Pro liga. Mavsum sarhisobi, tomoshabinlar, TOP gollar va murabbiylardan sara iqtiboslar
03 dek 00:19
Yangiliklar
Pro liga. Mavsum sarhisobi, tomoshabinlar, TOP gollar va murabbiylardan sara iqtiboslar
G'olib: "Mashal"
Muborakliklar mavsum davomida muhim o'yinlarni o'z foydasiga hal qildi va uch yillik tanaffusdan so'ng haqli ravishda Superliga yo'llanmasini qo'lga kiritdi.
Superliga ishtirokchilari: "Mashal" va "Buxoro"
Qashqadaryo viloyati jamoasiga so'nggi yillarda Superliga va Pro ligada bordi-keldi qilib kelayotgan "Buxoro" hamrohlik qiladi. Ulug'bek Bakaev qo'l ostidagi jamoa avvalgi mavsumlardagi muvaffaqiyatsizliklardan kerakli xulosa chiqarib olishgan bo'lsa, ajabmas.
Pley-off ishtirokchilari: "Qo'qon-1912" va "SHo'rtan"
O'tish o'yinida Pro Ligani 3-o'rinda yakunlagan "Qo'qon-1912" o'z maydonida Superligada 13-o'rinni egallagan "Metallurg"ni qabul qiladi. Pro Ligada 4-o'ri sohibi bo'lgan "SHo'rtan" esa Superligada 12-o'rinni qo'lga kiritgan "Olimpik" bilan bahs olib boradi. Bellashuvlar 4 dekabr, chorshanba kuni o'tkaziladi. Mazkur o'yinlarda mag'lub bo'lgan jamoalar esa oxirgi yo'llanma uchun yana o'z omadini sinab ko'radi.
Birinchi ligaga tushib ketgan jamoa: "Do'stlik"
Pro liga reglamentiga muvofiq, ligada so'nggi o'rinni egallagan Toshkent jamoasi keyingi mavsumni Birinchi ligada o'tkazishi kerak.
Eng ko'p tomoshabin tashrif buyurgan o'yin
27-tur
"Buxoro" — "Aral" 3:2 (6157 nafar tomoshabin)
Malumot uchun, o'tgan mavsum Pro ligada "Dinamo" — "Lokomotiv" (0:0) uchrashuviga eng ko'p tomoshabin (6800 nafar) tashrif buyurgandi.
Eng kam tomoshabin tashrif buyurgan o'yin
27-tur
"Do'stlik" — "Qo'qon-1912" 0:1 (34 nafar tomoshabin)
Malumot uchun, o'tgan mavsum Pro ligada "G'ijduvon" — "Andijon-SGS" (3:1) uchrashuviga eng kam tomoshabin (89 nafar) tashrif buyurgandi.
To'purarlar jadvali
TOP-20 gol
Humoyun Murtazoev ("Mashal" - "Aral")
Bahrom Abdurahimov ("Aral" - "Qo'qon-1912")
Nodir Mukarov ("SHo'rtan" - "Do'stlik")
Ibrohim No'monov ("Qo'qon-1912" - "Xorazm")
SHahzod To'ropov ("Aral" - "Olimpik-MOBIUZ")
Abdulloh Olimov ("Olimpik-MOBIUZ" - "SHo'rtan")
Islom SHaripov ("Qo'qon-1912" - "Do'stlik")
SHahzod To'ropov ("Do'stlik" - "Aral")
Jasur Xolto'raev ("SHo'rtan" - "Xorazm")
SHahboz Nuriddinov ("SHo'rtan" - "Mashal")
SHerzod G'ulomjonov ("Do'stlik" - "Xorazm")
Zulpuqar Kuanishbaev ("Aral" - "SHo'rtan")
Muhriddin Zoirov ("SHo'rtan" - "Qo'qon-1912")
SHahboz Nuriddinov ("SHo'rtan" - "Qo'qon-1912")
SHahzod Beshimov ("Qo'qon-1912" - "Do'stlik")
Nurjahon Muzaffarov ("Mashal" - "Olimpik-MOBIUZ")
Daler Tuxsanov ("Olimpik-MOBIUZ" - "Aral")
Islom SHaripov ("Xorazm" - "Qo'qon-1912")
Salamat Qutiboev ("Aral" - "SHo'rtan")
Javohir Alijonov ("Olimpik-MOBIUZ" - "Do'stlik")
+bonus
Dominik Begich ("Buxoro" - "Aral")
Mavsum davomida murabbiylardan esda qolarli iqtiboslar
Asror Aliqulov ("Mashal" bosh murabbiyi)
Hujumchi oxirgi zarbani yo'llashni birinchi maqsad deb bilishi kerak.
