"Nasaf"ning goli yana inobatga olinmadi yoxud "ajdarlar"ning o'yinida pasayish
16 may 2015 13:15
Yangiliklar


"Nasaf"ning goli yana inobatga olinmadi yoxud "ajdarlar"ning o'yinida pasayish
Uchrashuv haqida to'xtaladigan bo'lsak, avvalambor mezbonlarning o'yini yaxshi chiqmaganligi va "Metallurg" shu kuni o'z imkoniyatlaridan to'g'ri foydalana olganini takidlash zarur. Bekobodliklar bosh murabbiyi Rustam Mirsodiqov aytganidek, kecha omad ularga kulib boqdi. Bu ham bir tomondan to'g'ri. Yani ikkinchi bo'limda qanot hakami Rishat Nugmanov "Nasaf"ning toza golini o'yindan tashqari holatini qayd etib bekor qilib qolgandi. Bu vaziyatni o'yindan so'ng uchrashuv nazoratchilari ko'rib chiqishdi va qanot hakamiga 4 ball qo'yishdi. Maktab bahosida buni "2" deyiladi. Uchrashuvni boshqarib borgan navoiylik referi Zokir Qodirov ham ushbu bellashuvni xatolarsiz boshqarmadi va unga ham qoniqarli bo'lmagan 7,9 ball qo'yildi. Ikkinchi qanot hakami sifatida ishlagan Vladlen Lushinga 7,4 ball berildi.
O'yinning 63-daqiqasida Rishat Nugmanov tomonidan yo'l qo'yilgan xato mezbonlarga qimmatga tushgani bor gap. Lekin bir vaziyatda Zokir Qodirov "Nasaf" darvozasi tomon penalti belgilanmaganligi ham haqiqat. Uchrashuvning 77-daqiqasiga kelib SHahzodbek Nurmatov "Nasaf" himoyachilaridan ustalik bilan qochib ketayotganda jarima maydonchasi ichida yiqitildi. Zokir Qodirov vaziyatga yaqin turgandi. Biroq navoiylik bosh hakam penalti belgilashga jazm etmadi. SHu kabi xatolari evaziga Zokir Qodirov boshchiligidagi hakamlar brigadasiga qoniqarli baho qo'yilmadi.
"Nasaf" jamoasining o'z uyidagi ketma-ket ikkinchi o'yinida kiritgan goli hakamlar tomonidan inobatga olinmadi. Avvalgisida yaponiyalik Masuko OCHLda "Nasaf"ni guruh bosqichidan olib chiqishi mumkin bo'lgan golni hisoblamagan bo'lsa, kechagi o'yinda qanot hakami Nugmanov "ajdarlar"ni kamida bir ochko mahrum qildi. Albatta bu jamoa muxlislari va klub vakillariga alam qilishi tabiiy. Lekin endi buni ortga qaytarib bo'lmaydi. Yana bir qiziq jihati shundaki, har ikkala o'yinda ham "Nasaf" darvozasi tomon penalti belgilanmay qoldi. Bunga shunchaki hakam xatosi sifatida qarash mumkin.
Natija yo'lida bu kabi detallarga etibor berilishi tabiiy. Lekin jamoaning ko'rsatayotgan o'yinlari va bir nechta vaziyatlarni ko'kka sovurayotgani chuqur tahlil qilishga undaydi. Avvalo barcha aybni hamma o'zidan qidirishi kerak. "Nasaf"ning o'yinida ijodkorlik, tezkorlik va futbolchilarning harakatida sovuqqonlik yo'qolib borayotgandek. Buni o'z vaqtida bartaraf etish lozim. Aks holda jamoa yuqoriga emas, pastga sho'ng'ishi aniq. O'yindan keyingi matbuot anjumanida Ro'ziqul Berdiev aytib o'tganidek, jamoada ruhiy tushkunlik bordir balki. Lekin "Nasaf" ushbu mavsumda Oliy liga o'yinlarida o'ziga o'xshamayapti. Barcha o'rganib qolgan hujumkor ruhdagi "Nasaf" o'zgargan. Buni OCHLdagi ishtirok bilan ham bog'lasa bo'ladi. Jamoa xalqaro maydonda "yopiq" o'ynashga majbur edi va bu uslubga futbolchilar moslashib qolishgandir. Lekin ikki yildan beri hujumkor o'ynashga o'rgangan jamoa birdaniga o'z o'yinini unutib qo'yishi ham mumkin emas. Masalan kecha "ajdarlar" birinchi bo'limni shunchaki maydonda yurib o'tkazishdi. Ikkinchi taymda hujumkorlik sal bo'lsada oshdi. Lekin yana o'sha eski muammo, vaziyatlardan unumli foydalanish koefficenti juda past. Omad degani bir o'yinda yuz ugirishi mumkin, ha mayli borinki ikkinchi uchrashuvda ham omad shunchaki kulib boqmasligi mumkin. Lekin har doim ham yuz foizli vaziyatlardan gol ura olmaslikni omadga yuyish ham adolatdan emas. Bu mahorat bilan bog'liq narsa. Ro'ziqul Berdiev takidlagandek, ikki-uch metrdan gol urishni futbolchilarga mashg'ulotlarda o'rgatishni ilojisi yo'q. Bu narsa futbolchini o'zida bo'lishi kerak. Jamoa xatolari ustida keng qamrovli ish olib borishi aniq. Lekin futbolchi, hujumchi degani o'z ustida personal ravishda ishlashi zarur. Nega gol ura olmayapman deb o'z-o'ziga savol berib, keyin o'sha savolga javob izlashi kerak. Bu borada katta izlanuv ishlarini olib borishi lozim. Ruhiyatini ham shunga qarab to'g'irlab borishi kerak iloji bo'lsa. O'z kuchiga bo'lgan ishonchni qaytarishi lozim.
"Nasaf"ning ishongan tog'i Artur Gevorkyan so'nggi o'yinlarda ketma-ket yuz foizli imkoniyatlarni ko'kka sovurayotgani ana endi pand jamoaga pand berishni boshladi. "Al Ahli" bilan o'yindagi vaziyat, "Navbahor"ga qarshi uchrashuvdagi imkoniyat va kechagi vaziyat. Avvallari Artur Gevorkyan gol urib ko'p marta "ajdarlar"ni qiyin holatdan olib chiqib ketgan va bu narsa jamoada haqiqiy hujumchi yo'qligini bilintirmay turgandi. Artur Gevorkyan robot emaski har doim jamoani qiyin vaziyatda qo'llab tura oladigan. Uning bo'yniga juda katta yuk yuklandi va bu narsa uning o'zini o'yinini ko'rsatishiga ham o'z tasirini o'tkazayotgandek. Hamma o'z ishini qilishi kerak. SHunda qolgan futbolchilar ham maydonda erkinroq, ijodkorroq o'ynashlari mumkin. Oliy ligada boshqa jamoalar "Nasaf"ni qanday zararsizlantira olish yo'llarini bilib olishgan va Artur Gevorkyanni "o'yindan tashqari" holatda qoldirishsa bas, qolganini yo'q qilish qiyin emasdek.
Bu borada ko'p gapirilmoqda, ko'p yozilmoqda. Yana o'sha gap, jamoaga hujumchi kerak! Kamida birinchi davra yakunigacha bu borada muammoni hal etishni ham ilojisi yo'q. Boriga baraka deb turishga to'g'ri keladi. Lekin davralar oralig'ida ham bu muammo bartaraf etilmasa, unda "Nasaf" chempionlikni unutishiga to'g'ri keladi. Bu hujum chizig'i bilan Oliy ligada chempion bo'lish yoki sovrindorlar qatoridan joy olish hazil gap emas. O'tgan yilgi chempionat bilan joriy mavsumdagisini o'rtasida farq katta. Hozircha chempionatimiz avvalgidek emas, balki boshqacha kechmoqda. Oxirigacha shunday bo'lsin!
SHahboz Beg'amov

Fikrlar