"Real"ni braziliyalik futbolchilar bilan to'ldirgan inson
23 jan 2023 13:08
Yangiliklar
Vinisius Junior, Rodrigo, Eder Militao. 2024 yilning iyul oyidan Endrik Felipe.
"Real" har doim Braziliyaning eng yaxshi iqtidorlarini o'ziga jalb qiladigan klub bo'lib kelgan – Roberto Karlos va Ronaldo Nazario, Robino va Marselo, Kaka va Kazemiro. Ular turli yillar davomida klubga oqib keldilar. Ammo bu yangi avlod va ajoyib imkoniyat faqat braziliyaliklardan tashkil topgan oldingi chiziqdagi uchlik 18 oydan keyin "Bernabeu"da oldin hech qachon ko'rilmagan ustunlikni vada qilmoqda. Arxitektor – Juni Kalafat, kam ko'zga tashlanadigan, tasiri ortib borayotgan bosh skaut.
Kalafatning so'nggi to'ntarishi o'tgan oyda "Palmeyras"ning 16 yoshli hujumchisi Endrik bilan shartnoma imzolagani bo'ldi. O'smir forvard dunyoning istalgan nuqtasida futbolning eng istiqbolli o'yinchilaridan biri, deya tan olinadi. "CHelsi" va PSJdan tortib, Madrid klubining La Ligadagi asosiy raqobatchisi "Barselona"gacha uning imzosini o'z shartnomasiga tushirishni istardi. Kataloniya klubi murabbiyi Xavi Ernandes ESPN'ga futbolchining shaxsan o'zi bilan suhbatlashganini aytdi. Biroq aynan Kalafat tufayli madridliklar oldinga chiqib oldi.
Ispaniya poytaxtida braziliyalik onaning oilasida tug'ilgan va bolaligini Braziliyada o'tkazgan 50 yoshli mutaxassis "Real"da 2014 yildan beri ishlamoqda. SHunday buyon uning mavqei va mehnat faoliyati sahna ortida o'sib bormoqda. U La Ligadagi "ishga yollash" bo'yicha mutaxassislar, jumladan, "Sevilya"dagi Monchi va "Barselona"dagi Mateu Alemani kabi mediaga tasir o'tkaza olmasa-da, uning o'yin davomida ulkan futbol bilimlariga ega ekani va iqtidorlarni baholashda benuqson qobiliyatga ega ekani tortishilmaydi.
Bu uning Vinisius, Rodrigo va Endrikni qo'lga kiritishda "Barselona"ni mag'lub etishdan tortib, Federiko Valverdening salohiyatini kashf etishgacha bo'lgan davrda namoyon bo'ldi. Kalafat klubga qimmatga tushgan bazi yirik xatolarga ham yo'l qo'ydi. Biz bugun Juni Kalafatning barcha muvaffaqiyatlari va omadsizliklariga nazar tashlaymiz. Siz oldin hech qachon eshitmagan futbol olamidagi eng kuchli insonlardan biri bilan tanishasiz.
Kalafat hammasidan ustun bo'lgan bir fazilati bilan tanilgan: u futbolchilar va ularning oilalari bilan beqiyos munosabatlarni o'rnatadi. Uning tartibi biror futbolchi bilan shartnoma imzolashdan oldin u bilan bir necha bor shaxsan ko'rishishi uchun u yashaydigan joyga sayohat qilishni o'z ichiga oladi. Futbolchining oilaviy muhiti uning maydondagi nuqtasi kabi juda muhim va barcha tomonlarning ishonchini qozonish Kalafatning yondashuvida asosiysi hisoblanadi.
Kalafatning muzokaralardagi doimiy o'rnini tasavvur qilish uchun Vinisius Junior bilan bog'liq voqealarni eslash kifoya. 2017 yilning may oyida uning 45 mln evro evaziga Madrid klubiga transferini kelishib olinmasidan oldin o'sha paytda 16 yoshda bo'lgan Vinisiusning ota-onasi, amakisi va yana bir vakili Madridga borib klubning imkoniyatlarini ko'zdan kechiradi. Ular avvalroq "Barselona" bilan ham xuddi shunday qilgan edi. O'sha paytda "ko'k-anorranglilar" Vini bilan kelishuvga erishishga juda yaqin edi.
Oila Madridning "Barajas" aeroportiga qo'nganida Vinisiusning onasi chamadonini tranzit paytida yo'qotib qo'ygani malum bo'ldi. Kalafat oilani to'g'ri “El Corte Ingles” do'konining filialiga olib bordi va ularning har biriga yangi kiyimlar sotib olishlari uchun vaucher berdi. Bu ijobiy taassurot qoldirdi. Vinisius va uning oilasi uchun Kalafat kutilmagan vaziyatlarda ularga yordam berish uchun juda ko'p harakat qildi.
SHuningdek, Vinisius va ularning oilasi Madridga kelganidan keyin Kalafat Braziliyaga borib, eng kamida 5 marta ular bilan ko'rishdi. "Qirollik klubi" "Barselona" bilan raqobatlashayotganini bilardi va eng kichik tafsilotlar ham muhim ahamiyatga ega edi.
O'shanda Vinisius "Barsa" unga birinchi bo'lib qo'gg'iroq qilganini aytdi.
"Ikki klub meni izlab keldi. Men loyiha va ularning men uchun qilganlari tufayli "Real"ga borishga qaror qildim. Men buni eng yaxshi loyiha, deb o'yladim. Bu men o'zimni eng yaqin his qilgan klub edi", – dedi Vinisius 2021 yil noyabr oyida bergan intervyusida.
Kalafatning portugal tilini mukammal bilishi uni braziliyalik futbolchilar va ularning oilalari bilan mustahkam aloqalarni o'rnatishini nihoyatda osonlashtirdi. 2019 yilda Rodrigoni "Santos"dan Vinisius bilan teng summaga kelishishganida xuddi shunday mayda detallarga etibor qaratilgan edi.
Klublar bir yil avval, forvard 17 yoshligida uning Ispaniyaga ko'chib o'tishi borasida kelishuvga erishishdi. Birinchi aloqa Rodrigoning otasi Erik bilan bo'lgan. Uning o'zi ham sobiq futbolchi edi. Erik ilk bor Madridga kelganida Kalafat unga klub prezidenti Florentino Peres bilan dastlabki muzokaralarda tarjimon sifatida yordam berdi.
"Men onam bilan uyda edim. Otam ertalab tashqariga chiqib Juni bilan gaplashayotgan edi. "Barsa" bilan barcha narsa imzolangan edi. Biroq mening orzum har doim Madridda o'ynash bo'lgan. Otam uyga kelganida bizning oldimizdan o'tib ketdi va yotoqxonamga bordi. U menga tegishli "Real" futbolkasini qo'liga oldi".
Kelishuvdan keyingi o'n ikki oy ichida, Rodrigo o'sha paytdagi klubi "Santos" futbolchisi bo'lgan paytda ham Kalafat muntazam ravishda San-Paulu shtatining Osasku shahridagi Rodrigoning oilaviy uyiga tashrif buyurgan. Kalafat hatto 2019 yil 9 yanvarda Rodrigoning 18 yoshini nishonlash uchun o'sha erda bo'lgan.
"Real"ning futbol operaciyalari uch kishi tomonidan olib boriladi. Ularning boshi, tabiiyki, Florentino Peres. Undan keyin esa hamma taniydigan boshqaruvchi direktor Xose Anxel Sanches, keyin esa bosh skaut Juni Kalafat turadi. Ilk vazifasini Ispaniya tedevideniesida braziliyalik futbol eksperti sifatida boshlagan inson uchun bu yuksak lavozim. O'sha paytlarda televidenieda u bilan birga ishlagan hamkasblaridan uch nafari unga ergashib "Real"ga keldi. O'shanda Madrid klubida hech qanday rasmiy biror vazifaga ega bo'lmasa-da, Kalafat bir qator braziliyalik futbolchilar, jumladan, Ronaldo Nazario va Kaka bilan yaxshi aloqa va do'stona munosabatda edi.
Mansurbek Nematov tarjimasi
Fikrlar