So’nggi yangiliklar

17:50"Реал" ўйинчисини 13,5 млн евро эвазига қайта харид қилиш ҳуқуқи билан сотди  0 17:21"Барселона" "Виссел Кобе"ни мағлуб этди, Рэшфорд дебют ўйинини ўтказди  0 16:57Феликс 30+20 млн евро эвазига "Челси"дан "Ал Насср"га ўтади - Фабрицио Романо  1 16:30"Бавария" Диас учун "Ливерпул"га тахминан 80 млн евро таклиф қилди. Клублар битимнинг якуний тафсилотларини муҳокама қилмоқда  4 15:55"Ньюкасл" Александр Исак ўрнига 4 нафар номзодни маъқуллади  1 15:23"Реал" уч нафар футболчисини сотишга тайёр  4 14:58ПСЖ ва "Тоттенхэм" собиқ футболчиси "Персеполис"га ўтиши мумкин  2 14:16ПСЖ ўзига янги дарвозабон топди  0 13:38Феликс 44 млн фунт эвазига "Челси"дан Саудия Арабистони клубига ўтишга яқин  2 13:04Салиба "Реал"нинг қизиқиши фонида келажаги борасида қарор қабул қилди  3 12:23Брунунинг дубли МЮга АҚШдаги ўртоқлик ўйинида "Вест Хэм" устидан ғалаба келтирди  1 11:50"Атлетико" Бундеслигадан футболчи харид қилишга яқин турибди  2 11:20"Бавария" Диасни "Ливерпул"дан катта маблағ эвазига сотиб олишга яқин турибди  5 11:15"Бухоро"нинг тайёргарлиги, янги футболчилар, ёшлар ёхуд Улуғбек Бакаев иккинчи даврада юқорилашга умид қилмоқда   5 10:42"Челси" футболчиси "Ал Насср"га ўтишга яқин  4

Nodirxo'ja Yuldashevdan, Ahmedov manziliga... Yangiliklar

Nodirxo'ja Yuldashevdan, Ahmedov manziliga...

Yoshligida mahallasida erta-yu kech to'p tepishini ko'rgan otasi, unga imkon qadar futbol o'ynashi uchun sharoit yaratib berishga harakat qiladi.
Oilaning o'ziga yarasha qiyinchiligi bo'lgan paytlari, maktabdan kela turib g'arq pishgan olmani paqirga to'latib terardi-yu, bozorga olib borib sotar va undan tushgan pulga kichik bo'lsa-da, onasini quvontirib bozorlik qilib qaytardi.

2-sinfda o'qiyotgan kezlari maktablararo tuman chempionati bo'ladi. Unda asosan 10 va 11- sinflardan tashkil topgan terma jamoalar qatnashar, uning maktabi tuman chempionatining final yo'llanmasini qo'lga kiritadi. Uchrashuv tugashiga 10 daqiqa qolganida, murabbiy 2-sinf o'quvchisini maydonga tushiradi. Zaxira amalga oshirish oldidan ishqiboz va jamoa azolari bunga qarshilik qiladi, ammo murabbiyning fikrini hech kim o'zgartira olmaydi. U maydonga tushadi-yu, oradan 5 daqiqa o'tar o'tmas penalti ishlaydi. Ilk finaldagi ilk g'oliblik shu tarzda qo'lga kiritiladi. Keyinchalik tuman futbol liceyiga qatnay boshladi. Uning akasi ham futbolchi bo'lishni istar va aka-uka mashg'ulotlarga qatnar edilar. Mashg'ulotdan uyga qaytish uchun bir necha chaqirim yo'lni piyoda bosib o'tish kerak bo'lar, bazan ularning oldidan mashinasida o'tib ketadigan tanish-bilishlar, ko'rmaganga olib “gaz”ni bosib ketishi alam qilardi.

Futbolga bo'lgan mehr shu darajada kuchli ediki, hayot qiyinchiligi uning ko'ziga ko'rinmas edi. Olimpiya zaxiralari kollejiga kirish uchun 3 nafar do'sti bilan har shanba Toshkentga kelardi. O'sha paytlar internatga kirish uchun futbolchilar yakshanba kuni bo'lib o'tadigan mashg'ulotlarda ishtirok etib o'zlarini ko'rsatsalar, imtihonlardan o'tishi oson kechardi. SHuning uchun 2 oyga yaqin davomida shanba kuni Toshkentga kelgan bu do'stlar, internatda joylashgan kurash zalida mashg'ulotlarni yakuniga etishini intiqlik bilan kutib o'tirar edilar. Boisi, tunash uchun eng maqul joy, kurash zalidagi matlar edi. Qaerda tunash u uchun muhim emas edi, muhimi kollej imtihonidan o'tish. Unga omad kulib boqdi, Qirg'izistonda tashkillashtiriladigan turnirda ko'rikdan o'tayotganlar g'alaba qozonadigan bo'lsalar, ularni imtihonsiz kollejga qabul qilishar edi. Buni qarangki, O'zbekiston o'smirlari turnir bosh sovriniga ega chiqdilar va bir necha nafar o'quvchi imtihonsiz kollej talabasiga aylandi.

2002 yil edi. Uning butsasi yirtilib futbol o'ynab bo'lmaydigan holatga keldi. Qishlog'iga, onasiga qo'ng'iroq qiladi. “Ona, butsam yirtilib qoldi. Agar, imkoni bo'lsa...” Uyidagi holatni yaxshi bilgani uchun, ularni butsa olib berishga majburlay olmasdi. Oilada undan boshqa, opasi, akasi va ikkita ukasi bor edi. Otasi esa xizmatchi. Ko'p o'tmay, onasi uni ko'rgani keldi. Qishloqdan keltirilgan shirin mevalardan tashqari, yangi butsa uni shunchalik ham xursand qilib yubordiki... soniyalar ichida miyasiga kelgan fikrdan keyin onasiga yaxshilab razm solsa, volidasining necha yillardan beri taqib yuradigan bittayu-bitta ziragi (sirg'asi) yo'q. Xo'rligi kelib ko'ziga yosh oldi. Onasi o'g'lim o'ksinmasin deb, ziragini sotib farzandi so'ragan narsani olib kelgandi. Onani kuzatgach xonasiga kirdi-yu, do'stlarining yangi butsa bilan tabriklashi ham yoqmadi. Tuni bilan yig'lar ekan, nima uchun onamga bu haqda aytdim, deya o'zidan o'pkalanardi. Bu sirg'adan, undan boshqa oilaning qolgan 4 farzandining ham haqqi borligini bilish, uning alamini ikki hissa oshirdi va o'z-o'ziga vada berdi. “Men futbolchi bo'laman, men yaxshi futbolchi bo'laman va ilk maoshimga zirak olib, onamning qulog'iga taqaman!”

Yoshlikda qilingan axd yo'lida tinmay mehnat qilgan bu bolani hayot keyinchalik bir qancha sinovlaridan o'tishga majbur qildi. 11-sinfga o'tgan paytlari poytaxtning bir jamoasidan taklif tushadi. U bilan birga kollejning 10ga yaqin tarbiyalanuvchisi jamoa ko'rigidan o'tishadi. Ko'rik muvaffaqiyatli o'tdi. Maoshsiz bo'lsa-da, katta futbol o'ynash baxtiga muyassar bo'lishi, ular uchun katta muvaffaqiyat edi. Kunlarning birida, tarkib azolari bilan yaqindan tanishishni maqsad qilgan klub xodimlaridan biri barchadan qaerda tug'ilganligini so'raydi. Kimdir Surxondaryo, Namangan, yana kimdir Farg'ona deydi. “Voy-bo', tarkibimizda faqat viloyatliklarmi deyman”, degan jumla yigitlar uchun ruhiy zarba bo'ldi. Ko'p o'tmay bu jamoada uning mehnatini qadrlashmasligi malum bo'ldi va u ortga qaytdi. Birozdan so'ng qishlog'iga, ammo uni u erda ham sig'dirishmadi. Futbolni tashlab yuborgisi kelgan bir paytda, otasining maslahatlari unga asqotdi. Irodasini namoyish etdi, o'zini qo'lga oldi. Yana poytaxtga qaytdi va ne ko'z bilan ko'rsingki, bu erda unga “Paxtakor” taklif bilan chiqib turibdi. Bunday imkoniyat yana qaytib keladimi yoki yo'q. Ikkilanib o'tirmasdan “Paxtakor” taklif qilgan shartnomaga rozi bo'ldi. U erda ham uning ishlari oson kechmadi. Yulduzli tarkibga ega jamoaning hamma azosi ham uni qabul qilmadi. Mashg'ulotlarda chetga surish, o'yin paytida pas bermaslik holatlari ham bo'ldi. Ammo u yosh va bir kun kelib albatta o'z vaqti kelishini bilardi, o'sha payt keldi ham. 2002 yilgi ko'z yoshlar, 2009 yil onaning quvonch ko'z yoshlarigacha etib bordi. 2009 yilning “Eng yaxshi futbolchisi” deb topilgan Odil Ahmedov bugun 26 yoshga to'ldi. Yaxshi futbolchi va eng muhimi, yaxshi inson, yaqinlarini yolg'izlatib qo'ymaydigan farzand!

Yuqoridagi yozganlarim, Odil haqida bilganlarimning ozi. U bilan 2006 yil tanishdim. O'zbekiston olimpiya terma jamoasi “O'zbekiston” mehmonxonasida istiqomat qilardi. Behzod Nazarov u bilan intervyu borasida kelishib qo'ygan, Odil unga “Siz bilan yuradigan do'stingiz, rasmlarimni chiqarib bera oladimi?” deb so'ragani bois Behzod bilan hamroh bo'lib mehmonxonaga borgandim. 2008 yildan etiboran “Paxtakor”da birga faoliyat yuritdik. SHu vaqt davomida o'zining samimiyligi bilan hurmat qozongan bu futbolchining bir ishiga qoyil qolmay ilojim yo'q. Bazilardan bugungi kunda Odilni yonida yurgan do'stlari haqida eshitib qolaman. Ularning o'ylashicha, bu yigitlar yaqin-yaqindan paydo bo'lgan. Lekin hamma ham bilmaydiki, mana shu yigitlar yillar davomida u bilan to'p tepgan, shanba kunlari matda birga tunagan.

Yana bir bor tug'ilgan kuningiz muborak bo'lsin!

Bu maqolani nima uchun yozdim, shunchaki do'st yoki jurnalist bo'lganim uchun emas. Saytimizni juda ko'plab yosh futbolchilar muntazam ravishda kuzatib borishlarini yaxshi bilaman. Odil misolida o'zlari uchun to'g'ri yo'lni tanlashlari va yaxshi futbolchi bo'lib etishishlari yo'lida tinmay mehnat qilishlarini istadim.

Nodirxo'ja Yuldashev.

Foto: Xayrullo Xoliqov. 2008 yil. "Paxtakor" - "Qizilqum" uchrashuvi oldidan.

Reyting: +1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика