So’nggi yangiliklar

21:23"Челси" "Реал" посбони билан шартнома имзоламайди  0 20:56Сержи Роберто "Аякс"га ўтиши мумкин. У "Барса"дан эркин агент мақомида кетади  0 20:31МЮ 25 млн евро эвазига Мазрауининг ўтиши борасида "Бавария" билан келишувга эришди  1 20:04"Атлетико" "Вильярреал" форвардига қизиқмоқда  0 19:32"Тоттенхэм" кореялик ўйинчини трансфер қилди  2 19:07Расман: "Шабаб Ал Аҳли" Азмуннинг трансферини эълон қилди  8 18:39"Юве" Копмейнерс бўйича таклифни яхшилайди – олдинроқ хавбек учун 45 млн евро беришганди. "Аталанта" уни 60 миллионга баҳоламоқда  0 18:15"Реал" Карвахаль ва Менди билан келишувни узайтиради  1 17:55Зафармурод Абдираҳматов: "Биз қўлимиздан келганча ҳаракат қилдик, лекин тўп дарвозага киришни истамади"  54 17:32"Интер" ва Дюмфрис йилига 4 млн евро маош билан 2028 йилгача шартнома бўйича келишувга эришди. Дензелга МЮ қизиққанди  1 17:05"Ювентус" "Интер" футболчисига қизиқмоқда, аммо...  1 16:40"Милан" 2024/25 йилги мавсум учун сафар либосини тақдим этди  2 16:15"Арсенал" "Реал Сосьедад"дан Меринони харид қилмоқчи  2 15:49Саудияликлар Рафинья учун 65 млн евро таклиф қилишди. "Барса" Уильямс ва Ольмо билан шартнома имзолаш учун ўйинчиларни сотишга тайёр  2 15:17Де Хеа "Женоа"га ўтмайди – унинг талаблари клуб учун жуда юқори. Дарвозабонда МЛС ва Саудия Арабистонидан вариантлар бор  2

Prevyu: Yarim finalning dastlabki "chiptalari" kimga nasib etadi? Yangiliklar

Prevyu: Yarim finalning dastlabki "chiptalari" kimga nasib etadi?

Futbol jamoatchilining diqqat-etibori Ispaniya poytaxti Madridga qaratiladi.


Evropa chempionlar ligasining chorak finali javob uchrashuvlari bo'lib o'tadi.

O'tgan hafta Myunxenda o'tgan "Bavariya" - "Real" uchrashuvida Ronalduning dubli madridliklarga irodali g'alabani taqdim etgandi. "Atletiko" - Lester" bellashuvida Grizmann tomonidan kiritlgan yagona gol o'yin taqdirini hal etgandi.

Ammo ushbu to'qnashuvlarda hozircha yarim final taqdiri to'liq hal etilmagan. Barchasi bugungi javob bahslaridan so'ng malum bo'ladi.


Dastlab chorak finalning eng katta afishali, final oldidan finalga teng deya etirof etilgan "Real" hamda "Bavariya" qarama-qarshiligini haqida gaplashsak.

Bu to'qnashuvning ilk qismida "Real" Myunxendan juda katta ustunlik bilan Madridga qaytdi. Zinedin Zidan shogirdlari Myunxendayoq barcha masalani uzil-kesil hal etishlari ham mumkin edi. Ammo Noyerning fantastik o'yini "Bavariya"ni hali o'yindan tashqari holatga qolib ketmasligini taminladi.

"Alyanc Arena"da barchasi "Bavariya" uchun juda yaxshi boshlangandi. Birinchi bo'limda mezbonlar katta ustunlik ega chiqib, xattoki hisobda ham oldinga chiqib olishgandi. Arturo Vidal aslida nohaq (hakam xatosidan keyin) belgilangan penaltini aniq amalga oshira olmadi. Tanaffusdan keyin esa "Real" o'z nomiga munosib o'ynadi va tezda muvozanatni tikladi. "Bavariya" himoyachisi Martinez o'sha kuni nafaqat gol urilgan vaziyatda, balki qolgan ikkita epizodda to'p uchun kurashda Ronalduga yutqazdi va qo'pollik ishlatishga majbur bo'ldi. Natijada esa ikkinchi sariq kartochkadan keyingi chetlatish "Bavariya"ga qimmatga tushdi.

SHundan keyin "Real" juda katta ustunlik bilan o'ynadi va "Bavariya"ni haqli tarzda mag'lubiyatga uchratdi. Ronalduning dubli javob uchrashuvi oldidan "Real"ni xotirjam qildi.

SHu kuni "Bavariya"ga yordam bera olmagan Robert Levandovskining yo'qligi ham Anchelotti jamoasining o'yiniga o'z tasirini ko'rsatdi.


Madridda nima bo'ladi?

Bugun "Real" birinchi uchrashuv natijasini esdan chiqargan holda g'alaba uchun kurashadi. Buni Zinedin Zidan ham kechagi matbuot anjumanida alohida takidladi. "Real"ni 1:0 hisobidagi mag'lubiyat yoki mag'lubiyatdan boshqa har qanday natija qanoatlantiradi. "Bavariya"ga esa kamida ikkita gol zarur! Busiz iloji yo'q. "Bavariya"ga 1:0 hisobidan boshqa istalgan hisobdagi g'alaba yarim final chiptasini taqdim etadi. Mehmonda urilgan gol qoidasining g'alati taraflari shunda. "Real" esa safarda ikkita gol kiritib, "Bavariya"ga "planka"ni ko'tarib qo'ydi.

Robert Levandovski qaytganidan keyin myunxenliklarning hujumdagi ishlari birmuncha osonlashishini taxmin qilish mumkin. Lekin "Real" bu bellashuvda himoyada tartibli va diqqat bilan o'ynashga majbur.

"Bavariya" esa xuddi shu ishni ham himoyada, ham hujumda amalga oshira olishi lozim.

"Bavariya" oldida echimi qiyin bo'lgan masala turibdi. "Real"dan esa yana 90 daqiqa ichida mavjud ustunlikni raqibga topshirib qo'ymaslik talab etiladi.

Bu bahsda tezkor gol "Bavariya"ning ishlarini ancha osonlashtirib yuborishi mumkin.

O'zaro umumiy o'yinlar statistikasi bo'yicha ustunlik "Bavariya"da

Jamoalarning bugungi to'qnashuvi barcha musobaqalardagi 24-uchrashuvi sanaladi. O'tkazilgan 23 o'yindan 11tasida "Bavariya"ning qo'li baland kelgan. "Real"da 10 g'alaba va ikkita bellashuvda durang qayd etilgan. To'plar nisbati 34:33, "Bavariya" foydasiga.



"Santyago Bernabeu"dagi uchrashuvlar

"Real" ECHLda o'z maydonida faqatgina "Bavariya" va "Roma"ga ikki martadan yutqazgan. Madridliklar 2000 yili "Bavariya"ga o'z maydonlarida 2:4 hisobida mag'lubiyatga uchrashgandi. Keyingi yili esa "Santyago Bernabeu"da "Real" kichik 1:0 hisobida imkoniyatni boy bergan. "Real" o'z uyida qatorasiga beshta uchrashuvdan buyon "Bavariya"ga hech qanday imkoniyat qoldirmayapti. Madridda o'tkazilgan oxirgi 11 o'yindan 6tasida o'z darvozasidan umuman gol o'tkazmagan.


"Real"ning muvaffaqiyatli davom etayotgan seriyasi

ECHLning amaldagi chempioni ushbu turnirda 13 bellashuvdan buyon (8 g'alaba, 5 durang) mag'lubiyatga uchramayapti. "Real" ECHLdagi oxirgi mag'lubiyatini Germaniyaning "Volfsburg" jamoasidan qabul qilib olgandi.

Xushtak chaluvchi aniq

Madriddagi to'qnashuvni vengriyalik hakamlar brigadasi boshqarib borishadi. Xushtak egasi Viktor Kashshai. Ushbu tajribali hakam uchun bu o'yin ECHLdagi 44-uchrashuv sifatida qayd etiladi. Qizig'i, Kashshai ushbu jamoalarning 2012 yilgi Madriddagi o'yinini boshqargandi. O'shanda "Real" 2:1 hisobida g'alaba qozongandi, ammo penaltilar seriyasida "Bavariya"ga omad kulgandi.

Yo'qotishlar yoxud "Bavariya" nominal markaziy himoyachilarsiz o'ynashi mumkin

"Real"da Varan, Pepe hamda Beyl kabi yo'qotishlar mavjud. Pepe va Varanning Myunxendagi o'yinda ham ishtirok etmaganidan xabaringiz bor. Beyl esa "Bavariya" bilan o'yinning ikkinchi bo'limida jarohati tufayli almashtirilgandi. Zidan bugun uning o'rnini Isko bilan to'ldiradi.

"Bavariya" futbolchisi Xavi Martinezning bugungi bahsda maydonga tushmasligi aniq. Anchelotti jamoasining himoya markazidagi asosiy futbolchilari Xummels hamda Boatengning ham ishtiroki hali so'roq ostida. Bu ikki futbolchida kichik jarohatlar bor. Kechagi mashg'ulotlarda Boateng va Xummels alohida dastur bo'yicha shug'ullanishdi va ularning maydonga tushish yoki tushmasligi bugungi fitness-tekshiruvidan keyin hal bo'lishini klub rasmiy sayti malum qildi.

Agarda bu ikki markaziya himoyachi maydonga tushmasa, unda katta ehtimol bilan Anchelotti himoya markaziga Alaba va Kimmixni qo'yadi.

Kim nima deydi?

"Real"

Zinedin Zidan: "Myunxendagi o'yin unutildi. Madridda ham "Real" faqat g'oliblik uchun o'ynaydi"

Kazemiro: "Biz o'yin falsafamizni o'zgartira olmaymiz"

Ramos: "Santyago Bernabeu"da yana bir ajoyib kecha bo'ladi"

"Bavariya"

Anchelotti: "Levandovskining qaytishi bizga katta yordam beradi"

Alonso: "Real"ni qanday to'xtatishni bilamiz va o'z o'yinimizni ko'rsatamiz"

Alaba: "Hali hech narsa tugagani yo'q"



Kunning narigi juftligida shovqin biroz pastroq.

