PAYSHANBA – Muxlis minbari!
21 noy 2013 14:24
Yangiliklar


PAYSHANBA – Muxlis minbari!
Demak, dushanba kuni “Oliy liga jamoalari sonini oshishiga qanday qaraysiz?”, savoliga berilgan takliflar quyidagicha ko'rinish oldi.
Muzaffar:
Oliy ligada jamolar sonini oshirgandan ko'ra yana ikkitaga kamaytirish lozim. Nega deganda hozirgi oliy ligamizda jamoalar kuchlilar safida qolishlari uchun hisob raqamlarida 3 000 000 000 so'm (uch milliard) mablag'ga ega bo'lishlari kerak. Ushbu summani hozirdan boshlab sanaydigan bo'lsak 30 yil (o'ttiz) umrimiz ketadi (fan isbotlagan). Bizning jamoalar bu mablag'ni o'zi ishlab topmaydi. SHuni inobatga olgan holda ishtirokchilar sonini kamaytirish kerak. Bu jamoalar faqatgina davlatimiz tomonidan biriktirilgan homiylar hisobidan kun kechirishmokda. Ikki davralik tizimni bekor qilgan holda uch davrali tizimga o'tish kerak. SHuningdek, PFLdan tashqari O'FF ham jamoalarga keladigan legionerlarning sifatini qatiy nazorat qilishi lozim. Ular kamida o'z milliy terma jamoasida so'nggi bir yil hisobidan (2014 yil uchun 2013 yil) bitta rasmiy uchrashuvda maydonga tushgan bo'lishi kerak. To'g'ri, bunday futbolchilar katta-katta mablag'lar evaziga yurtimizga keladilar. Bu esa fojea emas, eshiklar o'zimizning “qora ko'zlar”ga ochiladi. Keyin 2013 yil boshida qabul qilingan legioner darvozabonlar masalasini ham qaytadan ko'tarish kerak. Mana Nesterov jarohat olganidan so'ng terma jamoa darvozabonsiz qolyapti. Yana oliy ligamizda ishtirok etadigan har bir jamoa Qozog'iston chempionatida bo'lgani kabi boshlang'ich tarkibida ikkita 20 (yigirma) yoshgacha bo'lgan futbolchini tushirish haqida band kiritish kerak. Bu yosh o'yinchilar ham faqat o'z yoshiga teng futbolchilar bilan almashtirilishi lozim. SHu aytganlarim ro'yobga chiqqanida edi deyman-u, lekin...
Tahririyat: Davralar sonini oshirish orqali chempionatimizni qizitib olish imkoniyatiga egamiz. Qolaversa, keyingi yil MTJ uchun dam olish yili bo'ladi. 6 mart kuni BAA terma jamoasiga qarshi rasmiy o'yinni inobatga olmaganda, boshqa jiddiy uchrashuv yo'q. SHunday ekan, bemalol uzoq davom etadigan oliy liga mavsumiga tayyorgarlik ko'rsak bo'ladi. Yosh futbolchilarni boshlanishiga bittasini asosiy tarkibga qo'ysak maqsadga muvofiq.
Jaloliddin:
Oliy liga jamoalarining sonini oshirish yaxshi albatta. Agar unda har bir viloyatdan jamoa qatnashadigan bo'lsa undan ham yaxshi. Bugungi kunda Toshkentdan 3ta jamoa bor. Bazi viloyatlar esa o'z jamoasiga ega emas. Natijada bu viloyatlarda futbolga bo'lgan qiziqishni so'ndirib yuboryapti. Hattoki TVda ham o'yinlarni ko'rishga qiziqish yo'q. Surxondaryolik bo'lganim uchun avvallari “Surxon” ishtirokidagi safar o'yinlarini ham qoldirmasdim. O'z maydonimizda bo'lib o'tadigan o'yinlarni-ku aytmasangiz ham bo'laveradi. Tumanlardan odamlar “oqib” kelishardi. Stadionda o'tirish tugul, turib tomosha qilishga joy topa olmasdik. Qisqa qilib aytsak, ligada 12ta viloyatdan jamoa bo'lishi kerak.
Tahririyat: Albatta “Surxon” uchun achinamiz. Aynan shu viloyat tarbiyalagan futbolchilar evaziga “Neftchi” o'zining shonli davrini o'tkazgan. Bejizga yaqinda “Paxtakor” bu o'lkada o'z akademiyasi filialini ochmadi. Oliy ligada qatnashish istagi avvalo jamoaning o'zida bo'lishi va u rahbariyat oldida nomigagina emas, balki rostmana dastur asosida namoyon etilishi kerak. Avvallari ham oliy ligada hamma viloyatdan ham jamoa ishtirok etmagan. Lekin birinchi va ikkinchi ligalarning kuchli va shiddatli kurashlarga boy bo'lganligi uchun, muxlislar u qadar ham oliy ligaga o'ch bo'lmaganlar. Boisi oddiy, muxlis uchun yaxshi futbol kerak. Avvallari bizning birinchi ligamizda ham yaxshi futbol bo'lardi. Har bir viloyat jamolarini oliy ligada qatnashishi aniq bo'ladigan bo'lsa, u holda klublar o'z ustilarida ishlamay qo'yadilar.
(texnik sabablarga ko'ra, o'quvchining malumoti o'chib ketdi)
Avvalo Assalomu Alaykum, sayt xodimlari! Bu yangi boshlangan loyiha futbolimiz rivoji uchun tashlangan yana bir qadam bo'lsa ajab emas. Endi mavzu buyicha fikrimni bayon qilsam.
- Menimcha jamoalar sonini oshirish kerak emas. Nimagaki bizning oliy liga jamoalari orasidagi tafovut ancha sezilarli darajada farq qiladi. Bizning chempionatda chempionlik (medallar) uchun har yili ikki yoki uch jamoa kurashadi Deylik, bu yil jamolar soni 18 yoki 20ta bo'lsin, bu o'rinlarni qaysi jamoalar to'ldiradi. Menimcha bu yil oliy liga bilan xayrlashgan “Guliston” va “SHo'rtan” hamda 1-ligada kuchli beshlikka kirgan “Ko'qon-1912”, “Zarafshon”, “NBU-Osiyo” jamoalari bo'ladi. Bu jamoalar bilan oliy liga saviyasi oshadimi, medallar uchun kurash yanada keskinlashadimi yoki yangi iqtidorlar kashf qilinadimi? Barchasiga javob bitta: "YO'Q"! Aksincha, rasmiyatchilik uchun o'tkaziladigan o'yinlar ko'payadi, medallar uchun kurash osonlashadi. Balki, “Guliston” kabi qaysidir jamoa jiddiy maqsad bilan mavsumni boshlar, lekinyil oxirida moliyaviy qiyinchilik natijasida boshqa jamoalarga ochko ulashishga majbur bo'ladi. CHunki bu jamoalar tijorat tarafdan "0". Homiylar esa shunchaki bekordan bekorga mablag' ajratishmaydi. SHunday ekan, bunday klublar bilan oliy liga jamoalarining sonini oshirish kerak emas. Birinchi navbatda qaram bo'lmagan, o'zini o'zi qoplaydigan jamoalarni tashkil qilish kerak!
Yaxyobek Boymatov:
Avvalo oliy ligani isloh qilish kerak. Tartibga keltirib olsak, keyin jamoalarning soni o'z ahamiyatini yo'qotadi. CHunki o'z vaqtida oliy ligamizda 20tagacha jamoa qatnashgan. Taqvim, o'yinlarni o'tkazish, tashkilotchiliklarni yo'lga qo'yish kerak. Hozirgi kunda moliyaviy masalalar asosiy planga chiqqani uchun har kim ham oliy ligada qatnashishni qoyillatmayapti. Lekin 10-12 yil oldin ham moliyaviy masalalar ko'ngildagidek bo'lmagan, biroq jamoalarimizda tenglik bor edi. Kim g'alaba qozonishini oldindan aytib berish mushkul bo'lgan. Hozirgi kunda bunday intriga faqat 23-26-turlarga kelibgina paydo bo'lyapti. Ko'pchilik aytishi mumkin, bu jamoalarni o'yini endi ochilganda mavsum yakunlanyapti deb. Yo'k, qattiq adashamiz yoki o'zimizni o'zimiz aldaymiz. SHunday deb bunday intrigani sababchilari mavsum yakunida rahbariyatga qanday javob beraman deyishi, o'yinchilarni esa keyingi mavsum uchun poydevor qo'yib olishi uchungina o'yin qilinadi. Agar futbolchilarning moliyaviy muammolari bo'lmasa, 18-20ta jamoa o'ynasa ham muxlislarga yaxshi. Ishqibozning oliy ligaga bo'lgan qiziqishi hech qachon so'nmaydi, faqat o'yinlarni ish vaqtini hisobga olib rejalashtirish kerak. Agar ligada 10ta jamoani qoldirsag-u, klublarda mablag' bo'lmasa, bari-bir hech qachon intriga bo'lmaydi. O'shanda ham osilib koladigan jamoalarimiz bo'ladi. Jamoalar professionallikka o'tishga qo'rqishadi, boisi ularga tayyor mablag' kelib turibdi-da! Avvalo oliy liga saviyasini oshirishga jamolarimizning o'zlari harakat qilishi kerak.
Tahririyat: Bazi fikrlaringiz asosga ega, bazilari esa alamdan yozilgan. Oliy ligada o'yinlar soni haqiqatdan kam. Kuchli beshlikda ikkinchi davrada umuman boshqa futbol ko'rasiz. CHunki jamoalar 16-17 turdan keyin eng yuqori cho'qqiga chiqadilar. Bizda o'yinlar soni kam, endi qizidim deganda uzoq muddatli tanaffus yoki chempionat yakuniga etayotgan bo'ladi. Moliya borasida hozir avvalgisidan ancha zo'r. Deyarli “remont” bo'lmagan yoki yangi stadionga ega bo'lmagan klub qolmadi. Lekin klublarning aybi shunda bo'lyapti-ki, berilgan pullarni orqavarotga qaramay ishlatib yuborishyapti. Manaman degan futbolchilarimiz ham avvallari arzimagan pul uchun o'ynardilar. PFL UEFA kabi moliyaviy feyr pleyni yo'lga qo'yishi kerak. Bazi klublarning futbolchi uchun berayotgan puli uning saviyasi darajasida emas. Agar pul to'g'ri yo'naltirilganida, bugungi kundagi moliyaviy holati bilan ham ancha-muncha ishlarni amalga oshirish mumkin.
Musofir:
O'zbek futbolini rivojlantirish uchun eng avvalo kelishilgan o'yinlarga barham berish shart. CHunki har qancha istedodli futbolchi kelishilgan o'yinda o'ynasa sinib boraveradi.
Demak:
1. Klublar soni haqida. Gap sonda emas, klublarning moddiy texnik bazasi mustaham bo'lishi kerak. PFL talabni faqat mavsum arafasida emas, yil davomida qattiqqo'llik qilib bazi iltimoslarga rad javobini berishi kerak. 1-davra yakunlanmasdan klublar futbolchi va murabbiylar bilan maosh borasida kelisha olmay O'FFga arz qilsa, bu nimasi? Avvalo oliy ligada qatnashuvchi klublarga moddiy taraflama talabni qatiy qo'yish kerak. SHaxsiy fikrimga ko'ra, klublar futbolchilar maoshining eng kamida 3 oyligini PFLga o'tkazib bersa va PFL tarafidan futbolchilarga berib borilsa. CHunki futbolchi biladiki, PFLda maoshi turibdi, xayoli faqat o'yinda bo'ladi. Xullas 1-masala moddiy kafolatni puxta qilish.
2. Oliy ligadan 1-ligaga tushadigan jamoa 2ta emas 3ta bo'lishi kerak. 1-ligada ham katta islohot qilish lozim. 1-liga o'yinlarida futbolchilarning kamida 3-4tasi 30 yoshdan kichik bo'lishi shart. 1-ligada farm-klublar qatnashishini taqiqlash kerak. 1-ligadan tushadigan jamoalar soni 4ta bo'lsin. 4ta jamoani o'rnini to'ldirish uchun 2-ligani, yani, mintaqaviy ligani tashkil qilish kerak. Hozirgi 2-ligani, 3-ligaga aylantirib unda 28 yoshdan kattalar o'ynashini taqiqlash kerak. Mintaqa ligasida o'ynaydigan jamoalarga xuddi oliy va 1-ligadagidek moddiy kafolatni jiddiy ravishda qo'yish shart. Darvoqe, oliy ligadagi yoshlar ligasining faqat nomi yoshlar ligasi bo'lmasdan, amalda ham yoshlar o'ynasin. 23 yoshdan katta futbolchilardan faqatgina 3 nafari o'ynashi kerak. Oliy liga jamoalarida bir vaqtning o'zida 23 yoshgacha bo'lgan futbolchilardan 3 nafari maydonga tushsin. Mamlakatimizda 1-2-3-ligalar tashkil etilsa, 1-ligadan oliy ligaga chiqib yarmiga bormasdan musobaqani tark etishni ko'zlashlar bo'lmasdi. Har bir liganing o'ziga yarasha sarf-xarajati bo'ladi va oliy ligaga chiqadigan jamoa sarf-xarajatini hisoblab, moslashib boraveradi. Eng asosiy muammolardan biri, bu futbolchining jarohat olib bir umr futboldan tashqarida qolganidagi holatlar. Futbolchi jarohat olgach na klub, na boshqalarga keraksiz bo'lib qoladi. Futbolchilar ittifoqi yoki futbolchilar uyushmasini tashkil qilib ularning haq-huquqini himoya qilish kerak. Klubdan chetlashtirilsa tovon puli va jarohat olsa davolashni o'z bo'yniga olsin. Sog'ligida klub uchun o'ynasa-yu, jarohatdan keyin tashlandiq bo'lib qolsa, u kimga murojaat qilsin?
Alisher Roziqov:
Oliy liga jamoalari sonini oshirish orqali bu holat ijobiy tomonga o'zgarishi mumkin. Lekin degan joyi ham bor albatta. Yani, oliy ligaga qo'shilgan yangi jamoalar "voy, biz keyingi turda “Bunyodkor” yoki “Paxtakor” bilan o'ynarkanmiz, qo'yaver yutqazishimiz tayin-ku", deya hozirdan taslim bo'lsa, bunday jamoalarning boridan yo'g'i yaxshi. Xo'sh, bunday jamoalarni oliy ligaga qo'shishdan qanday naf? "Yigitlar qo'ldan kelgancha o'ynanglar, u jamoa ancha kuchli, ko'p gol o'tkazib yubormasak bo'lgani", - deydigan murabbiy va rahbarlardan yana nima kutish mumkin. Axir har bitta jamoa g'alabani maqsad qilib maydonga tushmaydimi? Agar mana shunday jamoalar oliy ligamizda o'ynaydigan bo'lsa, chempionatimiz orqaga ketaverishda davom etadi. Balki siz toshkentliklar, Toshkent jamoalariga muxlislik qiladi deb o'ylarsiz? Agar shunday o'ylasangiz xato qilasiz. Biz kashfiyotchi jamoalarni doim intizorlik bilan kutamiz. Masalan, “Nasaf” va “Olmaliq”. Ular futbolchilarni ham kashf qildilar. Zafar Polvonov bunga misol. Bu yozgan fikrlarimdan har kim o'ziga kerakli xulosalarni chiqarib oladi. Joriy mavsum “Mashal” hamda “Andijon” oliy liga yo'llanmasini qo'lga kiritdi. Menimcha, bu jamoalarni kuchlilar safiga chiqishiga hech kim shubha qilmagan. O'zi tushib ketgan jamoa yana qaytib kelishiga o'rganib ham qoldik.

Fikrlar