So’nggi yangiliklar

11:43Ўзбекистон футзал терма жамоасининг Ироққа қарши учрашувини баҳрайнлик рефери бошқаради  1 11:22"Пахтакор-79" ПФЛ талабини бажармагани учун Биринчи лигадан четлаштирилиши мумкин  0 10:47Шерзод Эсанов: «Биз Андижон халқи ва »Андижон« мухлислари учун бор кучимизни майдонда берамиз»  6 10:20«Манчестер Сити»нинг ёзги асосий трансфер мақсади маълум  4 09:52Англия клублари 9 йил аввалги нохуш натижани такрорлашди  5 09:26Иброҳимҳалил Йўлдошев: «Осиё кубогига келишим жуда қийин бўлди»  4 09:01Клопп жамоасини Европа лигасидан чиқиб кетгани ҳақида фикр билдирди  3 08:36Ўзбекистон кубоги. Бугун 2-турга старт берилади  0 08:10Футзал. Бугун терма жамоамиз 2-турда майдонга тушади  0 07:47«Байер» навбатдаги рекордни ўрнатди   6 07:05U-23 Осиё кубоги. Иордания - Қатар 1:2   0 07:00U-23 Осиё кубоги. Индонезия - Австралия 1:0   0 06:55Европа лигаси. "Марсель" - "Бенфика" 1:0 (Пенальтилар 4:2)   0 06:50Европа лигаси. "Рома" - "Милан" 2:1   0 06:45Европа лигаси. "Аталанта" - "Ливерпуль" 0:1   0

Qatarda qadr topayotgan O'FAning birinchi matbuot kotibi Alisher Nikimbaev bugun 49 yoshga to'ldi! Yangiliklar

Qatarda qadr topayotgan O'FAning birinchi matbuot kotibi Alisher Nikimbaev bugun 49 yoshga to'ldi!

O'zbek futbolida Alisher Nikimbaev nomi o'ziga yarasha mavqey va hurmatga ega.

Zero, O'FFda haligacha futbolni Alisher akachalik ikir-chikirlarigacha biladigan, tushunadigan mutaxassis yo'q. Bu so'zlarni hech ikkilanishsiz aytish mumkin. Salkam 15 yil davomida O'FFda turli lavozimlarda ishlagan hamyurtimiz bugun oilasi davrasida o'z tavallud kunini nishonlamoqda. 

SHu o'rinda bugungi qahramonimiz hayoti va faoliyatiga nazar solsak, nazarimda maqsadga muvofiq bo'ladi. Alisher Nikimbaev - bir yarim yil mobaynida OFKda faoliyat yuritib, yaxshigina tajriba to'plagan. 2011 yilning 1 mart kunidan rasman OFKda faoliyatini boshlagan yurtdoshimiz avvaliga Professional futbol ligalari bo'limida, keyin esa yangi tuzilgan “Azo associaciyalar, xalqaro ishlar va rivojlantirish bo'lim”ida mehnat qildi. Afsuski, Nikimbaev "Bin Hammam ishi" qurboniga aylangan va hali shartnomasi yakuniga etmay turib, OFKni tark etgandi. 

- Men ham hamma qatori oddiy futbol muxlisi bo'lganman, - deydi bugungi qahramonimiz. - 11 yoshimda ilk bor katta futbol o'yinini bevosita stadiondan tomosha qilganman. Bu 1982 yili sobiq ittifoq kubogi doirasidagi “Paxtakor” - “Neftchi” (Boku) uchrashuvi bo'lgan. “Paxtakor” stadionida kechgan o'yinda shonli jamoamiz penaltilar seriyasida g'alaba qozongandi. U paytlar internet bo'lmagan, futbolga oid malumotlarni gazeta orqali olardik. Ammo, gazetani qo'lga kiritish ham oson bo'lmasdi. O'sha paytlar butun ittifoq uchun birgina “Futbol xokkey” deb nomlangan haftalik nashr bo'lardi. Bu gazetaga obuna bo'lishning o'zi qiyin ish edi. Bitta tumanga 2-3tagina obuna to'g'ri kelgan. SHu sababli nashrni gazeta do'konlaridan sotib olardim. Keyin asosan “Sovetskiy sport” gazetasini o'qirdim. O'zbekistonda esa “Fizkulturnik Uzbekistana” degan gazeta chop etilardi. 9-sinfda o'qib yurgan kezlarim shu gazeta tahririyatiga borib, sport jurnalistikasiga qiziqishim haqida aytganman. Meni juda iliq qabul qilishgan. Xatto 2-3ta maqolam ham gazetada chop etilgan. 1988 yili sohadagi bilimlarimni mukammallashtirish maqsadida Moskva Universitetining jurnalistika fakultetiga hujjat topshirdim. Aynan o'sha yili Butunittifoq bo'yicha “qayta qurish” davri bo'lgani uchun maktablarda tarix fanidan davlat imtihonlari qabul qilinmagan. Lekin universitetda eski tarix bo'yicha baribir imtihon topshirganmiz. SHu narsa pand berib, yakunda o'qishga kira olmaganman. SHundan so'ng Toshkentga qaytib, uch oy davomida “Fizkulturnik Uzbekistana” gazetasida ishladim. Keyin harbiy xizmatga chaqirildim. 1990 yili xizmatni o'tab qaytganimdan so'ng yana gazetada faoliyatimni davom ettirdim. 

1991 yili gazetamizning nomi o'zgartirildi va “Sport” deb yuritila boshlandi. 1992 yildan esa haftalik nashr sifatida chop etilgan. SHu tariqa sport jurnalistikasidagi faoliyatim boshlangan. Futbol haqidagi ilk to'laqonli maqolam sobiq ittifoq chempionatining so'nggi mavsumiga to'g'ri kelgan. O'shanda “Pomir” - “Paxtakor” uchrashuviga sharh yozgandim. Bu orada tajribali jurnalistlarimiz gazetadan ketishadi va katta masuliyat biz yoshlarning zimmasiga tushadi. Birinchi bo'lib O'zbekiston chempionatiga to'liq sharh yozilgan. 1992 yildan gazetada “Bizning futbol” rukni ostida har bir tur o'yinlari to'liq tafsilotlari bilan berib borish yo'lga qo'yilgan. “Sport” gazetasi muhbiri sifatida ilk marotaba 1991 yili safarga chiqdim. Sobiq ittifoq kubogining “Paxtakor” jamoasi ishtirokidagi so'nggi o'yinini bevosita stadiondan ko'rish nasib etgan. Moskvada CSKAga qarshi kechgan uchrashuvni juda yaxshi eslayman. Toshkentdagi o'yinda 1:1 hisobi qayd etilgandi. Moskvadagi uchrashuv 2:2 hisobi bilan yakunlanay deb turgan bir pallada mezbonlar uchinchi to'pni kiritib, keyingi bosqichga yo'l olishgan. O'sha mavsumda CSKA chempion bo'lgandi. Moskva armiyachilarining chempion bo'lishiga “Paxtakor” ham yordam berib yuborgan. Toshkentda Moskvaning boshqa bir grand jamoasi “Spartak” 1:0 hisobida mag'lub etilganidan keyin CSKA sobiq ittifoqning so'nggi chempioni sifatida tarixga kirgandi. “Spartak”ka qarshi o'yinni tomosha qilish uchun stadionda bo'sh o'rindiq qolmagan. Hatto, jurnalistlar uchun ajratilgan joyda Sardor Najafaliev va boshqa futbol ommasi vakillarini ko'rish mumkin edi. CSKA bilan kubok doirasidagi o'yin esa to'rt ming tomoshabinga mo'ljallangan CSKA manejida bo'lib o'tgandi. U paytlar reglamentga jiddiy etibor berilmagani uchun o'yinni “Paxtakor” zaxira o'rindig'idan kuzatganman. Jamoa rahbarlari etiroz bildirmasa, bunga ruxsat berilardi. 1991 yili “Paxtakor” jamoasi juda kuchli tarkibga ega bo'lgan. Bu tarkibdan umid katta edi. Eng muhimi, tarkibda o'zbekistonlik futbolchilar ko'pchilikni tashkil etardi. Ungacha esa asosan sobiq ittifoq respublikalaridan kelgan futbolchilar o'ynashardi. 1991 yili SHuhrat Maqsudov, Murod Aliev, Igor SHkvirin, Andrey Pyatnickiy, Farhod Magometov, Ilhom SHaripov... bular hammasi o'zimizning mahalliy futbolchilar bo'lgan. Menimcha, bu tarkib bilan bemalol Evrokuboklar uchun kurash olib borish mumkin edi.  

1994 yili “Molodyoj Uzbekistana” gazetasida ishlay boshladim. To'g'ri, bu sport nashri emasdi. Lekin ijodiy guruh yoshlardan tarkib topgani va eng muhimi ahil bo'lgani uchun shu gazetaga ishga o'tganman. Ijodkorlarning o'rtacha yoshi 24-25 bo'lgan. Etiborga molik jihati, biz pul uchun ishlamaganmiz. 1994 yilgacha gazeta haftasiga uch marta chop etilardi. Men ishga kelgan yilim haftalik nashrga aylantirilgan. Tabiiyki, gazeta ruknlariga, umuman formatiga katta o'zgartirishlar kiritilgan. Masalan, o'sha yillari gazetalarda TV dasturlariga bir nechta bet ajratilardi. “Molodyoj Uzbekistana” o'zi haftada bir marta, boz ustiga bor yo'g'i sakkiz bet chop etilardi. Birinchi bo'lib biz kompyuterda TV dasturlarini bir betga joylashtirganmiz. O'zi birinchi kompyuterda chiqarilgan gazeta bu “Sport” bo'lgan. Keyin “Molodyoj Uzbekistana”da bu usulni qo'lladim. Sekin-asta qolgan gazetalar ham kompyuterda “vyortska” qilinadigan, yani sahifalanadigan bo'lgan. “Molodyoj Uzbekistana” gazetasida bir sahifa sportga ajratilgandi. Asosan futbol xabarlari bilan sahifani to'ldirardik. Keyin O'zbekistonda birinchi bo'lib Evropaning kuchli beshlik chempionatlarini yoritishni boshlaganmiz. SHuningdek, payshanba kungi natijalarni gazetamizning juma sonida o'qish mumkin edi. Bu ham o'ziga yarasha yangilik bo'lgan. Gazetadagi ishim bilan parallel ravishda televideniyada ham shartnoma asosida faoliyat yurita boshladim. Gazetada birga ishlagan hamkasbim Ivanov bilan “Sport kontinent” (“Sport qitasi”) va “Sokker klub” nomli ko'rsatuvlar tayyorlaganmiz. Mamlakatimizning turli shaharlaridan reportajlar tayyorlar edik. Eng qizig'i, telekanaldan kameralar olmasdik. O'zimiz homiy topib, kameralarni ijaraga olib syomkaga chiqqanmiz.

1994 yili “Paxtakor” jamoasida ishlash uchun taklif oldim. O'sha paytda bunga rozi bo'lmaganman. Vaholanki, o'shanda 24 yoshda edim va ishsiz yurgandim. Menga biror gazetada ishlash qiziqarliroq tuyulgan. “Molodyoj Uzbekistana” gazetasiga ham qiziqishim sabab ishga kirganman. Lekin yana takror aytaman, bu gazetada pul uchun ishlamaganmiz. Bitta son gazetaning gonorari 3 so'mu 20 tiyin bo'lgan. Taqqoslash uchun, metroga bir marta tushish 15 tiyin edi. Bir bet maqolaga esa 40 tiyin to'lanardi. Bir kunlik ish haqimiz faqat metroda borib kelish uchun etardi. Gazeta haftada bir, oyda to'rt marta chiqardi. O'zi arzimagan gonorar summasi deyarli qo'limizga tegmasdi. Televideniyadan oladigan gonorarim kundalik hayot uchun etardi. “Molodyoj Uzbekistana”da 1998 yilgacha ishladim va o'sha yili “Nash futbol” degan gazeta ochdik. Ivanov esa “Sokker klub” nomli gazeta chiqara boshlagan.

1997 yili O'FFga ishga taklif qilishdi. Federaciyaga kelishimga rahmatli Zokir aka Qurbonov sabab bo'lganlar. Yuqorida aytdim, o'sha paytda “Molodyoj Uzbekistana” gazetasida ishlardim. Gali Imomov Viktor Tixonovni gazetaga jo'natib, Ivanovdan federaciyaga to'liq ishga o'tishim uchun ruxsat berishini so'ragan. Bu 1997 yilning mart oylarida bo'layotgan voqea. Gazetadan butunlay keta olmasligim uchun 0,5 stavkada ishlashga rozi bo'lganman. Etiborlisi, O'FFning birinchi matbuot kotibi aynan men bo'lganman. Lekin undan ham federaciya ishlarida yordam berib yurganman. 1992-93 yillarda “Paxtakor”da matbuot kotibi bo'lmagan. O'sha yillari jamoaning matbuot anjumanlarini o'zim o'tkazganman. 1993 yili O'zbekiston Kubogining final uchrashuvi matbuot anjumanini ham o'zim tashkil qilganman. Federaciyada rasman ishlamagan bo'lsamda, terma jamoaning matbuot anjumanlarini o'tkazgandim. 1997 yildan rasman futbol federaciyasi matbuot kotibi sifatida ishlay boshladim. Aynan o'sha yili milliy terma jamoamiz ilk marotaba mustaqil davlat sifatida JCH-98 saralash o'yinlarida ishtirok etgan. Terma jamoamiz ishtirokidagi o'yinlarga “programkalar” chiqarganman. Terma jamoa uchun bu yangilik bo'lgan. Afsuski, hozir xam bu narsaga etibor berilmaydi. JCH-98 saralash bosqichidagi ilk tarixiy o'yin Sanada Yamanga qarshi kechgan. Bu uchrashuvga terma jamoamiz delegaciyasida birorta ham jurnalist bormagan. Indoneziya va boshqa davlatlarga boruvchilar ko'payib ketgan. Bizga navbat etib kelmagan (kuladi). SHunda Zokir aka Qurbonovdan Qozog'iston bilan bo'lib o'tadigan o'yinga jo'natishlarini so'raganman. Qozog'iston yonimizdagi davlat bo'lgani uchun ko'chpilik safarga borishga qiziqmagan. 

SHu tariqa, terma jamoa bilan ilk marotaba Almati safariga birga borganman. CHarter reys tashkil qilingandi. Sababi, o'sha paytda Qozog'istonda Markaziy Osiyo o'yinlari ham o'tkazilayotgandi. O'zbekiston sport delegaciyasi ham keyin biz bilan birga Toshkentga qaytib kelgan. O'zi ilk xorijga chiqishim 1996 yili ro'y bo'lgandi. Basketbol jamoasi bilan AQSH safariga borganman. Bunda ingliz tilini bilishim qo'l kelgan. Lekin bu tilni alohida o'rganmaganman. Asosan maktabda olgan bilimlarim. Qolgani amaliyot orqali amalga oshib borgan. Federaciya matbuot kotibi sifatida 2000 yilgacha ishladim. 2000 yili Livandagi Osiyo Kubogidan so'ng Zokir Qurbonov ishdan ketdi. Ularning o'rniga Baxtiyor Rahimov federaciyaga rahbar bo'lib keldi. Rostini aytsam, 2000 yili men deyarli federaciyaga bormaganman. CHunki, 1999 yili federaciyada ishlab turib, milliy terma jamoani tanqid qilgandim. O'z maqolamda tayyorgarlik va yondashuvni o'zgartirmasak, Livanda sharmanda bo'lishimiz aniqligini aytgandim. Tabiiyki, bu tanqid ayrimlarga yoqmagan va menga federaciya eshiklari berkitilgan. Yodingizda bo'lsa, o'sha Osiyo chempionatida 1:8, 0:5 hisobidagi yirik mag'lubiyatlar qabul qilib olingan. Baxtiyor Rahimov ishga kelganda birinchi safari Moskvaga bo'lgan. O'shanda to'rt kishi Rossiya futbol ittifoqining o'sha paytdagi rahbari Koloskov bilan muzokara o'tkazgani borganmiz. RFIning ish uslubi bilan tanishganmiz. Safardan qaytgach, Baxtiyor aka menga yangi ish taklif qilgan va shu tariqa O'FFning musobaqalar o'tkazish bo'limida ishlay boshladim. Bu men uchun yangi yo'nalish bo'lgani uchun taklifga tezda rozilik bermaganman. Ikki hafta o'ylab ko'rganimdan keyin ishga qabul qilishlari uchun ariza yozganman. Reglamentni yaxshigina o'zlashtirib olganim mening katta yutug'im bo'lgan. 

Musobaqalarni o'tkazish bo'limi hozirgi - PFLda br yo'g'i 2-3 nafar hodim bilan ishlaganmiz. Har yili mavsum boshlanishi arafasida murabbiylar kengashini chaqirib, ular bilan taqvim masalasida fikr almashardik. Har bir murabbiyning fikrini eshitib, keyin shu asosida yillik taqvim tuzilardi. Balki, shuning uchun klublar bizning bo'limga hurmat bilan qarashardi. Bo'limimizni hech qachon klublardan ustun qo'ymaganmiz. CHunki hammamiz ham bir ishni qilyapmiz. Futbolga yondashuv hamma joyda ham bir hilda emas. Masalan, Qatarda klublarni licenziyalash bilan federaciya shug'ullanadi. Olimpiya qo'mitasi legionerlar uchun pul beradi. Xatto biznes rejalarini ham federaciyadagilar tuzib berishadi. Ularning asosiy maqsadi rivojlanish emas, OCHLda ko'proq o'ringa ega bo'lish. Klublarga esa farqi yo'q. Eng muhimi, federaciyaning o'zi hamma ishni bajaryapti.   

SHu kungacha 5 ta jahon chempionatida qatnashdim. SHulardan uchtasida Germaniya-2006, JAR-2010 hamda BAA-2003ga jurnalist sifatida borganman. 2009 yili Misrda o'tgan yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatida jamoa menejeri bo'lganman. BAAda o'tgan o'simrlar o'rtasidagi mundialning tashkiliy qo'mitada ishladim. Men chinakamiga baxtli insonman. Bu JCHlarda turli yo'nalishlarda ishlaganim hozigi faoliyatimda menga katta yordam beryapti. To'g'ri, BAAdagi o'smirlar mundialida matbuot hodimlari uchun ozgina sharoitlar yaratib bera olmadik. Mablag' tomonidan muammo bo'lgani uchun shaharlararo transport qatnovini yo'lga qo'ya olmadik. Lekin shaxsan o'zim harakat qilib, shaharning o'zida jurnalistlarni rasmiy ro'yxatdan o'tgan mehmonxonadan stadiongacha trasport bilan taminladik. Faqat Dubayda emas, JCH o'yinlari o'tkazilgan qolgan beshta shaharda ham bu narsani yo'lga qo'ydik. Vaholanki, transport bilan bog'liq harajatlar byudjetga kiritilmagandi. BAA futboli mutasaddilari bilan gaplashib, ularni hech bo'lmasa ichki qatnovni yo'lga qo'yish uchun ko'ndirganman. 

Bugungi kunda Alisher Nikimbaev Qatar futbol Associaciyasi va Klublar o'rtasidagi Jahon chempionati tashkiliy qo'mitasida faoliyatini davom ettirmoqda. Undan avval malum muddat BAA Pro-ligasining licenziyalash bo'limida ishladi. Bugungi qahramonimiz aynan BAAda o'tgan o'smirlar (U-17) o'rtasidagi JCH-2013 tashkiliy qo'mitasida ham ishlagandi. Bir so'z bilan aytganda, shunday mutaxassisimiz xorijda qadr topyapti. Bundan bir tomondan xursand bo'lsak, boshqa tarafdan xafa ham bo'lamiz. Boisi, bugungi kun futbolimiz Alisher akadek kuchli mutaxassislarga muhtoj. 

Fursatdan foydalanib, saytimiz ijodkorlari hamda o'quvchilari nomidan Alisher Nikimbaevni bugungi unutilmas kun - tavallud ayyom bilan muborakbod etamiz. U kishiga oilaviy baxt, uzoq yillar farzandlar rohatini ko'rib yurishlarini tilaymiz.

Reyting: +52   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика