Murabbiylik imzosini ko'rsatgan Arveladze yoxud super o'yin haqida
12 may 2018 18:29
Yangiliklar
Murabbiylik imzosini ko'rsatgan Arveladze yoxud super o'yin haqida
Qiziqarli, murosasiz va shiddatli o'tgan o'yin kutilgan manzarani (muhit yoki anshlag nazarda tutilmayapti) kashf etdi. O'yin jihatidan hammasi risoladagidek o'tdi. Hujumkor o'yin, uchrashuv oldidan aytganimdek, ko'proq tajovuzkor futbol orqali natijaga erishishni maqsad qilgan jamoalarning to'qnashuvi ko'pchilikda iliq taassurot qoldirdi.
Kecha "Nasaf"ning eng katta ustuni bo'ladigan jihat - muxlislar qo'llab-quvvatlashi kutilganidek bo'lmadi. Rasmiy protokolda uchrashuvga 10 mingdan ortiq muxlislar kelgani ko'rsatilgan bo'lsada, kechagi tabiiy manzara bu ko'rsatkichga shubhalarni oshirdi. Harqalay "Nasaf"ning asosiy "quroli" sifatida qaralgan anshlag kuzatilmadi. Aynan shu jihat, yani kuzatilmagan anshlag ham "ajdarlar"ni yanada yuqori ishtiyoq evaziga o'ynashiga to'sqinlik qildi.
Umuman olganda esa bahs juda qiziqarli va chiroyli o'tdi. Gollarga boy, hujumkor ruhda o'tgan uchrashuvdan asosan neytral futbol ishqibozlari ko'proq lazzatlanishdi.
"Nasaf" o'yinga 3ta markaziy himoyachi va ikki nominal hujumchi bilan tushdi. O'rta chiziqda esa G'aniev va Hamrobekovga SHarof Muhitdinov ko'maklashdi. Qanotlar Doniyor Narzullaev va Saydullo Rahmatovga ishonib topshirildi.
"Paxtakor" esa odatiy taktik uslubida o'ynadi. Arveladze oxirgi uchrashuvlarni 4-2-3-1 sxemasida emas, balki 4-4-2 uslubida o'ynashni maqul ko'rmoqda. Bu joylashuvda himoya chizig'i o'sha eski to'rtlik SHorahmedov-Azamov-Simich-Kozak to'rtligida ko'rinish olsa, markazda Rahmatullaev va Ahmedov tandemi ishlamoqda. Qanotlarda Masharipov va Abduraximov o'ynaydi. Bezerra esa 4-2-3-1 taktik sxemasida bo'lgani kabi hujumchi ortida emas, balki Gonsalveshga tendem xosil qilmoqda. Vaziyat taqozo etsa "Paxtakor" o'yin davomida 4-4-2 sxemasini avtomatik tarzda 4-2-3-1ga aylantirishi mumkin. SHunda Bezerra Gonsalvesh bilan bir chiziqda emas, balki hujumchi ortiga tushadi.
Berdiev 5-3-2 taktik sxemasida asosan raqibga o'z jarima maydonchasi atrofida pressing uyushtirib, "Paxtakor"ni o'z zonasida taqib qilishni rejalashtirgandi. Bu ish birinchi bo'limda ish berdi, ammo tanaffusdan keyin Abdixoliqovning jarohati, toliqib qolgan Hamrobekovni o'zgartirilishi va jamoaning jismoniy holati buni davom ettirishga yo'l qo'ymadi. SHuningdek, Berdiev ikkinchi bo'limdagi o'zgarishlari jamoa foydasiga xizmat qilmadi. Yani zaxiradan kurashga qo'shilgan futbolchilar o'yinni kuchaytira olishmadi. Hattoki mavjud temp ham tushdi. Buni esa murabbiy toliqish bilan izohladi. Darhaqiqat "Nasaf"ni jismonan charchab qolgani ikkinchi bo'lim o'rtalariga kelib yaqqol ko'rindi. Muammoning asl ildizi esa mavsum boshida aytilganidek - zaxira torligi. "Nasaf"ning selekciya ishlarida yo'l qo'ygan xatolarini qimmatga tushishi mumkinligini esa yil boshida alohida yozib chiqqandim. "Nasaf"ning hozirgi inqirozida mavsum avvalida yo'l qo'yilgan xatolar sabab bo'lmoqda. Moliyaviy holatning chatoqligi va bu narsa ham bevosita o'z tasirini ko'rsatayotgani ham haqiqat. Futbolda esa hamma narsa bir-biriga chambarchas bog'liq. Ammo hozir malum bir o'yindagi aniq epizodlar bo'yicha gapiryapmiz.
Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, Berdiev o'yinni to'g'ri taktikada boshladi va bu narsa dastavval ish berdi. Lekin uchrashuvga tayyorlangan taktikaga o'zgartirish kiritishga to'g'ri kelganda esa murabbiy hamkasbiga yutqazdi. Bunga obektiv va subektiv sabablar ham borligi haqiqat. Berdiev jamoaning jismoniy holatidan kelib chiqib balki o'zi istaganidek o'ynata olmagandir. Yani jamoa oxirgi bellashuvlarda odatiy uslubida (ko'p uchrashuvlarda) o'ynay olmayotganiga shu toliqish ham sabab bo'layotgan bo'lishi mumkin. Fakt shuki, kecha "Nasaf" "Paxtakor"ga bir taym yaxshigina qarshilik qildi, ikkinchi bo'limda esa raqibga chinakamiga yutqazdi.
Arveladze esa nihoyat katta statusdagi o'yinlarda o'zining murabbiylik imzosini ko'rsatishga muvaffaq bo'ldi. Yani "Paxtakor" kechagi bahsda raqibiga nisbatan nafaqat jismonan yoki o'yin bobida kuchlilik qildi, balki kichik detallarni o'zgartirishda murabbiy to'g'ri qaror qabul qildi. Garchi unda bunga imkoniyat ko'pligiga qaramasdan o'sha mavjud imkoniyatdan samarali foydalana olishi mumkinligini SHota isbotladi. O'yin starti "Paxtakor" uchun omadli boshlandi. Lekin tezkor javobni qabul qilib olgan "sherlar" malum muddat ustunlik qilishganiga qaramasdan ikkinchi to'pni ham qo'yvorishdi. Tanaffusga qadar juda oz qolganida jamoa ruhiy tomonlama juda katta ustunlikni taqdim etuvchi golni urishni epladi. Bu esa Arveladzening ikkinchi taym uchun taktik o'zgartirishlarini osonlashtirdi.
Agarda tanaffusga qadar "Paxtakor" "Nasaf"ning ikkinchi goliga tezkor reakciya qilmaganida, ikkinchi bo'lim "Nasaf" chizgan chizig'i bo'yicha davom etishi xavfi oshardi. Uchrashuv taqdirini hal etgan faktor esa - Jamshid Iskanderovning o'z vaqtida maydonga tushirilishi bo'ldi. O'sha o'yindan avval aytilgan faktor - murabbiy imzosi qo'yildi. Yani, Arveladze kerak paytda jamoaga quvvat beradigan kreativ ustasini kurashga qo'shdi. Belgilangan penalti esa aynan Iskanderovning nozik did va yuqori sanat namunasiga teng to'p uzatmasidan keyin vujudga keldi. Bu o'yinda "Paxtakor" nafaqat o'yinda ustunlikka erishdi, balki kerak paytda iroda, yani xarakter ko'rsatdi.
Muhimi, Superliganing super o'yini bo'lishi kutilgan bahs nomiga monand o'tdi.
Lekin dilni xira qilgan va chuqur o'ylantiradigan jihatlar ham uchradi. Birinchi kutilmagan holat - stadionni muxlislar bilan to'lib-tomagani bo'lsa, ikkinchisi hakamlikning yuqori darajasiga bo'lgan nohaq etiroz va xunuk manzara kasb etgan haqoratli so'zlar. Futbol - bu shunchaki o'yin. Balki shunchaki o'yin emas, balki super o'yinga qiyoslasak adolatdan bo'lar. Futbolda mag'lubiyat va g'alaba yonma-yon yuradi. Yutishni bilgan jamoa yutqazishni ham bilishi lozim. Kechagi mag'lubiyatni "Nasaf" jamoasi haqiqiy mardlarga qabul qildi. O'yindan oldin yoki uchrashuvdan keyin futbolchilar maydondan tashqaridagi yuksak madaniyat va o'zaro ahillikni namoyish etishdi. Kimdir boshqasini g'alaba bilan tabriklagan bo'lsa, boshqasi do'stiga chiroyli o'yin uchun yoki mag'lubiyatdan xafa bo'lmasligini takidlab ovutgan va hokazo. Umuman haqiqiy jentelmenlarga xos manzara. Ammo bazi muxlislar va ularning og'zidan chiqayotgan nohaq etiroz-u, keraksiz haqoratlarga kechagi hakamlik yoki "Paxtakor" munosib emas.
Ajoyib kechgan bellashuvda chiroyli va irodali g'alabaga erishgan "Paxtakor"ni yoki futbolchilarni nima aybi bor? Ravshan Ermatov brigadasiga qanday etiroz bo'lishi mumkin? Ajoyib va odilona hakamlik.
Masharipovdagi vaziyatda aniq va tiniq penalti! Bu hech qanday etiroz va yoki bahs talab etmaydi. CHerandagi vaziyat bo'yicha Suyunov sobiq jamoadoshiga tegmagan. Qo'shimchasiga CHeran kontakt yuzaga kelishidan avval shung'ishni boshlagani yaqqol ko'rindi. Takroriy lavhada esa bu vaziyatni takroran ko'rishga hojat yo'qligi bilindi. Umuman kechagi hakamlik ham o'yin darajasi va statusiga monand bo'lganini alohida qayd etish lozim.
"Nasaf"ni kechagi mag'lubiyatida bazi mahalliy muxlislar hakamni yoki boshqa birovni ayblashdan ko'ra, yuksak madaniyatni ko'rsatishsa maqsadga muvofiq bo'lardi. "Nasaf"ga yuqori ishtiyoqni taqdim etishi mumkin bo'lgan muxlislik kechagi markaziy bahsda ko'rinmadi. QAYSIDIR MA'NOda kechagi bellashuv uchun "Nasaf" o'z muxlislaridan xafa bo'lishga haqli.
PFL tartib-intizom qo'mitasi tomonidan belgilanishi mumkin bo'lgan jarima yoki jazo esa "Nasaf"ni o'zi shundoq ham qiyin palladagi jamoaga o'z muxlislari tomonidan "tuhfa" etilgan qo'shimcha madad bo'lmasa yaxshi.
O'tgan yili ham "Bunyodkor"ga qarshi kechgan Qarshidagi o'yindan keyin qarshilik muxlislarni madaniyati borasida yaxshigina gaplar yozilgandi. Bu safar ham buni takrorlash og'ir bo'lyapti. Haqiqiy muxlislik yutqazganda kimnidir haqorat qilish yoki etirozlar orqali emas, balki qiyin pallada ham o'z jamoasini qo'llab-quvvatlash orqali namoyon bo'ladi. Ahir bejizga haqiqiy do'st qiyin palada bilinadi deyilmaydi.
Fikrlar