So’nggi yangiliklar

01:57Ла Лига. Арда Гюлер "Реал"га ғалаба тақдим қилди!  54 01:40Меҳди Тареми Италия чемпиони сафига қўшилади! (Фабрицио Романо)  1 01:24Арда Гюлер ажойиб натижа қайд этмоқда  0 01:12"Арне Слот – "Ливерпул"нинг янги бош мураббийи!" – Фабрицио Романо  6 00:55Жасур Жалолиддинов: "Бу жамоа билан анча олдин бошланган ўзаро ҳисоб-китобимиз бор эди"  4 00:45U-23 Осиё кубоги. Ироқ минимал ҳисобда Вьетнамни енгди ва ярим финалга йўл олди. Кейинги рақиб – Япония  18 00:40U-23 Осиё кубоги. Ўзбекистон - Саудия Арабистони 2:0  4 00:25Хосе Венансио Лопес Эронга қарши учрашувдан кейин қандай фикрлар билдирди?  5 23:46"Персеполис" Ўрунов гол урган ўйинда пенальтилар сериясида мағлубиятга учраб, Эрон кубогини тарк этди  4 23:20Саудия чемпионати. "Ал Ҳилол" - "Ал Фатех" 3:1   1 23:15Футзал бўйича Осиё Кубоги. Таиланд - Тожикистон 3:3 (пенальтилар 6:5)  0 23:10Футзал бўйича Осиё Кубоги. Вьетнам - Қирғиз Республикаси 2:3  0 22:58Ўзбекистон олимпия терма жамоаси бош мураббийи Тимур Кападзе Саудия Арабистони устидан қозонилган ғалабадан сўнг (2:0) нималар деди? (тўлиқ матбуот анжумани)  40 22:11Ўзбекистон футзал термаси Осиё кубоги бронза медали учун Тожикистонга қарши ўйнайди (турнир сеткаси)  6 21:35Футзал бўйича Осиё Кубоги. Ўзбекистон финал остонасида Эронга пенальтилар сериясида мағлуб бўлди  95

"Qizilqum"ning "motor"i bundan ortiq ishlamaydi Yangiliklar

"Qizilqum"ning "motor"i bundan ortiq ishlamaydi

Teglar :  Qizilqum
Navoiy jamoasining mavsum boshidagi zafarli yurishidan ham, so'nggi bahslardagi "tarsaki eyishi"dan ham ajablanganim yo'q.

"Oltin qazuvchilar" har mavsum oldidan shov-shuvli transferlarini amalga oshiradi, biroq yakunda xasga yopishib, zo'rg'a jon saqlab qolaveradi. Joriy mavsum boshida ham "Lokomotiv" etakchilarini va yana bir necha o'yinchilarni o'z safiga qo'shib olgan klubning dastlabki natijalari tomoq qirilguncha baqiradigan darajada ajoyib edi. Biroq bundan zarracha hayratlanganim yo'q, sababi, "Qizilqum" aynan o'zi kuchsizlantirgan hamda moliyaviy tarafdan qiynalib qolgan "Lokomotiv", "Bunyodkor", shuningdek, Pro ligadan asosiy divizionga yo'l olgan hamda tarkib jihatdan navoiyliklar (jamoa hozirda Toshkentda uy uchrashuvlarini o'tkazayotgan bo'lsa ham) singari qudratli bo'lmagan "Neftchi" va "Olimpik"ni mag'lubiyatga uchratdi. Demak, dastlabki turdagi muvaffaqiyatlarni omad qushining "Qizilqum" boshiga qo'ngani bilan qiyoslasak bo'ladi. Nikola Lazarevich uchun haqiqiy sinov kuchliroq jamoalarga qarshi bellashuvlar edi va shu to'qnashuvlarda ham tablodagi hisoblarni o'z foydasiga hal qila olganida, unga tan bersa bo'lardi. Biroq AGMK, "Nasaf" kabi jamoalar navoiyliklarda hamon o'zgarish bo'lmaganini ko'rsatib qo'yishdi. Hatto "Metallurg" ham so'nggi soniyalarda g'alabani qo'ldan chiqardi. SHundan ham taqqoslayveringki, jamoada kamchiliklar etarlicha, darvoza, himoya, o'yin uslubi, yosh, falon-piston...

"Ajdarlar"ga qarshi o'yindi "Qizilqum" yonib kul bo'ldi. To'pni nazorat qilish, hujumlar sonidan tortib, sariq kartochkalargacha qarshiliklar barcha ko'rsatkichlarni begona qilishmadi. Beshta himoyachi bilan o'yinni boshlagan Lazarevich shogirdlarining har bir orqa chiziq vakiliga qarshiliklar bittadan gol tuhfa qilishdi. 

"Nasaf"ning ilk goliga etibor bersangiz, ijrochi Norchaev hamda assist Mozgovoy atrofida oq rang libosdagi futbolchilarning 4-5 nafari girdikapalak bo'lib yuribdi. Uzatma hamda zarba bo'lishini esa navoiyliklar kechroq anglab etishdi.


Ikkinchi golda ham darvozabonning oldiga to'dalanib olib, orqadagi o'yinchini bemalol sayr qilsa bo'ladigan darajada yolg'iz qoldirishgan mehmonlar tezkor ikkinchi "tarsaki"ni qabul qilib olishdi. Garchand to'p himoyachiga tegib, yo'nalishini o'zgartirgan bo'lsa-da, yaqin burchagini berkita olmagan Javohir Ilyosovning raqiblar uchun xizmati ham beqiyos.

Umuman olganda, "Qizilqum"ning "motor"i "Nasaf"ning xorij andozasidan o'rnak olayotgan zamonaviy "motori"ning soyasida qolib ketdi. Dilshod Saitov kabi futbolchilar o'ynab-kulib, butun maydon bo'ylab raqiblarini ortda qoldirib yuguraverdi.

Hattoki yoshi 30 dan oshgan (o'zi "Qizilqum" tarkibida 30 ga kirmagan kim bor?" deb savol berish ham mumkin) tajribali Salim Mustafoev ham raqibga qarshilik ko'rsatishda terlari chelak bo'ldi. 

SHu vaziyatning o'zida yana bir yoriq haqida to'xtalib o'tamiz, bu ikkinchi qavat. Lazarevich shogirdlari aynan havodagi kurashlarda ko'p bor imkoniyatni boy bermoqda hamda aksariyati (ko'prog'i) o'z darvozalari to'rlarining quchog'iga borib tushmoqda.  Yuqoridagi biz takidlagan hujum gol bo'lishi uchun sal qolishiga sal qolgandi, Ilyosov jon holatda amallab to'pni qaytargandi. Maydondagi futbolchilarning bo'y jihatdan pastroq ko'rsatkichga ega Abdurahimovning zarba yo'llashiga Aziz Usmonov shart-sharoit hozirlab berdi.

Himoyada talato'p bo'lgan hamda go'yoki pashshani ham o'tkazmaydigan qo'rg'ondan "Nasaf" o'yinchilari "Tanovar"ga raqs tushib o'tib ketishdi. Ro'ziqul Berdievdan ajoyib kombinacion ishlanmasiga raqib futbolchilari "fishka" vazifasini bajarib berdi. Norchaev sherigining kelishini oldindan sezgan holda orqachasiga pas berdi, Saitovni esa "Qizilqum" himoya va yarim himoyachilari Ilyosovning kabinetiga kuzatib qo'yishdi. Javohir esa unga iltifot ko'rsatishni istamadi.

AGMKga qarshi o'yinda ham himoyadagi palapartishliklar o'z tasirini o'tkazmasdan qolmadi. Markazda Xurshid G'iyosovning ochiq qoldirilishi natijasida ilk gol yuzaga kelgandi.


"Nasaf" bunaqa o'yinda yirik hisobda yutmasa bo'lmasdi. Keyingi golli vaziyatda havodagi kurashda "Qizilqum"ning ikki futbolchisi bir o'yinchining oldida tilini tishlab qoldi.

Natijada Boydullaevsiz markazni butkul raqiblariga topshirgan mehmonlar bu vaziyatda ham sustkashlikka yo'l qo'ydi. Navoiyliklarning qaerdandir topib kelgan 33 yashar himoyachisi Dmitriev yakkama-yakka kurashda yutqazdi. Oybek Bozorov raqibini yosh bolalarni aldagandek dog'da qoldirdi.

Darvozabon to'pga chiqishga chiqdi-yu, oxirigacha harakat qilmasdan negadir to'xtab qoldi (to'pga etolmasliga shu joyda amin bo'ldi). Natijada Bozorovning to'pni aviareys orqali kuzatib yuborishi yanada osonlashdi.

Estoniyalik 88-raqamli himoyachi o'yin davomida gapga ham, to'pga ham rosa chuv tushdi. Uni ehtimol, soch turmagiga qarab jamoaga olib kelishgandir. 

Qarshiliklarning so'nggi golida ham markaziy himoyachi Dmitriev ortidan qochib ketgan raqibini ilg'ashga ulgurmay qoldi. Natijada Ilyosov vajohat bilan kelayotgan raqibining oyog'iga tiz cho'kib, uni maydonga qulatdi va penaltidan navbatdagi tuhfani qabul qilib oldi.

AGMKga qarshi bundan avvalgi uchrashuvda ham ushbu futbolchi raqibga qarshilik ko'rsatishda qiynalgandi.

"Nasaf" tomonidan yana bir bulutlarga sovurilgan vaziyatni ko'rib chiqamiz. Azizbek Usmonov besh metr narida turgan raqibining yaqinlashayotganidan oyog'i qaltiradimi yoki quyosh ko'zini qamashtirdimi, to'pni to'xtatish bo'yicha uyga vazifalarni bajarmaganini oshkor etib qo'ydi.

Abdurahmonovning vijdoni qiynaldimi, ushbu vaziyatda darvoza ustunini mo'ljalga olish bilan cheklandi.

Usmonov olmaliqliklarga qarshi o'yinda ham poliz ekinini "tushirib", raqibiga penalti sovg'a qilgandi.

Haqnazariyning golida ham G'iyosov aynan Azizbekni chiroyligina dog'da qoldirib, eronlik sherigiga pas berdi.

"Ajdarlar"ning keyingi goliga diqqatimizni qaratsak. Ikkinchi qavatda "Qizilqum" futbolchilarining "qanotlari" ucha olmasligining guvohi bo'ldik. Uch kishi bo'lib ham bir futbolchini qo'riqlay olmaslikka qaysi hikmatli so'zni keltirishni bilmadim.

Mehmon AGMKdan (bu maydonda kim mezbon-u, kim mehmonligini aytishga hayronasan) o'tkazib yuborilgan ikkinchi golda ham "Nasaf"ga qarshi bahsda aytib tomog'imiz qirilgan yuqori qavatning lanj o'yin namoyish etishi sabab bo'ldi.

Standart vaziyatda himoyalanishda navoiyliklar "uxlab qolishdi".

AGMK futbolchilari esa bu raqibga qarshi sakrab kalla qo'yish bilan birga yotvolib kalla qo'yish mumkinligini ham ko'rsatib berdi.

Aynan shunga o'xshash gol "Metallurg" futbolchisi tomonidan ham kiritilgan edi. "Oqlar"ning etti o'yinchisi o'shanda uchta raqibini eplab muhofaza qilolmagandi. Navoiyliklar bunday vaziyatlardan saboq olmagan ko'rinadi.

"Navbahor"ga qarshi bahs oxirida ham yuqorida fitfilion marta sanagan holatimiz yuz bergan.

Jamoa hujumlarida qulay vaziyat bo'la turib, standart ishlash uchun to'pni o'tkazib yuborib, raqib kelib yiqitishini kutish holatlari ham kuzatiladi. Oqibatda esa chuchvaralar xom sanalaveradi. 

"Qizilqum"ning faqatgina joriy mavsumdagi o'yinlarinigina tanqid qilmoqchi emasman. Harqalay, joriy mavsumdagi natijalar chakki emas. Navoiyliklarning holati avvalgi yillarda bundan-da abgorroq ko'rinishda bo'lgan. 2020 yil 9-turdan so'ng klub teskarisiga o'qiganda birinchi pog'onada joylashgandi.

O'tgan yili shu tur yakunidan so'ng esa jamoa "kuchli o'nlik"dan o'rin egallagandi.

"Qizilqum" har yili shov-shuvli transferlarga qo'l uraveradi hamda jamoaga kelib qo'shilgan nomdor o'yinchilarning yoshi 40 ga qarab ketayotgan bo'ladi. Ushbu mavsumda jamoaning o'rtacha yoshi 30.8 etib ko'rsatilgan, navoiyliklar har yili eng faxriy jamoa nominaciyasida etakchilar qatorida yuradi. Komolafeni hisobga olmaganda, bu yilgi transfer qilingan o'yinchilarning katta qismi 30 bahorni qarshi olishga ulgurganlar hisoblanadi. Yana 2-3 yildan keyin jamoaga CHeran, Ismoilov kabi o'yinchilarni jalb etishsa ham ajablanmayman. "Neksiya"ga Mersning shinasini, oynasini, yana qandaydir yuz qismini qo'ymang, u haqiqiy "Mersedes"ni quvib o'ta olmaydi. CHunki uning ichki tuzilishi "Neksiya" bo'lib qolgan. "Qizilqum" ham pensiyaga chiqish arafasidagi futbolchilar uchun jaraq-jaraq mablag'ni sarflashi mumkin, ammo o'zi yoshlarni etishtirib chiqarmasa, "kuchli o'nlik" uchun kurashda qolaveradi. To'g'ri, yo'qotishlar jamoa o'yiniga tasir ko'rsatishi mumkin, ammo bu futbol. Murabbiy bir futbolchining o'rnini ikkinchisi bilan to'ldira bilishi lozim. Jamoa to'liq tarkib bilan o'ynagan davrlarida ham nimanidir qoyillatib qo'yganini yaqin yillarda eslash qiyin. 

Mashhur yozuvchi Xolid Husayniyning asaridagi bir iqtibos yodimga tushib qoldi: "Afg'onistonda bolalar bor, lekin bolalik yo'q". "Oltin qazuvchilar"da ham yoshlar boru, etuk yoshlar jamoasini ko'rmayapman. Harqalay, buni yoshlar ligasi turnir jadvalidan ham uqib olish mumkin.

Yuqoridagi jadvalda peshqadamlik qilayotgan jamoalardagi futbolchilarning ko'pchiligi Superligada ham ishtirok etadi. Ammo Navoiy klubida bunday futbolchilarni ko'p uchratmaymiz. Uchratganda ham negadir ko'ngildagidek o'yin namoyish etolmayapti (Timur Nabiev ilk o'yinidayoq maydondan chetlatildi). Birinchi davrada imkoniyatni boy bergan "Bunyodkor", "Lokomotiv" singari yosh jamoalar to'g'ri yo'ldan ketishda davom etsa, tez orada katta kuchga aylanadi. "Qizilqum" esa shijoatni sakkizinchi planga qo'yib, tajribaga ishongan holda har yili yangi o'yinchi sotib olaveradi. U-21 jamoasining darvozasini 36 yoshli Artyom Makosin qo'riqlayveradi. Klub kelgusi turni 13-o'rinda borayotgan "Surxon"ga qarshi o'tkazadi va bu o'yinda g'alabani tantana qilsa ham kiprigimning uchini qimirlatmayman. "Qizilqum" haqiqiy kuchini ko'rsatishi kerak bo'lgan bahslarda yutqazib bo'ldi. Ularning aytar javobi esa navbatdagi bahs emas, "So'g'diyona" va "Paxtakor"ga qarshi o'yinlarda bildirilishi lozim. "Qizilqum mashinasi"ning "motor"i hozircha yangilangani yo'q, faqatgina har yili uning ustki qismiga ishlov beriladi, xolos, harakat va natijalar esa eski hammom, eski tos.


Reyting: +1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика