Oliy liga. 9-tur ramziy terma jamoasi
07 may 2017 15:37
Yangiliklar
Oliy liga. 9-tur ramziy terma jamoasi
"So'g'diyona" bu turni o'z maydonida "Mashal"ga qarshi o'tkazdi. Davron Fayziev shogirdlari raqibni yirik hisobda taslim qilishga erishishdi. Bunda jamoa darvozaboni SHoxrux Eshbo'taevning xissasi katta bo'ldi. Posbon muborakliklarning bir qator zarblarini qaytarishga erishdi va o'z darvozasi dahlsizligini saqlab qoldi. Eshbo'taev haqli ravishda ramziy terma jamoamizdan o'rin oldi.
"Olmaliq" ushbu turda "Dinamo" ustidan 2:0 hisobida g'alabaga erishdi. Bu uchrashuvda olmaliqliklarning legioner himoyachisi Vladislav Kasminin ancha faol o'ynadi. Himoyada ishonchli o'ynashdan tashqari hujumga o'tib sheriklariga yordam berib turdi. Kasminin Murzoev gol urgan vaziyatda to'p etkazib berganini aytib o'tish lozim.
"Obod" o'z maydonida Navoiyning "Qizilqum" klubi bilan o'ynadi. Uchrashuvda 1:1 hisobi qayd etildi. Toshkent klubi safida himoyachi Anvar G'ofurov yaxshi o'ynadi. Raqibning hujumlarini qaytarishda G'ofurov faol bo'ldi.
"Mashal" yirik hisobda mag'lub etilganida Eshbo'taev bilan birga himoyachi Elyor Oripov ham faol harakat qildi. Himoyachi o'yinda yaxshi harakat qildi va hujumlarni to'xtatishda havodagi kurashlarda raqiblarga deyarli imkoniyat bermadi.
"Nasaf" Farg'onaning "Neftchi" klubini mag'lub etilishida tajribali Akmal SHorahmedovning xizmatlari katta bo'ldi. Qanot himoyachisi o'z qanotida yaxshi o'ynab hujumlarga o'tib turdi.
"Navbahor" oliy liga amaldagi chempioni "Lokomotiv" bilan 2:2 hisobida durang o'ynashga erishdi. SHu kuni namanganliklar safida yarim himoyachi Azizbek Turg'unboev juda tezkor harakatlari bilan boshqalardan ajralib turdi. Bundan tashqari aynan Turg'unboevning goli "Navbahor"ni mag'lubiyatdan qutqarib qoldi.
Qarshining "Nasaf" klubi yarim himoyachisi Bahrom Abdurahimov turning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo'ldi. U "Neftchi"ga qarshi bahsda o'z hisobiga 2ta gol yozib qo'yishga erishdi va jamoasiga g'alaba keltirdi.
"Metallurg" bu tur Toshkentda "Bunyodkor" bilan 1:1 hisobida durang o'ynadi. Bahsda bekobodliklar safida bir qator o'yinchilar faol harakat qilishdi. Ulardan Alisher Ziyovuddinov ajralib turdi va buning ustiga aynan u "qaldirg'ochlar" darvozasini ishg'ol qilishga muvaffaq bo'ldi.
CHempionatimiz to'purari Namangandagi o'yinda ham faol bo'ldi. U dastlab Sardor Mirzaevga golli pas oshirdi, so'ngra o'zi raqib darvozasiga gol urishga muvaffaq bo'ldi. Bikmaev to'rtinchi marta ramziy terma jamoadan o'rin oldi.
"Buxoro" bu turda "SHo'rtan"ni taslim qilishga erishdi. Mezbonlar safida Ivan Nagaev hujumda effektiv o'ynay oldi. U penaltidan gol urishga erishdi va Gadoevga golli pas oshirdi.
"Qo'qon-1912" o'z muxlislari qarshisida "Paxtakor" bilan durang o'ynadi. Ushbu bahsda tajribali hujumchi Nosirbek Otaqo'ziev ramziy termaga loyiq o'yin ko'rsata oldi. Otaqo'ziev hisobni ochishga erishdi va yana bir qator vaziyatlarga ega bo'ldi. Faqat hujumda emas yarim himoyachilarga yordam berib turgan futbolchi jamoasining ochko olishiga yordam berdi.
Championat.asia talqiniga ko'ra 9-tur ramziy terma jamoasi:
Darvozabon
SHoxrux Eshbo'taev ("So'g'diyona")
Himoyachilar
Vladimir Kasminin ("Olmaliq") (3-marta ramziy terma jamoada)
Anvar G'ofurov ("Obod")
Elyor Oripov ("So'g'diyona")
Akmal SHorahmedov ("Nasaf")
Yarim himoyachilar
Azizbek Turg'unboev ("Navbahor")
Bahrom Abdurahimov ("Nasaf") (2)
Alisher Ziyovutdinov ("Metallurg")
Hujumchilar
Marat Bikmaev ("Lokomotiv") (4)
Nosir Otaqo'ziev ("Qo'qon-1912") (2)
Ivan Nagaev ("Buxoro") (2)
Fikrlar