So’nggi yangiliklar

03:00Евро-2024 1/8 финал. Германия - Дания 2:0, "VAR" учта голни бекор қилди  0 02:20Евро-2024. Чорак финал йўлида чақмоқ ҳам Германияни тўхтата олмади!  41 01:38Расман: "Марсель" Де Зерби билан 3 йиллик шартнома имзолади  1 01:03Ламин Ямаль 250 миллион еврога сотилиши мумкин?!  5 00:45Евро-2024 1/8 финал. Швейцария - Италия 2:0, Спаллетти ҳам, Скамакка ҳам хеч нарса қила олишмади.  0 00:24Гол ва ассист қайд этган Варгас Швейцария – Италия баҳсининг энг яхши ўйинчиси деб топилди  0 23:24ҚПЛ. "Қайрат" "Астана" устидан иродали ғалабага эришди, Йўлдошев эса...  2 23:16ҚПЛ. "Ордабаси" камбэк қайд этди ва турнир жадвалида якка пешқадамга айланди. Яхшибоевдан гол!  0 22:53Евро-2024. Швейцария амалдаги чемпионни мағлуб этиб, дастлабки чорак финалчига айланди  62 22:41"Бетис" "Бавария" собиқ футболчисини харид қилди  0 22:08МЮ "Бавария" футболчиси билан музокараларни бошлади  1 21:41"Барселона" 23 ёшли футболчисини текинга қўйиб юборди  0 21:11"Интер" ва "Манчестер Сити" собиқ ҳужумчиси Саудия лигасига йўл олиши мумкин  1 20:31Карвахаль: "Реал"дан сўнг ҳеч бир Европа клубига ўтмасликка кафолат бераман"  13 19:42Уилсон Раж Перумал: "Эрон ва Ўзбекистон терма жамоалари мундиалга йўл олишади. Иордания Ироқдан кучлироқ. Саудия эса плей-офф орқали ЖЧга йўл олади  6

Muhsin Muhammadiev: "Ravshan Bozorov men bilan eng yaxshi tandem bo'lgan" Yangiliklar

Muhsin Muhammadiev: "Ravshan Bozorov men bilan eng yaxshi tandem bo'lgan"

Tojikistonning “Istiqlol” klubi yangi mavsumga tayyorgarlikni Toshkentda olib bordi. Hozirda bu jamoani yaqin o'tmishning mashhur futbolchilaridan biri Muhsin Muhammadiev boshqarmoqda.

Muhammadiev nomi bizga begona emas, u kishini ayniqsa buxorolik va samarqandlik yoshi katta ishqibozlar yaxshi eslaydi. "Istiqlol" Toshkentdagi yig'in davomida Superliga va Pro-liga klublariga qarshi jami beshta o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazdi. Jamoa Tojikistonga qaytib ketar chog'ida biz Muhsin Muhammadiev bilan uchrashib, klub bosh murabbiyini suhbatga tortdik.

- Muhsin Muslimovich, Siz boshqarayotgan jamoa tayyorgarlikni Toshkentda olib bordi. Dastavval shu haqda malumot berib o'tsangiz.
- Biz Toshkentda yig'in o'tkazganimizdan xursandmiz. Mana ketma-ket ikkinchi yildirki tayyorgarlikni shu erda olib bordik va sharoitlar, boshqa masalalar bo'yicha nolishga sabab ko'rmadik. Maydonlar, eb-chish, jamoaga xizmat - xullas hammasi joyida bo'ldi. Va eng asosiysi O'zbekistonda kuchli raqiblar bilan o'ynadik. Toshkentga kelganimdan foydalanib bir nechta eski qadrdonlar bilan ko'rishdik. Esingizda bo'lsa, 1999 yil uch oy “Buxoro”da o'ynaganman, 2000-2001 yillarda “Dinamo”da to'p tepganman. Fursatdan foydalanib meni taniydigan, men haqimda eshitgan samarqandlik va buxorolik muxlislarga alohida salom yo'llab qolaman.

- Jamoangizning tayyorgarligi haqida nima deya olasiz?
- Bu yil biroz kechikib mashg'ulot boshladik. Buning o'ziga yarasha sabablari bor, jamoamizni asosiy tarkibning etti futbolchisi tark etdi. Uch nafar futbolchimiz Indoneziya chempionatiga yo'l olgan bo'lsa, Jahongir Aliev “Nasaf” bilan shartnoma tuzdi, yana bir o'yinchimiz Estoniyaga ketdi. SHuningdek, ikkita legionerimiz ham jamoani tark etdi. Toshkentga o'tgan yil fevralda ham kelmoqchi edik, ammo bazi sabablar tufayli kela olmagandik, natijada avgustda keldik.

- Toshkentda yig'in o'tkazishning o'ziga xos tomonlari nimada?
- Aytib o'tganimdek, avvalo bu erda sharoit yaxshi. Qolaversa, raqiblar ham kuchli. O'zbekistonda futbol rivojlanyapti, terma jamoaning jahon chempionatiga chiqishiga ozgina etmay qoldi. Bu ham futbol o'sayotganidan dalolat. Bu safar Toshkentda beshta uchrashuv o'tkazdik. “Qo'qon-1912” va “So'g'diyona”dan mag'lubiyatga uchragan bo'lsak, “Qizilqum” bilan durang o'ynadik. “Oqtepa” va “Surxon” klublari bilan esa g'alabaga erishdik.

- Ayting-chi, O'zbekiston va Tojikiston futboli o'rtasidagi farq kattami?
- Bugungi kunga kelib farq katta deya olaman. O'zbekiston jamoalari avvalo moddiy tomondan, qolaversa sharoit bo'yicha bizdan ancha ustun. Bundan tashqari, sizda klublar Osiyo chempionlar ligasida o'ynaydi, bizda esa OFK Kubogida. Demak, bu ham oradagi farqni bildirib turibdi. O'rtoqlik uchrashuvlaridan ham bilsa bo'ladi: O'zbekiston klublari qanchalik kuchli ekanini.


- Bizdan ikki nafar futbolchi jamoangiz yig'inida ishtirok etgani haqida eshitdik.
- Ha, shunday. Vohid SHodiev bilan Timur Hakimov malum vaqt jamoamiz mashg'ulotlarida qatnashdi. Bu futbolchilar yomon emas, lekin bizga to'g'ri kelmadi. Ularning hozirgi holati bizga mos kelmadi, shu bois tezda javob berib yubordik. Tojikiston klublari to'rt nafar legionerni ro'yxatdan o'tkazishi mumkin. Biz ikkita belarusiyalik futbolchini qo'shib olishni mo'ljallab turibmiz.

- Tojikistonning boshqa klublari qaerda yig'in o'tkazadi?
- Asosan barcha klublar o'zimizda mavsumga hozirlik ko'rishadi. CHunki hammada ham mablag' tomonlama katta imkoniyat yo'q. Bu yil faqat biz chetga chiqdik. CHempionatda ikkinchi o'rinni olgan “Xo'jand” OFK Kubogi doirasida pley-off uchrashuvi borligi sabab chetda yig'in tashkil etmadi. Bu jamoa Turkmanistonning “Axal” klubi bilan o'tish o'yinida yutqazib qo'ydi.

- O'zbekistonda siz o'ynagan payt bilan hozirgi futbol o'rtasida farq kattami? O'shanda siz futbolchi edingiz, endi bo'lsa murabbiy sifatida bu haqda nima deya olasiz?
- Ko'p narsa o'zgardi deyishim mumkin. Avvalo ko'plab stadionlar barpo etildi. Deyarli har bir viloyatda zamonaviy stadion bor desam adashmayman. Oldinlari bunday emasdi. Lekin futbolchilar haqida gapiradigan bo'lsam, biz o'ynagan paytda futbolchilar hozirgidan ancha kuchli edi. Hozir taktika o'zgarib ketdi. Balki taktik tomondan jamoalar kuchaygandir, ammo individual kuchli o'yinchilarni deyarli ko'rmadim.

- Nima deb o'ylaysiz, taktika iqtidorning o'sishiga xalaqit beradimi?
- Bunday deb o'ylamayman. CHunki iqtidorli futbolchi har qanday taktikaga moslashib ketaveradi. Buning uchun futbolchida tezlik va texnika yuqori bo'lishi lozim. Biz sobiq ittifoq futbol maktabini ko'rganmiz. Oldin texnikasi kuchli o'yinchilar ko'p edi, ammo hozir kamayib ketdi. Balki bu murabbiylarning o'yinga qo'yadigan taktikasi tufaylidir. Avval futbolchilar mustaqil qaror chiqarish bo'yicha ham kuchli bo'lgan. To'g'ri, hozir ko'p o'yinchilar men murabbiy aytgan narsani bajaryapman, yana nima xohlaysizlar deyishi mumkin. Lekin bu o'rinda murabbiylarni ham ayblamaslik kerak. CHunki hech qaysi murabbiy to'pni tepma, pas ber deb o'rgatmaydi. Raqib darvozasi oldida futbolchi o'zi mustaqil qaror qabul qilishi kerak.

- Bu o'rinda ko'p narsa futbol maktablarida berilayotgan tarbiyaga bog'liqmi?
- Menimcha ham shunday. CHamamda, hozir bolalarni futbol maktabiga olib kelayotgan ota-onalar o'g'li futbolchi bo'lishini bolasidan ham ko'proq xohlashadi. Buni esa muammo deb bilaman. Yani, ota-onalar farzandidan ko'proq xohlaydigan bo'lib ketishdi. Bundan tashqari, ko'pchilik ota-onalar murabbiylarga aql o'rgatuvchi bo'lib qolgan. Bu narsa sobiq ittifoqning barcha mamlakatlarida bor.

- Yoshlik paytingizda murabbiylar jamoani natija uchun o'ynatarmidi?
- Bolalik davrimni yaxshi eslayman. Lekin birorta murabbiyning bugun yutishimiz shart, natija kerak degan gapi yodda qolmagan. Demak, hech kim so'ramagan bo'lsa kerak. Hozir hamma joyda maktablar, internat va akademiya ochish avj oldi. Futbol to'garaklari ko'paygani sari raqobat ham oshyapti va bu o'rinda natija birinchi o'ringa chiqib qolyapti. CHunki natija ko'rsatgan murabbiy tezda taniladi, oyligini oshirib oladi. Ammo boshqa tomondan natijani deb iqtidorlarni yo'qotib qo'yayotgandekmiz. Hozir O'zbekistonda ham individual kuchli futbolchilar unchalik ko'p emas. O'zim taniydiganlardan Odil Ahmedov, Vitaliy Denisov va Aziz Haydarovni kuchli deb bilaman, ammo qolganlar haqida tasavvurim yo'q.


- Bolalar futbolida natija so'rashning salbiy tomonlari nimada?
- Bu avvalo futbolchining mustaqil o'sishiga to'sqinlik qiladi. To'g'ri, natija ham so'rash kerak, lekin 14 yoshdan keyin. Ungacha esa bola to'p bilan muomalani o'rgansin. Texnikasini oshirsin, raqibni aldashni va gol urishni o'rgansin. Natijani keyinroq so'rasa ham bo'laveradi. Birorta musobaqada o'rin olish avvalo murabbiyga kerak. U shu orqali obro' topadi va yutib kelsa maoshini ko'tarib olish imkoniga ega bo'ladi. Bunday bo'lmasligi uchun bolalar bilan ishlaydigan murabbiylarning maoshini oshirib, ulardan natija so'rashni bas qilish kerak. Bolalar murabbiyi ko'proq iqtidorli o'yinchilarni chiqarsin.

- Bu o'rinda yana qaysi muammolarni ko'rsata olasiz?
- Biz o'ynagan paytda futbolchilar faqat futbol bilan cheklanib qolmasdi. Vaqti kelsa voleybol, basketbol kabi boshqa jamoaviy sport turlarini o'ynab ketaverardik. Ammo hozir vaziyat o'zgardi. Futbolchi faqat futbol bilan cheklanib qolyapti. Buni esa maqullamayman.

- Malumki, siz besh yil “Rubin”da sport direktori bo'lib ishlagansiz. Asosiy ishingiz nimalardan iborat edi?
- Men ko'pincha asosiy va o'rinbosarlar tarkibi bilan ishlardim. Klub rahbariga murabbiylar haqida malumot berardim. Futbol maktabiga ham borib turardim, lekin ularning ishiga aralashmasdim.

- Futbol falsafangiz qanday ko'rinishda?
- Menga “Barselona” va “Manchester Siti” ko'rsatayotgan futbol yoqadi. Falsafam to'pni nazorat qilishga qaratilgan. SHuningdek, jamoaviy pressing va tezkor qarshi hujumga o'tishni yoqtiraman.

- Tojikistonda “Istiqlol”ga raqobat qila oladigan jamoa bormi?
- Afsuski, yo'q. Mamlakatning eng yaxshi futbolchilari bizda yig'ilgan va oxirgi to'rt yilda ketma-ket chempion bo'ldik. Jamoamizda milliy terma jamoaga nomzod ko'plab futbolchilar o'ynaydi, shuning uchun bizga raqobatchi yo'q.

- Tojikiston klublari OCHLda ishtirok etishi mumkinmi?
- Biroz qiyin masala deb o'ylayman. OCHLda qatnashish uchun ochkolarimiz kamlik qiladi. SHuningdek, lizenciyalashdan o'tishga to'g'ri keladi. Balki kelasi yildan pley-off bosqichida o'ynashimiz mumkin.

- Tojikistonda kelishilgan o'yinlar bormi?
- Bir yil ishlab birortayam kelishilgan o'yinni ko'rmadim. Jamoamiz shundoq ham boshqalardan kuchli, shunday ekan kelishgandan nima foyda?

- O'zbek futbolini qanchalik kuzatib borasiz?
- Nafaqat o'zbek futboli, balki rus, ukrain, umuman ko'p davlatlarning futbolini kuzatib boraman.


- Sizningcha, O'zbekistondagi eng kuchli uch nafar murabbiy kim?
- Birinchi o'ringa Mirjalol Qosimovni qo'ygan bo'lardim. “Lokomotiv”dagi Mirko Yelichichning ham ishini kuzatdim. U ham kuchli murabbiy ekan. Yil boshida “So'g'diyona”ni qabul qilib olgan Aleksandr Mochinovni yaxshi murabbiy deb o'ylayman. O'zbekistonda iqtidorli murabbiylar ko'p: No'mon Hasanov, Ulug'bek Baqoev...

- “Nasaf”ga kelgan Jahongir Aliev haqida nima deya olasiz?
- U yaxshi futbolchi, faqat xarakteri og'irroq. Agar murabbiylar u bilan til topishib ketsa, Jahongirning jamoaga foydasi tegadi deb o'ylayman.

- Tojikistonda futbolchilarga o'rtacha qancha maosh to'lanadi?
- Unchalik ko'p emas, 300 dollar atrofida. Legionerlarga to'lanadigan pul birmuncha ko'proq: eng kami 500 dollar. Ammo “Istiqlol”dagi maoshlar haqida klub rahbariyati ruxsatisiz gapira olmayman, chunki bu haqda shartnomaga yozib qo'yilgan.

- Agar O'zbekiston klublaridan taklif tushsa, qanday yo'l tutasiz?
- O'zbekistonda ishlashni kim ham xohlamaydi deysiz. Balki jiddiy taklif tushsa o'ylab ko'rarman, lekin hozir bor etiborim “Istiqlol”ga qaratilgan. “Dinamo” chaqirsa nima deyman? Albatta, yo'q deya olmayman. Ammo shuni bilingki, “Dinamo”ning muammosi murabbiylarda emas, balki klubni moliyalashtirishda. Bilishimcha, hozir jamoa pul tomonlama ancha qiynalib qolgan.

- Tojikistonda matbuotning futbolni yoritishi qanday?
- Ishonch bilan ayta olamanki, oxirgi uch-to'rt yil ichida futbolni yoritish ancha o'sdi. Bizda bir emas, ikkita sport telekanali bor. O'yinlarni sifatli ravishda to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatish yo'lga qo'yildi. Futbol internet va gazeta nashrlarida yaxshi yoritilyapti. Faqat muammo shundaki, futbolni chuqur tahlil qila oladigan, o'yinlarni yuqori saviyada sharhlaydigan mutaxassislar etishmayapti.

- Nima sababdan o'z vaqtida “Rubin”ni tark etgansiz?
- Men ishlagan paytda “Rubin” juda kuchli klub edi. Biz Kubokni, Superkubokni yutgandik. Hatto ECHLda “Barselona”ni ham yutganmiz. Ammo ketish sabablarini ochiq ayta olmayman. Bazi gaplar bo'lgan, faqat bu haqda gapirishning hozir mavridi emas.

- Sir bo'lmasa “Barsa” mag'lub etilgan o'yin uchun futbolchilar qancha mukofot puli olishgan?
- 20-25 ming dollar miqdorida. O'yin juda qiziq kechgandi. O'sha mavsum “Rubin” boshqa bir nechta muhim bahslarda maydonga tushib, ko'p o'yinlarda g'alaba qozongan. Men ishlagan yillari Andrey Fyodorov ham biz bilan ishlar va u selekciya bo'limiga javobgar edi.

- “Buxoro” va “Dinamo”dan qanday xotiralar qolgan?
- Ajoyib xotiralar qolgan. O'sha davrlar zo'r edi. Maza qilib futbol o'ynardik. Bir mavsum hatto 27ta gol urganman. Lekin to'purarlik poygasida Jafar Irismetov 45ta to'p kiritib, hammadan o'zib ketgandi. U oxirgi uchta turda 15ta gol urgandi. Hozir hujumchilar gol urish qiyin deyishadi, vaholanki gol urish hech qachon oson bo'lmagan. Yoki bizga oson edi deb o'ylaysizmi?

- Siz o'ynagan paytda O'zbekistonning eng kuchli hujumchisi kim bo'lgan?
- Yaxshi hujumchilar ko'p edi. Azamat Abduraimov, Igor SHkvirin, Jafar Irismetov, Ravshan Bozorov, SHuhrat Maqsudov. To'purarlar poygasida ham raqobat doim zo'r bo'lardi. Adashmasam, men O'zbekiston chempionatida 56 o'yinda maydonga tushib 52ta gol urganman va buni o'zim uchun yaxshi natija deya olaman.

- Siz bilan o'ynagan futbolchilar orasida eng kuchlilari kimlar?
- Ravshan Bozorov, Ilhom SHaripov, SHuhrat Jabborov, Olim Tillaev, Davron Fayziev, Rahmatillo Fuzaylov. Men bilan o'ynaganlar orasida eng yaxshi tandem Ravshan Bozorov edi. Ikkalamiz bir-birimizni juda yaxshi tushunardik va ko'p gollar urgandik.

X.Xoliqov va SH.Beg'amov suhbatlashishdi.


Reyting: +14   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика