So’nggi yangiliklar

17:07Суперлига. "Бунёдкор" "Олимпик"ни мағлуб этди ва хавфли зонадан узоқлашди  1 16:54"Лестер" - "Челси". Кимлар асосий таркибда?  0 16:39"Андижон" - "Динамо". Таркиблар билан танишинг  2 16:10МЮдагилар ёзда 42,5 млн. еврога сотиб олинган футболчига шубҳа билан қарашмоқда  0 15:43ЦСКА - "Ростов". Таркиблар эълон қилинди  7 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  12 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  1 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  24 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  5 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  1 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  18 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  6 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  7

“Penalty”. Zohir Pirimov: “Futbol meni o'zgartirdi” Yangiliklar

“Penalty”. Zohir Pirimov: “Futbol meni o'zgartirdi”

“Penalty” loyihasining navbatdagi qahramoni “Olmaliq” klubi yarim himoyachisi Zohir Pirimov bo'ldi.
Bir necha yillardan buyon jamoaga sodiq bo'lib faoliyat olib borayotgan yarim himoyachining yaxshi suhbatdosh ekanini aytishgandi. “Penalty” davomida bunga o'zimiz ham amin bo'ldik.

Gulshan: - Aslida, Zohir Pirimov bilan dabldekkerda sayr qilib, suhbat qurish kerak edi. Biroq avtobusdagi uzoq sayohat mazamni qochirishini sezib, bu fikrni qo'llamadim. SHerigimning rejalarini o'zgartirib yuborganim soz bo'lmadi, albatta. Noiloj suhbatimiz uchun futbolchimiz va “Olmaliq” klubi joylashgan “O'zbekiston” mehmonxonasini tanladik.

Gulshan: 1.Siz tug'ilgan joy, maktab, do'stlar haqida...
- Men Samarqand viloyati Urgut tumanida tug'ilganman. O'sha erdagi 6 maktabda tahsil olganman. 5 sinfdan Samarqand futbol-maktab internatiga o'qishga o'tganman. Bu maktabda 3 yil o'qib, so'ng CHig'atoydagi futbol  maktabiga o'tdim. Yaqinlarim kichkinaligimda judayam sho'x, o'yinqaroq bola bo'lganligimni aytishadi. Lekin yillar o'tib, tabiatimda o'zgarishlar bo'ldi, hozir menga og'ir-bosiq insonligimni ko'p aytishadi. Futbol meni o'zgartirdi.



Narzulla: 1.Bolalikni esladik. Futbolga qanday kirib kelgansiz?

- Dadam futbolga juda qiziqadilar. Futbolchi bo'la olmaganliklari uchun meni o'zlari bilan o'yinlarga olib borar edilar. Yoshligimdan shu muhitda nafas ola boshlaganim uchun bu sport turiga qiziqib qolganman. Futboldagi birinchi ustozim Erkin Akkuziev bo'lgan. CHig'atoyda Gennadiy Denisov qo'l ostida shug'ullanganman.  

Gulshan: 2. Xarakteringizga nechchi baho qo'ygan bo'lardingiz?
- Menimcha bunga atrofdagi insonlar baho bergani maqulroq (kuladi). Agar baribir javob berish kerak bo'lsa, 4 baho qo'ygan bo'lardim. Kerakli paytda kirishimli bo'lmasligim mumkin, shunga qaramasdan xarakterimdan qoniqaman.

Narzulla: 2. 17 yoshingizda "Qizilqum" safida oliy ligada debyut qilgansiz. Mazkur o'yinni eslay olasizmi? O'sha mavsum haqida fikrlaringiz.
- Oliy ligada CHig'atoydagi maktabni bitirib, “Qizilqum”ning qishgi yig'inlarida qatnashganman. 10 nafar futbolchi orasida men va Doston Abdurahmonovni jamoada olib qolishgan. O'shanda Igor SHkvirin ikkalamizni yoshlar ligasida qatnashtirib turdi. Tezda asosiy tarkibga kiritila boshladim. “Paxtakor”ga qarshi o'yinda asosiy tarkibda maydonga tushganim esimda. Ilk golimni Buxoroning “Vobkent” klubiga urganman.

Gulshan: 3. Maydondagi ichki holatingizni tasvirlab bera olasizmi?
- Maydonga tushgach, dastlabki 10-15 daqiqada hayajon bo'ladi. Lekin oyog'imga to'p tekkan zahoti hayajon yo'qoladi. Asosan, birinchi bo'limda qiynalaman. Ikkinchi bo'limda o'yinim ochilib ketadi.  Maydonda qo'limdan kelgancha o'z o'yinimni ko'rsatishga urinaman. Yoshligimda muxlislar, kameralar oldida juda hayajonlanardim. Hozir, aksincha, muxlislar menga kuch beradi.



Narzulla: 3. 2009 yil Misrda bo'lib o'tgan yoshlar o'rtasidagi Jahon chempionatida qatnashgansiz. O'sha mundialni yodga olamiz.
- Kichik mundialni juda yaxshi eslayman. Tashkilotchilik u qadar yuqori darajada bo'lgan bo'lmasa-da, jamoadagi muhit ajoyib edi. Sababi o'sha tarkibdagi yigitlar bir necha yillar davomida birga o'ynab kelishardi.  3 ta o'yinda ishtirok etganmiz. Men guruhdagi so'nggi turda, Angliya bilan bahsda maydonga tushgandim. Birinchi o'yinda Ganani mag'lub etib, yakunda yutqazib qo'yganimiz pand bergandi.

Gulshan: 4. Sizga nima sovg'a qilishlarini xohlardingiz?
- Farzandlarim, yaqinlarim, yor-u birodarlarim yonimda bo'lsa, o'sha men uchun katta sovg'a.  Sovg'a olishdan ko'ra, sovg'a berishni yaxshi ko'raman. Bu borada juda ham etiborliman, deya olaman.

Narzulla: 4. Siz ko'p kartochka oladigan futbolchilar toifasiga kirmaysiz. 9 yilda oliy ligada atigi 12ta sariq va 1ta qizil kartochka olgansiz. O'sha yagona chetlatishni eslay olasizmi?
- Qizil olganimni eslayman. Qaysi yilda ekanini eslay olmayman. Adashmasam, Valentin Kovalenko hakamlik qilgan Qarshidagi “Nasaf” bilan bahsda olgandim. Birinchi bo'limda sariq kartochka oldim, ikkinchi bo'limda bu yana takrorlandi va maydonni tark etdim. Jamoamga pand berib qo'ygandim o'shanda.
To'g'ri javob: 2011 yil Qarshi. "Nasaf" - "Olmaliq" 2:1. Hakam: Vadim Agishev. 74-daqiqada ikkinchi sariq olib chetlatilgan.



Gulshan: 5. Jamoadoshlaringizdan kimning ham salbiy ham ijobiy xususiyatlarini ayta olasiz?
- (uzoq o'ylanib) Diyor Turopov boshqalarga o'xshamasa kerak. Xushchaqchaq yigit, hazilkashligi -ijobiyligi. Kamchiligi esa, biroz sergaproq (kuladi).

Narzulla: 5. Zohir Pirimov gol urishdan ko'ra golli pas oshirishni yaxshi ko'radi deyish mumkinmi?
- Albatta. Mashg'ulotlar vaqtida ham, ulardan keyin ham alohida, to'pni jarima maydoni ichiga uzatish ustida ishlayman. To'g'risi, gol urishdan ko'ra golli pas oshirish menga ko'proq quvonch bag'ishlaydi.

Gulshan: 6. Qaysi kitobni mutolaa qilish rejangizda bor?
- To'g'risi kitob o'qimaganimga ancha bo'ldi. Fantastik, detektiv asarlar ko'proq yoqadi. “SHerlok Xolms” asarini o'qishni niyat qilganman.

Narzulla: 6. Oliy ligada hozirga qadar 200ga yaqin o'yin o'tkazdingiz va 15ta gol urdingiz. Qaysi jamoa darvozasiga eng ko'p gol urganingizni bilasizmi?
- Menimcha “Mashal” jamoasiga urgan bo'lsam kerak. Oliy ligada 3ta urganman, kubokda ham Muborak klubi darvozasiga to'p kiritganman.
Javob: “Mashal”ga 3ta gol urgan

Gulshan: 7. Yigit kishiga qirq hunar ham oz, deyishadi. Zohirjon Pirimov nimalarni qoyillata oladi?
- Hozircha, futboldan ortayotganim yo'q (kuladi). Yaqin kelajakda shaxsiy biznesimni yo'lga qo'yish rejamda bor. Lekin bu borada hali etarlicha tajribaga ega emasman, ayni paytda o'rganyapman.



Narzulla: 7. "Olmaliq"da 8 yildan buyon o'ynab kelayapsiz. SHu vaqtga qadar ushbu klubda birga o'ynagan eng kuchli 3 nafar mahalliy futbolchi va 3 nafar legioner sifatida kimlarni ko'rsata olasiz?
- Mahalliy futbolchilardan Doston Abdurahmonov, Sanjar SHoahmedov hamda Zafar Polvonov. Legionerlarga kelsak, Evgeniy Gogol, Darko Stanoevich va SHaker Zuagi.

Gulshan: 8. Zohir Pirimov matbuotni kuzatib boradimi?
- Matbuotni doimiy ravishda kuzatib boraman. Iloji bo'lsa,  yangiliklardan boxabar bo'lib turish uchun internet saytlari, gazetalar, televideniyadan uzoqlashmayman. Nazarimda, so'ngi paytlarda sport jurnalistikasida xabarlar tezkorligi kamaygandek. Zamon rivojlanib borayapti, o'z-o'zidan talab ham ortmoqda.

Narzulla: 8. Bu yilgi O'zbekiston chempionatidagi ilk golni siz urdingiz. 2002 yilgi Jahon chempionatida dastlabki golni kim urgani yodingizdami?
- (o'ylanib)12 yosh bo'lgan ekanman. Bu mundial Yaponiya va Janubiy Koreyada bo'lgan. Ilk o'yinda Franciya va Senegal o'ynaganmidi? Teri Anrimi? (kuladi). Esladim, xullas Senegal futbolchisi urgandi (kuladi).
Javob: Pap Buba Diop

Gulshan: 9. Faoliyatingiz davomida ko'plab mamlakatlarda bo'lgansiz. Siz uchun taassurotlarga boy bo'lgan davlat qaysi?
- Buni aytish biroz mushkul, sababi shu paytgacha 50dan ziyod davlatlarda bo'ldim. Ularning har biri o'ziga hos. SHunday davlatlarning biri, deb Angliyani misol qilishim mumkin . Sababi shaharlarni to'ldirgan qadimiy binolar o'z xusnini sira yo'qotmagan. SHaharlar hayron qolarlik darajada toza va ozoda, o'zimni boshqa asrga tushib qolgandek tasavvur qilganman.  Londonni bejizga “tumanli Albion” deyishmaydi. Quyoshli osmonni tezda bulut qoplab, yomg'ir yog'ib yuborishi ham qiziq tuyulgan. Inson  orzu qilishdan to'xtamaydi, Braziliya va Argentina mamlakatlariga ham sayohat qilishni xohlayman.

Narzulla: 9. Igor SHkvirin faoliyatingizda juda katta o'rin tutishini bilamiz. Ushbu murabbiyning boshqalarga o'xshamaydigan jihatlari bormi?
- Bu murabbiy yosh futbolchilarga ishonishdan qo'rqmaydi. Natija muhim bo'lsa ham Igor Anatolevich yoshlarga bemalol ishonch bildiradi. SHu bois, uning qo'l ostidan ko'plab kuchli futbolchilar etishib chiqmoqda.

Gulshan: 10. Olmaliq xalqi futbolni qanchalik sevadi?
- Olmaliq xalqining futbolga mehri bo'lakcha. Oldingi yillarda bu sezilmagandir, lekin aynan shu yildan boshlab ularda o'yinimizga bo'lgan qiziqish juda ortdi. Muxlislar tashrifi ko'paydi, o'yinlarda kamida 5000 tomoshabin bizni qo'llab-quvvatlamoqda. Bunga Olmaliqda yangi stadionning barpo etilishi ham qisman sabab bo'ldi, deb hisoblayman.



Narzulla: 10. O'z ampluangizdagi qaysi futbolchilarga o'xshashni istaysiz.
- O'zimizdan katta Jasur Hasanovda o'rganish mumkin bo'lgan jihatlar ko'p. U qanotda juda yaxshi o'ynaydi. Jahonda esa “Manchester Yunayted”da o'ynagan Krishtianu Ronalduning harakatlarini kuzatardim. O'sha paytda qanotda o'ynardi, “Real”da esa hujumga o'tdi. Bundan tashqari Devid Bekxemning ham o'yinlari yoqardi.

Gulshan: 11. Bizdan qanday savollar kutgandingiz?
- Menimcha barcha savollar berildi (kuladi). Keng qamrovli suhbat bo'ldi, deb o'ylayman. Savollardan ko'nglim to'ldi.

Narzulla: 11. Loyihamizning odatiy savoli: Penalti deganda birinchi bo'lib hayolingizga qaysi zarba yoki seriya keladi?

- O'zim “Barselona” muxlisiman. Barselona 2012 yil Evropa chempionlar ligasi yarim finalida Kataloniya klubi “CHelsi”ga qarshi o'ynagan. O'shanda Lionel Messi Petr CHex darvozasiga penaltidan gol ura olmagandi va yakunda 2:2 hisobi London klubini finalga olib chiqqandi. Tabiiyki, o'sha penalti menga qattiq tasir qilgan. Sevimli jamoam finalga chiqa olmagan. O'zim ham penaltilar seriyasida qatnashganman. Dubaydagi o'rtoqlik musobaqasi yarim finalida O'zbekiston olimpiya terma jamoasi safida Doneckning “SHaxtyor” klubiga qarshi bahsda hal qiluvchi penaltini aniq amalga oshirgandim.

Savol-javoblar tugagach futbolchiga “Barselona” hamda “Real” jamoalari tarkiblari namoyish etildi. Zohir Pirimov Jahon futbolini anchayin yaxshi kuzatib borishini isbotlab berdi.

Gulshan Sadullaeva hamda Narzulla Saydullaev suhbatlashdi
Foto: Tolibjon Qosimov
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика