O'zbekiston MTJ hisobot topshirdi, Eron va Urugvay bilan yoshartirilgan tarkibda harakat qilamiz
05 apr 2018 14:24
Yangiliklar
O'zbekiston MTJ hisobot topshirdi, Eron va Urugvay bilan yoshartirilgan tarkibda harakat qilamiz
Asosan yosh futbolchilardan tarkib topgan milliy terma jamoa 19 mart kuni Toshkentda yig'inga kirdi. Poytaxtdagi mashg'ulotlardan so'ng, Temur Kapadze va murabbiylar kengashi azolari boshchiligidagi milliy terma jamoa o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazish uchun Marokashga jo'nab ketdi.
O'zbekiston va Marokashda bo'lib o'tgan yig'in davomida 24 futbolchi 7 ta jismoniy, 5 ta nazariy mashg'ulotlarda ishtirok etib, 2018 yilgi jahon chempionatining ishtirokchisi bo'lgan Senegal va Marokash terma jamoalari bilan xalqaro o'rtoqlik uchrashuvida ishtirok etdi.
Birinchi o'yin 23 mart kuni Kasablankada Afrika qitasidagi saralash musobaqasida eng ko'p ochko yiqqan jamoa - Senegalga qarshi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston terma jamoasi g'alabani qo'ldan boy berdi va 1-1 hisobida durang o'ynadi.
5 kun o'tib, O'zbekiston terma jamoasi oxirgi 13 ta o'yinda biror marta ham mag'lubiyatga uchramagan Marokash terma jamoasi bilan o'ynadi. O'zbekiston terma jamoasi yoshlari uchun ulkan tajriba maktabini o'tab bergan o'yinda Marokash 2-0 hisobida ustun keldi.
O'zbekiston terma jamoasini boshqarish vakolatiga ega bo'lgan murabbiylar kengashi azolari bo'lib o'tgan mashg'ulotlar va o'rtoqlik uchrashuvlarida jamoa oldiga 3 ta asosiy vazifani qo'ydi.
Birinchisi, jamoa tarkibini yoshartirish tamoyillariga rioya qilgan holda jismonan baquvvat bo'lgan kuchli jamoalarga qarshi o'yinlar uchun mos taktik sxemani aniqlab olishdan iborat bo'ldi. Bu ish uddalansa, terma jamoa yoshlarining o'ziga bo'lgan ishonchi ortar, to'p nazorati va hujumga o'tish salohiyati o'sishi kutilgan edi.
Ikkinchisi esa, futbolchilarning kuch va salohiyati borasida hech kimdan kam emasligini ularning tafakkuriga singdirish va har qanday jamoa bilan o'ynash mumkinligini uqtirishdan iborat bo'ldi. Bu eng avvalo raqibdan cho'chib o'yinni boshlash, hujumga o'tish va oldinga tashlanishdagi dadillik darajasini ko'tarish uchun o'ylab chiqilgan edi.
Uchinchisi, 24 nafar futbolchilarning bugungi kungi funkcional tayyorgarligini maksimum darajada sinovdan o'tkazish edi. Bu esa o'zagi Osiyo o'yinlarida ishtirok etadigan milliy terma jamoa ro'yxatining doimiy ravishda yangilanib borishi va jamoadagi raqobatni o'stirishga qaratilgan edi.
“Senegalga qarshi o'yinda terma jamoa futbolchilari qo'yilgan vazifalarni maksimum darajada bajarishga harakat qilishdi va bu narsa qayd etilgan natijada ham aks etdi. Tan olish kerak, himoya chizig'ida ham, hujumda ham o'yinni tashkil qilishda qilinishi kerak bo'lgan ishlarning ko'pligi sezilib turdi, biroq yakunda jamoa o'z oldiga qo'ygan vazifani uddaladi”, - deb xulosa qiladi Murabbiylar kengashi.
Kengash Marokashga qarshi uchrashuvda futbolchilar o'z oldiga qo'yilgan vazifalarni bajara olmadilar deb hisobladi. “Birinchidan, tarkibda yangi va yosh futbolchilar maydonga tushdi. Ular o'yin boshlarida o'zlarini biroz yo'qotib qo'ydilar va 3-daqiqadayoq gol o'tkazib yubordilar”, - deb yoziladi hisobotda. Murabbiylar kengashining fikriga ko'ra, Marokashga qarshi o'yinda maydon markazida to'p bilan va to'psiz o'yinda qaror qabul qilishning kechikishi natijasida juda ko'p holatlarda kurash boy berildi. Tanaffusdan keyin jamoa biroz o'ziga keldi va O'zbekiston yoshlarining o'yinida nostandart harakatlar, kutilmagan fint va zarbalar ko'zga tashlana boshlandi. “Ikkinchi gol bo'lmaganida, jamoa durang uchun yaxshi harakat qildi. Ammo, ularning motivaciyasini ikkinchi gol o'zgartirib yubordi. SHu nuqtai-nazardan olib qaralganda, bunday vaziyatlarda jamoaga cho'kmaslikni o'rgatish borasida amaliy ishlar qilinishi kerak”, - deyiladi hisobotda.
Yig'in tugagach terma jamoalar boshqarmasi va murabbiylar kengashi o'yinni to'liqligicha taxlil qilib chiqdi va amalga oshirilishi kerak bo'lgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdi. Har bir futbolchiga o'zi o'ynaydigan klubda shug'ullanishida rioya qilinishi kerak bo'lgan individual tayyorgarlik dasturi berildi. Ular esa may oyidagi yangi yig'ingacha monitoring qilib boriladi.
Malumot o'rnida aytib o'tish kerakki, O'FA terma jamoalar boshqarmasining ish rejasida 19 mayda safarda Eron, 7 iyun kuni safarda Urugvay terma jamoalariga qarshi o'rtoqlik uchrashuvlari va o'quv-mashg'ulot yig'inlari bor.
Mazkur uchrashuvlardagi asosiy maqsad – milliy terma jamoani yoshartirish va uning o'zagini Osiyo o'yinlarida ishtirok etadigan yosh futbolchilar bilan to'ldirishdan iboratdir. SHu sababli ham may va iyun oyidagi jahon chempionatining navbatdagi ikki ishtirokchisiga qarshi o'yinlarda milliy terma jamoa yoshartirilgan tarkibda harakat qiladi.
Fikrlar