So’nggi yangiliklar

11:48Ишли ва ишсиз ПРОфессионаллар  0 11:43Артета "Арсенал" футболчиси жиддий жароҳат олганини тасдиқлади  0 11:22Футзал бўйича Ўзбекистон чемпионатининг 6-турида 120 та гол урилди   2 10:45Башар Ресаннинг "Пахтакор"даги келажаги маълум  3 10:17Гвардиола "Реал"ни мағлуб этганидан сўнг нималар деди?  4 09:43Алонсонинг ўрнига "Реал"ни бошқариш учун асосий номзод маълум  11 09:155 та жамоа EЧЛ плей-офф йўлланмасини нақд қилди  2 08:42EЧЛ. Ҳафта футболчисига кимлар номзод?  5 08:10"Андижон" вакиллари Грузия кубогининг финалида кимларни кузатгани боргани маълум  7 07:37Алонсо мағлубиятдан сўнг нималар деди?  13 04:00Мундиал тарихи. Футболчи сувга тушиб кетган, майдон четидаги полиция голли узатма берган ҳамда мураббийлар ҳакамлик қилган илк жаҳон чемпионатини ёдга оламиз  0 03:05ЕЧЛ. "Арсенал" яна ғалаба қозонди, ПСЖ ва "Атлетик" дуранг қайд этишди ва бошқа натижалар  12 03:00ЕЧЛ. "Реал Мадрид" ўз уйида "Манчестер Сити"га ютқазди  139 01:05ЕЧЛ. "Вильярреал" "Копенгаген"га ютқазди, "Аякс" "Қорабоғ"ни енгди  1 00:37"Сельта" билан ўйинда четлатилган "Реал" футболчиларига ҳукм чиқарилди  23

Mundial tarixi. Futbolchi suvga tushib ketgan, maydon chetidagi policiya golli uzatma bergan hamda murabbiylar hakamlik qilgan ilk jahon chempionatini yodga olamiz Yangiliklar

Mundial tarixi. Futbolchi suvga tushib ketgan, maydon chetidagi policiya golli uzatma bergan hamda murabbiylar hakamlik qilgan ilk jahon chempionatini yodga olamiz

Futbol jahon chempionatlari tarixiga oid qiziqarli malumotlar bilan tanishtiramiz.

1904 yil Xalqaro futbol associaciyalari federaciyasi (FIFA) tashkil etilgandan so'ng mamlakatlar o'rtasida Olimpiya o'yinlaridan tashqari alohida musobaqa o'tkazish bo'yicha tashabbuslar ilgari surila boshladi.

Olimpiya o'yinlarining muvaffaqiyatidan ruhlangan FIFA prezidenti Jyul Rime tashkilotning o'z xalqaro musobaqasini Olimpiya o'yinlaridan holi tarzda o'tkazish g'oyasini ko'tardi. 1928 yil 28 may kuni Amsterdamda bo'lib o'tgan FIFAning 17-kongressida jahon chempionatini tashkil etish to'g'risida rasmiy qaror qabul qilindi.

1930 yilgi jahon chempionati futbol tarixidagi birinchi mundial sifatida qayd etilgan. Musobaqa 13–30 iyul kunlari Urugvayda tashkil etildi. FIFA ushbu mamlakatni mezbon sifatida tanlashiga bir nechta omillar tasir ko'rsatgan: Urugvay o'sha yili Konstituciyasining 100 yilligini nishonlayotgan edi, milliy terma jamoa esa 1924 va 1928 yilgi Olimpiya o'yinlarida shohsupaga ko'tarilgan.

Dastlab Italiya, Shveciya, Niderlandiya, Ispaniya, Vengriya va Urugvay musobaqani qabul qilish uchun ariza taqdim etgan. Ammo qolgan barcha nomzodlar o'z arizalarini qaytarib olgach, Urugvayning taklifi yagona va tabiiy tanlov sifatida qoldi.

Jahon chempionatining dastlabki kubogi – "G'alaba mabudasi" francuz haykaltaroshi Abel Lafleur tomonidan sof kumush va oltin qoplamadan yasalgan. U yunon haykaltaroshligining eng buyuk asarlaridan biri, hozirda Parijdagi Luvr muzeyida saqlanayotgan mabuda Nika tasviri asosida yaratilgan. 1946 yil kubok Jyul Rime kubogi deya qayta nomlangan. Ikkinchi jahon urushi davrida FIFAning italiyalik vice-prezidenti doktor Ottorino Barassi kubokni o'z karavoti ostidagi poyabzal qutisida yashirib, nacistlardan saqlab qolgan.

Birinchi mundial tarixda saralashsiz o'tkazilgan yagona chempionat bo'lib qoldi. FIFAga azo 41 mamlakat ishtirok etishga taklif qilindi va 1930 yil 28 fevralgacha javob berish belgilandi. Musobaqa dastlab 16 jamoali pley-off tizimida o'tkazilishi rejalashtirilgan bo'lsa-da, etarlicha ariza kelib tushmagani uchun bu tartib amalda qo'llanilmadi.

Shu tariqa, ilk jahon chempionatida bor-yo'g'i 13 ta terma jamoa qatnashdi: Janubiy Amerikadan – 7 ta, Evropadan – 4 ta, Shimoliy Amerikadan – 2 ta.  Amerika qitasida qiziqish yuqori bo'ldi – Argentina, Braziliya, Boliviya, Chili, Meksika, Paragvay, Peru va AQSH ishtirokini tasdiqladi. 

Evropada esa vaziyat boshqacha kechdi. Atlantika okeani orqali uzoq va qimmat sayohat, futbolchilarning klublardan uzoq muddatga ajralishi hamda Buyuk depressiya oqibatlari sabab ko'plab mamlakatlar musobaqada qatnashishdan bosh tortdi. Hatto fevral oyiga qadar biror Evropa mamlakati rasmiy ariza yubormadi.

Urugvay futbol federaciyasi FIFAni tark etgan Britaniya mamlakatlariga ham taklif yo'lladi, ammo Angliya futbol associaciyasi 1929 yil 18 noyabrda bu taklifni rad etdi. Misr O'rta Er dengizidagi bo'ron sababli aloqani yo'qotgani sababli musobaqada ishtirok eta olmadi. Yaponiya va Siam (Tailand) dastlab ishtirok etishga rozilik bildirgan bo'lsa-da, keyinchalik o'z istaklaridan voz kechgan.

Turnir boshlanishiga ikki oy qolganida ham Evropadan biron jamoa qatnashishga rozilik bildirmagani sabab, prezident Jyul Rime vaziyatga shaxsan aralashdi va natijada to'rt mamlakat – Belgiya, Franciya, Ruminiya va Yugoslaviya Urugvayga borishga rozi bo'ldi.

Ruminiya tarkibini yangi podshoh Karol II shaxsan tanladi va futbolchilar ish joylarini yo'qotmasliklari uchun ularning ish beruvchilari bilan kelishuvga erishdi. Franciya terma jamoasi Rime bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot orqali mundialda qatnashishga rozilik bildirdi, ammo jamoaning etakchi himoyachisi Manuel Anatol va bosh murabbiy Gaston Barro safardan bosh tortdi. Belgiya esa FIFA vice-prezidenti Rodolf Seldreyers tashabbusi bilan ishtirok etishga qaror qildi.

Ruminlar Genuyadan “SS Conte Verde” kemasiga chiqishdi, francuzlar va yugoslavlar esa 21 iyunda Franciyaning Vilfransh-syur-Mer portida kemaga qo'shildi, belgiyaliklar Barselonadan hamrohlik qildi. Kemada FIFA prezidenti Jyul Rime, kubok va uch evropalik hakam – Jon Langenus, Anri Kristof va Tomas Balvey ham bor edi.

Jamoalar ikki haftalik dengiz sayohati davomida o'zini sport formasida ushlab turishga harakat qilishdi – kema palubasida mashg'ulotlar o'tkazildi. Francuz futbolchisi Edmon Delfur safarni shunday deb yodga oladi:

"Juda og'ir safarni boshdan kechirdik, chunki o'sha davrda Montevideoga faqatgina dengiz orqali etib borish mumkin edi. Murabbiyimiz yigitlarni mashg'ulotga jalb qilish kerak, ularni formada ushlab turish kerak, derdi. Men esa ularning fitnes murabbiyiga aylanib qoldim. Unutilmas sayohat. Bir kuni hatto basseyn yonida o'yin ham o'tkazdik. O'shanda Etenn Mattler ehtiyotsiz harakat oqibatida suvga tushib ketdi".

