"Paxtakor" "Nasaf"dan qo'rqdimi? SHackix haqmi? Beg'amovga Iskandarovdan javob
04 may 2023 19:31
Yangiliklar
"Paxtakor" "Nasaf"dan qo'rqdimi? SHackix haqmi? Beg'amovga Iskandarovdan javob
Taniqli futbol eksperti SHahbozjon Beg'amov buni kanalida quyidagicha izohladi: "Paxtakor" "Nasaf"dan qo'rqib o'yinni qoldirish vakolatidan foydalandi! Aynan "Nasaf" bilan o'yin qoldirildi. SHackix Abbos Fayzullaevsiz o'ynashga "Nasaf"dan qo'rqdi. "Paxtakor"ni hech bir treneri bunday qilmagan hali…"
Xo'sh, aslida rostdan ham Maks shunday bo'lib chiqyaptimi yoki vaziyat taqozo etmoqda? Quyida bu haqida fikrlarimni izohlashga harakat qilaman
1. "Paxtakor" oradagi malum bir davrni hisobga olmaganda yil boshidan buyon deyarli zaxirasiz o'ynab kelmoqda. Bunga 7-8 nafar futbolchining yoshlar terma jamoasiga chaqirilgani sabab sifatida ko'rsatilmoqda. SHu bois murabbiylar shtabi "So'g'diyona", OKMK bilan bahslarda o'zgarishlar qilgani yo'q va 8 nafar futbolchisiz ham bu jamoalarni yutdi.
2. Beg'amov Abbos Fayzullaevsiz o'ynashdan qo'rqdi, degan fikrni ilgari surdi. Tan olish kerak Maks kelgach Fayzullaev asosiy figuraga aylanib bo'ldi va o'yin ham unga moslashgan holda qurilyarpti. Fayzullaevni yangi darajaga olib chiqayotgani uchun unga tashakkur. Usiz esa nimadir qilishga ko'zi etmayotgandek ko'rinmoqda. Yani jamoada faqat Abbos asosiy planga chiqib qolmoqda.
3. Aslida hamma narsa selekciya jarayoniga borib taqalmoqda. Qishda tuzukroq tarkib yig'ilmgani-yu, Papava va Banashaklarning ishdan chiqishi. Banashakka katta ehtimol bilan yozda javob berib yuborilishi kerak. Qishda olinganlardan faqat Saitov so'nggi o'yinlarda tushyapti. Rashidovning funkcional holati Maksni qoniqtirmayapti. O'yin borasida A va B planlar bordir, lekin yil boshida mavsumga yoki dastlabki qismiga mo'ljallangan plan yo'qligi ko'rinib qolayotgandek guyo. Transfer siyosatida yozda katta yurish qilmasa, poziciyalar to'ldirilmasa qiyinalib qoladi. Bu tomonlama SHackixga oson tutmayman. U shu tarkib bilan natija qilishi kerak va ertaga rahbariyat oldida Beg'amov yoki men emas aynan murabbiy javob beradi. Zaxira torligi uning ishini yanada murakkablashtirayotgani haqiqatdan o'zga narsa emas.
4. O'sha terma jamoadagi 7-8 nafar futbolchidan faqatgina Abbos o'ynar edi. Bu borada "Paxtakor" ungacha bo'lgan uchrashuvlarda jarohatlar, qizil kartochkalar bo'lib qolishi ehtimolini oldini oldi, tamom. "Nasaf" bilan o'yin esa chempionlikka tasir qiladi va principial o'yin. Aynan shu pallada reglament borligi esga keldi va undan foydalanishga qaror qildi. Qonunan, reglament tomonlama hech narsa buzilgani yo'q. Ayb PFLda ham emas, taklif "Paxtakor" tomonidan berildi va tashkilot buni qabul qildi, xolos. Bu tomonlama biz "Paxtakor"ning poziciyasini to'g'ri qabul qilamiz. "Superliga va Pro liga reglamenti" ning 10.9-bandida U-20 O'zbekiston termasining jahon chempionati final bosqichi uchrashuviga uch va undan ko'p futbolchisi jalb qilingan klub rasmiy uchrashuvni boshqa sanaga ko'chirishni so'rab murojaat qilishga haqli ekanligi qayd etilgan.
5. "Nasaf" bilan o'yingacha 16 kun vaqt bor va bu orada "sherlar" "Turon", "Buxoro" bilan o'ynaydi. O'yinlar orasi juda yaqin emas va keyingi o'yingacha bemalol tiklanib olish mumkin. Bunda muammo kuzatilmasa kerak.
Nima bo'lganda ham "Paxtakor"ni muammolar girdobidan muvaffaqiyatli o'tib olishini va chempionlik uchun intrigani, raqobatni davom ettirishini istayman. Bundan faqat Superliga yutadi, futbol yutadi. "Nasaf" bilan o'yinni qoldirish yoki qoldirmaslik "Paxtakor"ning qonuniy huquqi. Buni hamma turlicha talqin qiladi.
Fikrlar