So’nggi yangiliklar

09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  0 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  3 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  1 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  0 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  2 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  2 00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  5 00:10Саудия Арабистони. Обамеянгнинг голи "Ал Насср"ни мағлуб қилди, Роналдудан 911-гол  15 23:33Россия. "Рубин" "Акрон"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 23:17Рубен Аморим: "Ўзимга, футболчиларга ва клубга ишонаман"  2 22:44Месси Флик "Барселона" бош мураббийи бўлгани ҳақида гапирди  9 22:08"Интер Майами"ни ким бошқариши аниқ  3

"Pedkollej"dan chiqqan futbolchi bilan suhbat Yangiliklar

"Pedkollej"dan chiqqan futbolchi bilan suhbat

Ikrom Aliboev bilan shaxsan tanish emasmiz. U meni televizorda ko'rgan, men uni futbol maydonida. Jurnalist sifatida unga yoqamanmi yoki yo'q aniq bilmayman, lekin u menga futbolchi sifatida yoqadi.

Katta ukamdan kichik, kichigidan kattaroq bo'lgan Ikromning o'yinlarini birinchi bor shahar chempionatida ko'rgandim. Quvondiq Ro'ziev bilan yaxshi tandem hosil qilishardi. “Paxtakor”ning asosiy jamoasiga kira olmagani balki yaxshilikka xizmat qilgandir, chunki u boshqa jamoada tanildi.

“Paxtakor”ning yaxshi tarafi, bolalar futboliga katta etibor beradi. U erda ishlaydigan murabbiylar chamamda Aliboevning kelajagiga ishonch bilan qarashmagan. Futbolchi o'tish davrida turganida “Lokomotiv” varianti paydo bo'ldi va bu tanlov Ikromni katta futbol sari etakladi.

Telefon raqamini olishim bilan, telegramiga xabar qoldirdim, tanishiga shubham yo'q edi. Javobida men bilan suxbatga yo'q deya olmasligini bildirganida, xursand bo'ldim. CHunki avvalroq bir emas, ikkita nashr muxbiri u bilan suhbatlashib ulgurganini bilardim.

Ortiqcha cho'zib o'tirmayman, yozishmalarimizning o'zini suxbat tarzida sizga ilinaman. Undan bir nima olishingizga ishonchim komil emas, ammo bir chashka qahva bilan bir nafasda o'qib chiqsa bo'ladi, har qalay.   

Ikrom, agar senga qulay bo'lsa, ovozingni yozib qoldirishing mumkin. Bittalab yozib chiqqaningdan kamroq vaqt sarflaysan.
Menga farqi yo'q, aka. Beravering savollarni, javob qaytaraman.

(SHundan so'ng javoblarni erinmasdan yozib chiqdi. Aslida gonorarimni yarmini unga berishim kerak).

O'zingni ancha kech tanilgan deb bilmaysanmi? 94-yilda tug'ilgan futbolchilar haqida odamlar 2010 yildayoq gapirishardi…
Evropa bilan solishtirganda kech chiqdim. O'zbek futboli uchun kech demagan bo'lardim. Bu erda biz tengilarga hali ham yosh deb qarashadi. Aslida uncha yosh emasman. Evropada men qatorilar nimalar qilib tashlashmayapti…

O'sha evropalik yigitlar erishayotganini ko'rib ichingdan nimadir o'tsa kerak?
Achinaman… Men ham ulardek bo'lishni istayman. Bu yo'lda astoydil mehnat qilyapman.



1994 yilda tug'ilgan futbolchilar Meksikada yurgan payti sen nima qilayotganding?
Ular Meksikada payti meni olimpiya zahiralari kollejidan haydashayotgandi. Natijalarimni past deb o'qishdan chetlashtirishgan.

Yaxshi-ku…
Boshqa kollejga o'tkazishgan, “CHilonzor”dagi pedkollejga (pedagogika kolleji).

O'qituvchi bo'lishing uchunmi?))
SHunaqa bo'lsa kerak (o'ksingan smaylik). Lekin o'qishga kam borardim… Futbolni sevganim uchun…

Sen shahar chempionatida o'ynab yurganingda, “Paxtakor” safiga kira olmaganlar “CHilonzor” yoki shunga o'xshash jamoalarda yurishardi. Bittasi o'zing. “Paxtakor”ga olishmaganmi?
Olishmagan. 2-ligaga, “Toshkent” klubiga chaqirishgan.

ROZKda Quvondiq Ro'ziev bilan yaxshi tandem eding…
Ha, Quva bilan o'ynardik bolalar chempionatida. Bilar ekansiz…))

ROZKdan haydashganiga afsuslanasanmi?
Yo'q! Balki ketkazishmaganida bugun “Lokomotiv”da bo'lmasmidim… Umuman futbolni ham yig'ishtirib qo'yishim mumkin edi.

Balki murabbiy bilan chiqishmagandirsan?
Murabbiyim yoqardi. Rustam aka Oripov kollejdan haydashganidan keyin ham tashlab qo'ymadi, biz bilan ishlashda davom etdi. “Toshkent”da ham o'zlari murabbiy edilar. 2-ligaga badal puli topib, to'p surganimiz esimda.

2-ligada men ham o'ynay olaman. Katta futbolga kim tortdi?
Bunda ham murabbiyim katta rol o'ynadi. 2012 yil “Lokomotiv” oliy ligaga qaytgandi. 2-ligada “Lokomotiv-2” bilan o'ynadik. Yoshlar ligasida ishlayotgan Ravshan Bozorovga Rustam akaning o'zi tavsiya qildi. O'yinimiz maqul bo'lib, bizni olib ketishdi. Keyingi mavsum Marat Miftaxutdinov jamoani qabul qilib oldi va u ham bizni olib qoldi.

Men futbolni aynan shu bosqichda tashlab ketgandim. To'p tepganlar yaxshi bilishadi, bu davrda sen yo futbolni yoki undan tashqari olamni tanlashing kerak bo'ladi. Aliboevga omad kulib boqdi, demagan bo'lardim. O'yini bor edi. Ammo unutmaylik, o'yini bo'la turib futboldan chetda qolgan talantlar to'lib yotibdi.

Abramov bilan tanishganindan xursand bo'lgandirsan?
Albatta! Katta yordam bergan menga.

Birinchi suhbating yodingdami?
Yo'q.



Asosiyga birinchi marta chaqirishganichi?
Eslayman. Bu Hakim Fuzaylov davriga to'g'ri keladi. Qo'qonda, kubok o'yinida 80-daqiqada maydonga tushib, 81-daqiqada sariq kartochka olgandim))

Menga maydonda o'zingga bo'lgan ishonching kamdek tuyuladi…
Hech kim aytmagan gaplarni aytyapsiz (aybdordek smaylik). Boshida ishonch bilan o'ynadim. Mavsum oxiriga kelib bilmadim nega, o'zimga bo'lgan ishonchim kamaydi. O'zimga kelishim qiyin bo'lyapti…

Bu qaysi paytga to'g'ri keldi?
Sentyabr-oktbyar oylariga to'g'ri keladi. Olimpiya terma jamoasi bilan Slovakiyaga ketishimiz oldidan xayolim shular bilan band edi.

Sababini bilib turib, aytishni xohlamayotganga o'xshaysan…
Sababini bilganimda bu hozirgacha davom etmasdi.  

Ishqilib ko'rsatgan futboling sening maksimuming emasmi?

Unday demagan bo'lardim. Bundan kuchli o'ynashimga ishonaman. Ichimda zahiralarim bor.

2016 yil sen uchun yaxshi boshlanmadi…
Balki yaxshilikkadir… Bu holat kuchimga kuch qo'shishi kerakdek.

Olimpiya terma jamoasida senga nima etishmadi?
Murabbiy ishonchi. U asosiyda o'ynay olishimga ishonmadi. SHunga qaramay qarorini xurmat qilaman.

Endi “Loko”da ham oson bo'lmaydi. Kaxi bilan Server keldi.
To'g'ri. Lekin ular bilan raqobatlashaman (:

Bu smaylik gapingga o'zing ham ishonmasligingni bildiradimi?))
Men o'zimga ishonaman!

Eron bilan milliy jamoadagi birinchi o'yinni eslaysanmi?
Xuddi kechagidek.

Lekin KXDR bilan o'yinda seni asosiyda kutmagandim. Aniqrog'i, o'ynab keta olishingga ishonmasdim…
O'zim ham kutmagandim. Boshlang'ich tarkibga kirganimni o'yin kuni bilganman.


Tayyormasmiding? Nima yoqmadi? Muxlis ko'pligimi yoki stadionning suniy qoplamali ekanimi?
Bular bahona bo'lolmaydi. Ular ham xuddi shunday sharoitda to'p surishdi.

Milliy jamoada ikki marta o'ynading, ikki marta yutkazding. Keyin chaqirishmadi seni. Nimani his qilding?
O'zimni juda yomon his qildim.

O'zingga ishonchsizlik harakterning bo'sh ekanligidan emasmikan?
Harakterim bo'sh emas deb qo'rqmasdan ayta olaman. Ishonchsizlik o'tkinchi narsa, hamma futbolchida bo'ladi shunday davr.

Jussa kichikligichi? Muammo tug'dirmaydimi?
SHundan ko'p noliyman. Lekin baribir shukr qilishim kerak, chunki Xudo menga qo'rqmas yurakni bergan. Jussam kichikligi hozir ko'p ahamiyat kasb etmaydi.

Savollarga javobni akang bilan bermayapsanmi?
(audio keldi). O'zim o'tiribman, qanaqa aka?!

Hazillashdim. Akang senga ko'p yordam bergan deb eshitgandim…
SHu darajaga etishishimda uning menga ishonchi va yordami juda katta. Minnatdorman undan.

Ham Abramov, ham Qosimov, ham Babayan bilan ishlash qiziq bo'lsa kerak?
Biz professional futbolchilarmiz. Murabbiy tanlamasdan ishlashimiz kerak, bizning vazifamiz futbol o'ynash. Lekin bitta tomoni bor, bizda biror murabbiy yangi jamoani qabul qilib olsa, o'ziga yoqadigan futbolchilarni taklif qiladi va jamoani o'zgartirib yuboradi.

Qaysi murabbiy ko'proq yoqadi?
Siz aytgan uchala murabbiy bilan ham ko'p ishlash nasib qilmadi. Abramov bilan nisbatan uzoqroq shug'ullandim, tushunardim.

Har uchalasining o'yin falsafasiga tushunib etganmisan? Kim nimani ko'proq talab qiladi?
Abramov to'p nazoratini afzal biladi. Qosimovda futbolchining individual mahorati kuchli bo'lishi kerak, ayniqsa oldingi chiziq vakillarida. Babayanda vertikal futbol, pressing bilan to'pni tezroq raqib jarima maydoniga olib borish kerakligini uqtiradi.

Senga hujum qilish yoqadimi yoki uni qaytarish?
Albatta hujum qilish. Lekin himoyalanishda ham menimcha yomon o'ynamayman.

Markazda kim bilan tandem qilish qulay?
Quva, SHoahmedov va Kopa aka bilan. Jeparov va Maxaradze bilan hali o'ynab ko'rmadim.

4-4-2 yaxshimi senga yoki 4-5-1?

4-3-3 yoqadi.

“Barsa”ni muxlisiman degin))
Ha, bu klubga mehrim bo'lakcha))

Maydondagi kumiring kim?
Diego. O'yinlarini ko'rishni boshlaganimdan buyon yaxshi ko'raman.

 
Aliboevning fikrlashi iliq taassurot qoldirdi. Har holda o'zbek futbolining hozirgi bosqichiga uning kabi futbolchilar kerak, menimcha.


SHunchaki oddiy futbolchi bo'lib o'tib ketishdan qo'rqmaysanmi?
Qo'rqaman. Odamlar seni eslaganida “ooo” deb yuborishi yoqimli baribir.

Oliy ligada o'tib ketgan futbolchilar ham yomon yashashmadi lekin…
Yashash? Men pul uchun o'ynamayman. Maqsadim Evropada to'p surish. Faqat pul haqida o'ylasam aytganingizdek shu erda ham oddiy futbolchi bo'lib yursam bo'ladi.

Bizdagi deyarli hamma mashhur futbolchilar bilan tanishding. Kim ko'proq hayratda qoldirdi?

Ham inson sifatida, ham futbolchi sifatida Jasur Hasanov va Timur Kapadzedan ko'p narsa o'rgansa bo'ladi.

Termadagi legionerlar qanday qabul qilishdi?
Ajoyib. O'zimni uzoq vaqt ular bilan birga to'p surgan o'yinchidek his qildim.

“Loko”da eng ko'p kimdan tanbeh eshitasan?
Hech kimdan desam ham bo'ladi…

Bo'lishi mumkin emas. Futbolni men ham o'ynaganman))
Eshitaman, Jasur akadan (mazza qilib kulayotgan smaylik). Hamma narsa maydonda qoladi. Nari borsa echinish xonasidan nariga o'tmaydi. Ertasiga hech narsa bo'lmaganday ketaveramiz.

Adashmasam oilada kenja farzandsan. Toshkentda yashashing qanday?
Kelganimga 8 yil bo'ldi. Klub bazasida yashayman hozir. Akam o'yinlarimning hammasini stadiondan tomosha qiladi.

Gulistondan turib ham tergab turishsa kerak?
Albatta. Ular uchun har doim yosh bola bo'lib qolaveraman.



Qaror qabul qilishdachi?
Uydagilardan maslahat olaman. Hamma masalada. Murabbiy Rustam akadan ham fikr olaman.

Topgan birinchi pulingni nima qilganing yodingdami?
SHundayligicha dadamga berganman. Hozir ham shunday qilaman.

Maktabda necha bahoga o'qigansan? Ingliz tilini biladi, deb aytishdi.
3-4 bahoga o'qirdim. Sizni aldashgan, ingliz tilini bilmayman. Ko'rsatkichim 3 foiz ham chiqmasa kerak.

Futbolchilarimiz o'smay qolishiga bilimsizligini sabab deb bilaman…
Men ham shunday o'ylayman. Evropa klublari Osiyodan futbolchi harid qilayotganida birinchi savoli ingliz tilini bilishi haqida bo'ladi. Faqat bu emas, bilimi bor futbolchi maydonda ham yaxshi fikrlaydi.

Unda nega yaxshi o'qimading?
Yomon ham o'qimadim. Maydonda ham fikrlayman.

Navoiyga mehring balandligini tvitter orqali hamma bildi…
Endi bilishmaydi))

Tohir Malikning futbolchilar haqida aytganlarini o'qigandirsan?
O'qidim. Endi kitoblarini ham o'qib chiqishni niyat qilganman.

Nega futbolchilar kitob o'qishmaydi?
Nega unday deysiz, men o'qib turaman.

Faqatgina O'tkir Hoshimovnimi?
Qaerdan sizda shuncha malumot??? “Tushda kechgan umrlar”dan boshlagandim. Keyin “Dunyoning ishlari”ni o'qidim. Hozir “Ikki eshik” orasini o'qib o'tirgandim.

Futbolchilar uzoq safarga yo'l olganlarida, hamma ham kitob o'qimaydi. Server haqida eshitganman, SHackix ham nimalargadir ko'z yugurtirib ketishi haqida aytib berishgandi. Men hamma kitob o'qishi kerak, deb bong uradiganlar sirasiga kirmayman. Ammo kitob o'qiydigan kishilarni boshqacha xurmat qilaman. Hech bo'lmasa yangiliklardan boxabar bo'lib turadigan futbolchilarni.


Ijtimoiy tarmoqlarga nima maqsadda kirasan?
Zerikishdan.

Demak qizlar bilan shuning uchun ko'p gaplashasan.
Adashasiz, girlfriend(yaxshi ko'radigan qiz)im yo'q.

Bilaman. Bir qizning profilidan kirib, sen bilan gaplashgandim, oson o'ralarkan degandim o'shanda…
Nimaaa (lol qolgan smaylik). Qaerda? Ismini ayting, iltimos…

Hazillashdim. Demak, chindan ham ko'p gaplashasan))
Yo'o'q)) Gaplashsam ham keyin uylanadigan bo'lib, gaplashaman.

Masalan “Dunyoning ishlari”ni sovg'a qilgan qiz bilan (sovg'a qilgan qiz mening ham tanishim).
Birinchi navbatda onamni xurmat qiladigan qiz bilan.

Suhbat tayyor bo'lganidan keyin o'qib ko'rasanmi yoki gazetani o'zidan o'qiy qolasanmi?
Farqi yo'q… Mayli, o'zim birinchi o'qiyman))

Egoizm qursin-a, odamlarning sen haqindagi fikrlari ancha ahamiyatli ekanda?))
Muhimi maydonda egoist emasman-ku)) Saytlarda qoldiriladigan izohlarni o'qimayman, akam aytib turadi.


2016 yil Ikrom uchun oson bo'lmaydi. Balki yo'qolib qolar, balki avvalgidan ham yaxshiroq o'ynab ketar, bilmadim. Ammo ikkinchi variantni chin dildan xohlardim. Siz-chi?

Diyor Imomxo'jaev suhbatlashdi

Suhbat “Erudit-sport” gazetasining 28.01.2016, #4 sonida chop etilgan

Reyting: +18   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика