"Paxtakor"ga kelgani, qaysi jamoaga muxlislik qilishi, jarohati, Samvel Babayan haqida - Boyan Miladinovich bilan eksklyuziv intervyu
30 iyu 2020 16:23
Yangiliklar
"Paxtakor"ga kelgani, qaysi jamoaga muxlislik qilishi, jarohati, Samvel Babayan haqida - Boyan Miladinovich bilan eksklyuziv intervyu
"Dunyo o'rgimchak to'ri" karantin davrida eng ko'p ishlatilayotgan narsa. Aynan shu orqali bizning ishlarimiz osonlashmoqda. Internetdan o'yin o'ynaymiz, futbol tomosha qilamiz, kinolar ko'ramiz va hokazo.
Aynan internet orqali biz o'zbek futbolida izini qoldirib ketgan mashhur shaxslar, futbolchilarni topib ular bilan suhbat uyushtiryapmiz. Oldinroq Dushan Savich bilan intervyu qilgandik. Bu safar Boyan Miladinovich nishonimizda bo'ldi. "Paxtakor"ning afsonaviy futbolchilaridan biri, uzoq yillar "sherlar" sharafini himoya qilgan Boyanni deyarli butun o'zbek futbolga qiziquvchi ahli yaxshi ko'radi desak mubolag'a bo'lmaydi. Nasib qilsa, hali yana shunday insonlar bilan intervyularni ko'paytirishni reja qilganmiz.
- Sizni sog'ingan futbol muxlislari nomidan alangalik salom. Boyan, karantin davrida nimalar bilan bandsiz?
- O'zbekiston ahliga salom yo'llayman. Ishlarim yomon emas, mashg'ulotlar ketyapti. 1 avgustdan chempionat boshlanadi, lekin o'yinlar muxlislarsiz o'tadi. Serbiyadagi holat yaxshi emas, yomon desa ham bo'ladi. Futbolchilar esa ko'chaga chiqarilmay, shifokorlarning qatiy karantiniga olingan va ularning buyruqlari birinchi o'rinda. Faoliyatimni yakunlaganimdan keyin men "Napredak" futbol klubida vice-prezident sifatida ishlay boshladim. Bir oy oldin esa sport direktori bo'ldim. Mana shu lavozim menga qulayroq.
- Futbol muxlislariga sizning futbolga kirib kelgan yo'lingiz ancha qiziq. Bu jarayon qanday kechgan?
- Futbol bilan 17 yoshimdan shug'ullanishni boshlaganman. Ungacha otam bilan ko'chada shunchaki koptok tepib yurganmiz. Keyinchalik do'stlarim bilan "Napredak"ning yoshlar jamoalari mashg'ulotlarida qatnasha boshlaganman. Ko'chada to'p tepib yurgan oddiy bolakayning xatti-harakatlari "Napredak" bosh murabbiyiga yoqib qolgan va meni yoshlar jamoasiga jalb qilishgandi. Oradan bir yil o'tib, asosiy tarkib jamoasiga o'tganman. SHu orqali mening professional faoliyatim boshlangan.
- Bolaligingizda qaysi jamoaga muxlislik qilgansiz? Sevimli himoyachingiz kim? (kutilmagan javobni oldim)
- "Real". Bolaligimdan buyon shu jamoani yaxshi ko'raman, doimiy kuzatib boraman. Sevimli himoyachim Anzur Ismoilov. Menimcha u o'zbek futboli tarixidagi eng yaxshi himoyachi. To'g'ri, o'zbek futboli tarixini unchalik yaxshi bilmayman, ammo Anzurni o'zim ko'rgan eng yaxshi himoyachi deb hisoblayman.
- "Paxtakor"ga kelishingiz qanday amalga oshgandi?
- "Paxtakor" vice-prezidenti Samvel Babayan yuqori saviyali legioner tanlagani Serbiyaga Islom Xodjaevni yuborgan ekan. U klubimizga kelib, bir necha marta o'yinlarimizni ko'rdi va meni jamoaga taklif qildi. "Paxtakor"ning tarixini o'qib, taklifga tezda rozilik berdim va yig'inlarga jo'nab ketdim.
- "Paxtakor"dagi ilk golingizni eslay olasizmi?
- Ha, albatta! Kechagidek yodimda. Dubaydagi mavsumoldi yig'inlarida Xarkivning "Metallist" jamoasiga qarshi o'yinda darvozadan 30 metrlar uzoqlikdan jarimadan urgandim. G'alaba, 1:0. Juda xursand edim. SHundan keyin "Paxtakor"ga o'tganman. Rasmiy o'yinlarda ham debyutimdayoq gol kiritishga erishgandim, 1-turda "Buxoro" bilan bahsda gol urganman, 3:0 hisobida g'alabaga erishgandik.
- "Paxtakor"da bir yil davomida jarohatingiz sababli umuman o'ynamadingiz, lekin shartnomada ko'rsatilgan maoshni to'liq oldingiz. Bunday holatda maoshni to'liq to'laydigan klublar ko'pmi yoki kam?
- Albatta, kam. Keling boshidan boshlaymiz. 2009 yil klub bilan 2 yillik shartnoma imzoladim. SHartnomam yakunlanganida rahbariyat menga uni uzaytirish taklifi bilan chiqdi. SHaroitlar yaxshi, to'g'ri moliyaviy holat unchalik zo'r emasdi, maoshlar 3-4 oylab kechikardi, buni menimcha hamma bilsa kerak. Lekin men uchun kerakli barcha narsa klubda yaratilayotgandi. SHu sababli yana 2 yillik shartnoma imzoladim. May oyida belimdan jiddiy jarohat oldim, deyarli bir yil o'yinlarda qatnashmadim, klub esa menga oyliq pullarimni to'liq to'ladi. Buning uchun Samvel Babayanga minnatdorlik bildiraman. U bilan birinchi marta suhbatda bo'lganimdayoq barcha gapini ustidan chiqadigan insonligini bilgandim. Samvel Babayan holatimni ko'rdi, o'zining beli jarohat olgandek menga yordamlashdi, meni aldamadi.
- Agarda "Paxtakor"dan taklif tushsa qaytarmidingiz?
- Albatta. Hayot davom etmoqda, yashayapmiz, demak, barcha narsa bo'lishi mumkin. (men uchun kutilmagan so'z) Inshoolloh, taklif tushsa boraman, "Paxtakor" mening uyim, O'zbekistonni yaxshi ko'raman.
- O'zbekiston chempionatida Sizga qarshi o'ynagan eng yaxshi hujumchi?
- U paytda saviyali hujumchilar ko'p edi. Biroq Anvar Solievga qarshi o'ynashga doim qiynalardim. Tutqich bermasdi, kutilmaganda zarba berib qolardi, o'sha davrda to'pni o'zida ushlab tura oladigan eng zo'r hujumchi Anvar Soliev bo'lsa kerak.
- O'zbekistonda faoliyat olib borgan eng omadli legionerlar reytingida Boyan Miladinovich nomi ham qayd etiladi. Jamoa sardori, muxlislar yoqimtoyi bo'lgan Boyan Miladinovich yana qanday legionerlarni etirof eta oladi?
- Malumot uchun rahmat, buni bilmagandim. O'zbekistondagi 6 yillik faoliyatim davomida Rivaldo, Ivan Boshkovich, Artur Gevorkyan kabi raqiblarga qarshi o'ynaganman. Ular haqiqatdan ham juda kuchli bo'lishgan. To'g'risini aytganda, o'sha paytlarda kuchli legionerlar juda talaygina edi. Hozir esa futbol klublari siyosati boshqacha bo'lib ketgan. Legionerlarning ko'plab sifatlariga etibor berishmoqda.
- O'zingizni futbol agentiga qiyoslab, o'zbek futbolidagi legionerlarni qanday baholagan bo'lardingiz?
- Ayni damda "Paxtakor" tarkibida o'ynayotgan Dragan CHeran, AGMK futbolchilari Igor Zonich va Elguja Grigalashvili - menimcha eng kuchli legionerlar. Qolganlarni esa o'rtacha saviyali deb baholasak bo'ladi.
- Demak, o'zbek futbolidagi o'yinlarni kuzatib borasiz.
- Qo'ldan kelgancha barcha o'yinlarni ko'ryapman. O'zgarishlar katta, tashkilotchilikning saviyasi ham oshgan. Umuman olganda o'sish bor, faqat bu jarayon sekin kechmoqda.
- Unda kelishilgan o'yinlar haqida nima deya olasiz? Bu futbolning og'riqli nuqtasi.
- Yomon ko'raman, futbolchilarning saviyasi tushishida kelishilgan o'yinlarning tasiri katta bo'ladi. Ichki chempionatda kuch bermagan jamoa xalqaro maydonda tezlik ololmaydi. SHu sababli kelishilgan o'yinlar tashkilotchilarini qo'ldan kelgancha futboldan itarib chiqarib tashlash kerak.
- Tarix zarvaraqalariga qaytamiz. "Lokomotiv" maydonidagi g'alabadan keyin chempionlik qo'lga kiritilgani yodingizdami?
- Ux, super uchrashuvni yodga soldingiz. Daxshat bo'lgandi. Yodimda chempionat tugashiga 5 tur qolgandi, chorshanba kuni "Nasaf"ni 2:0 hisobida yutganimizdan keyin "Loko" bilan o'yinda g'alabaga erishsak chempionlikni rasmiylashtirardik. "Lokomotiv"ning ushbu mavsumini inobatga olmasak, eng barqaror jamoalardan biri. O'shanda ham tarkib juda kuchli edi, ustiga ustak mehmonda o'ynardik. Stadionda anshlag! "Loko" muxlislari bizga doimiy bosim o'tkazishgandi.
Burchakdan to'p oshirildi, boshim bilan zarba berib, 1-daqiqadayoq hisobni ochdik. Taym oxirida dubl! Ikkinchi bo'limda eng yaxshi himoyachilardan va do'stlarimdan Aleksandr Merzlyakov hisobni 1:3 ko'rinishiga keltirgandi. 26 o'yinda 23 g'alaba va 3 mag'lubiyat. Rekord! Balki biz o'shanda engilmas "Paxtakor"ning oltin mavsumini o'tkazgandirmiz.
- O'shanda jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayan bo'lgandi. Sizningcha u menejer sifatidami yoki bosh murabbiy sifatida kuchlimi?
- Menga menejer Samvel Babayan ko'proq yoqadi. Nimaga? CHunki u yosh futbolchilar bilan ishlashni yoqtiradi. "Paxtakor"dagi so'nggi mavsumimda, 2014 yilda faqatgina 3 yoki 4 nafar tajribali futbolchi bo'lgan, Kamoliddin Tojiev, Kaxi Maxaradze va men. Qolganlar katta futbolga endi kirib kelayotgan yoshlar edi. Menejer Samvel Babayan qo'l ostida chempionlikni qo'lga kiritgandik.
Murabbiy Samvel Babayan ham yaxshi variant. Uning termadagi faoliyatini ijobiy baholasa bo'ladi. Faqatgina so'nggi pallada jamoaning omadi kelmadi. Klublardagi faoliyatiga o'tsam, uning "Lokomotiv"dagi ishi bilan yaxshi tanishman. "Paxtakor"ning hozirgi holatini inobatga olsak, 2-o'rin "Lokomotiv" uchun ideal natija. Umuman olganda "Paxtakor"ning kuchayganidan juda ham xursandman. Samvel Babayan endi "CHanchun Yatay" bosh murabbiyi va unga faqatgina omad tilayman. Juda yaxshi, vadasini ustidan chiqadigan inson.
- Eng yaxshi ko'rgan taomingiz?
- Palov. Serbiyada bu ovqatni topishning imkoni bo'lmayapti. Yodimda, jamoadoshlarim bilan osh egani ko'p borardik. O'yindan keyin esa choyxona-palov. Samvel Babayan futbolchilarning ko'nglini har tomonlama topa olgan. Har bir safar o'yinidan keyin yaxshi joylarga olib borardi.
- O'zbekistonning eng chiroyli 3 joyini ayta olasizmi?
- Toshkent. Juda tez o'zgarayotgan shaharlardan biri. Samarqand va Buxorodagi ajoyib bino, inshootlar ham yoqqandi. Bilasizmi, menga zamonaviy binolarni ko'rish unchalik lazzat bermaydi, tarixiy binolarni ko'rib, doim hayratlanaman. SHu sababli har bir viloyatga chiqqanimda tarixiy yodgorliklarni ziyorat qilib kelardik.
- Ko'pchilik futbol muxlislari sizning "Sport" telekanalidagi "Breyn ring" televizion o'yinida qatnashganingizni bilishmasa kerak. Men esa eslayman. O'shanda "Boyan Miladinovich javob beradi" deganda xayron qolgandim.
- Otabek Jo'raev menga qo'ng'iroq qilib, ushbu ko'rsatuvga chaqirgandi. Kreativ g'oya. Jarohatdaligimda ko'p kitob o'qigandim. Bunday kviz-bellashuvlarga futbolchilarni ko'proq jalb qilish albatta foydali. Bu ularning kamera oldidagi nutqini ham rivojlantiradi, deb hisoblayman.
- Futbolchilar tezroq rivojlanishi uchun nimani birinchi o'ringa qo'yishi kerak?
- Avvalo ilk tarbiya maktabdan boshlanadi. O'zbek futbolini rivojlantirish uchun futbol maktablariga yuqori etibor berish kerak. Yoshlarning katta qismi maktabdan akademiyalarga o'tishda qiynaladi. Futbol maktabi professional ishlasa, terma jamoalar uchun nomzodlar ham ko'payadi va terma albatta, jahon chempionatiga chiqadi.
- Boyan, Sizga katta rahmat. "Napredak" sport direktorining, umuman olganda shunday lavozimdagi insonlar doimiy harakatda, futbolchilar izlash va ko'plab joylarga borish kerak. Bizga vaqt topib, intervyu berganingiz uchun minnatdorlik bildiramiz. Sizni O'zbekistonda, "Paxtakor" tizimida ko'rishni istab qolamiz.
- Sizga ham rahmat. Nasib qilsa, shunday kunlarni ham ko'ramiz. Yana bir bora O'zbekistondagilarga, tanishlarimga, muxlislarga, barcha-barchaga salom yo'llayman.
Mirjalol Normatov suhbatlashdi
Fikrlar