Klub mavqeidan kelib chiqib, kurash olib boramiz. Bizda kam maosh olayotgan, etarli o'yin amaliyotiga ega bo'lmagan futbolchilar bor, biroq bu bizni qiziqtirmaydi, oxirigacha kurashamiz.
"Mashal"ning o'yin strategiyasi faqat natijaga qaratilmagan. Bizda yaxshi futbolchilarni etishtirib, boshqa jamoalarga transfer qilish ham vazifasi qo'yilgan. Agar to'liq natijaga etibor qaratib qolsak, o'yin sifati bo'lmasa, futbolchilarimizga atrofdan qiziqish bo'lmaydi.
Futbol – bu madaniyat.
Nukusda futbolni yaxshi ko'rishadi. Biroq, jamoa o'z o'yinlarini suniy stadionda o'tkazayapti. Bunday maydonda jarohat olish darajasi juda yuqori bo'ladi. Kiyinish xonasida ko'rdim, futbolchilarning oyoqlari shilinib ketibdi.
Yillar davomida mashg'ulotlarda ishlaysiz, lekin futbolchilar oddiy vaziyatlarda ham xatoliklarga yo'l qo'ysa, bu holat, albatta, sizni asabiylashtiradi.
Qanday sport bo'lishidan qatiy nazar barcha g'alabani ko'zlaydi.
Homiyimiz bizni qo'llab-quvvatlayapti. "Mashal" haqqoniy ravishda Superliga yo'llanmasini qo'lga kiritdi. O'ylaymanki, jamoa Superligaga munosib. Bu xursandchilikni tortib olish noto'g'ri deb o'ylayman.
Hozir Pro liga va Superliga o'rtasidagi tafovut sezilib turibdi. Sezilib turibdiki, Pro ligadagi ayrim futbolchilar Superligada qo'nim topolmagan o'yinchilardir. Yaxshi saviyaga ega mahalliy futbolchini topish mushkul. SHuning uchun har bir jamoa legionerlar xizmatidan foydalanmoqda.
Ulug'bek Bakaev ("Buxoro" bosh murabbiyi)
Har bir murabbiyning o'z taktikasi, falsafasi, qarashlari bor.
O'tgan mavsum quyi ligaga tushib ketdik. Bundan ko'rinadiki, jamoamiz kuchsiz edi. Joriy yil klub rahbariyati Superligaga chiqish vazifasini qo'ygan.
Futbol emociyalarga boy o'yin. Aynan emociyalar futbolni yanada jozibali qiladi. Neytral holatda Evropa futbolini ko'ring, etarlicha emociyalarni topasiz.
Bugungi forvardlar muammosining sababi nimada? Birinchidan, darvoza oldida vaziyatlarni golga aylantirish, hujumchilar ustida kam ishlanmoqda. Ikkinchidan, sovuqqonlikning etishmasligi. Uchinchisi futbolimiz o'sganligi.
"Buxoro" klubi Superligaga qaytgani munosabati bilan shogirdlarim, murabbiylar shtabi, klubda ish olib borgan barcha, oshpazdan tortib haydovchilargacha, viloyat rahbari, boshqa rahbarlar va Buxoro xalqiga, muxlislariga minnatdorchilik bildiraman va tabriklayman!
Bahrom Haydarov ("Qo'qon-1912" bosh murabbiyi)
G'alabani istagan jamoa shunga yarasha harakat qilishi kerak. Ishtiyoq bo'lsa, har qanday raqibni mag'lub etish mumkin.
Duranglar ham biz uchun yomon natijaga aylanib qolayapti. Biz hech qachon durang natijadan qoniqmaymiz.
Etibor bergan bo'lsangiz, ikkinchi davradagi "Buxoro"ga mag'lub bo'lgan o'yinimizdan tashqari qolgan barcha bahslarda biz ustunlik qilyapmiz, ammo etiborsizlik tufayli ko'p gol o'tkazib yuboryapmiz.
Anvar Berdiev ("SHo'rtan" bosh murabbiyi)
Futbolchi o'yin davomida kartochka oladi, bu normal holat. Lekin hakam bilan tortishib kartochka olishni qattiq qoralayman.
Bizga nima xalaqit berardi, raqib jamoa-da!
Muvaffaqiyatsizlikni hamma vaqt omad bilan bog'lash to'g'ri bo'lmaydi. Omad kuchlilar tomonda bo'ladi.
Har bir o'yin ortda qolganidan so'ng tarixga aylanadi.
Hozir bizning futbolda rivojlanish bor. Akademiyalar ishlayapti, iqtidorli yoshlar juda ko'p. Tez orada Xolmurodov, Soliev, Isoqovlar kabi kuchli hujumchilar futbol jamoalarida paydo bo'lishiga ishonaman.
To'g'risi, mahalliy futbolchilarga ishonch bildiraman. Legionerlar bilan ishlash hohlaysizmi-yo'qmi qiyin. Mahalliy futbolchilarga ko'proq imkon bersak, bu futbolimiz uchun foydali bo'ladi.
Futbolchilik vaqtimda ko'rganman, legioner futbolchilar kamdan-kam holatda jamoa uchun jon kuydirib o'ynaydi.
O'z kuchiga ishongan futbolchi raqibning ham kuchini hisobga olishi kerak.
Nematillo Quttiboev ("Aral" bosh murabbiyi)
Darvozamizga kiritilgan gollar tushunarsiz bo'ldi.
O'g'limni Superliga klublari chaqirishmayapti. Taklif bo'lsa, albatta, qo'yib yuboramiz.
Hozir 2008 yilda tug'ilgan futbolchilar orasida terma jamoada o'ynayotgan yosh futbolchilar bor. Balki shulardan yaxshi hujumchi chiqar deb umid qilamiz.
O'yinda g'alaba qozonish uchun gol urish kerak, biroq hozir jamoada gol uradigan futbolchini topa olmayapmiz.
Hakim Fuzaylov ("Xorazm" bosh murabbiyi)
Hali oldinlar ketma-ket ochkolar qo'lga kiritiladigan o'yinlar keladi.
Aniq eslolmayman, bir vaqtlar "Xiva" jamoasi bilan Xorazmda o'ynaganman. O'shanda bu erdagi maydon suniy edi. Balki Xorazmdagi iqlim tabiiy maydon rivoji uchun xalaqit berar, bilmadim.
Jamoa natija ko'rsata olmasa, bunga bosh murabbiy javob beradi.
Farhod Nishonov ("Olimpik MobiUz" bosh murabbiyi)
Tarkibimiz yosh, asosan 2006-2007 yillarda tug'ilgan futbolchilar o'ynayapti. Keyin ular turli akademiyalardan jalb etilgan. O'zaro bir-birlarini tushunishga vaqt kerak. Keyin bu yoshdagi futbolchilarda hayajon ham kuchli bo'ladi.
Futbolda omadning o'rni hamisha muhim.
Kuzatib turdim, futbolchilarim o'yin davomida 12 kilometrdan ko'proq yugurishdi.
Maqsadni ulkan olganmiz. Maqsadimiz terma jamoaga munosib nomzodlar tarbiyalash, kelgusida olimpiya terma jamoamiz yig'inlarida asosiy o'zak futbolchilarni etkazib berishdan iborat.
Superliga bo'lsin, Pro liga bo'lsin, hamma o'zi uchun, natija uchun o'ynayapti. Hech kim muxlislar uchun futbol o'ynagani yo'q. Bu juda yomon. Muxlis nima uchun o'yinlarni ko'rish uchun kelmayapti? Bo'sh tribunalarda futbol o'ynash futbolchilarga qiziq emas. Superliga va Pro liga bahslarini ko'ryapmiz, muxlislar yo'q. Bir nafar muxlisimiz bo'lsa, biz o'sha muxlis uchun chiroyli futbol ko'rsatishga harakat qilamiz. Natijaga chiroyli futbol orqali erishmoqchimiz. Tan olishimiz kerak, bu yo'qolib ketayotgan narsa. Muxlislar hozir futbolga emas, 10 karra ko'proq pul sarflab, toqqa borib dam olyapti. Biz muxlislar futbolga kelib rohat olishlarini xohlagan bo'lardik.
Aleksey Evstafeev ("Do'stlik" bosh murabbiyi)
Mag'lubiyatga uchradikmi, demak qaerdadir yaxshi ish olib bormadik.
Xatolar tajribasizlik va mahorat etishmasligidan kelib chiqadi.
Umuman olganda biz mashg'ulot olib boradigan stadion ham bundan zo'r emas. Maydon barcha uchun bir xil, shunchaki o'ynash kerak.
Bizda kim tayyor bo'lsa, o'sha maydonga tushadi.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.
Fikrlar