O'tgan yili Angliyani titratgan va joriy mavsumda hech kutmaganda ECHLdagi parvozi ham ancha cho'zilgan "Lester" o'z uyida nechinchi yildirki ECHLda "chaqilmas yong'oq" bo'layotgan "Atletiko"ni mehmon qiladi.

Diego Simeone va Kreyg SHekspirning Madriddagi to'qnashuvida penalti bahs taqdirini "Atletiko"foydasiga hal etgandi.

Bugun esa Angliyada to'qnashuv taqdiri hal etiladi. Nimchorak finalda "Lester" o'z uyida o'tgan javob bellashuvida "Sevilya" qarshiligini engib, chorak final chiptasini qo'lga kiritgandi. Bu safar ham Ispaniya jamoasi ularning yo'liga tug'anoq bo'lmoqchi. Bu gal ham birinchi uchrashuv "Lester" uchun omadsiz o'tdi. Barchani qiziqtirayotgan savol: "Lester" yana o'z uyida raqibini mag'lub etadimi?

Bilasiz, "Lester" ECHLdagi uy o'yinlarida faqat g'alaba qozonmoqda. Bugun ham ushbu yoqimli anana davom etarmikin?

Qog'ozda "Atletiko" "Lester"dan kuchli, birinchi o'yin natijasiga ko'ra, ispaniyaliklarda ustunlik bor va ular yarim finalga raqiblariga nisbatan yaqinroq turishibdi. Biroq "Lester"ning "Sevilya"ga qarshi uchrashuvidan so'ng shunday xulosa qilsa bo'ladiki, SHekspir boshqarayotgan jamoa muammoni yo'qqa chiqara olishga qodir. Buning uchun ularda iroda, xarakter va potencial bor. Ammo o'tgan bosqichda ular ECHLda, mehmonda qiymati yuqori bo'lgan golni kiritishni uddasidan chiqishgan edi. "Atletiko" bilan bahsda esa buni uddalash ularga nasib etmadi. Aynan shu jihatni inobatga oladigan bo'lsak, bu safar "Lester"ga oson bo'lmaydi. "Atletiko" esa bilasiz himoyada qanday o'ynashni biladigan va bu borada namuna bo'la oladigan raqib.

"Lester" kuchli ishtiyoq evaziga, "Atletiko" esa katta tajriba, futbolchilarining mahorati va murabbiyning yuksak salohiyati tufayli yarim final masalasini hal etishga qodir.

Bu o'yinda "Lester" o'z uchun kerakli g'alabani qo'lga kiritishi yoki hujumga berilib ketish natijasida o'z darvozasidan ko'plab gol o'tkazib yuborishi ham mumkin. Diego Simeonening asosiy "quroli" sifatida bugungi bahsda "Atletiko"ning qarshi hujumlarini takidlasa bo'ladi.


ECHL, chorak final.

Javob uchrashuvlar.

"Real" - "Bavariya" (23:45)

"Santyago Bernabeu" stadioni.

Bosh hakam: Viktor Kashshai (Vengriya)

"Real": Navas; Karvaxal, Ramos, Nacho, Marselo; Kroos, Kazemiro, Modrich; Isko, Benzema, Ronaldu.

O'ynamaydi: Pepe (jarohat), Varan (orqa son mushagi), Beyl (jarohat)

Diskvalifikaciya xavfida turgan futbolchilar: Modrich, Ramos, Kroos

"Bavariya": Noyer; Lam, Kimmix, Alaba, Bernat; Vidal, Tyago Alkantara; Robben, Riberi; Levandovski, Myuller.

O'ynamaydi: Xavi Martines (diskvalifikaciya)

So'roq ostida: Boateng (jarohat), Xummels (jarohat)

Diskvalifikaciya xavfida turgan futbolchilar: Boateng, Vidal

(Dastlabki o'yin: 2:1)



"Lester" - "Atletiko" (23:45)

"King Pover stedium" stadioni.

Bosh hakam: Janluka Rokki (Italiya)

"Lester": SHmeyxel; Simpson, Morgan, Benaluan, Fuxs; Maxrez, Ndidi, Drinkuoter, Olbrayton; Okazaki; Vardi.

O'ynamaydi: Mendi (to'piq jarohati), Vage (elka jarohati), Xut (diskvalifikaciya)

So'roq ostida: Morgan (bel jarohati), Slimani (jarohat)

Diskvalifikaciya xavfida turgan futbolchilar: Vardi, Ndidi, Slimani

"Atletiko": Oblak; Xuanfran, Savich, Godin, Filipe Luis; Karrasko, Saul, Gabi, Koke; Grizmann, Gameyro.

O'ynamaydi: Tyagu (tizza jarohati), Vrsalko (tizza jarohati), Augusto Fernandes (tizza jarohati)

Diskvalifikaciya xavfida turgan futbolchi: Ximenes

(Dastlabki o'yin: 0:1)


Reyting: +23   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика