Payshanba muxlis minbari: Ichimdagi gaplar...
28 noy 2013 14:30
Yangiliklar


Payshanba muxlis minbari: Ichimdagi gaplar...
Xudoyberganov Ulug'bek. SHaxsan men loyihaning ilk sonidagi fikrlardan tasirlandim. Qisman yaxshi tarafdan, qisman salbiy. Nima uchun deganda juda ham ko'pchilik kabi o'zbek futboliga o'ta tanqidiy ko'z bilan qarash ham yaramaydi. O'zbekiston Respublikasi bir mustaqil davlat futbol uchun 22 yilda nima qila olishi mumkun bo'lsa, shuni bajara oldi deb o'ylayman. Erishgan yutuqlarimizni bir sarhisob qilib chiqsak. Ko'p narsaga erishdik. Jahon chempionatiga chiqa olmayotganimiz, bu ikkinchi masala. Muhimi, o'tgan yillardan ko'ra bizda o'sish bor, yuksalish bor. Bu safar chiqmasak keyingi safar chiqarmiz, har holda shunga umid qilib qolamiz. Endi futbolimizni rivojlantirish yo'lida o'z xulosalarimni aytadigan bo'lsam. Hozirda aksariyat insonlar Mirjalol Qosimovni lavozimidan ozod qilish haqidagi fikrlarni ilgari surmoqda. Lekin bunga qo'shilmayman, Mirjalol Qosimovga 2018 yilga qadar imkon berish kerak. Qosimovga ishonch bildirsak, buni natijasini mening nazarimda 2015-yilgi Osiyo Kubogidayoq ko'ramiz. Bizda hozir muammo Qosimovda emas, terma jamoalarni tayyorlash markazida. Ha, men ko'p va xo'p gapirilgan mavzu Tolibjonov haqida aytmoqdaman. To'g'ri, bu haqda ko'p eshitdik. Tolibjonov inson sifatida buyuk shaxs ekanligi haqida ko'plab mutaxassislar aytishadi, inkor etmayman. Bu insonning hurmatga loyiq tarafi insonlarga o'rnak bo'ladigan qirralari balkim rostdan ham odamgarchilik taraflama yuqoridir. Lekin bir narsani tan olish kerak, Tolibjonov xozirgi kunning rivojlangan futboliga bazi jabhalarda biroz tishi o'tmay qolmoqda. Nimaga bizdan FIFA reytingida bir pog'ona pastda turgan J.Koreya o'z o'rtoqlik uchrashuvlarini bir yil oldinoq belgilab oladi-yu, biz keyingi FIFA kunida o'rtoqlik uchrashuvida o'ynarmikinmiz deb boshimizni og'ritamiz ? Eng alamlisi, biz hamisha muhim belashuvlar oldidan o'rtoqlik uchrashuvlarisiz qolib ketaveramiz. Osiyo Kubogi saralashida Vetnam termasi bizdan oldin Qatar bilan o'ynadi. Balki, biz Qatarga taklif bilan chiqganimizda qatarliklar Toshkentda o'ynashga ham rozi bo'lgan bo'lishardi. Biz ana shu FIFA reytingida Vetnam kabi 100 talikka kirmaydigan terma jamoani ham topa olmadik. Yoki Eron bilan o'yinni esga olaylik. Qanday alamli mag'lubiyat. Balki hech bo'lmasa Qirg'iziston bilan o'rtoqlik o'yini bo'lganida Eron bilan hech bo'lmasa durang o'ynarmidik? Uni-buni qo'ying, biz hatoki Qatardagi bahs kunduzgi soat 15:30ga belgilanganida buni bir necha hafta oldin bilgan taqdirda ham hech narsa qila olmadik. Avstraliya olimpiyachilari esa Toshkentdagi o'yin vaqtini ana shu o'yin kunidayoq o'zgartira olishdi. Bir mutaxassisdan bu haqda so'raganimda, ular “Avstraliyaning menejeri zo'r-de”, deb javob bergan edilar. Ana gap nimada. Bizning mana shunday zo'r menejerimiz yo'q. Eron terma jamoasi K.Keyrushni qarang. Istasa o'yin vaqtini, istasa hakamni almashtirdi. SHuning uchun biz legioner menejer olishimiz kerak. CHetdan bizga Di Matteo yoki Xiddink kelmaydi-ku, o'zimizdagi Tachmurod Agamurodov qatori o'rtamiyona murabbiy keladi. Markazni boshqara oladigan tajribali menejer o'rtoqlik o'yinlarini ko'zini yumib belgilab tashlasin. Rahbar F0IFA va OFKga gapini o'tkaza olsin. Terma jamoa bosh murabbiyi o'zi xohlagan tarkibni hamisha tekshira olsin. Qo'rqmasdan eksperimentlar o'tkazsin. Ana shunda biz ko'p narsaga erishamiz. Aytmoqchi bo'lganlarim shu!
Xuddi shu mazmundagi mavzuda Musofir nikidagi foydalanuvchimiz ham xat yo'llagan. Taklifni qisqartirilgan ko'rinishi quyidagicha ko'rinish oldi.
.... Bordi-yu terma jamoa bosh murabbiyi bo'lib yana Qosimov qoladigan bo'lsa, u holda Qosimov oldiga terma jamoani Osiyo Kubogida faqat medallar uchun kurashish vazifasini qatiy talab etib qo'yilishi va faqat va faqat terma jamoadagina faoliyat olib borishi shart deb belgilash kerak. Men na Abramovchi, na Qosimovchi. Faqat terma jamoaga kim bosh murabbiy bo'lsa ham, terma jamoaning o'zidagina ishlashi shart. Abramovga olimpiya terma jamoasi va MTJni berishdi. Natijada OTJ cho'kib ketdi, Terma jamoani esa "cho'ktirmasin deb" ishdan bo'shatib qo'ya qolishdi. Qosimov ham ikkita kemani ushlayman deb avvaliga “Bunyodkor”ni OCHLda "cho'ktirdi", keyin esa terma jamoa Iordaniya to'sig'ida "sinib" qoldi. O'FF rahbarlari shu vaqtgacha doimiy xatoni har yili takrorlab kelishmoqda. Yani, terma jamoani boshqargan murabbiy “Paxtakor”ni boshqarishi mumkin edi. Hozir esa “Bunyodkor”ni boshqaryapti. Qolaversa, terma jamoa murabbiylari shtabi birorta pichoqqa ilinadigan kashfiyot qilishmadi. Vohid SHodiev va Sardor Rashidovni hisobga olmaganda. Qachongacha terma jamoa faqat Toshkentdagi uchrashuvlardagina futbolchi qidiradi? Qachongacha viloyatlarga chiqib istedod qidirishga erinishadi? Selekciya markazlari qaysi futbolchini kashf qildi? Nega terma jamoa murabbiylar shtabi O'FFga qatiy talab qo'ya olmaydi? Nega FIFA kunini kutib o'tirishadi-yu, o'sha kun kelganida ham sparring raqib bo'lgan jamoa "so'nggi pallada" rad qiladi? Axir dunyoni boshqa terma jamoalari FIFA kunini kutmasdan ham o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazishyapti-ku, qolaversa, asosiy futbolchilari ham bizni "yulduzlarimiz"dek FIFA kuni emas demasdan, terma jamoalar uchrashuvlarida qatnashishyapti.
Qolaversa, barcha terma jamoalarning murabbiylar shtabidagi murabbiylar faqat terma jamoalar bilan ishlashni talab qilish shart. CHunki ular, ham klub, ham terma jamoalar bilan bo'lib tuzuk-quruq futbolchi kashf eta olishmayapti. Faqat o'z qo'l ostida o'ynaydigan futbolchilarnigina terma jamoalarga taklif qilishadi xolos.

Fikrlar