29 iyunda Rio-de-Janeyroda braziliyaliklar kemaga chiqib, 4 iyulda Urugvayga etib kelishdi. Musobaqada rasmiy to'p sifatida T-Model koptogidan foydalanildi.

Barcha uchrashuvlar Montevideoda o'tkazildi. Turnirda uchta stadiondan foydalanildi: "Estadio Sentenario", "Pozitos" va "Gran Park Sentral". "Estadio Sentenario" ushbu mundial uchun maxsus, shuningdek Urugvay mustaqilligining 100 yilligini nishonlash munosabati bilan qurilgan. Arxitektor Xuan Skasso tomonidan loyihalashtirilgan 90 ming o'ringa ega stadion o'sha davrda Britan orollari tashqarisidagi eng yirik futbol arenasi sifatida qayd etilgan.

Turnirdagi 18 ta o'yindan 10 tasi, jumladan ikki yarim final va final aynan shu stadionda o'tkazildi. Biroq qurilish ishlari juda shoshilinch amalga oshirilgani hamda qahraton, yomg'irli qish oqibatida kechikkani sababli stadion musobaqa boshlanganidan keyin beshinchi kunga qadar to'liq tayyor bo'lmagan. Shu bois, mezbonlar o'z ishtirokini kech boshlagan. Ishtirokchilar to'rt guruhga ajratildi va har bir guruh g'olibi yarim finalga yo'l oldi.

Mundialning dastlabki ikki uchrashuvi bir vaqtda boshlandi: Franciya Meksikani 4:1 hisobida, AQSH esa Belgiyani 3:0 hisobida mag'lub etdi. Franciya terma jamoasi azosi Lyusen Loran jahon chempionatlari tarixidagi ilk gol muallifi sifatida tarixga kirdi. AQSH darvozaboni Jimmi Duglas esa musobaqaning birinchi turida darvozasini daxlsiz saqlab qolgan dastlabki posbon sifatida qayd etildi.

Musobaqa ishtirokchilaridan argentinalik Fransisko Varallo hayotdan ko'z yumganlar orasida eng so'nggisi bo'ldi. U 2010 yil 100 yoshida vafot etdi. 2030 yilgi jahon chempionatining ochilish uchrashuvi ham "Estadio Sentenario"da o'tkazilishi rejalashtirilgan.

1-guruh

Guruhda to'rt jamoa ishtirok etgan: Argentina, Chili, Franciya va Meksika. Francuzlar Meksikaga qarshi uchrashuvning katta qismini bir kishi kam holda o'tkazdi: asosiy darvozabon 24-daqiqada jarohat olib maydonni tark etdi va uning o'rnini chap qanot himoyachisi to'ldirishga majbur bo'ldi.

Lyusen Loran birinchi golni qanday urgani haqida shunday xotirlaydi:

"Darvozabon to'pni markaziy himoyachimizga uzatdi, u esa o'ng qanot yarim himoyachisi Liberatiga oshirdi. Liberati raqibni aldab o'tdi va to'pni jarima maydoniga uzatdi. Men esa taxminan 10–11 metr masofadan to'pni raqib darvozasining yuqori burchagiga yo'lladim. O'sha paytda bu gol jahon chempionatlari tarixidagi dastlabkisi ekanini hech o'ylab ko'rmaganman. Jahon chempionati muntazam davom etish-etmasligini ham bilmasdik. Uyga qaytganimda gazeta bu haqda qisqagina xabar elon qilgandi. O'sha vaqtlarda futbol endigina rivojlanayotgan edi".

Oradan ikki kun o'tgach, francuzlar favoritlardan biri sanalgan Argentinaga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvda bahsli vaziyat yuzaga keldi – moviy-oqlar azosi Monti gol urganidan uch daqiqa o'tib, tajribasiz braziliyalik hakam Almeyda Rego o'yinni muddatidan oldin tugatib yubordi. Bu paytda francuz markaziy hujumchisi Marsel Langiller darvoza tomon katta tezlikda borayotgan va gol urishga yaqinlashayotgan edi. Franciyaning keskin etirozlaridan so'ng o'yin davom ettirildi. Argentina 1:0 hisobidagi g'alabani saqlab qoldi.

Uchrashuvdan keyin argentinaliklarning avtobusi mahalliy muxlislar tomonidan toshbo'ron qilindi. Argentina futbol federaciyasi hatto jahon chempionatini butkul tark etish bilan tahdid qilib, mazkur voqea "mamlakatlar o'rtasidagi do'stona munosabatlarga jiddiy zarar etkazishi mumkin", degan bayonot bilan chiqdi. Faqatgina urugvaylik jurnalistlarning iltimosi bilan Argentina musobaqada ishtirokini davom ettirdi.

Franciya 48 soat orasida ikki o'yin o'tkazgan bir paytda, Chili hali birorta bellashuv o'tkazmagandi. Ular ertasi kuni Meksikani osonlikcha 3:0 hisobida mag'lub etdi.

Franciya – Chili uchrashuvi jahon chempionatlari tarixidagi birinchi penalti bilan tarixga kirdi: franciyalik Tepo Chili futbolchisi Vidalning penaltisini qaytarib, mundial tarixida penaltini qaytargan birinchi darvozabonga aylandi.

Argentina Meksikaga qarshi o'yinda 6:3 hisobida g'alaba qozondi. Debyut o'yinida Gilermo Stabile xet-trik qayd etdi. Guruh g'olibi Argentina va Chili o'rtasidagi bahsda hal bo'ldi. Qizg'in kechgan o'yinda Argentina 3:1 hisobida zafar quchib, yarim finalga yo'l oldi.

Argentina – Chili (3:1) o'yinida argentinalik Luis Monti chililik Kasimiro Torresga nisbatan qo'pollik ishlatdi. Belgiyalik hakam Jon Langenus o'z xotiralarida ("En siffant par le monde") hodisani yodga olgan: "Qoidabuzarlik uchun hushtak chalinib, vaziyat nazoratga olingan edi. Monti chalib yiqitgan chililik futbolchining raqibi tomon osoyishta yurganini, boshiga qo'l tekkizib silaganini ko'rdim. Go'yo hech qanday gina-qudrat yo'qdek edi, biroq bir zumda chililik bir qo'li bilan Montining boshidan ushlab, ikkinchi qo'li bilan kuchli zarba berdi. Shunda to'polon boshlandi! Bir lahzada barcha argentinalik o'yinchilar o'zlariga eng yaqin chililiklarga tashlanib, go'yo 11 ta alohida boks jangini boshlashdi, ammo bu qoidalarga to'g'ri kelmasdi, tepkilash holatlari ham ko'p edi. Hammayoq qonga belangan, bazi futbolchilar jarohat olgan edi.

Policiya janjalga aralashdi, fotosuratchilar esa suratga olishda davom etdi. Oxir-oqibat, tartib o'rnatildi, jarohatlanganlarga tibbiy yordam ko'rsatildi va futbolchilar yarashdi. Qoidaga ko'ra, barcha o'yinchilar maydondan chetlatilishi va o'yin bekor qilinishi kerak edi, lekin boshqa mamlakatlarda boshqacha yo'l tutishar ekan. Shunday dahshatli hodisa sodir bo'lgan bo'lsa-da, yarim finalda o'ynash uchun jamoa kerak edi. Shuning uchun o'yin davom ettirildi va ikkala tomon o'yinchilari go'yo hech narsa bo'lmagandek, bellashuvning qolgan qismini xotirjamlik va sportchilarga xos ruhda o'tkazdi. Argentina 3:1 hisobida g'alaba qozondi, chililiklar hatto raqiblari yoniga borib, ularni tabriklashdi!"

2-guruh

Guruhda Braziliya, Boliviya va Yugoslaviya jamlangan bo'lib, favorit sifatida Braziliya ko'rilgandi. Ammo ular ilk turda Yugoslaviyadan 1:2 hisobida mag'lubiyatga uchradi.

Boliviya o'z tarixida birorta g'alaba qayd etmagan holda mundialga kelgandi. Urugvayga hurmat ifodasi sifatida futbolchilar maydonga "Viva Uruguay" deb yozilgan liboslarda tushishdi. Yugoslaviyaga va Braziliyaga qarshi ikkala o'yinni ham ular yaxshi boshladi, ammo yirik hisobda mag'lub bo'ldi – 0:4.

Boliviya terma jamoasi murabbiyi Ulises Saucedo turnirda hakam sifatida ham faoliyat yuritgan. U Argentina – Meksika (6:3) uchrashuvini boshqargan, shuningdek Urugvay – Argentina finalida (4:2) yordamchi hakam sifatida ishlagan. Saucedo boshqargan ikki o'yinning birida unga Ruminiya terma jamoasi murabbiyi Kostel Redulesku yordamchi hakam sifatida ko'maklashgan.

Qizig'i shundaki, Redulesku 1936 yilda Garmish-Partenkirxenda bo'lib o'tgan Olimpiya o'yinlarida bobsley (muz ustida maxsus uzun, burilishli trassa bo'ylab yuqori tezlikda harakatlanadigan qishki Olimpiya sport turi) musobaqasida sportchi sifatida ham ishtirok etgan.

Yugoslaviya guruhda birinchi o'rinni egallab, yarim finalga yo'l oldi.

3-guruh

Mezbon Urugvay Peru va Ruminiya bilan bir guruhdan o'rin olgandi. Guruhning ilk uchrashuvi musobaqa tarixiga birinchi qizil kartochka bilan kirdi – perulik Plasido Galindo maydondan chetlatildi. Ruminiya bir kishi ko'p bo'lgach, vaziyatdan unumli foydalanib, 3:1 hisobida zafar quchdi. 

Ruminiya-Peru uchrashuvida hakamlar peruliklarning noqonuniy o'zgarishini etibordan chetda qoldirdi. Janubiy amerikaliklar hisob teng payti Souza o'rniga Rodrigesni maydonga tushirdi. Rasmiylardan hech biri buni payqamadi, chunki futbolchilarning liboslarida raqamlar yo'q edi va mashhur bo'lmagan o'yinchilarni kam sonli auditoriya yuzidan tanirdi, bundan peruliklar unumli foydalandi. Biroq adolat baribir g'alaba qozondi va ruminlar o'sha o'yinda g'alaba qozondi.

Bellashuv mundial tarixidagi eng kam tomoshabin tashrif buyurgan o'yin sifatida qayd etilgan – rasmiy raqamlarda 2459 kishi qayd etilgan bo'lsa-da, amalda atigi 300 nafarga yaqin kishi uchrashuvni tamosha qilgan.

Turnir boshlanishidan bir kun oldin "El Gráfico" gazetasi "La Plata futbolining qaysi uslubi g'olib chiqadi: asl Argentina uslubimi yoki Urugvay o'zlashtirib olgan va o'g'irlagan uslubmi?" degan savolni o'rtaga tashladi. Bu esa Urugvay va Argentina o'rtasidagi "urush" boshlanganini anglatardi.

Urugvayliklarning eng mashhur o'yinchisi 1928 yilgi Olimpiadada to'p bilan mohirona o'ynash qobiliyati tufayli Evropada tanilgan qora tanli o'ng qanot himoyachisi Xose Leandro Andrade edi. Kasbi poyabzal tozalovchi bo'lgan Andradening jamoadoshlari orasida 13 yoshida elektr arrasi bilan yuz bergan fojiali hodisada o'ng qo'lidan ayrilgan epchil hujumchi Ektor "El Divino Manko" Kastro hamda 30 yard masofadan to'sin ustidagi shishalarni urib tushirib mashq qiladigan Ektor "El Mago" ("Sehrgar") Skarone bor edi.

Turnir boshlanishidan avval Andres Masali jamoaning asosiy darvozaboni sifatida ko'rilgan, o'sha yillarda darvozabon chinakam yulduz va ikki karra Olimpiada chempioni hisoblanardi. Ammo mutlaqo ahmoqona sababga ko'ra, u terma jamoadan chetlashtirildi. Malum bo'lishicha, Urugvay murabbiyining tashabbusi bilan barcha futbolchilar mundialga yopiq eshiklar ortida tayyorgarlik ko'rishlari, komendantlik soatiga rioya qilishlari va quyosh botishidan oldin mehmonxonaga qaytishlari kerak edi. Lekin Masali bu qoidani buzdi. Jurnalistlar uni kechqurun xotini yoki notanish qiz bilan ko'rishganini xabar qilishdi. Nima bo'lgan taqdirda ham, u jamoa lageriga o'z vaqtida qaytishga ulgurmadi va mundialda ishtirok etish imkoniyatidan mahrum bo'ldi.

"Sentenario" stadioni qurilishi kechikkani sabab Urugvay musobaqani beshinchi kuni boshladi. Mezbonlar Peruni kichik hisobda mag'lub etdi. Matbuot bu o'yinni omadsiz deb baholagan bo'lsa-da, perulik darvozabon Pardonning mahoratli o'yini katta maqtovga sazovor bo'ldi.

Keyingi bellashuvda Urugvay Ruminiyani 4:0 hisobida munosib tarzda mag'lub etib, yarim finalga yo'l oldi.

4-guruh

Belgiya, Paragvay va AQSH ishtirok etgan guruhda amerikaliklar tarkibi yangilangani uchun francuz jurnalistlari ularni "yadro uloqtiruvchilar" deb atashgan. Ammo AQSH birinchi o'yinda Belgiyani 3:0 hisobida mag'lub etdi.

Guruhning ikkinchi uchrashuvida AQSH futbolchisi Bert Patenoud Paragvay darvozasiga xet-trik qayd etdi – ushbu ko'rsatkich mundial tarixidagi birinchi rasmiy xet-trik sifatida etirof etilgan. Paragvay so'nggi o'yinda Belgiyani 1:0 hisobida mag'lub etdi, ammo baribir AQSH guruhda birinchi o'rinni egallab, yarim finalga yo'l oldi. 

Tarixdagi ilk jahon chempionatining yarim finaliga etib borgan AQSH terma jamoasi tarkibida Buyuk Britaniyada tug'ilgan bir necha o'yinchilar bor edi. Aslida, ular endigina shakllanayotgan Amerika futbolini kuchaytirish maqsadida maxsus tanlab olingan va fuqarolikka yangi qabul qilinganlardan edi. Ularning oltitasi Buyuk Britaniyada tug'ilgan bo'lib, beshtasi Shotlandiyadan va bittasi Angliyadan edi. Biroq ularning faqat bittasi – Jorj Murxaus professional bo'lgan. Qolganlari esa, ko'plab boshqa muhojirlar singari, yoshligidayoq AQSHga ko'chib kelishgan edi.

Qizig'i shundaki, AQSH terma jamoasining o'sha paytdagi murabbiyi Robert Millar ham shotlandiyalik bo'lgan. U "Sen-Mirren" tarkibida o'ynab yurgan paytda, 27 yoshida AQSHga imigraciya qilgan va 1912 yilga qadar turli Shimoliy Amerika klublarida o'ynagan, keyin esa murabbiylik faoliyatini boshlagan.

Yarim final

Argentina AQSHni 6:1 hisobida mag'lub etdi. AQSH bosh murabbiyi o'yindan oldin argentinaliklar uni qo'rqitmasligini, u faqat finalni o'ylashini aytgan bo'lsa-da, raqibning qattiqqo'l va shafqatsiz o'yinini hisobga olmagan. Bellashuv tinch o'tmadi: amerikalik markaziy himoyachi Rafael Treysi 10-daqiqadayoq oyog'ini sindirib oldi, darvozabon Jim Duglas qattiq jarohatlandi, yarim himoyachi Endi Old esa yuzidan tepki eb, og'ir ahvolga tushdi. 

Belgiyalik hakam Jon Langenusning xotiralarida yozishicha, Argentina – AQSH o'rtasidagi yarim final (6:1) paytida amerikaliklar hakamning bir qator qarorlariga etiroz bildirgan. Tanaffusdan so'ng amerikaliklar yana bir bor qo'pollik uchun to'xtatilganda, murabbiy Robert Millarning yordamchisi va jamoaning tibbiy xodimi Jek Koll hakamni koyish uchun maydonga otilib chiqqan. Langenus keyingi voqealarni shunday eslaydi: "U to'g'ri menga qarab shiddat bilan yugurdi va juda tajovuzkor tarzda savollar bera boshladi. Bahslashib bo'lgach, g'azab bilan birinchi yordam sumkasini erga uloqtirdi. Sumka ochilib ketib, erga singan shisha idishlar va flakonlar, jumladan xloroform shishasidagi modda to'kildi va janob Kollni ham, o'yinchi Endi Oldni ham darhol hushidan ketkazdi". Langenus o'zining uzoq hakamlik faoliyatida maydonni bunday samarali tinchlantirish usulini hech qachon ko'rmagan edi.

Urugvay – Yugoslaviya uchrashuvi ham 6:1 hisobida yakunlandi. Yugoslaviya dastlab hisobni ochdi, ammo birinchi bo'limda bahsli ofsayd sabab yana bir goli bekor qilindi. Ikkinchi bo'limda esa Urugvay to'liq ustunlik qilib, ishonchli g'alabaga erishdi.

Yana bir voqea. Hisob 2:1 bo'lgan palla Urugvay hujum uyushtirdi, biroq to'p maydonni tark etdi. Chiziq ortida turgan tartib saqlovchi xodim to'pni maydonga qaytardi va go'yoki Anselmoga golli uzatma amalga oshirdi, shundan so'ng futbolchi to'pni xotirjamlik bilan darvozaga yo'lladi. Hakamlar bu holatni etiborsiz qoldirdi.

3-o'rin uchun

1930 yilgi chempionatda bronza medali uchun o'yin belgilanmagandi. FIFAning 1986 yilgi texnik hisobotiga ko'ra, to'plar nisbati Yugoslaviyanikidan yaxshiroq bo'lgani uchun uchinchi o'rin rasman AQSHga berilgan. Yugoslaviya esa 4-o'rin sifatida qayd etilgan.

Final

Kutilganidek, hal qiluvchi bellashuv Urugvay va Argentina o'rtasida bo'ldi. Ikki yil avval Amsterdamdagi Olimpiada finalida ham aynan shu ikki jamoa to'qnash kelgan va Urugvay g'alaba qozongan edi. Ular shunchaki qo'shni emas, balki o'ta jiddiy raqiblar bo'lib, so'nggi uchrashuvlari juda keskin tarzda o'tgan.

Final 30 iyul kuni "Estadio Sentenario"da o'tkazildi. La-Plata havzasi atrofida kayfiyat juda keskin edi: argentinalik muxlislar daryoni kesib o'tarkan, "Victoria o muerte" ("G'alaba yoki o'lim") deb yozilgan tahdidli shiorni ko'tarib kelishdi. Bu holat musobaqaga qiziqish haqidagi barcha shubhalarni yo'qqa chiqardi.

Buenos-Ayresdan Montevideo tomon muxlislarni tashish uchun ajratilgan o'nta kema etarli bo'lmagan. Turli kemalar, qayiqlar muxlislarni tashishga harakat qildi. Taxminan 10–15 ming atrofida argentinalik muxlis daryodan o'tishga urindi, ammo Montevideo porti shunchalik gavjumlashib ketdiki, ko'plari o'yin boshlanguncha hatto qirg'oqqa tusha olmadi, stadionga etib borish esa deyarli imkonsiz holga aylangan. Stadion atrofida muxlislar ehtiyot chorasi sifatida zirhli qurol tekshiruvidan o'tkazildi. Malumotlarga ko'ra, huquq-tartibot organlari 1600 ta to'pponchani musodara qilgan. Bosh hakam esa hayoti xavfsizligini taminlashlarini talab qilgan. Darvozalar soat 8:00 da, o'yindan 6 soat oldin ochildi va tush vaqtiga borib stadion to'lgan.

Final oldidan katta nizo yuzaga keldi: har ikki jamoa final o'yinini o'z mamlakatida ishlab chiqarilgan to'p bilan o'tkazishni xohlagani tufayli hakam Jon Langenus maydonga ikki qo'ltig'ida ikkita to'p bilan chiqdi: biri Urugvay, ikkinchisi esa Argentinaga tegishli edi. Manbalarga ko'ra, tanga tashlash natijasida birinchi taymda Argentina, ikkinchi taymda esa Urugvay to'pidan foydalanilgan.

Pablo Dorado mezbonlar foydasiga hisobni ochdi. Biroq Argentina texnik ustunligi va aniq paslar kombinaciyasi bilan o'yin nazoratini o'z qo'liga oldi. Oradan 8 daqiqa o'tgach, Ferreyraning uzatmasini qabul qilgan Karlos Peuselle raqibni aldab o'tib, hisobni tenglashtirdi.

Tanaffus oldidan musobaqaning eng sermahsul futbolchisi Gilermo Stabile yana bir gol urdi va Argentina 2:1 hisobida oldinga chiqib oldi. Urugvay sardori Nasassi gol ofsayda kiritilgani aytib, etiroz bildirdi, ammo hakam qarorini o'zgartirmadi.

Ikkinchi bo'limda Urugvay bosimni kuchaytirdi. Pedro Sea hisobni 2:2 ko'rinishiga keltirdi. Oradan 10 daqiqa o'tgach, Santos Iriarte uzoq masofadan aniq zarba berib, Urugvayni oldinga olib chiqdi. O'yinning so'nggi daqiqalarida Kastro to'rtinchi golni kiritib, hisobning 4:2 bo'lishini taminladi.

Shu tariqa, Urugvay tarixdagi birinchi jahon chempioniga aylandi. Franciyalik Jyul Rime kubokni Urugvay futbol federaciyasi prezidenti Raul Judega topshirdi.

Finalda o'ynagan futbolchilardan eng oxirgi tirik qolgani – argentinalik Fransisko Varallo 2010 yil 30 avgustda vafot etdi.

Argentina futbol federaciyasi mutasaddilari mag'lubiyatni og'ir qabul qildi. Ular jurnalistlarga Montiga final arafasida qilingan tahdidlar, stadionda argentinalik futbolchilarga qarshi yangragan hushtakbozliklar haqida shikoyat qildi. Buenos-Ayresdagi xalq ham g'azab otiga mindi – Urugvay elchixonasi toshbo'ron qilindi, policiya vaziyat nazoratdan chiqmasligi uchun osmonga ogohlantiruvchi o'q uzdi.

Musobaqadan keyin Argentina Urugvay futbol federaciyasi bilan aloqani uzdi. Finalda o'ynagan argentinalik futbolchilardan sakkiz nafari keyinchalik biror marta terma jamoaga chaqirilmadi. Ular orasida matbuot tomonidan "qo'rqoq" deb tariflangan, o'ta qo'pol o'yini tufayli "suyak maydalovchi" laqabini olgan Luis Monti ham bor edi. Monti bu voqealardan ko'p o'tmay "Yuventus"ga o'tdi (oyiga 5000 dollar maosh, mashina va uy evaziga) va 1934 yil jahon chempionatida Italiya sharafini himoya qildi.

Montevideoda esa bayram kechasi tugamasdi. Kemalar sirenalarini chaldi, mashinalar signallarni to'xtatmadi, osmon mushakbozliklar bilan yoritildi va "spirtli ichimliklar daryoday oqdi", deb yozgan edi Pepe Nasassi. Ertasi kuni hukumat mamlakat bo'ylab rasmiy bayram elon qildi va xursandchilik davom etdi.

Albatta, Montevideo hayoti doim yorqin bo'lavermadi. Urugvay keyingi ikki jahon chempionatiga boykot elon qildi, Uoll-strit qulashi oqibatlari mamlakat iqtisodiyotini izdan chiqardi va 1933 yilda demokratik hukumat harbiy to'ntarish orqali ag'darildi. Mamlakatni og'ir yillar kutib turgandi.

Nima bo'lgan taqdirda ham, 1930 yilning 30 iyulida – Urugvay jahon cho'qqisiga ko'tarilgandi.

 

Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

Reyting: +1   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика