So’nggi yangiliklar

00:50Ўзбекистон олимпия терма жамоаси Франция клубини йирик ҳисобда таслим қилди  6 00:40Колумбия футбол федерацияси президенти финал вақтида муштлашувда иштирок этди ва ҳибсга олинди  1 23:31Ўртоқлик ўйини. "Манчестер Юнайтед" Норвегия клубига мағлуб бўлди  9 23:24Бардаги муштлашувдан сўнг "Навбаҳор" собиқ бош мураббийини боши ёрилди  8 22:58FC 25 Ultimate муқовасида бирданига 5 нафар юлдуз бўлади  2 21:41Месси бу ишни тарихда биринчи бўлиб уддалади  8 21:05FourFourTwo энг яхши англиялик мураббийлар рўйхатини тузди, Саутгейт 2-ўринда  3 20:22Шакири Швейцария терма жамоасидаги фаолиятини якунлади  6 20:20"Русенборг" - "Манчестер Юнайтед". "Қизил иблислар" таркиби эълон қилинди  6 19:59"Челси" янги уй либосини намойиш қилди  9 19:37Расмий хабар: "Навбаҳор" ва "Динамо" собиқ футболчиси фаолиятини "Сурхон"да давом эттиради  7 19:20"Рома" таркибни Австралия терма жамоаси дарвозабони билан бойитмоқчи  0 18:58Расман: МЮ ҳимоячиси "Вильярреал"га ўтди  0 18:35Эшитдик-да! Олимпиадага борадиган футболчи "Бунёдкор"га ўтмоқда  6 18:28Рўзиқул Бердиев: "Яхши спорт формага кириб олиш учун астойдил меҳнат қилишимиз керак"  24

Otabek Zokirov: "O'yinimga hozircha 4 baho qo'yaman" Yangiliklar

Otabek Zokirov: "O'yinimga hozircha 4 baho qo'yaman"

14-turning qiziqarli o'yinlaridan birida Dinamo o'z maydonida Andijon jamoasini qabul qilib muhim g'alabaga erishdi.
Dinamoning mavsumdagi kashfiyot futbolchilaridan biriga aylangan Otabek Zokirov g'alaba to'pini kiritib, tur qahramonlaridan biriga aylandi. Muvaffaqiyatli o'yindan so'ng futbolchidan intervyu oldik.

OLIY LIGADAGI DEBYUTIM HAM SAMARQANDDA BO'LGAN

- Otabek, dastavval, futbolga kirib kelishingiz haqida gapirib bersangiz?

- Bolalagimdan futbolga juda qiziqqanim bois, akalarim ortidan qolmay kuni bilan to'p tepardik. Futbolga bo'lgan mehrim meni Marg'ilon futbol maktabiga etaklagan. Ushbu maskanda birinchi murabbiyim Murodjon Abduroziqov qo'l ostida futbolning dastlabki sir-asrorlarini o'rgandim.

2011 yilda esa murabbiylarimiz bizni viloyatimiz bosh jamoasi Neftchida ko'rikdan o'tkazish uchun olib borishgandi. O'yinlarimizni ko'rgan Neftchi bosh murabbiyi Yuriy Vazgenovich Sarkisyan jamoaga taklif etib, uch yillik shartnoma imzolagandik.

- Oliy Ligada dastlabki o'yiningizni ham eslay olasizmi?
- Albatta. Dastlab Neftchi safida o'rinbosarlar safida o'zimizni ko'rsatishga erishganimizdan keyin, Yuriy Sarkisyan asosiy tarkibga jalb etgandi. Qizig'i, Oliy Ligadagi birinchi o'yinimni 2012 yilda Samarqandda o'tkazganman. Dinamoga 2:0 hisobida yutqazagan o'yinimizda Neftchi safida Oliy Ligada ilk marta maydonga tushgandim.

- Neftchi safini tark etishingizga nima sabab bo'ldi?
- Jamoani Yuriy Sarkisyan tark etgach, ko'p o'zgarishlar bo'lib ketdi. Dastlab Amet Mamet, keyin Murod Ismoilov qo'l ostida harakat qildim. 2014 yilgi mavsumdan so'ng esa jamoani tark etishga qaror qildim. O'sishim uchun ko'proq o'yin amaliyoti kerak edi.



YANADA O'SISH UCHUN BUNYODKORNI EMAS, DINAMONI TANLADIM

- Dinamo jamoasiga kelishingiz qanday ro'y berdi?

- Farg'onani tark etgach, Bunyodkorda maslahatchi murabbiy bo'lib ishlayotgan sobiq murabbiyim Yuriy Sarkisyan Bunyodkorga taklif etdi. Ko'rik o'yinidan so'ng Sergey Lushan jamoasi bilan ikki yillik shartnoma imzoladim. Jamoa tarkibi ancha kuchli edi. Yig'inlar davomida o'yinimni Dinamo bosh murabbiyi Tachmurod Agamurodov kuzatib borgan ekan, Dinamoga taklif qildi. SHamakovich o'yin amaliyotiga ega bo'lishimga vada bergandi. SHunda Bunyodkorda zaxirada o'tirishdan ko'ra, yanada o'sish uchun Dinamoni tanladim. Bunyodkordagilar ham menga o'yin amaliyoti kerakligini tushunishgach, shartnomani bekor qilib, Dinamoga qo'yib yuborishdi. Jamoada Neftchidagi do'stim Pavel Smolyachenko ham borligi uchun tarkibga tezda kirishib ketdim.

- Dinamoga o'tishingizdan oldin Yuriy Sarkisyan bilan maslahatlashdingizmi?

- Albatta. Yuriy Vazgenovichning o'zi ham yoshsan, hozirgi holatda o'yin amaliyotiga ega bo'lib, ko'proq ishlashing va o'sishing kerak, deb Dinamoga borishimni maslahat bergandi.

O'YINIMGA HOZIRCHA 4 BAHO QO'YAMAN

- Joriy mavsumdagi Samarqanddagi faoliyatingiz haqida nima deya olasiz?

- Jamoa tarkibi yangiligi uchun futbolchilar bir-birini tushunib ketishi uchun vaqt kerak bo'ldi. Aksariyat o'yinlarda g'alabaga erishgan bo'lsak, ayrim bahslarda omad bizdan yuz o'girdi. Biz har o'yinda stadionimizga yig'ilayotgan minglab muxlislarimizni quvontirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solayapmiz. Har qanday holatda Dinamoni qo'llab-quvvatlayotgan samarqandlik muxlislardan minnatdormiz.

- Andijon darvozasiga kiritgan g'alaba golingiz mavsumdagi uchinchisi bo'ldi. Birinchi davradagi o'yiningizni necha bahoga baholardingiz?

- Birinchi davrada ko'rsatgan o'yinimdan to'la qoniqdim deya olmayman. O'yinimni yanada yaxshilab, yana ko'p gollar bilan jamoamga foyda keltira olishimga ishonaman. Aslida o'yinimga muxlis va mutaxassislar baho bergani maqul. SHaxsan o'zim harakatlarimni 5 ballik tizimda 4 bahoga loyiq deb bilaman.

- Sizni hujumkor qanot yarimhimoyachisi sifatida bilardik. So'nggi o'yinlarda esa asosan hujumda ko'rayapmiz. Bu noqulaylik tug'dirmayaptimi?

- Yo'q, bosh murabbiyimiz qaysi chiziqda qo'ysa o'sha erda o'ynashga tayyorman. Eng asosiysi jamoamga foydam ko'proq tegsa bo'ldi. SHu bilan birga Tachmurod Agamurodovdek murabbiy qo'l ostida yanada ko'proq narsani o'rganishim kerak.



ANVAR BERDIEV VA AKMAL XOLMATOVGA HAVAS QILAMAN


- Birinchi davradagi eng esda qolarli o'yin qaysi bo'ldi?
- 13-turda Qarshida Nasafga qarshi to'p surgan o'yinimiz juda og'iri bo'ldi. Issiqda maydonda to'p surish mashaqqat edi. Garcha kichik hisobda mag'lub bo'lgan bo'lsakda, eng yaxshi o'yinlarimizni Lokomotiv, Bunyodkor, Paxtakorga qarshi o'tkazdik. Eng alamlisi esa Qizilqum bilan o'yin bo'ldi. Bir kishi kam bo'lib 2:0 hisobida yutayotib, so'nggi soniyalarda ikkita to'p o'tkazib yubordik.

- Birinchi davrada qaysi jamoadoshingizni etirof etgan bo'lardingiz?

- Tajribali futbolchilar – Aziz Ibragimov, Nikolay CHipev, Avaz Agalievlar yaxshi o'yin ko'rsatishdi. Kerak paytda maslahat ham berib turishadi.

- Oliy Ligada-chi?
- Fikrimcha, Qizilqum hujumchisi Bahriddin Vahobov eng yaxshi futbolchi bo'ldi. Urayotgan gollari bunga misol.

- SHaxsan siz chempionatimizdagi siz qaysi futbolchilarga havas qilasiz?
- Neftchida birga to'p surgan sobiq jamoadoshlarim Anvar Berdiev, Akmal Xolmatovlarga juda havas qilaman. Gol urish, o'yin borasida ular o'z ishining ustasi. Ulardan juda ko'p narsa o'rganganman, maslahatlar berishgan. Vaqti kelib ushbu futbolchilarga o'xshashni istardim.

- Sobiq jamoangiz Neftchining natijalari haqida qanday fikrdasiz?

- Sobiq jamoam barchani xursand qilayotgani quvonarli. Farg'onada yaxshi shakllangan jamoa tashkil qilingan. Yangi stadionda Neftchi ko'tarinki kayfiyatda to'p surib, peshqadamlar qatorida bormoqda. Neftchi jamoasining muxlisi sifatida natijalardan xursand bo'layapman.

- Vaqti kelib Neftchiga qaytishni istasangiz kerak?
- Yashirmayman, shunday niyatim bor, albatta. Farg'onalikman, Neftchining muxlisi edim, ushbu klubda o'sib-ulg'aydim. Nasib qilgan vaqtda Neftchiga qaytib, jamoa sharafini yana himoya qilaman.

- Reja va orzularingiz?
- Eng katta orzuim O'zbekiston milliy terma jamoasida to'p surib, mamlakatimiz shanini jahon maydonlarida munosib himoya qilish. Buning uchun tinmay mehnat qilib, yaxshi o'yinlar ko'rsatib, o'sishda davom etishim shart.

Usmon IBODOV suhbatlashdi.


Malumotnoma:

Otabek ZOKIROV
1992 yil 11 oktyabr kuni Farg'onada tug'ilgan.
Ampluasi
: yarim himoyachi
Faoliyati: Neftchi (2011-2014)
Dinamo (2015 yildan…)
Xobbisi: suzish va stol tennisi.
Sevimli klubi: Real Madrid
Kumiri: Ronaldu.
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика