So’nggi yangiliklar

15:10Маркус Рэшфорд Евро-2024га бора олмаслиги мумкин  0 14:38Парехо Винисиус ҳақида: "Ажойиб спортчи, аммо ўйинчилар ўзини футболга бағишлаши керак. Мени пиёниста дейишарди, лекин бунга эътибор бермаганман ва жавоб қайтармаганман – бундай одамлардан юқорироқ бўлиш зарур"  0 13:47Суперлига. 9та клуб дастлабки 3та турда фақат бир хил формадан фойдаланди. Бунга сабаб нима?  4 13:44"Манчестер Юнайтед" "Реал" футболчисини сотиб олмоқчи  0 13:23Хавининг дисквалификацияси бўйича апелляция рад этилди   1 12:50Ўзбекистон кубогининг саралаш босқичига қуръа ташланди  3 12:15Месси: "ЖЧ-2022да ғолиб бўлмаганимизда, мен терма жамоадан кетардим"  2 11:53Начо ва Васкес "Реал" билан шартномасини узайтиради  2 11:23"Шўртан"нинг мавсумдаги илк ғалабаси қандай қўлга киритилди?   0 10:37Футзал. Терма жамоамиз бугун Қирғиз Республикасига қарши баҳс олиб боради  0 10:00Хави «Барселона»да қолиши мумкин, бироқ бош мураббий сифатида эмас  4 09:24Месси футболдан ташқари яна қайси спорт турларига қизиқишини айтди  13 08:50Про лига. Бугун турнинг марказий учрашуви бор  8 08:34Шеригини «нокаут» қилган Бекмуродов жарима тўлайди. ЎФА Тартиб-интизом қўмитасининг қарорлари эълон қилинди  17 08:21Депайнинг агенти: «Бу ёлғон»  10

Mutolaa uchun. Robert Levandovski: "Kloppga deyarli har kuni 50 evro to'lar edim" Yangiliklar

Mutolaa uchun. Robert Levandovski: "Kloppga deyarli har kuni 50 evro to'lar edim"

"Bavariya" va Polsha terma jamoasi hujumchisi Robert Levandovski "The Players Tribune"ga katta intervyu berdi.

Unda futbolchi FIFAning "Yilning eng yaxshi futbolchisi" mukofoti, ota-onasi, futboldagi muvaffaqiyatsiz urinishlari va Yurgen Klopp bilan tanishishi haqida hikoya qilib berdi. Levandovski agar o'z hayoti haqida film suratga olinsa qanday bo'lishi haqida gapirdi.

Kino




Bir necha kun oldin men uyqudan uyg'onib o'girildim va yonimdagi yostiqda g'alati bir narsa yotganini ko'rdim. Siz bu tuyg'uni chindan ham yaxshi uyqudan uyg'onganingizda bilasiz va sizga bu tush hali ham davom etayotganga o'xshaydi. Xo'sh, bu narsaga mening birinchi munosabatim (Robert yotoqda birga suratga tushgan FIFAning eng yaxshi futbolchisi uchun mukofot haqida) shunday bo'ldi: "Nima? Bu qanday qilib bu erga etib keldi?"

Marosimda bo'lganim va mukofot olganim haqida allaqanday ajoyib xotiralarim bor edi. Ammo uning haqiqatga aylanishi juda g'alati tuyulardi. Keyin men ushbu mukofotni qo'lga kiritdim va "Voy... Bu tush emas", - deb o'yladim. Bu haqiqiy edi. Ular sizni dunyodagi eng yaxshi futbolchi deb atashdi. Va siz kubokni yotoqqa olib ketdingiz! Bu kulgili, ammo yoqimli edi.

Nimaga erishganimni tushunish uchun, albatta, ushbu kubokka diqqat bilan qarashim kerak edi. Aslida bu butunlay to'g'ri emas. Rostini aytsam, men buni hali ham to'liq anglab etmaganman. Polshaliklar haqida bir narsani tushuntirib beray, keyin tushunarsiz balki. Marosim oldidan men "Bavariya"da ajoyib mavsum o'tkazganimni bilar edim. Mukofotni yutishim mumkinligini ham bilardim. Ehtimol, men bunga loyiqman. Ammo, Polshada ko'plab odamlar o'zlarining past darajalariga ega. Hech bir polshalik futbolchi dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb nomlanmagan. Mamlakatimizda tomosha qiladigan va hayratlanadigan super yulduzlar yo'q. Skautlar har doim shunday deyishadi: "U yomon emas... polshalik yigit uchun". Demak, polshaliklarda hech kim hech qachon mukofot olishga qodir emasligi, hech biri hech qachon muvaffaqiyatga erisha olmasligi hissi bor.

Polshadan kelgan bolalar dunyodagi eng yaxshi bo'lishlari shart emas, hech kim ularga bunday fikrlashni singdirmaydi. Men mukofotim haqida o'ylar ekanman, bunday bo'lmasligi kerakligini tushundim. SHuning uchun, kubokni qo'lga kiritganimga ishonmadim. Bilaman, odamlar buni ibora deb o'ylashadi, lekin hayotim haqiqatan ham ko'z oldimda porlab turdi. To'p bilan birinchi qadamlarimni, loyli dalalardagi birinchi o'yinlarimni va shu darajaga etishimga yordam bergan barcha odamlarni ko'rdim. Bu xuddi kino kabi edi. Butun drama uchta aktda namoyish etilgan va men siz bilan ushbu "film"ni baham ko'rmoqchiman. Bilaman, hozirda futbolda katta karerani orzu qiladigan va mening yutuqlarimni takrorlash mumkin emas deb o'ylaydigan bolalar bor. Ushbu voqea ular uchun uchta aktdan iborat. Film shunday ko'rinishga ega bo'lar edi:


AKT I: Dahldorlik



Men bolaligimda, birinchi marta mahalliy cherkovda jamoat bilan uni qabul qildim. Katolik dinini yaxshi bilganlar uchun bu - haqiqatan ham alohida kun. Bu cherkovdagi "Massa"( katoliklarda-ibodat va shu ibodat vaqtida aytiladigan kuy) bilan boshlanadi, keyin biz butun oilamiz bilan birga nishonlaymiz. Muammo shundaki, "Massa"dan uch soat o'tgach meni futbol o'yinim bor edi va stadionga etib borish juda uzoq bo'lgan.

SHunday qilib, tatil oldidan otam Kshishtof ruhoniy bilan biroz suhbatlashdi. Bu mening tug'ilgan shahrim Leshnoda bo'lgan edi, Varshavadan g'arbiy 40 daqiqa uzoqlikda joylashgan kichkina qishloqligi uchun otam u erdagi hamma bilan tanish edi.

U shunday dedi: "Eshiting ota, ehtimol biz bu ishni yarim soat oldin boshlashimiz mumkinmi? Yoki marosimning oxirini 10 daqiqaga qisqartirish kerakmi? Ko'ryapsizmi, bu kun mening o'g'limning futbol uchrashuvi bor...". Balki bu bir oz aqldan ozgandek tuyulishi mumkin, lekin aslida ruhoniy meni shunchalik yaxshi bilar ediki, u bir zum o'ylanib turdi va keyin shunday dedi: "Albatta, nega bo'lmasin? Biz uning futbolni qanchalik sevishini bilamiz. Biz buni uddalaymiz va u tezda bo'sh bo'ladi".

SHunday qilib, muqaddas marosim tugagandan so'ng, otam bilan men mashinaga yugurdik va o'yin tomon yo'l oldik! Bu kulgili edi! Ha, albatta, biz o'sha bahsda g'alaba qozondik. Menimcha, bu voqea mening bolaligimni sarhisob qiladi. Futboldagi faoliyatim to'g'ri yo'nalishda rivojlanishi uchun otam doim menga yordam berishga harakat qilgan.

Besh yoshimdan futbol o'ynashni boshlaganimda, Leshnoda mening yoshimdagi bolalar uchun jamoalar yo'q edi, shuning uchun men ikki yosh katta bolalar bilan o'ynashga majbur bo'ldim. Bu juda qiyin edi, chunki men juda uyatchan, novcha yigit edim va bu yosh uchun ikki yil juda katta farq. Ko'p yillar davomida men Varshavadagi jamoada ham o'ynaganimda mashg'ulotga borib qaytish uchun bir soatdan yo'l bosishim kerak edi. Agar meni u erga olib borishni xohlaydigan, menga ishonadigan ota-onam bo'lmaganida edi, demak, mening futbol orzuim hali boshlanmasdan tugagan bo'lar edi.

Onam ham, otam ham jismoniy tarbiya o'qituvchilari bo'lishgan. Otam maktabda mening jismoniy tarbiya o'qituvchim edi. Maktabdan keyin u meni mashg'ulotga olib bordi, ikki soat mashg'ulotim tugashini kutib turdi va keyin uyga olib ketdi. Klubda kiyim almashtirish xonalari yo'q edi, shuning uchun men tez-tez yomg'ir ostida yugurib, loyga botgan holda mashinaga qaytib keldim. Keyin qorong'ida yo'l bo'ylab ketdik va kechki soat 10da uyga qaytdik. Ha, bu men mashg'ulot qilishim uchun dadamga har kungi to'rt soatlik sayohat edi. Boshqa bazi ota-onalar uni aqldan ozgan deb o'ylashdi. Ular haqiqatan ham unga shunday deyishdi. Men hazillashmayapman. Men boshqa ota-onalarning ota-onamdan hech bir mubolag'asiz "Nega bunday qilyapsan, nega shuncha vaqtni sayohatga sarflaysan?", - deganini eshitdim.

Ota-onam hech qachon farzandining professional bo'lishini xohlashlarini aytmaganlar. Buning o'rniga ular "Robertning orzusi bor va u bu o'yinni yaxshi ko'radi", - deb javob berishdi. Hech qachon mana bunday bo'lmagan: "O, biz Robertning professionalga aylanishi, yuqori darajaga ko'tarilishi va boyib ketishi uchun hamma narsani qilishimiz kerak", - deyishmagan. Ota-onam meni baxtli qilish uchun shunday qilishdi.

Bilasizmi, ko'plab ota-onalar farzandlariga muvaffaqiyat qozonish uchun bosim o'tkazadilar. Men chetda turgan otalarni 10 yoshli bolalarga yaxshiroq o'ynashi uchun baqirayotganlarini ko'rdim. Men bolaligimda bu juda yaxshi turtki emasligini angladim. Va hozir deyarli hech narsa o'zgarmadi. CHunki bu ota-onalar sportchi bo'lish qanday ekanligini bilishmaydi. Ular sizning futbolga bo'lgan muhabbatingiz qalbingizdan chiqishi kerakligini anglamaydilar. Agar bola qilgan ishidan nafratlansa, uni muvaffaqiyatli o'yinchi qila olmaysiz.

Hatto, yoshligimda allaqachon meni futbol uchun juda kichkina va ingichka deb o'ylaydigan odamlar bo'lgan. Ammo ota-onam meni doim o'zim haqimda o'ylashga, boshqalarning so'zlarini etiborsiz qoldirishga undashgan. Ular menga doim shunday deyishardi, lekin ular nimani nazarda tutishini aniqlash uchun yillar kerak bo'ldi. Ular: "Robert... o'z sezgilaringga ishon", - derdi. Bu hujumchi yoki boshqalar uchun yaxshi saboq.



AKT II:Rad etish




16 yoshligimda otam uzoq davom etgan kasallikdan so'ng vafot etdi. Men uchun qanchalik qiyin bo'lganini tasvirlash hali ham juda qiyin. Bolaligingizda bazi narsalar borki, ular haqida faqat otangiz bilan gaplashishingiz mumkin. Masalan, ulg'ayish va qanday qilib haqiqiy erkakka aylanish haqida. U vafot etganidan keyin men u bilan bu narsalar haqida tez-tez gaplashishni xohlardim. Men unga telefon orqali qo'ng'iroq qilib, uning ovozini eshitishni, malum bir vaziyatda uning fikrini bilishni xohlagan paytlarim ko'p bo'lgan. Hatto 10 daqiqa davomida. Ammo otam endi men bilan gaplasha olmasdi... Onam menga qo'lidan kelgancha yordam berishga harakat qildi va men uchun qilgan ishlarini juda hurmat qilaman. U ham ona, ham ota bo'lishi kerak edi. Bu juda qiyin. O'sha paytda Polshaning eng katta klublaridan biri bo'lgan "Legiya" (Varshava)ning zaxira jamoasida o'ynaganman. Biz uchinchi divizionda o'ynardik. Taxminan 12 oydan so'ng, 2006 yilda mening shartnomam tugadi va klub shartnomani yana bir yilga uzaytirishi to'g'risida qaror qabul qilishi kerak edi.

Afsuski, men tizzamdan jiddiy jarohat oldim va klubdagi bazi odamlar endi meni boshqa hech qachon yuqori darajada o'ynay olmaydi deb o'ylashdi. Bu dahshatli vaqt edi va men klubdan ular nima qilishmoqchi ekanliklarini so'radim. Ular hattoki menga murabbiy yoki texnik direktorni yuborishga fursat topishmadi. Ular kotibni yuborishdi... U menga shartnoma uzaytirilmasligini aytdi.

Bu hayotimdagi eng yomon kunlardan biri edi. Otam vafot etdi, endi kareram barbod bo'lgan edi. Yangiliklarni eshitib onam kutib turgan mashinaga qaytdim. U darhol angladi. Va men shunchaki hissiyotlarimni jilovlay olmadim... Men yig'lab yubordim va onamga nima bo'lganini aytib berdim.

Onam har doim kuchli ayol bo'lgan. U: "Yaxshi, biz ishlashimiz kerak. Taslim bo'lish va o'tmish haqida o'ylashdan foyda yo'q. Oldinga qara. Biz biron narsa qilishimiz kerak", - dedi.

SHunday qilib u Pruskovdan "Znich" klubi vakillari bilan aloqaga chiqdi. Ular uchinchi divizionda ham o'ynashgan, ammo klubning o'zi juda kamtar edi. Aslida ular bir-ikki oy oldin men bilan hamkorlik qilmoqchi edi, ammo keyin men: "Znich"? Nega bunday klub uchun "Legiya"ni tark etaman?" - deb o'ylagandim.

Ammo endi ular men bilan hali ham hamkorlik qilmoqchi ekanliklaridan xursand bo'ldim. Men u erga bordim va u erda jarohatimdan tiklana boshladim. Rostini aytsam, men juda yomon ahvolda edim, hatto odatdagidek yugura olmasdim. Xuddiki, bir oyog'im to'pig'i atrofida bir cement blok bordek, ikkinchisidan orqada qolgandek. Bilasizmi, bu kulgili ko'rinardi.

Tasavvur qiling, agar men gap-so'zlarga etibor beradigan bo'lsam, keyin bu jarohat faoliyatimni yakunlashga majbur qilardi. O'zingiz o'ylab ko'ring: 18 yoshida katta iqtidor egalari "Bavariya", "Barselona" yoki "Manchester Yunayted" kabi klublarda o'ynashgan. Va o'sha paytda men Polshaning uchinchi divizioni klubi futbolchisi edim, umuman qanday qilib to'g'ri yugurish kerakligini eslashga harakat qilardim.

Albatta, men hayotimning o'sha davrida juda ko'p narsalarni o'rgandim. Ishonchim ustida ko'p ishlashim kerak edi. Va yaxshi holatga qaytishim uchun ancha vaqt kerak bo'ldi. Ammo buni amalga oshirgach, deyarli har bir uchrashuvda gol urishni boshladim.

To'rt yil o'tib, menga Polsha futbolini tark etish takliflari yog'ildi. Mish-mishlar tarqaldi, odamlar menga nima qilishim kerakligini aytardi. Ko'p joylarga tashrif buyurishim mumkin edi. Ammo ota-onamning menga aytgan so'zlari esimga tushdi: "O'z sezgilaringga ishon". Men har doim qaerga borishni xohlayotganimni bilar edim. Germaniya meni kutib turardi.



AKT III: Ishonish



Men bir paytlar Yurgen Klopp bilan garov o'ynaganman. 2010 yil edi va men bir necha oyni "Borussiya"da shunchaki o'tkazayotgandim. Rostini aytsam, bu juda qiyin edi. Men kelganimda, nemis tilida zo'rg'a gaplasha olardim. "Danke" (rahmat) va yana bir nechta so'zlarni aytardim. Kloppning mashg'ulotlari intensivligi juda yuqori edi. Men jamoa uchun foydali bo'lishni juda xohlardim, Yurgen esa menga qarshi chiqishni xohladi. SHunday qilib, biz u bilan garov o'ynadik. Agar men mashg'ulotda 10 ta gol ursam, u menga 50 evro bergan bo'lardi. Agar bunday qilolmasam, unga 50 evro berar edim.

Boshida bir necha hafta ichida Kloppga deyarli har kuni 50 evro to'lashim kerak edi. U menga kulib qo'ydi va bu davom etadi deb o'ylardi. Ammo bir necha oydan keyin vaziyat o'zgardi. Men Kloppdan doimiy tarzda pul olishni boshladim. Bir marta u: "To'xta! Etarli. Endi men sening jamoaga foyda keltirishga tayyor ekanligingni ko'rib turibman", - dedi. Ammo to'g'risini aytsam, men hali tayyor emas edim. Uchrashuvlar esa mashg'ulotlardan ancha farq qilardi.

O'sha mavsumda men tez-tez zaxiradan tushardim. Mavsumning ikkinchi yarmida ko'proq o'ynadim, lekin dastlab o'zimni qulay his qiladigan to'g'ri poziciyada o'ynashim kerak edi. Men hujumchilar ortida o'ynashim, ularga yordam berishim kerak edi. Biroq, men Yurgenga ushbu olti oy uchun minnatdorchilik bildirishim kerak. Qanday qilib pastdan to'g'ri harakat qilish va qanday qilib hujumchilarga ergashish kerakligi haqida juda ko'p narsalarni bilib oldim.

Ikkinchi mavsum boshlanganda, men hali ham asosiy chiziqdan joy olish uchun kurashdim. Yurgen mendan nimadir istayotganini his qildim, lekin aniq nima qilishim kerakligini tushunmadim. CHempionlar Ligasida "Marsel"dan uchralgan og'ir mag'lubiyat (0:3)dan so'ng uning oldiga borib: "Yurgen, kettik. Biz gaplashishimiz kerak. Faqat mendan nima kutayotganingizni ayting?" - dedim. Uning menga aytgan hamma gaplarini eslay olmayman - nemis tilim hali ham mukammallikdan yiroq edi, lekin men allaqachon bilgan so'zlarim va imo-ishoralar yordamida biz bir-birimizni tushunardik. Biz ajoyib suhbat o'tkazdik.

Uch kundan so'ng, "Augsburg" bilan o'yinda men xet-trik qayd etdim va Gyotcega samarali pas berdim. Biz 4:0 hisobida g'alaba qozondik va bu men uchun burilish nuqtasi bo'ldi. Bu ruhan mening xarakterimdagi bazi bir nozik o'zgarishlar edi. Va menimcha, bu mening otam bilan bog'liq. O'sha paytda bu haqda o'ylamagan edim. Ammo endi angladimki, Yurgen bilan suhbatim otam bilan bo'lishni istagan suhbatimday bo'lgan. Yurgen bilan har qanday narsa haqida gaplashishim, unga ishonishim mumkin edi. U oilam azosidek, shaxsiy hayotimda yuz berayotgan voqealarga juda xayrixoh edi.

Yurgen men uchun nafaqat ota edi, balki murabbiy sifatida u "yomon o'qituvchi"ga o'xshardi. Va men bu so'zni eng yaxshi manoda aytmoqchiman. Tushuntirib beray. Maktabda o'qigan paytlaringizni eslang. Qaysi o'qituvchini ko'proq eslaysiz? Hayotingizni osonlashtirgan va sizdan hech narsa kutmagan odamni emas. Yo'q, albatta u emas. Yomon o'qituvchini eslaysiz, sizga qattiqqo'l bo'lgan va doimo ko'proq narsani talab qiladigan kishini. Sizga bosim o'tkazgan va sizdan maksimal darajada foydalanish uchun hamma narsani qilgan insonni. Aynan shu o'qituvchi sizni yaxshi qiladi, to'g'rimi? Yurgen ham shunday edi.

Klopp shunchaki biron bir ishni yaxshi bajarayotgan talabani hech qachon maqtamaydi. Yurgen har doim o'z "shogirdlari" dan hamma narsani mukammal qilishni talab qilardi! U sizni o'zi uchun emas, balki o'zingiz uchun eng yaxshi bo'lishingizni xohlardi. U menga ko'p narsani o'rgatdi. Dortmundga kelganimda, men tezda hamma narsani qilishni xohlardim: har doim to'pni bir teginish bilan o'ynashni, to'pni ushlab turmaslikni, lekin Yurgen tinchlanishim kerakligini va shunchaki o'yin ritmini his qilib, o'z sezgim bilan harakat qilishni o'rganishimni aytdi. Ochiq-oydin ko'rinib turgan qaror har doim ham to'g'ri bo'lmaydi. Bazida qaror qabul qilishga shoshilgandan ko'ra, to'pni to'xtatib, unga ikki marta tegib, keyin zarba bergan yaxshiroq ekanligini aytdi. Men uchun bu g'alati edi, sababi men bunday o'ynashga odatlanmagan edim, lekin tez orada ko'proq gol urishni boshladim va Yurgen ko'proq narsalarga qodir ekanimni tushunganini angladim.

Men uchun barchasi yaxshi tomonga o'zgarib, barqaror gol urishni boshlaganimda, Yurgen meni yana to'pga bir tegish bilan tezkor o'ynashga undadi: siz to'pni ko'rasiz va darvozaga darrov zarba berishingiz kerak. Bu g'alati va sodda tuyuladi, lekin aslida u ajoyib edi. U nimani eng yaxshi qilishim mumkinligini va buni qanday qilib o'rgatishni juda yaxshi tushunardi.

Yurgen biz birinchi navbatda odamlar ekanligimizni, ikkinchidan, futbolchiligimizni hech qachon unutmagan. Esimda, bir kuni biz dam olish kunidan keyin kiyim almashtirish xonasida edik. Bilasizmi, o'yinchi ichganida klassik hiyla-nayrang bu ertasi kuni ertalab og'zingizdan spirtli ichimlik hidini sezilmasligi uchun ko'p sarimsoq istemol qilishdir. SHunday qilib, Yurgen mashg'ulot oldidan kelib, bizni hidlay boshladi. U ovchi itga o'xshardi. "Xushbo'y hid. Xushbo'y hid", - deb, nihoyat, u: "Men g'alati hidni sezyapman... bu sarimsoqmi?" - dedi.

Albatta, u buni bilar edi. Va biz ham uning bilib qolganini sezardik. Ammo u shunchaki savolni havoda qoldirib, boshqa so'z aytmasdan ketib qoldi. Bir lahza sukut saqlab qoldik, keyin hammamiz bir-birimizga qarab kulishni boshladik. Dars: hech qachon Yurgen Kloppni aldashga urinmang. U juda aqlli!




Albatta, Yurgen meni yaxshi tomonga o'zgarishimga yordam bergan yagona odam emas edi. Myunxenning "Bavariya"siga o'tganimda Yupp Xaynkes, Pep Gvardiola, Karlo Anchelotti va hozirda Xansi Flik kabi murabbiylardan ko'p narsalarni o'rgandim. SHunchaki "Bavariya"da o'ynash haqiqatdan ham ajoyib, chunki talablar juda yuqori va klub shunchalik professionalki, siz o'z standartlaringizni ko'tarishingiz kerak va siz buni bajarasiz. Ammo yaqinlarimning yordamisiz men bu qadar yaxshi o'ynamagan bo'lardim. Turmush o'rtog'im Anna hayotimda menga eng ko'p yordam beradi va bu shunchaki so'zlar emas.

"Znich"da o'ynaganimda biz universitetda uchrashdik. U maxsus parhezlarning sportchilar rivojlanishiga tasirini o'rganib chiqdi. Taxminan 26 yoshimda, o'yinga psixologik yondashuvimni yaxshilash uchun uning bilimlaridan qanday foydalanish haqida o'ylay boshladik. Biz har bir muammo haqida suhbatlashdik va men murabbiylar barcha yosh futbolchilardan nimani xohlashini tushunib etdim: har doim o'z muammolaringiz haqida gapirganda, ularni ichingizda saqlash o'rniga muammoni hal qilishingiz kerak.

Bu mening futbolchi va shaxs sifatida rivojlanishimda katta qadam bo'ldi. Hayotimda bo'lgan barcha voqealarni, bu "film" miyamda aylanayotganini ko'rib, o'zimni qanchalik omadli ekanimni tushunaman. Sovrinlarni hech qachon bir o'zingiz qo'lga kiritmaysiz. Men qo'limda ushlab turgan yoki men bilan birga yotgan barcha sovrinlarni eng yaxshi bo'lishimga yordam bergan barcha jamoadoshlarim bilan birga qo'lga kiritdim. Bolaligimdagi do'stlarim, murabbiylarim, singlim, muqaddas marosimdan erta chiqib ketishimga imkon bergan ruhoniy... Va, albatta, kareramni erta tugatishga yaqin bo'lganimda, yonimda bo'lgan onam.




Va men otam haqida albatta aytib o'tishim kerak. U mening professional futbolchi bo'lishimni ko'rish uchun yashamadi, garchi hozir u barcha o'yinlarimni osmondan tomosha qilmoqda deb o'ylayotgan bo'lsamda. Uni birinchi marta to'pni mening oyoqlarimga qo'ygani, nega men futbol o'ynaganimni hech qachon unutishimga yo'l qo'ymaydi. Kuboklar uchun emas. Pul uchun emas. SHon-sharaf uchun emas. Yo'q, biz uni sevganimiz uchun o'ynaymiz. Rahmat ota.

Ushbu filmni qanday tugatgan bo'lardim? Men xayolimda ko'p marta o'ylagan filmning so'nggi sahnasi... bu otam bilan epizod bo'ladi. Men hech narsaga erishishdan oldin ota-onam bilan baxtli hayotning xotirasi. Ilgari bizning qishloqni tashqarisidagina kimdir mening ismimni bilar edi. Hech qanday sovrin yutishni boshlamasimdan oldin. Begona odam uchun bu xotira oddiy bo'lib tuyuladi, lekin men uchun bu - hayotimdagi eng qadrli xotiralardan biri.



Erta tongda otam meni Polshaning narigi tomonidagi o'yinlarga olib borayapti, biz esa futbol haqida, yoki maktab haqida, hatto sukut saqlash haqida gaplashyapmiz. Biz mashinada birga o'tiramiz, men esa derazadan daraxtlarga qarayman va keyingi o'yinni kutaman.

Biz: dadam va men mashinada ketamiz. Futbolga. Baxt uchun bularning barchasi zarur edi. Bu eng yaxshi xotira.


Xurshida Abdikulova tarjimasi

Reyting: +19   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика