So’nggi yangiliklar

12:53"Бавария" ва "Ювентус" Англия термаси марказий ҳимоячисини ўз сафига қўшиб олмоқчи   0 12:32Миллатлар Лигаси доирасидаги баҳсда Бельгия Исроилни Венгрияда қабул қилади  1 11:56"Интер" "Зенит" ҳимоячисига қизиқиш билдирмоқда  0 11:27Mirabror Usmanov Cup-2024. Ўзбекистон бугун Қирғиз Республикасига қарши кураш олиб боради  1 10:53МЮдан навбатдаги юриш. Инглизлар 90 миллион евролик трансферни амалга оширишга тайёр  8 10:25«Барселона» Дани Ольмо бўйича музокараларни бошлади. Каталонияликлар қанча таклиф қилгани маълум  9 09:57«Атлетико» икки нафар Европа чемпионлари билан шартнома тузмоқчи  0 09:28Месси ХХI асрнинг энг яхши спортчилар рейтингининг ТОП-3лигидан жой олди. Роналду эса…  22 09:00Слот «Ливерпуль» бошқарувидаги дебют ўйнида Чемпионшип вакилига мағлуб бўлди  2 08:31«Пахтакор»нинг яна бир футболчиси «Металлург»га ижарага берилди  2 08:05АПЛ. Ким энг кўп ойлик олади?  1 07:37«Манчестер Юнайтед» олти нафар футболчисини сотишга тайёр  4 02:35Тожикистон футзал терма жамоаси бош мураббийи: "Бугун кучлироқ жамоа ғалаба қозонди"  1 01:38Хосе Венансио Лопес: "Адолатли натижа қайд этилди. Жорий йиғин давомида кўпроқ ҳимоя чизиғини яхшилаш ҳаракатидамиз"  2 01:05ОФК президенти Париж Олимпиадасида Осиё номидан иштирок этувчи терма жамоалар ва мусобақа расмийларига табрик йўллади  0

Moziyga qaytib...O'yindan tashqari holat Yangiliklar

Moziyga qaytib...O'yindan tashqari holat

1979 yilgi aviahalokatidan so'ng, “Paxtakor” jamoasi o'nglanmadi.

O'sha paytda sobiq ittifoq futbol mutasaddilari yangi “Paxtakor” o'nglanib olguncha 3 yil muddat berishgandi. Yani, bu orada, Toshkent jamoasi qanday natija ko'rsatishidan qatiy nazar, oliy ligadan tushib ketmasdi. Zaminimiz har doim iqtidorlarga boy bo'lgan. O'sha paytda o'z futbolchilarimizga urg'u berganimizda, 3 yilda ancha pishib etilishardi. Biroq futbolimiz mutasaddilari chetdan kelgan futbolchilar va mutaxassislarga ishonishdi. Natijada, ular pul ishlab juftakni rostlaganidan so'ng, Paxtakor” baribir birinchi ligaga tushib ketdi. Quyida keltirilgan maqolada o'sha paytdagi sportdan uzoqda bo'lgan kommunist rahbarlar “Paxtakor” taqdirini qanday hal qilib kelganlari haqida gap boradi. Aviahalokatdan so'ng 10 yilda 6 murabbiyni almashtirib, o'sha paytdagi yurtimizning yagona iftixori hisoblanmish “Paxtakor”ni abgor axvolga solib qo'yishgani haqida malumot beriladi.

Sobiq ittifoqda O'zbekistonda yagona sport gazetasi “Fizkulturnik Uzbekistana” bo'lib, u ham sport qo'mitasining nashri sifatida faqat ijobiy maqolalar chop etardi. SHu bois ham, yoshlarning sevimli gazetasi bo'lgan “Yosh leninchi”da(hozirgi “Turkiston”) quyidagi maqola chop etilganida, katta shov-shuvlarga sabab bo'lgan. Bu maqola bilan jurnalistlar sportdan uzoq bo'lgan amaldorlarning mamuriy-buyruqbozlik usullari futbolga faqat zarar keltirishi mumkinligiga ishora qilishgan. O'qing va futbolimiz tarixini biz bilan birga varaqlang...

O'YINDAN TASHQARI HOLAT
“Paxtakor” futbolchilari komanda rahbariyati almashtirilganida ana shunday vaziyatda qoldilar
(“Yosh leninchi” gazetasi, 1989 yil, 1fevral)


O'tgan yilgi mavsum tugagandan so'ng, millionlab futbol ishqibozlari “Paxtakor”ning keyingi taqdiri bilan qiziqdilar. Bir tomondan komanda bosh vazifani – oliy ligaga yo'llanma olishni uddalay olmadi. Boshqa tomondan, nihoyat, o'z uslubiga ega bo'ldi. Oliy liga unchalar yiroq emasligini isbotladi, qisqasi, muxlislar komandaga yana ishona boshladilar.
Hali mavsum sarhisob qilinmasdanoq, redakciyaga minglab ishqibozlardan minnatdorchilik maktublari kela boshladi. “To'g'ri, B.Abduraimov “Paxtakor”ni bu yil ham oliy ligaga olib chiqolmadi. Biroq u vadasida tura olmaganligi uchun komandani tashlab ketsa, burgaga achchiq qilib, ko'rpaga o't qo'ygan bo'ladi. Aniqrog'i, u shunday qilsa, og'ir paytda jang maydonini tashlab ketgan komandirni eslatadi. SHuning uchun ham u ketmasin, biz unga ishonamiz”.

Xorazmlik futbol muxlisi R.Hasanovning yuqoridagi maktubi qolgan deyarli barcha xatlardagi fikrni ifodalaydi.

22 dekabr kuni “Bilimlar uyi”da “Paxtakor” komandasining ishqibozlar bilan uchrashuvidan so'ng, gazetamizda “Paxtakor”da o'zgarish bor”, “Umidimiz uzilgani yo'q”, “Uchinchi urinish” kabi qator maqolalar elon qilindi.

Biroq, yangi yil kirib kelishiga ikki kun qolganda, O'zbekiston futbol federaciyasining “Paxtakor” mavsum yakuni bo'yicha hisobot topshirmagani “esiga” tushib qoldi. Bo'lmasa, 5 noyabrda tugagan mavsumni 28 dekabrda sarhisob qilishni nima bilan izohlash mumkin?

Hullas, dekabr oyining oxirlarida “Paxtakor” komandasining bosh treneri B.Abduraimov, komanda boshlig'i S.Docenko, yordamchi trener YA.Kaprov, vrach A.Turikov, komanda kapitani G.Denisov hamda komsorg A.Abduraimovlar O'zbekiston SSR futbol federaciyasiga mavsum davomida qilingan ishlar to'g'risida hisobot berishdi.
Biroq, O'zbekiston SSR futbol federaciyasining prezidiumi komanda bosh vazifani – oliy ligaga yo'llanma olishni uddalay olmaganligi sababli, qilingan ishni qoniqarsiz baholadi. Prezidium azolari o'tgan bir yarim oy mobaynida yig'ilgan hujjatlarga asoslanib, boshqa kamchiliklarni ham ko'rsatib o'tishdi. Jumladan, komandani komplektlashtirishda, o'quv-mashg'ulot jarayonini planlashtirishda, tarbiyaviy ishlardagi nuqsonlar aytildi.

Prezidiumda B.Abduraimov o'z o'g'li Azamatga asosiy sostavdan joy ajratib berish uchun bir necha hujumchilardan voz kechganligi ham aytib o'tildi. S.Razamatov, A.Zeytullaev, A.Gridyushko, S.Bauer, I.SHkvirin, M.Kabaev – bular bir yil davomida “Paxtakor”dan ketgan hujumchilardir. Boshqa komandalardan o'yinchilar taklif qilish ham yaxshi yo'lga qo'yilmagan. Bu yil chetdan to'rt o'yinchi taklif qilindi. Prezidiumda ularni tanishtirish bilan birga, o'yinchilarning yoshlari ham ko'rsatib o'tildi: V.SHerbak – 30, V.Kobzev – 30, I.Logunov – 28, A.Erin – 28 yoshda.

SHunday qilib, prezidium yakdil qarorga keldi. B.Abduraimov bosh trenerlik vazifasini eplay olmaganligini aytib, unga... komanda boshlig'i vazifasida ishlashni taklif qilishdi. O'zbekiston SSR fizkultura va sport Davlat komiteti kollegiyasiga ishni uzil-kesil hal qilish masalasi topshirildi.



* * *

“Uzil-kesil” hal qilish uchun kollegiya salkam bir oy vaqt ajratdi. Ungacha “Paxtakor” rahbarlari nima qilishlarini bilmay, sarson-sargardon yurdilar. Komandada muhit yomonlashdi. Mayda guruhlar vujudga keldi. Biroq, nima bo'lganda ham, B.Abduraimov mashg'ulotlarni davom ettiraverdi.

Nihoyat, Farg'onaga – o'quv-tayyorgarlik mashg'ulotlari o'tkazish uchun jo'nab ketishga ikki kun qolganda, B.Abduraimovning sabri chidamadi. U O'zbekiston SSR fizkultura va sport komitetining rahbarlaridan biriga qo'ng'iroq qildi.

Amaldor hali hech kim uni komandadan chetlashtirmaganligi, shuning uchun bemalol ishlayverishini takidlab, ertaga ertalab sport komitetiga kelib ketishni so'radi.
Ertasiga, yani 20 yanvar kuni Abduraimov etib kelganda, uni... kollegiya majlisiga taklif qilishdi. Taassufki, trener bundan bexabar edi. Bu kollegiyaning bir qancha azolarini taajjubga soldi. General Hojiboev “Siz kollegiya majlisi bo'lishini bilarmidingiz?” deb so'raganida Abduraimov elka qisishga majbur bo'ldi.

Keyingi voqealar sarguzasht kino tusini oldi. O'zbekiston SSR fizkultura va sport Davlat komitetining kollegiyasi (9 azodan 5 kishi ishtirok etdi) respublika futbol federaciyasining qaroridan tashqari, B.Abduraimovga boshqa bir talay ayblarni ham qo'ydi. Uning azolari B.Abduraimovning o'z vazifasidan chetlashtirish masalasini ko'rayotganlarida sport komitetiga “Paxtakor” o'yinchilari etib kelishdi. Biroq ularning urinishlari zoe ketdi. Komandadan hech kimni kollegiya majlisiga kiritishmadi. Hatto darvozabon A.Yanovskiy “men kommunistman, axir” deganda ham hech kim uning gapiga quloq solmadi.

Kollegiya futbol federaciyasi prezidiumi qaroriga asoslanib, ishdagi kamchiliklari uchun "Paxtakor" komandasining bosh trenerini o'z vazifasidan ozod qildi.

* * *

Abduraimov masalasi nega bunday, “yopiq eshiklar” ortida hal qilindi – bizga qorong'u. Faqat bir narsa o'ylantiradi: kollegiya azolari kimdan va nimadan cho'chishdi? Jamoatchilik fikridanmi? Oshkoralik va demokratiyadanmi?
Abduraimovga qo'yilgan ayblarda garchi jon bo'lsa-da, bir qator asossiz va aniqlanmagan faktlar ham bor edi. Jumladan, u mavsum o'rtalarida Bondarenko, Kovshov hamda Sinelobovlarni chetlashtirmoqchi bo'lganligi, komandani noto'g'ri komplektlashtirilgani va moliyaviy kamchiliklarga yo'l qo'yganini tan olmadi va komissiya tuzilib, bu davolarni tekshirishlarini so'radi.
23 yanvar kuni “Paxtakor”ning Qibraydagi sport bazasida respublika futbol rahbarlari va komanda o'yinchilarining umumiy yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda Abduraimovning ishdan olish masalasiga komanda o'yinchilarining munosabati ko'rib chiqildi. CHuqur tafsilotlarga berilmasdan, o'yinchilarning fikrlarini (protokollashtirilgan) keltiramiz.
G.Denisov: - SHaxsan men trenerni hozir almashtirilishi komanda uchun faqat zarar bo'ladi, deb o'ylayman.
M. Bilolov: - Bu masalani baribir o'zinglar hal qilasizlar. SHaxsan men uchun Abduraimov katta ishlar qildi. U meni komandaga qaytarib oldi, ishonch bildirdi. Agar u komandadan ketsa, o'z arizamga ko'ra meni ham komandadan bo'shatishlaringizni so'rayman.
S. Bondarenko: - Mana, o'n yildan beri “Paxtakor”daman. SHu davrda olti marta bosh trener almashdi. Abduraimov kelishi bilan komanda o'z o'yinini topdi, deb o'ylayman. Trenerni almashtirishni ayni paytda maqsadga muvofiq emas, deb o'ylayman.
O. Sinelobov: - Mening vazifam – o'ynash. Bu ishlarni o'zinglar hal qilaveringlar.
V. Postnov: - Yangi trener komanda bilan til topishguncha vaqt kerak. Mavsum esa eshik qoqmoqda.
S. Kovshov: - Abduraimov men uchun otamdek bo'lib qoldi.
G. Rotkovich: - Men trenerni almashtirish noto'g'ri deb hisoblayman.
A. Kojuxov: - Hozir trenerni almashtirish mumkin emas. Bir yarim oy bo'ldiki, hali ham arosatdamiz.
Ko'rinib turibdiki, ko'pchilik futbolchilar B.Abduraimovning bosh trenerlik lavozimidan olib tashalanishidan norozi.

* * *

Hozir esa mamlakatdagi barcha kollektivlar mavsumga zo'r berib tayyorlanayapti. Komandalarning aosiy sostavi, taktika va strategiyasi, ko'zlangan marralari belgilab olingan. Bizda esa hali ham yugur-yugur, pala-partishlik mavjud. Qandaydir yashirin savdolar, yopiq ovozlar.

Yangi trener kim bo'ladi? Bu savolimizga komitetning futbol bo'limidagi mutasaddi o'rtoqlar: “Ukraina SSRda xizmat ko'rsatgan trener, SSSR sport masteri, 1970-80 yillarda “SHaxtyor” komandasiga ustozlik qilgan V.V.Nosov” deb javob qilishdi. Mantiqni qarang, hali komissiya ishni tugallamagan, biroq chetdan trener tayinlab qo'yishgan.

Bu satrlarni o'qigan bazi rahbarlar “Yosh leninchi” B.Abduraimovni himoya qilayapti dleb o'ylashlari mumkin. Yo'q, aslo unday emas. Abduraimovning kim ekanligini biz juda yaxshi bilamiz. Necha marta u vadalashgan uchrashuvlarga kelmaganligi, ko'p holatlarda, o'ziga ortiqcha baho berib yuborishi haqida eshitganmiz. Uning o'zidan qaysi ayblaringizni tan olasiz deb so'raganimizda, shunday deb javob berdi:

“Mavsum boshida belgilangandan tashqari ko'p o'yin o'tkazdik. Aniqrog'i, 23 o'yin o'rniga 28 ta. SHuning uchun ham chempionatning dastlabki uchrashuvlarida ko'pgina futbolchilar toliqib qolishdi.
Buning noto'g'riligi hozir isbotlandi. O'sha paytda esa boshqacha bo'lishi ham mumkin emas edi. Birinchi liga kubogi zonal musobaqalarida CSKA, “Guriya”, “Pomir” kabi raqiblarni bir tekisda dog'da qoldirganimizdan so'ng, o'yinchilarga dam berilsa, ular sport formalaridan chiqib ketar edilar”.
Yana takrorlaymiz, bu satrlarni B. Abduraimovni himoya qilish uchun keltirmayotibmiz.

Biroq, “Paxtakor”ning muvaffaqiyatsizligini faqat bosh trenenr bilan bog'lash o'rinlimi? Yordamchi trener YA. Kaprovchi? U bir yo'la selekciya ishlari bilan ham shug'ullanadi. Vazifasi aniq. O'sib kelayotgan o'yinchilarni topib, bosh trenerga taklif qilish. Qani, u ikki yil davomida qaysi o'yinchilarning nomzodini ko'rsatdi? S. Bauerni u faqat bir o'yinini ko'rib, “bo'lmaydi” degan edi. Ana shu “bo'lmaydigan” bu yil oliy ligada to'p suradi. Faqat ugina emas, sobiq paxtakorchilardan I. Povalyaev, S. Zirchenko, O. Morozov, I. SHkvirin, M. Kabaev, A. Tixonovlar ham oliy liga uchrashuvlarida ishtirok etadilar. Bulardan tashqari A. Mixel, G. Doronchenko kabi o'yinchilar bu yil “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushadilar. Turli komandalarda – faqat “Paxtakor”da emas. Bu trener-selekcionerning xatolari emasmi? S. Docenko va YA. Kaprovlar taklif qilgan G. Kaxianining “Paxtakor”ga qanday nafi tegdi?

Umuman, bosh trenerning taqdirini nega 4-5 kishi hal qilishi kerak? Nega jamoatchilik fikri, futbolimiz taqdirini hal qiladigan o'yinchilar gapiga quloq solinmaydi?
Eslab ko'raylik: B. Abduraimov komandani qabul qilib olgan paytda bor yo'g'i, 9 o'yinchi bor edi. O'sha yilgi mavsumda zo'rg'a 17-o'rinni egalladik. Kelasi yilning o'zida bir yo'la 10 pog'ona yuqoriladik. Bu yil so'nggi ikki turgacha “Paxtakor”ning oliy ligaga chiqishiga to'la umid bor edi. Faqat “Rotor” bilan bo'lgan hal qiluvchi o'yindagi mag'lubiyat barcha umidlarni chippakka chiqardi. Axir “Rotor” ham oliy ligaga davogar, o'z maydonidagi o'yin uning uchun ham juda muhim edi. Buni esdan chiqarmaslik kerak.

Lekin shunga qaramay, Volgograddagi bu yirik mag'lubiyatni har hil shubha ostiga oluvchilar ham topilmoqda. Ular nimaga asoslanishayotgan ekan?
Endi muntazam o'sishga erishayotgan komandadan trenerni olib tashlash mantiqan to'g'rimi? Uning barcha xatolarini ko'rsatib, ogohlantirib, so'nggi imkoniyat yaratib berilsa, maqsadga muvofiq bo'lmasmidi?!

O'tgan yili gazetamiz futbol muammolariga bag'ishlab bir qancha maqorlalar elon qildi. Lekin mutasaddi rahbarlardan birorta ham javob ololmadik. Bugungi kuyinishimiz ham zoe ketsa kerak.

Buning siri nimada ekan? Balki o'zbek futboli uchun masul bo'lgan rahbarlar orasida taniqli sportchilar – To'lagan Isoqov, Bahodir Ibrohimov, Ravshan Yunusov, Laziz Maqsudov, Vilgelm Qahhorov, Vladimir SHtern, Nikolay Lyubarcev kabilarga joy topilmayotganligidadir?!

* * *

Biz bu maqolani birmuncha avval tayyorlagan edik. Lekin, shoshilmadik, chunki 30 yanvar kuni O'zbekiston SSR futbol federaciyasining navbatdagi yig'ilishi bo'lishi kerak edi. Biz yig'ilishdan juda ko'p narsa kutdik. Etuk futbol mutaxassislari o'z fikrlarini aytadilar, umuman, yuqoridagi masalalar trenerlar orasida hal qilinadi deb umid qildik.

Biroq, prezidiumdan hafsalamiz pir bo'lib qaytdik. U erda biz o'zimiz uchun kerakli fikrlarni ololmadik. Sport komitet rahbarlaridan biri yig'ilganlarni kollegiya qarori bilan tanishtirdi. Ketidan trenerlar, mutaxassislar kollegiya qaroriga o'z fikr-mulohazalarini bildirmoqchi bo'lganlarida, federaciya kun tartibida bu masala yo'qligi ro'kach qilinib, barcha savollarga chek qo'yildi.

Yaqinda Moskvada yangi tashkil qilinayotgan SSSR futbol uyushmasining tasis konferenciyasi bo'lib o'tdi. Televizor orqali konferenciya prezidiumi safida o'tirganlar ichida B. Abduraimovni ham ko'rib, to'g'risi, hammamiz quvongan edik. Bugungi prezidiumda esa u o'tirgan joy bo'sh qoldi...

* * *

Endi o'quv-mashg'ulot jarayonida Abduraimov yo'l qo'ygan xatolarga kelsak, bu bizda negadir shubha uyg'otadi. Biz aslo Abduraimov uchun himoyachi bo'lmoqchi emasmsiz. Bu gaplarimizni futbolimiz taqdiri uchun qayg'uruvchi oddiy bir muxlis sifatida aytayapmiz. SHubhaga kelsak, bir umr futbol o'ynagan, qator komandalarda trener sifatida ham muvaffaqiyatlarga erishgan kishi uchun bu ayblov asossizdek tuyuladi. Qolaversa, o'quv-mashg'ulotlarga biror marta borib, shaxsan kuzatgan odamning o'zi bormi? Bu xulosa nimaga asoslanib qabul qilindi?

Kovshov, Sinelobov, Bondarenkolarni o'yinga qo'ymagan degan gaplarga kelsak, bu gapga ham shubhamiz bor. O'zingiz o'ylang: uchchala o'yinchi ham bu yil avvalgi yillarga nisbatan yaxshi o'yin ko'rsatishdi. Qolaversa, Kovshovni fizkultura kollektividan kim topgandi? Tixonov davrida komandadan haydalgan Bondarenkoni ham kim, “keksaligiga” qaramay, “Paxtakor”ga qabul qilgandi? Abduraimov!

Moliyaviy kamchiliklarga kelsak, bir narsa deyolmaymiz. Deya oladiganimiz – tekshirish kerak. Tekshirmasdan xulosa chiqarmaslik lozim.

Hozir ayrim o'rtoqlar Abduraimovning butun tarixini ag'dar-to'ntar qilib, xatolar izlayotganidan ham xabarimiz bor. Nega uning kamchiliklari o'z vaqtida, do'stona aytilmadi? Yoki uning shu “qora kuni” uchun yig'ib-to'plab kelindimi? Futbol uchun kuyungan odamlar shunday qiladimi?!

“Ota-bola” masalasiga kelaylik: Azamatning o'yini ko'pincha bizga ham yoqmaydi. Lekin juda zehn bilan kuzatsangiz, unda hali ichki imkoniyatlar etarli ekanligini sezish mumkin. Qolaversa, u bosh trenerning o'g'li bo'lmasa edi, bunchalik ko'zga hunuk ko'rinmasdi. U shu mavsumda 8 ta gol urdi. Bu komandada ikkinchi ko'rsatkich. Uni komandaga chaqirish fikri ham asli Birodar Abduraimovdan chiqmagan edi-ku!

Yana qaytaramiz, Abduraimovning kamchiliklari bor. Agar uni ishdan olish shu qadar zarur ekan, unda bu ish mavsum oxirida qilinishi kerak edi. Hatto yaqinda – dekabrning oxirlarida “Bilimlar uyi”da komanda bilan uchrashuv bo'lganda ham, hech gap yo'q edi. O'shanda uning yonida o'tirgan ayrim futbol rahbarlari nega bugun to'nlarini teskari kiyib olishdi?

Hozir komanda komplektlashib bo'ldi hisob. Yangi mavsum rejalari, taktika, strategiya masalalarida bir to'xtamga kelingan. Hatto komanda mavsumga tayyorgarlikni 10 kun oldin boshlagandi.
Endi yangi trener keldi. Aniqrog'i, olib kelishdi. Demak, ko'p narsa o'zgaradi. U o'z “o'yinchilari”ni olib kelmasmikan? Agar bunga yo'l qo'yilmasa, u mavsum oxirida hamma aybni shu shartga ag'daradi-qo'yadi. Nima bo'lganda ham, yangi trener: “Bu yilcha mendan hech narsa talab qilmaysizlar, kelasi yildan o'ylashib ko'rarmiz” deyishga haqli.
Kelasi yili u Toshkentda qoladimi yoki sadaflaridek biror narsani ro'kach qilib, ketadimi – aytish qiyin. Har qalay. SHu paytgacha “Paxtakor” o'ndan ortiq chetdan kelgan ustozlar tahsilini olgan. Bu hol qachongacha davom etadi?

Mana, yaqinda “Spartak” oshkoralik ruhida o'ziga etakchi sayladi. Trenerlikka 9 kishi o'z nomzodini qo'ydi. Ularning programmasi bilan tanishib chiqildi. Yakunlovchi saylovga F. Novikov va O. Romancev nomzodlari qo'yildi. 22 kishining hammasi komandaning sobiq o'yinchisi va kapitani Oleg Romancev uchun ovoz berdi. Agar faqat 22 kishi ovoz berish huquqiga ega ekanligini o'ylasak, bu sof g'alaba deganidir. Xo'sh, kim edi bu 22 kishi?

O'YINCHILAR. Ha, faqat o'yinchilargina ovoz berishdi. Va bu juda to'g'ri edi.
Yana bir ahamiyatli masala. O'tgan kungi federaciya prezidiumi majlisida respublika sporti rahbarlari “Biz uzoq o'yladik, o'zimizda “Paxtakor”ga etakchilik qila oladigan trener yo'qligiga ishonch hosil qilgach, chetdan mutaxassis chaqirishga majbur bo'ldik” deyishdi. Bizning nazarimizda, bu zalda o'tirgan 20-30chog'i o'z trenerlarimiz shaniga tahqir edi. Qiziq, mamlakatning eng etakchi komandalaridan biri bo'lgan “Spartak” bundan 4-5 yil oldingi o'yinchisiga ishonib topshirilsa-yu, bizda butun umri trenerlik bilan o'tgan mutaxassislarga ishonilmasa! Qolaversa, Romancev shu kungacha oliy liga komandasida trenerlik qilmagan edi-ku? Nahotki bizda “Paxtakor”ni ishonib topshirish mumkin bo'lgan boshqa trenerlikka loyiq kishi bo'lmasa? Unda futbol rahbarlari nima bilan shug'ullanishayapti? Unda Oliy trenerlik maktabini tugatib kelgan o'nlab vakillarimiz qaerda? Ular trenerlikni eplay olmas ekan, nega o'qishga yuborildi? Bu savollarga kim javob bera oladi?

Oshkoralik va demokratiya sharoitida biz loaqal yangi trener saylov yo'li bilan tanlab olinadi deb umid qilgan edik. Mayli, Nosovmi, Fomenkomi, boringki, Beskovmi o'z nomzodini qo'ysin edi. O'z vakillarimizga ham imkon berish kerak edi. Deylik, Bugaev, Isoqov, Gess, keling, bag'ri keng bo'laylik, Abduraimov ham o'z nomzodini qo'ysin edi. Kimni saylashni esa o'yinchilarning o'zi hal qilmog'i lozim edi. CHunki, ertaga maydonga na rahbarlar, na biz, ishqibozlar, faqat o'yinchilar tushishadi. Afsuski, bizda bunday qilinmadi.

* * *

Qadrli gazetxonlarimiz ushbu xabardan voqif bo'lgan kezlarda esa “Paxtakor” Bolgariyada mavsumoldi o'rtoqlik o'yinlarini boshlab yuborgan bo'ladi. Yangi futbol mavsumiga esa, juda qisqa vaqt qoldi. O'ylaymizki, yangi rahbar unga ishonch bildirgan respublika futbol mutasaddilarining umidini oqlaydi.

Futbol muxlislari komanda rahbarlarining ishiga, avvalgi yutuqlariga qarab emas, balki endi erishiladigan natijalarga qarab, eng birinchi maqsad oliy ligaga chiqara olishiga qarab baho beradilar. SHu maqsadga erishish uchun “Paxtakor”ning yangi rahbarlari tayyormi? Axir respublikamizning millionlab futbol muxlislarining niyati BU YIL “Paxtakor”ni oliy ligada ko'rishi SHART.

Lekin, baribir qancha xolis bo'lmaylik, shunday shubha paydo bo'ladi: Agarda oqlay olmasachi? Unda nima bo'ladi? Avval hamma ayb Sekechga to'nkalgan edi, keyin Tixonovga, Abduraimovga, endi esa... Bizningcha, unda javob berish navbati respublika futbol ko'chasining boshida turganlarga keladi.

* * *

O'yindan tashqari holat. Bunday vaziyatga tushib qolgan o'yinchining harakatlari hisobga olinmaydi. Respublika futboli rahbarlarining “Paxtakor” uchun qilayotgan “g'amxo'rliklari” ham shunga o'xshaydi...

Ahror AHMEDOV,
Abror IMOMXO'JAEV,
“Yosh leninchi” maxsus muxbirlari.

Reyting: +4   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика