Oliy liga. 2-tur ramziy terma jamoasi
11 mar 2017 13:00
Yangiliklar
Oliy liga. 2-tur ramziy terma jamoasi
Darvozani "Mashal" posboni Javohir Ilyosovga ishonib topshirdi. Yosh posbon "Metallurg" bilan bahsda ko'p bor jamoasi joniga oro kirdi. Ikkinchi bo'limda Dilmurod Karimov tomonidan amalga oshirilgan penaltini ham qaytargan Ilyosov tur qahramonlaridan biri bo'ldi.
"Neftchi" - "Paxtakor" o'rtasidagi 51-uchrashuvga kelib ilk bor bahs 0:0 hisobida yakuniga etdi. Bunda ikkala jamoa himoyachilarining xissasi katta bo'ldi. Mezbonlar safida legioner Sergey Koncevoy, mehmonlardan Davron Hoshimov raqibning hujumlarini qaytarishda jonbozlik ko'rsatishdi. Ularning ikkisi ham ramziy terma jamoamizdan o'rin olishdi.
Ilk turda yutqazib qo'ygan "Olmaliq" ikkinchi turda o'z uyida vice-chempion "Bunyodkor"ga qarshi o'ynadi. Bu uchrashuvda ham Farg'onadagi kabi hisob ochilmadi. Tajribali SHavkat Mullajonov "qaldirg'ochlar"ning hujumlariga qarshi turib berdi.
"Obod" o'z uyidagi ilk bahsda "Qo'qon-1912" bilan durang o'ynadi. Mazkur o'yinda maydon egalari tarkibida qanot himoyachisi Sardor Qahhorov o'zining faol harakatlari bilan ajralib turdi.
"Lokomotiv" bu turda o'z uyida "So'g'diyona"ni yirik hisobda mag'lub etdi. Bu bahsda gol urmagan bo'lsa ham Sardor Mirzaev juda faol harakat qilganini barcha ko'rdi. Biz Mirzaevni ramziy termaga loyiq deb topdik.
"Qizilqum" o'z muxlislari qarshisida mavsumdagi ilk g'alabani qo'lga kiritdi. Ushbu g'alabada jamoa yarim himoyachisi Ilhom Yunusovning xissasi juda katta bo'ldi. Birinchi taymda tinib-tinchimagan Yunusov ikkinchi bo'limda boshi bilan gol urib jamoasiga 3 ochko keltirdi.
Sensacion tarzda musobaqa peshqadami bo'lib turgan "Dinamo"ning g'alabalarida Akmal Bozorovning xissasi juda ham katta. Bozorov birinchi turda ham, ikkinchi turda ham o'z hisobiga bittadan gol yozib qo'yishga erishdi. "SHo'rtan" bilan o'yinda Bozorov tayanch yarim himoyada raqiblarga umuman imkoniyat bermadi.
"Nasaf" mavsumdagi ikkinchi g'alabasini G'uzorda "Buxoro" ustidan qo'lga kiritdi. Mazkur o'yinda Dragan CHeranga golli pas uzatgan SHahboz Erkinovni ramziy terma jamoaga qo'shdik. Erkinov ketma-ket ikkinchi tur CHeranga gol urish uchun pas bergani diqqatga sazovor.
"Qo'qon-1912" bu mavsumdagi ilk ochkosini Toshkentda "Obod"ga qarshi bahsda qo'lga kiritdi. Jamoaning legioner hujumchisi Filip Rayevac ilk bor asosiy tarkibda maydonga tushib o'z hisobiga gol yozib qo'yishga erishdi.
"Mashal" hujumchisi Zohir Qo'ziboev nihoyat gol urdi. Bekobodning "Metallurg" klubi bilan bahsda bugun o'z tug'ilgan kunini nishonlayotgan Zohir Qo'ziboev kecha to'p kiritib "Mashal"ga mavsumdagi dastlabki g'alabani taqdim etdi.
Championat.asia talqiniga ko'ra oliy liganing 2-tur ramziy terma jamoasi:
Darvozabon
Javohir Ilyosov "Mashal"
Himoyachilar
Sergey Koncevoy "Neftchi"
Davron Hoshimov "Paxtakor"
SHavkat Mullajonov "Olmaliq"
Sardor Qahhorov "Obod"
Yarim himoyachilar
Sardor Mirzaev "Lokomotiv"
Ilhom Yunusov "Qizilqum"
Akmal Bozorov "Dinamo"
Hujumchilar
Filip Rayevac "Qo'qon-1912"
SHahboz Erkinov "Nasaf"
Zohir Qo'ziboev "Mashal"
Fikrlar