O'zgarayotgan "Metallurg" (tahlil)
19 okt 2023 14:03
Yangiliklar
O'zgarayotgan "Metallurg" (tahlil)
Hamma "Paxtakor", "Navbahor", vodiy klublarini gapirayotganda, so'nggi 10ta o'yinda ulardan yaxshi natija qayd etayotgan jamoa haqida gapirmasak, adolat qilmagan bo'lamiz.
So'nggi 10ta o'yinda hammadan ko'p ochko jamg'ardi
"Metallurg" mavsumning ikkinchi qismida faqat bitta o'yinda mag'lubiyatga uchradi ("Paxtakor" 0:1). So'nggi 10ta o'yinda bekobodliklar liganing 13ta jamoasidan yaxshi natija qayd etdi va 18 ochko jamg'ardi. Mazkur formatdagi jadvalda ular peshqadam bo'lib turibdi. O'z maydonida kechgan ketma-ket 5ta o'yinda mag'lubiyatga uchragani yo'q. "Metallurg" so'nggi bor 15 may kuni mezbon sifatida "Nasaf"ga mag'lub bo'lgan (1:2).
Jamoa nomi | O'yinlar | To'plar nisbati | Ochko |
Metallurg | 10 | 16:9 | 18 |
Neftchi | 10 | 9:5 | 17 |
Paxtakor | 10 | 12:9 | 16 |
OKMK | 10 | 17:16 | 16 |
Andijon | 10 | 8:7 | 16 |
Navbahor | 10 | 15:8 | 15 |
Nasaf | 10 | 9:6 | 15 |
Surxon | 10 | 10:9 | 15 |
Qizilqum | 10 | 14:15 | 11 |
Bunyodkor | 10 | 10:14 | 11 |
So'g'diyona | 10 | 14:18 | 9 |
Turon | 10 | 8:16 | 9 |
Buxoro | 10 | 7:17 | 7 |
Olimpik | 10 | 11:17 | 6 |
Ikkinchi davradagi selekciya
"Metallurg" ikkinchi davrada mavsum boshiga qaraganda sifatli transferlarni amalga oshirdi. Danial Mahini va Rizo Yazdando'st, Sardor Abduraimov, SHahzod Ubaydullaev barcha futbolchilar o'zini oqlamoqda. Eronlik himoyachi Rizo "Metallurg" himoyasining asosiy figurasiga aylandi. Standart vaziyatlarda, 3 himoyachi taktikasida Rizo katta ishni bajaryapti. Futbolchi 7ta o'yinda maydonga tushdi, 1ta gol, 1ta assist qayd etdi. Danial Mahini har bir o'yinda o'rtacha 85 daqiqa harakat qilyapti. Sardor Abduraimov ishonchli harakat qilayotganini aytish mumkin. U jamoadoshlarining 2ta goliga assistenlik qildi. SHahzod Ubaydullaev so'nggi 3ta o'yinda 4ta gol urdi. U so'nggi bor 2020 yil "Metallurg" safida Superligada bunday sermahsullik qayd etgandi.
Zabihillo O'rinboev faoliyatidagi eng yaxshi mavsum
To'g'risini aytaman, avvalgi yillarda Zabihillo O'rinboevni gol urmayotgan hujumchilar qatoriga ko'p bor kiritganman. Lekin joriy yilga kelib Steshevich uning yangi qirralarini ochdi, deyish mumkin. Aksariyat o'yinlarda yaqqol hujumchi vazifasidan tashqari hujumchi ortida ham funkciyasini o'zgartirgan holda o'ynamoqda. Bu mavsumda Zabihillo 21ta o'yinda 7ta gol urdi va faoliyatidagi bir mavsumdagi eng ko'p golni urdi. Quyida uning so'nggi yillardagi statistikasi
2023 yil. 21ta o'yin 7ta gol
2022 yil. 25ta o'yin 3ta gol
2021 yil. 22ta o'yin 1ta gol
2020 yil. 23ta o'yin 3ta gol
2018 yil. 18ta o'yin 2ta gol
Vesko Steshevich Zabihillo O'rinboev haqida shunday deydi:- "Zabihillo O'rinboev "Metallurg" futbolchisi ekanidan xursandman. U inson va futbolchi sifatida o'zini yaxshi tomondan namoyish etmoqda. Zabihillo oxirigacha kurashadi. O'rinboev shu ruhda davom etsa, kelajakda yanada ko'proq gol urishi mumkin. Uning o'yinida hech narsani o'zgartirmadim. Uning o'zi o'zgardi. Zabihillo shunchaki ko'rsatmalarimizni bajarmoqda"
"Metallurg"ning Superligadagi raqiblari
Ayni paytda bekobodliklar turnir jadvalida 9 o'rinda ketmoqda. Jamoa Superligadan tushib ketish zonasidan uzoqda. Lekin bu bo'shashish kerakligini anglatmaydi. Bir pog'ona pastdagi "So'g'diyona"dan 3, "Olimpik" (2ta zaxira o'yini bor) 6 ochko oldinda. Turnir jadvali o'rtasida yakunlash uchun esa "Bunyodkor" va "Surxon"ni quvib o'tishi kerak. Lekin ungacha Qarshida "Nasaf" imtixoni bor.
22-tur. "Metallurg" - "Buxoro"
23-tur. "Nasaf" - "Metallurg"
24-tur. "Metallurg" - "Surxon"
25-tur. "Bunyodkor" - "Metallurg"
26-tur. "Metallurg" - "Olimpik"
Akademiya samarasi
"Metallurg" o'rinbosarlar jamoasi so'nggi ikki mavsumda sovrindorlar qatoridan joy olishga harakat qilib ko'rdi. Ayni paytda U-21 chempionatida bekobodlik yoshlar 3-o'rindagi "Olimpik" bilan bir xil 39 ochko to'plagan holda 4-o'rinda ketmoqda. 2020 yil o'rinbosarlar chempionatida chempionlikni qo'lga kiritishdi. U-19 chempionatida bu yil katta "Metallurg"da katta o'sish kuzatildi. Jamoa ayni paytda turnir jadvalida 2-o'rinda ketmoqda. O'tgan yili mavsumni 15-o'rinda tugatgandi. 3-4 yildan so'ng "Metallurg" xuddi "Nasaf" kabi jamoaga aylansa hech gap emas.
Fikrlar