So’nggi yangiliklar

18:46Расман: Дилошд Жўраев - "Локомотив" футболчиси  1 18:36Кроос Педрига қарши фол учун кечирим сўради: "Атайин жароҳат етказиш нияти йўқ эди. Тезроқ соғайиб кет"  10 18:02"Локомотив" Қирғизистон терма жамоаси сардори билан шартнома имзолади  1 17:34Нагельсманн: "Кўзёшларимни зўрға тийиб турибман"  1 16:52Франция кетма-кет 6та учрашувдан бери ўйиндан гол урмаяпти. Бу уларнинг 60 йиллик антирекорди  2 16:35Adidas Кроос фойдаланган бутсалар моделини унинг номига ўзгартиради  1 16:05Германия - Испания учрашувидан сўнг немис жамоаси мураббийи ҳакамлар хонасига бостириб кирди  13 15:42Дунёнинг энг гўзал футболчиси "Ювентус"га ўтди  15 15:35ЖЧ саралаш олдидан. 5 сентябргача нима қиламиз?  5 15:23Австралия терма жамоаси собиқ футболчиси: "У Еврода Португалияга ҳалал берди"  18 15:17Азизбек Амонов "Хорфаккан"ни тарк этмоқда  2 14:55Нега тўп қўлга текканидан сўнг Испания дарвозаси томон пенальти белгиланмади?  27 14:26"Бунёдкор" ФК: "Маҳмуджон Маҳамаджонов ҳақидаги хабарлар ҳақиқатдан йироқ"  6 14:12Англия ва Германиялик мухлислар Дюссельдорфда муштлашишди  17 14:00Transfermarkt ва Championat.asia ўтган ойнинг энг яхшиларини аниқлашди  6

Penalty: Kamoliddin Murzoev: “Bunyodkor”ning taklifi tufayli imtihonga bormagandim” Yangiliklar

Penalty: Kamoliddin Murzoev: “Bunyodkor”ning taklifi tufayli imtihonga bormagandim”

Loyihamizning navbatdagi qahramoni sifatida Kamoliddin Murzoevni tanladik.

Ayni paytda “Buxoro”da o'ynayotgan hujumchi o'z vaqtida Kievning “Dinamo”sida va yulduzli “Bunyodkor”da faoliyat olib borgan. Murzoev bilan suhbat odatga ko'ra yoshlik davrlarini yodga olishdan boshlandi.

Matluba Sadullaeva: Yoshlik haqida. Bolaligingiz qaerda, qanday o'tgan?
- Bekobodda tug'ilganman. Yoshligim aynan o'sha erdan o'tgan. 5-o'rta maktabda tahsil olganman. Bu bilan birga bolalar o'smirlar maktabiga ham qatnardim. Maktabdan so'ng kollejda o'qiganman.

Narzulla Saydullaev: “Metallurg"dagi faoliyat qanday o'tgan?
- 2003 yil stadionda mashg'ulot o'tkazib, yugurib yurganimizda murabbiylar Kaprov, Valickiy, Sakaev va Mirsodiqov o'rtog'im bilan meni to'xtatib malumot so'rashgan. SHunday qilib, “Metallurg” o'rinbosarlari safida faoliyat boshlagandik. 2005 yildan boshlab jamoaning asosiy tarkibida o'ynashni boshlagandim. 2006 yil “Metallurg” safida 10ga yaqin mahalliy futbolchilar to'p tepishgandi. Hozir ularning ko'pchiligi futbolchilikni tugatishgan.

Matluba: Agar futbolchi bo'lmasangiz kim bo'lardingiz?
- Men Bekobodda yuridik kollejda o'qiganman. Agar futbolchi bo'lmasam balki yurist bo'larmidim. Lekin futbolchi bo'lganimdan xursandman.


Narzulla: "Mashal"dagi faoliyat haqida nima deya olasiz?
- Muborak klubidan Bahrom Davlatov menga taklif bilan chiqqandi. Viktor Kumikov bosh murabbiy etib tayinlangandi. Jamoa safida Xayrulla Karimov, Dilyaev Vaniev, SHuhrat Mirxoldirshoev, Botir Qoraev, Jahongir Jiyamurodov va Lutfulla To'raev kabi futbolchilar to'p tepishardi. Tajribali va yoshlar birlashib ajoyib jamoaga aylangandik. O'zbekiston kubogida finalga qadar etib borgandik.

Matluba: Hazil savol. Agar 17 fevralda emas 1 fevralda tug'ilganingizda qaysi raqamni tanlagan bo'lardingiz?
- (Kulib) Aslida menga 7 raqami yoqadi. “Metallurg”dagi boshlang'ich davrimda 17-raqamda o'ynaganman. Bu omad keltirgani uchun keyinchalik ko'p klublarda shu raqamda harakat qildim. Faoliyatim mobaynida 87 va 97-raqamlarda ham o'ynadim.

Narzulla: Kievning "Dinamo" klubiga o'tish qanday sodir bo'lgan?  
- “Mashal”da o'ynab yurganimda Bahrom Davlatov va Kumikov bilan tanish bo'lgan Ukrainadan Vladimir Vovkovskiy degan agent kelib uch nafar futbolchini Ukrainaga olib ketgandi. Mendan tashqari Botir Qoraev va Hamza Karimov ham xorijga borgandi. Uchalamiz uchta klubga borgandik. Hamza Karimovning o'zi Ukrainada qolishni istamagan, Qoraev ham qandaydir sabab bilan yurtimizga qaytib kelgandi. Men esa Kievning “Dinamo” klubi o'rinbosarlari safiga qo'shilgandim. O'sha paytda hamyurtimiz Maksim SHackix jamoada o'ynardi. Men bilan ko'rishib qanday yordam kerak bo'lsa tortinmasdan so'rashimni tayinlagandi. SHackix menga juda katta yordam bergan. Bundan tashqari o'sha paytda Vitaliy Denisov Ukrainaning “Dnepr” klubida faoliyat olib borardi. U bilan ham ko'rishib turardik. “Dinamo” o'rinbosarlari safida o'ynab juda katta tajribaga ega bo'lganman.


Matluba: Turmush o'rtog'ingiz bilan qanday tanishgansiz? Oilangiz haqida gapirib bering.
- Tanishuv uydagilarning tashabbusi bilan bo'lgan. Qizning rasmini ko'rsatishgan, keyin uchrashganmiz va turmush qurganmiz. Barchasi urf odatimizga ko'ra bo'lgan. Turmush o'rtog'imning gapimga quloq solishini hurmat qilaman (kuladi). Mening kasbimni tushunadi va qo'llab-quvvatlaydi. Ikki nafar o'g'lim bor. Agar kelajakda ular futbolchi bo'lishni istashsa bunga qarshilik qilmayman. Lekin avvalo yaratgan tomonidan yuqtirgan qobiliyat bo'lishi kerak.

Narzulla: 2009 yilni "Nasaf"da boshlgansiz va yozda Skolari sizni "Bunyodkor"ga chaqirgan. Yulduzli jamoani yodga olsak...
- 2009 yilning 1 avgust sanasida davlat imtihoniga ketayotganimda menga qo'ng'iroq bo'lgan. “Bunyodkor” vakillari Luiz Felipe Skolari meni jamoada ko'rishni istayotganini aytishdi. O'ylab o'tirmay “Jar” stadioniga etib borgandim. O'sha yil imtihonlarga bora olmaganman, lekin bundan afsus qilmayman. Keyingi yil baribir o'qishga kirishga muvaffaq bo'lgandim. O'sha yilgi “Bunyodkor”ga faqat havas qilish mumkin. Tarkibda yurtimizning eng kuchli futbolchilari bor edi, yulduz legionerlar ham o'ynardi. O'sha damlarni hamon o'zgacha entikish bilan eslayman.   

Matluba: Xobbingiz bormi?
- Xobbi deya olmaymanu lekin mashinalarga qiziqaman. Hozirgacha 5-6ta mashina almashtirdim. Yoshlikdan mashinalarga qiziqardim.

Narzulla: Kumikov boshchiligidagi “Nasaf” haqida nima deya olasiz
- Qarshi klubi oldiga eng yuqori vazifalar qo'yilgandi. Jamoaga marhum Nuriddin Zayniev juda katta yordam berib turardi. 2010 yil “Nasaf” oliy ligada bronza medallarini qo'lga kiritgandi. OFK kubogida esa guruh bosqichidan chiqib 1/8 finalda Suriyaning “Al Karama” klubiga yutqazib qo'ygandik. CHempion bo'la olmaganimizdan so'ng rahbariyat Kumikovni ishdan bo'shatgandi.


Matluba: Siz ovqat ham pishirib turasizmi?
- Yo'q. To'g'risi pishira olmayman (kuladi). Tanovul qilishni boplayman. Oshni yaxshi ko'raman, menimcha bu yangilik bo'lmasa kerak. Bundan tashqari barcha go'shtli barcha taomlarni sevib istemol qilaman. Xorijga chiqsak asosan makdonaldsga boramiz. Spagetti ham yoqadi.

Narzulla: Qozog'istondagi faoliyatni eslaymiz.
- Pavlodarning “Irtish” klubida Talat Bayso'finov murabbiyligida o'ynaganman. Ulug'bek Baqoev menga jamoaga moslashib ketishimga katta yordam bergan. Faqat bitta kamchiligi klub o'yinlarni suniy maydonda o'tkazardi. “Irtish” bilan kubok yarim finaliga qadar etib borgandik, chempionatni esa to'rtinchi o'rinda tugatgandik. Bosh murabbiy ketgach men ham klubdan ketishga qaror qilgandim. Viktor Kumikov Qarag'andaning “SHaxtyor” klubida ishlayotganida meni jamoaga chaqirgandi. SHavkat Salomov ikkimiz klub safiga borib qo'shilgandik. Evropa ligasi saralashida o'ynagandik, bitta raqibni engsak “Udineze”ga qarshi o'ynardik. Tan olaman bu jamoadagi faoliyatimdan qoniqish hosil qilmagandim.

Matluba: Kam gol uradi deb tanqid qilishganida o'zingizni qanday tutasiz?
- To'g'ri qabul qilaman. Sababi ular to'g'ri tanqid qilishadi, rostan ham kam gol uramanku. Lekin o'sha vaziyatda ichimdan nima o'tganini faqat o'zim bilaman. O'z ustimda ishlashdan to'xtamayman. Gol urishni muxlislardan ham ko'ra men ko'proq xohlayman, lekin bu futbol, unda har bir zarba gol bilan tugamaydi. To'g'ri tanqid bo'lsa uni hurmat qilaman.

Narzulla: O'tgan yil "Olmaliq"da keyin "Dinamo"da o'ynadingiz. Hozir "Buxoro"dasiz...
- “Olmaliq”da tan olaman ishim u qadar yurishmadi. Murabbiyga mening o'yinim maqul kelmadi, menga murabbiyning qarashi maqul kelmadi. Yozda Samarqandning “Dinamo” klubidan taklif tushdi. Ularga hujumchi kerak edi. Ko'p gol urdim, lekin klub birinchi ligaga tushib ketdi. Jamoadagi barcha futbolchilar bor kuchlari bilan harakat qilishdi. Bu futbol, omadimiz kelmadi. “Buxoro”ga Tachmurad Agamurodov taklifi bilan keldim. Yaxshi futbolchilar jamlangan, lekin natijalarga erishish uchun jamoa sifatida shakllanish kerak. O'yinimiz yaxshilanib boraveradi deb o'ylayman. Maqsadimiz yuqori o'rinlarni egallash. Bu tarkib bilan oliy ligada qolish uchun kurashsak uyat bo'ladi.

Matluba: Terma jamoada ikkita o'yin o'tkazgansiz. O'sha o'yinlar haqida nima deya olasiz?
- Ikkala bahs ham o'rtoqlik o'yinida bo'lgan. Debyutim Eronga qarshi Toshkentda bo'lgan. O'shanda bosh murabbiy Mirjalol Qosimov edi. Ilk uchrashuvim bo'lgani uchun juda hayajonlanganman. Menimcha har bir futbolchi bir kun kelib o'z vatani terma jamoasi sharafini himoya qilishni istaydi. Ikkinchi o'yin CHernogoriyaga qarshi safarda o'tkazilgan. Unda Vadim Abramov murabbiy edi. Terma jamoaga kam chaqirilishimda o'zimning aybim ko'proq. CHunki murabbiy o'ziga dushman emas, agar siz yaxshi o'ynasangiz u albatta sizga etibor qiladi va terma jamoaga chaqiradi. Men shunday deb hisoblaman.


Narzulla: Malayziyada sodir bo'lgan voqea haqida so'ramasak bo'lmaydi...
- Yanvar oyida Malayziyaning birinchi ligasi klubidan taklif tushgandi. Agar shartnoma yuborishsa jamoaga o'taman dedim. U erga borib shartnomaga imzo chekdim va klub bilan birga yig'inga boshqa shaharga ketdim. Ertasi kuni o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdim. Barchasi yaxshi ketayotgandi. Biroq negadir o'zbekistonlik agent meni murabbiy va futbolchilarga yomonlagan. SHundan keyin murabbiyning menga bo'lgan etibori butkul o'zgardi. Mashg'ulotlarda ishlayotganimda sen bilan shartnomani bekor qildik o'zingni qiynama deyishdi. Ular shartnomani buzishgani uchun tovon puli to'lashdi, shunday qilib O'zbekistonga qaytib keldim. To'g'risi bu voqeani eslashni ham istamayman.

Matluba: Borgan shaharlar orasida eng yoqqani qaysi?
- Birlashgan Arab Amirliklarning Dubay shahri. U erga ko'p boramiz. Dubayda xuddi O'zbekistonda yurgandek bo'laman. Bundan tashqari Germaniyaning Keln shahri ham yoqqan. Bu erda olimpiya terma jamoasida yig'in o'tkazgandik.

Narzulla: Birga o'ynagan eng kuchli uch futbolchi va eng kuchli uch murabbiyni ayta olasizmi?
- SHu savol meni qiynaydida. Sababi futbolchilarni ajratib ko'rsatsam qolganlar xafa bo'lib qoladi. Futbol jamoaviy o'yin, unda 3 emas 11 nafar futbolchi o'ynaydi. Murabbiylar borasida ham hech kimni ajrata olmayman. O'zim bilan birga ishlagan har bir murabbiydan nimadir olganman, ularning barchasidan minnatdorman.

Matluba: Kamoliddin Murzoevning hozirgacha matbuotga aytmagan siri bormi?
- Hech kimga aytmagan sirimni sizlarga aytdimku (kuladi). Turmush o'rtog'im bilan qanday tanishganim va oilam haqida deyarli hech kimga gapirmagandim.


Narzulla: Xorijdan qaysi futbolchiga havas qilasiz?
- Yoshligimda braziliyalik Ronaldoning o'yinlarini tomosha qilardim. Uning o'yinlarini va faoliyatini diqqat bilan kuzatib borardim. Zamonaviy futboldan Zlatan Ibragimovichning harakatlari yoqadi. U maydonda juda ishonch bilan to'p tepadi.

Matluba: Bir kun butsalarni mixga ilasiz. Keyin nima qilmoqchisiz?
- Murabbiy bo'lishim mumkin. Lekin bu juda qiyin kasbligini bilaman. Doimiy ravishda oiladan uzoqda bo'lish juda ham og'ir. Balki oilamga yaqin joyda ish toparman. Agar bu ish futbolga aloqador bo'lsa yana yaxshi. Fursatdan foydalanib barchani o'tgan “Navro'z” bayrami bilan tabrkilayman. O'zbekistonga bayramlar yarashadi, yurtimizga tinch, osmonimiz musaffo bo'lsin.

Narzulla: Ananaviy savol. Yodingizda qolgan penalti yoki penaltilar seriyasi.
- 1994 yil Jahon chempionati finalida Roberto Badjoning urolmagan penaltisi. O'zim o'tgan yil “Neftchi”ga ura olmagan penaltini alam bilan esga olaman. Bundan tashqari OFK kubogida 1/8 finalida “Nasaf” safida Suriyaning “Al Karama” klubiga qarshi bahsda 11 metrli jarima to'pidan gol ura olmagandim. Raqib esa penaltidan gol urib chorak finalga chiqqandi. Jamoamga pand berib qo'yganimdan juda xafa bo'lgandim. O'shanda kiyinish xonasida yig'lagandim.

Matluba Sadullaeva va Narzulla Saydullaev suhbatlashdi
Foto: Tolibjon Qosimov


Reyting: +12   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика