


- “Orenburg”da o'yinchilardan qaysi biri bilan yaqin do'stsiz?
- Klubda hamma bilan munosabatim juda yaxshi ko'rinish olgan. Muhit ijobiy. Bunday sharoitda o'zingni xuddi uydagidek his qilasan. Igor Koronov bilan juda yaqinman. Bo'sh paytlarimizni ko'pincha birga o'tkazamiz. SHuningdek, Tojikiston terma jamoasining vakili sanaladigan Farhod Vasievni yaqin do'stim sifatida ko'rsatishim mumkin. Umuman olganda, “Orenburg”da barcha yigitlar bilan munosabatim ijobiy ko'rinish olgan.  

- “Orenburg”ning premer-ligadagi debyuti u qadar silliq kechmayapti. Premer-ligada g'alaba qozonish qiyin bo'lyaptimi? Jamoa hisobida o'tkazilgan 9-turdan so'ng 4 ta durang va 5 ta mag'lubiyat bor...
- Darhaqiqat, birinchi divizion va premer-liga o'rtasida katta farq bor. Premer-liga o'z nomiga mos ravishda asosan kuchli ishtirokchilardan tarkib topgan. Har bir klubning safida malakali va mahorati yuqori bo'lgan ijrochilarni uchratasiz. Ha, dastlabki turlar biz uchun oson kechmayapti. Qolaversa, futbolda moslashish degan gaplar bor. Umid qilamanki, bu jarayondan o'tib olsak, yaxshi natijalar o'zini uzoq kuttirib qo'ymaydi. Umuman aytganda, o'yinlar chog'ida yomon to'p surmayapmiz. Raqiblar kuchli ekanligiga qaramasdan biz ham xavfli vaziyatlarni yuzaga keltiryapmiz. SHunchaki, so'nggi pallada biroz omadimiz chopmayapti.   

- Demak, klubga omad kulib boqmayapti ekan-da?
- Ha, shunday. Futbolda omad katta ahamiyat kasb etadi. Raqibdan kuchli o'ynashingizga qaramasdan omad kulib boqmasa bari harakatlaringiz besamar ketaveradi.

- Vadim, “Orenburg” haqida to'xtalib o'tsangiz. Klubdagi shart-sharoitlar qanday, qaerda yashayapsiz?
- “Orenburg”da hamma narsa premer-liga ishtirokchisi darajasida shakllantirilgan. Jamoadagi shart-sharoitlardan nolish yaramaydi. Jamoaning infratuzilmasi risoladagidek ko'rinish olgan. O'z navbatida rahbariyat o'yinchilar uchun maydon tashqarisida ham etarlicha sharoitlarni hozirlagan. SHahar juda chiroyli. Oilam bilan shinam kvartirada yashayapman. Bir so'z bilan aytganda, turli muammolarga o'ralashib qolmagan holda butun diqqat-etiborimni futbol o'ynashga qaratganman. 


- 29 sentyabr sanasida tug'ilgansiz. Qolaversa, yaqinda 29 yoshga to'ldingiz. Qizig'i shundaki, futbolkangizdagi raqam ham aynan 29! Aytingchi, siz bu raqamni atayin tanlaganmisiz?
- Juda to'g'ri ilg'absiz. 29 sentyabrda tug'ilganim bois klubga kelgan paytimda aynan shu raqam ostida maydonga tushishni istagandim. Baxtimga 29-raqamli futbolka bo'sh ekan. Ha, bu raqamni atayin tug'ilgan kunim sanasiga mos tushishi uchun tanlaganman. Odatda futbolchilar o'z xohishlaridan kelib chiqqan holda yoqtirgan raqamlarini tanlaydilar.   

- Agar yanglishmayotgan bo'lsam, O'zbekiston terma jamoasi safidagi dastlabki va hozirgacha oxirgisi bo'lib turgan o'yiningizni 2012 yili o'tkazgandingiz shekilli...
- Ha, adashmasam, o'sha o'rtoqlik maqomidagi o'yin edi. Keyinchalik Eron ustidan safarda erishilgan g'alaba chog'ida murabbiylar meni maydonga tushishi mumkin bo'lgan futbolchilar ro'yxatiga kiritishgandi. Yodingizda bo'lsa, o'shanda Eron ustidan safarda 1:0 hisobida g'alaba qozonib qaytganmiz. SHuningdek, Janubiy Koreya bilan 2:2 hisobida durang qayd etilgan bellashuvda ham ro'yxatda bor edim.  

- Bugungi kunda Rossiya premer-ligasida to'p suryapsiz. Milliy terma jamoaga chaqiruv olishdan umidvormisiz?
- Har qanday futbolchi xalqaro maydonda yurt shanini himoya qilishni istaydi. Bunday xohish menga ham begona emas. Agar terma jamoa murabbiylar shtabi taklif bilan chiqsa, buni bajonidil qabul qilgan va darhol O'zbekistonga uchib kelgan bo'lardim. Qolaversa, faoliyatim davomida O'zbekiston yoshlar terma jamoasi safida ham qator o'yinlarda maydonga tushganman. Bundan tashqari, meni olimpiya terma jamoasiga ham chaqirganlar.  

- Vadim, sizga oxirgi paytlarda birortasi shunday taklif bilan chiqdimi? Aytaylik, Samvel Babayan yoki uning yordamchilaridan biri telefon qildimi?
- Hozircha bunday taklif bilan hech kim menga murojaat qilganicha yo'q.

- Oxirgi marta Toshkentga qachon keldingiz?
- SHu yili, iyunda. Birinchi ligada mavsum nihoyasiga etib premer-liga yo'llanmasiga ega chiqqanimizdan so'ng Toshkentda bir oy dam oldim. SHu bilan birga Toshkentga qishki tatil chog'ida ham albatta kelib ketaman. Ko'rib turganingizdek, yil davomida O'zbekistonga ikki bor tashrif buyuraman.  

- Nima deb o'ylaysiz, milliy terma jamoamiz o'zi uchun armon bo'lib kelayotgan jahon chempionati final bosqichi masalasini bu safar ijobiy hal eta oladimi? Terma jamoamizning 2018 yili Rossiyada o'tadigan mundialga borish imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Umid qilamanki, bu safar hammasi terma jamoamiz uchun ijobiy yakun topadi. Ustiga-ustak bugungi kundagi tarkib juda yaxshi ijrochilardan iborat. Bunday o'yinchilar bilan mundial yo'llanmalaridan biriga ega chiqish mumkin. Futbolda ilojsiz narsaning o'zi yo'q. Yaxshilab harakat qilinsa, hammasi kutilgan natijani beradi. Terma jamoamizda buning uchun imkoniyat etarli.  

- Aksariyat futbolchilarning ishlari bilan shug'ullanadigan agentlari bo'ladi. Sir bo'lmasa aytingchi, sizning ham agentingiz bormi?
- Ayni chog'da agentga ega emasman. Albatta, vaziyat taqozo etib qolgan paytda menga yordam qo'lini cho'zadigan do'stlarim topiladi. Ammo yuqorida aytib o'tganimdek, hozir o'z agentimga ega emasman. Binobarin, zamonaviy futbolda agentlarning roli ancha salmoqli. SHunday ekan, futbolchi agenti yordamida ko'p masalalarni hal etishi mumkin. Agentga ega bo'lgan o'yinchi chalg'imasdan butun etiborini ishga qarata oladi. CHunki maydon tashqarisidagi bevosita faoliyatiga taalluqli bo'lgan qator masalalar bilan agent shug'ullanaveradi. 


- “Orenburg”ga ko'chib o'tmasingizdan oldin “Salyut”da o'ynagansiz...
- Xabaringiz bo'lsa, mazkur jamoa bankrot bo'lgan. Bunday paytda butun jamoa sochilib ketadi. Buni qarangki, ko'p o'tmay “Orenburg”dan taklif oldim. Tabiiyki, uzoq o'ylab o'tirmasdan klub bilan shartnoma imzoladim. Mana, o'zingiz guvohi bo'lib turganingizdek, endi “Orenburg” bilan Rossiya premer-ligasida o'ynayapman.  

- Faoliyatingiz davomida ko'plab murabbiylar bilan ishlashingizga to'g'ri kelgan. Ularning orasida boshqalardan ko'ra o'zingizga ko'proq foydasi tekkan mutaxassis bormi?
- Gapingiz rost, faoliyatim davomida qator murabbiylar bilan ishlashimga to'g'ri keldi. Lekin ularning orasidan alohida bir kishini ajratib ko'rsatishim noto'g'ri bo'lardi. CHunki har biri birinchi navbatda inson, shundan so'ng o'yinchi sifatida yanada yaxshiroq shakllanishimga yordam bergan. O'zim bilan birga ishlagan barcha mutaxassislardan minnatdorman. Ular bilan birga ishlash men uchun juda qiziqarli bo'lgan. CHunki bunday paytda har biridan o'yiningizni yaxshiroq saviyaga ko'tarishni o'rganasiz. Qolaversa, murabbiylarning o'zlariga yarasha falsafasi bo'ladi. Biri ikkinchisining xayoliga kelmagan ishni amalga oshirishi mumkin. SHu o'rinda Vadim Abramovga alohida minnatdorchilik bildiraman. U menga to'g'ri yo'lni ko'rsatdi, yoshligimdan meni tarbiyaladi. SHu bois hayotimda Abramov alohida o'rin tutadi. SHuningdek, Marat Miftaxutdinovga ham minnatdorchiligimni bildiraman.  

- Rossiyada o'ynayotgan bo'lsangiz ham chempionatimiz va milliy terma jamoamiz ishtirokidagi o'yinlarni imkon qadar kuzatib borayotganingizni aytib o'tdingiz. Nima deb o'ylaysiz, chetga yo'l olganingizdan beri milliy birinchiligimizning saviyasi o'sdimi?
- Ha, axir futbol bir joyda qotib turmaydi. Jumladan bizning futbolimiz ham yil sayin rivojlanib bormoqda. Uzoqqa borib o'tirmaylikda, buni milliy terma jamoa misolida ko'rib chiqaylik. Termamizda legionerlar maqomidagi o'yinchilar doim ko'p bo'lgan. Bundan tashqari, O'zbekistonda ham yosh iqtidor egalari boshqalardan o'zlari haqida gapirishga majbur qilmoqdalar. CHempionat saviyasi ham yil sayin o'sib bormoqda. CHempionlik uchun bir qancha klublar kurash olib bormoqda. 


- Yaqinda Braziliya yozgi olimpiada o'yinlari bo'lib o'tdi. O'zbekistonlik sportchilarning chiqishlarini kuzatib bordingizmi?
- Albatta, kuzatdim. Sportchilarimizning medallarga ega chiqqanlaridan juda quvondim. Bu safar oldingi olimpiadalardan ko'ra sportchilarimiz ko'plab medallarga ega chiqishdi. Yangiliklarni doim kuzatib bordim. Ayniqsa, yurtdoshlarimizning shohsupaga ko'tarilganlarini ko'rgan chog'imda qalbimni o'ziga yarasha faxr tuyg'usi chulg'ab oldi.

- Vadim, futzalni ham kuzatib borasizmi?
- Ha, kuzataman. Adashmasam, yaqinda futzal bo'yicha terma jamoamiz jahon chempionatida ishtirok etdi.

- Premer-ligada o'ynayotgan Vitaliy Denisov va Odil Ahmedov bilan qo'ng'iroqlashib turibsizmi?
- Ular bilan asosan jamoalarimiz to'qnash kelgan paytda gaplashaman. Telefon orqali hamshahringiz Vagiz Galiulin bilan tez-tez qo'ng'iroqlashib turaman.

- Futboldan bo'sh paytlaringizda sevimli mashg'ulotingiz bormi? Masalan, musiqiy asboblarni chalishga qiziqasizmi?
- (kuladi) Bo'sh paytlarimni asosan oilam davrasida o'tkazishga harakat qilaman. Rafiqam va qizim bilan kino tomosha qilishga borishim mumkin. Savolingizning ikkinchi qismiga kelsak, musiqiy asboblardan birini chalishga uquvim yo'q. Ammo otam gitarani juda maromiga etkazib chaladi. Bundan tashqari, otam binoyidek xirgoya qiladi. Afsuski, undagi musiqiy qobiliyat menga o'tmagan ekan.

- Vadim, o'zingizga qanday savollar bilan murojaat qilishlarini xohlagan bo'lardingiz?
- Bugun siz bilan suhbatlashar ekanman, deyarli hamma savollaringizga javob berib bo'ldim shekilli (kuladi).

- Odatda O'zbekistonliklar osh tayyorlashga usta bo'ladilar. Aytingchi, palov damlay olasizmi?
- Osh damlash qo'limdan kelmaydi. Ammo ayolim juda pazanda. U palovni ham, mantini ham juda shirin tayyorlaydi. O'zbek taomlarini juda yoqtiraman. Lekin ko'p etiborim faoliyatimga qaratilgani bois pazandalik borasidagi qiziqishimni amalda sinab ko'rish uchun vaqt etishmaydi.

- Oxirgi savol: muxlislarimizga qanday tilaklarni bildirgan bo'lardingiz?
- Futbolni seving, bo'sh paytlaringizda o'zingiz ham o'ynang. Doim sog' bo'linglar, sevgan klublaringiz sizlarni quvontiradigan natijalarni qayd etishsin. Eng asosiysi, terma jamoamiz jahon chempionati yo'llanmasiga ega chiqsin.


FIRDAVSXON suhbatlashdi.

Reyting: +28   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика