So’nggi yangiliklar

16:20"Евро-2024"да ҳеч ким Англия билан тенглаша олмайди"  3 15:57"Қизилқум" "Локомотив" билан ўйин учун қайдномасини эълон қилди  0 15:44ПРО-Лига. Турнинг марказий учрашуви асосий таркиблари маълум  2 15:26Суперлига. 4-тур учрашувларини ўтказиб юборадиган футболчилар  2 15:10Маркус Рэшфорд Евро-2024га бора олмаслиги мумкин  1 14:38Парехо Винисиус ҳақида: "Ажойиб спортчи, аммо ўйинчилар ўзини футболга бағишлаши керак. Мени пиёниста дейишарди, лекин бунга эътибор бермаганман ва жавоб қайтармаганман – бундай одамлардан юқорироқ бўлиш зарур"  1 13:47Суперлига. 9та клуб дастлабки 3та турда фақат бир хил формадан фойдаланди. Бунга сабаб нима?  4 13:44"Манчестер Юнайтед" "Реал" футболчисини сотиб олмоқчи  1 13:23Хавининг дисквалификацияси бўйича апелляция рад этилди   1 12:50Ўзбекистон кубогининг саралаш босқичига қуръа ташланди  3 12:15Месси: "ЖЧ-2022да ғолиб бўлмаганимизда, мен терма жамоадан кетардим"  5 11:53Начо ва Васкес "Реал" билан шартномасини узайтиради  2 11:23"Шўртан"нинг мавсумдаги илк ғалабаси қандай қўлга киритилди?   0 10:37Футзал. Терма жамоамиз бугун Қирғиз Республикасига қарши баҳс олиб боради  0 10:00Хави «Барселона»да қолиши мумкин, бироқ бош мураббий сифатида эмас  4

Moziyga qaytib..."Bunyodkor" dovrug'ining boshlanishi... Yangiliklar

Moziyga qaytib..."Bunyodkor" dovrug'ining boshlanishi...

Ushbu ruknning avvalgi sonida jurnalist Avaz Berdiqulovning “Odamlar orasida” gazetasining 2007 yil 8 mart sonida elon qilingan What is uour mission, Petit? (Nima bor bu erda, Peti?) maqolasini etiboringizga havola qilgan edik.

Unda muallif Jahon va Evropa chempioni Emmanuel Petining dab-durustdan yurtimizga tashrifi haqida o'z fikrlarini bildirgan edi. Biz esa bu tashrifni mo'jizaga qiyoslagan edik. Endi shu fikrimizni asoslashga harakat qilamiz.

“BUNYODKOR” DOVRUG'INING BOSHLANISHI...


Buning uchun avvalgi maqolada keltirilgan ikkita gapni yana bir bor etiboringizga havola qilamiz. Birinchisi: Biroq chempionat boshlanishiga sanoqli kunlar qolganida kutilmagan mo'jiza ro'y berdi. O'zbekistonga franciyalik mashhur futbolchi, Jahon va Evropa chempioni Emmanuel Peti tashrif buyurdi. Darhaqiqat, shu paytgacha yurtimizga Peti darajasidagi futbol kishisi tashrif buyurmagandi. Lekin buni mo'jizaga tenglashtirganimizda biz faqat tashrifning o'zini nazarda tutmaganmiz. Ikkinchi gap Petining o'zini zabonidan chiqqan: “Aminmanki, xali shunday vaqtlar keladi va menga o'xshaganlar O'zbekistonga ketyapmiz deyishsa, hech kim kulmaydigan bo'ladi. Men bunga ishonaman”. Petining bu gapiga boshqa hamkasblarimiz qatori maqola muallifi ham ishonmagan: “Tarjimonning xatosimi bu, yoki Petini jurnalistlar bilan uchrashtirishdan oldin keragidan ortiq mehmon qilib yuborishdimikan?”

Biroq voqealarning keyingi rivoji Petining tashrifi chindan ham mo'jiza ekani va uning tahminlari o'zini oqlaganini ko'rsatdi. Emmanuel Petini yurtimizga o'sha paytdagi “Quruvchi” (hozirda “Bunyodkor”) klubi tasischilari taklif etishgandi. Maqsad – shu nomdor shaxs orqali dongdor klublar, mashhur amaldorlar va yulduz futbolchilar bilan aloqa o'rnatish edi. Bu vazifa ortig'i bilan amalga oshdi. Sababi, keyingi tashriflar faqatgina Peti va “Quruvchi” emas, keng doiradagi xalqaro aloqalarga aylanib ketdi. Ularni yodga olamiz. 

2008 yil 14 iyul kuni “Quruvchi” PFK rasmiy saytiga joylashtirilgan xabar nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyoda shov-shuv bo'ldi desak mubolag'a bo'lmaydi. Unda jumladan shunday deyilgan edi: “Hurmatli futbol ishqibozlari! “Quruvchi” PFK sizga shuni malum qiladiki, biz mamlakatda futbolni rivojlantirish uchun navbatdagi qadamlarni tashlamoqdamiz. Jumladan, Ispaniyaning “Barselona” klubi bilan 1+1 ko'rinishida hamkorlik shartnomasi imzoladik. Unga ko'ra, yaqin orada ushbu klubning 8 nafar menejeri Toshkentga tashrif buyuradi va har biri o'z yo'nalishi bo'yicha klubimiz faoliyatini takomillashtirish va bajarayotgan ishlarimizni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga o'z ulushini qo'shadi.

Hamkorlik doirasida biz “Barselona” azosi, kamerunlik hujumchi Samuel Eto’Oni ham jamoamizga taklif etdik. Jahon futbol yulduzi 17 iyul kuni yurtimizga tashrif buyuradi. U mamlakatimiz futboli bilan yaqindan tanishadi, yosh futbolchilar uchun master-klass o'tkazadi hamda klubimiz bilan shartnoma imzolash borasida muzokara olib boradi. Biz Ispaniya chempionati to'purari jamoamizga 2-davrada, ayniqsa Osiyo CHempionlar ligasida yordam berishidan umidvormiz.

SHuningdek, hamkorlik doirasidagi keyingi qadam sanasi 20-21 iyul sanasiga to'g'ri keladi. SHu kunlari Toshkentga yaqinda Evropa chempionligini qo'lga kiritgan “Barsa” azolari Karles Puyol, Andres Inesta va Xavi tashrif buyurishadi. Ular ham master-klass usulida o'z mahoratlarini namoyish etishadi va bu tashrif yurtimizda futbol rivoji uchun o'ziga xos turtki bo'lishiga ishonamiz!
Hurmatli futbol muxlislari, “Quruvchi” PFKdan bundan buyon ham yoqimli sovg'alarni kuting!”.

U paytda yurtimizda ijtimoiy tarmoqlar deyarli yo'q edi. Lekin bu xabar butun mamlakatga yashin tezligida tarqaldi. SHu kunning o'zidayoq jahonning sportga ixtisoslashgan yirik OAVlari ham unga etibor qaratishdi. Albatta unga ishongandan ko'ra ishonmaganlar ko'p bo'ldi. Biroq...

17 iyul kuni Samuel Eto’O rostan ham Toshkentga keldi! Bunisi endi “bomba” edi! U O'zbekiston futbol federaciyasi rahbariyati bilan uchrashdi, liq to'lgan MHSK stadionida bolakaylar bilan birga shug'ullandi. “Quruvchi” PFK tasischilari bilan muzokara ham olib bordi, biroq tomonlar qaysidir shart bo'yicha kelisha olmadilar chog'i, ertasiga yana Ispaniyaga qaytib ketdi. 




21 iyul kuni vada qilingandek, uch nafar ispaniyalik Evropa chempionlari ham yurtimizga tashrif buyurdi. Faqat tarkibda bitta o'zgarish bor edi: oilaviy sabablarga ko'ra Xavi kela olmadi, uning o'rniga esa “Arsenal” azosi Sesk Fabregas etib keldi. Ular ham kichkintoylarga master-klass ko'rsatishdi va maxsus tashkil qilingan shou-o'yinda ishtirok etishdi.



8 avgust kuni 3 kunlik tashrif bilan Toshkentga “Barselona”ning shaxsan prezidenti Joan Laportaning o'zi keldi. U O'FF rahbariyati bilan uchrashuv o'tkazdi, qurilishi rejalashtirilayotgan “Bunyodkor” stadioni poydevoriga ramziy g'isht qo'ydi. O'zbekiston chempionatidagi poytaxt derbisi – “Bunyodkor” – “Paxtakor” uchrashuvini bevosita stadiondan kuzatdi va albatta “Bunyodkor” FK rahbariyati bilan bundan keyingi hamkorlik dasturlarini kelishib oldi. Jumladan, “Bunyodkor” jamoasi qishki yig'inni “Barselona” qarorgohida o'tkazishi va shu nomli klub bilan o'rtoqlik o'yini tashkil etish to'g'risida kelishib olindi.



2008 yilning 28 avgust kuni endi “Bunyodkor” (sobiq “Quruvchi”) “Oltin to'p” sohibi, Jahon chempioni, ECHL g'olibi, braziliyalik Rivaldo bilan shartnoma imzoladi va yana butun dunyo futbol ahlini lol qoldirdi. Birinchi urinishda Eto’O bilan o'xshamagan shov-shuv mashhurlikda undan oshsa-oshadigan, lekin aslo kam bo'lmagan (yoshidan qatiy nazar) Rivaldo bilan ro'yobga chiqdi va “qaldirg'ochlar” qaerda o'ynashmasin, stadion liq to'ladigan bo'ldi. 



Oradan roppa-rosa 1 oy o'tib, aniqrog'i 26 sentyabr kuni “Bunyodkor” yana bir shov-shuvli transferga qo'l urdi va bu safar bosh murabbiylikka braziliyalik Artur Antunesh Koimbra (yoki shunchaki Ziko) bilan shartnoma imzoladi. Rivaldoning kelishiga Peti bosh-qosh bo'lgan bo'lsa, Zikoning tashrifiga endi Rivaldoning o'zi sababchi bo'ldi. Lekin aynan Ziko masalasida “qaldirg'ochlar” rahbariyati bir oz shoshib qoldi. SHartnoma 15 oy muddatga, yani 2009 yil oxirigacha mo'ljallangan bo'lib, Ziko jamoani yangi mavsum boshidan qabul qilib olsa maqsadga muvofiq bo'lardi. Sababi, Mirjalol Qosimov boshchiligida “Bunyodkor milliy chempionatda peshqadam, O'zbekiston kubogi finalchisi hamda Osiyo CHempionlar ligasi yarim finaliga yo'l olgandi. Biroq boshqaruv Zikoga topshirildi va “qaldirg'ochlar” yarim finalda Avstraliyaning Adelaida shahrida mahalliy jamoaga 0:3 hisobida mag'lub bo'ldilar va javob uchrashuvida o'rtadagi farqni bartaraf eta olmay musobaqadan chiqib ketdilar.

Boz ustiga yangi mavsum arafasida Moskvaning CSKA klubidan taklif tushishi bilan, Ziko “Bunyodkor” rahbariyatidan ruxsat so'radi va 2009 yilning 9 yanvar kuni tomonlar o'zaro kelishuvga ko'ra shartnomani bekor qilishdi. Lekin ayyor braziliyalik “Bunyodkor”dagi 2 oylik faoliyati davomida 2 ta sovrinni o'z hisobiga yozib qo'ydi: Qosimov tayyor pishirgan taomni oxiriga etkazib qo'ydi va ham mamlakat chempioni, ham O'zbekiston kubogini qo'lga kiritib dubl sohibiga aylandi. 



O'z oldiga eng yuqori maqsadlarni qo'ygan “Bunyodkor” safini nafaqat legionerlar, balki eng kuchli mahalliy futbolchilar bilan ham to'ldirdi va milliy terma jamoa azolari Timur Kapadze, Aziz Haydarov, Server Jeparov, Anvarjon Soliev, Ulug'bek Baqoev singari iqtidorlar ham “qaldirg'ochlar”ga aylandilar. 2008 yilda ilk marta mamlakat chempioni va kubogini qo'lga kiritgan, shuningdek Osiyo CHempionlar ligasi yarim finaligacha etib kelgan “Bunyodkor” qitada ham o'z mavqeiga ega bo'ldi va yil yakunlariga ko'ra Server Jeparov Osiyoning “Eng yaxshi futbolchisi” deb tan olindi. U bu sovringa ega chiqqan ilk o'zbekistonlik bo'ldi!

Dekabr futbol mavsumi bo'lmasa-da, 2008 yil 22 dekabr kunidagi xabar yana butun dunyo futbol ahlini larzaga soldi: Toshkentga Jahonning eng zo'r futbolchilaridan biri Lionel Messi tashrif buyurdi! Olimpiada va yoshlar o'rtasida Jahon chempioni, ECHL g'olibining diyorimizga kelishi yana butun olam sport nashrlarida keng yoritildi. «Interkontinental» mehmonxonasida OAV vakillari uchun o'tkazilgan matbuot anjumaniga horijiy jurnalistlar ham tashrif buyurdi. Messi ham O'FF rahbariyati bilan uchrashdi, “CHig'atoy” futbol maktabida, oppoq qor ustida bolakaylarga master-klass o'tkazdi.

“Bunyodkor” va “Barselona” klublari o'rtasidagi kelishuvga muvofiq 2009 yilgi qishki yig'inni “qaldirg'ochlar” kataloniyaliklar qarorgohida o'tkazdilar va uning doirasida ikkala jamoa o'rtasida o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazildi. Garchi, bu o'yin o'rtoqlik maqomida bo'lsa ham, yurtimiz jamoasi ilk marotaba “Barselona”ga qarshi maydonga tushdi. Tarixiy uchrashuv bayonnomasi bilan tanishtiramiz:

09.01.2009. O'rtoqlik o'yini. Kataloniya. “Mini Estadi” stadioni.
“BARSELONA” – “BUNYODKOR” 1:1 (1:1)
Gollar:
Karles Puyol 21 (1:0), Server Jeparov 37 (1:1).
“Barselona”: Albert Xorkera, Daniel Alves, Martin Kaseres, Karles Puyol, Silvino, Seydu Keyta, Eydur Gudyonsen, Xavi, Lionel Messi, Samuel Eto’O, Terri Anri
“Bunyodkor”: 1-taym: Pavel Bugalo, Aleksandr Xvastunov, Luizao, Gochguli Gochguliev, Sahob Jo'raev, Yannis Mandzukas, Jasur Hasanov, Server Jeparov, Timur Kapadze, Ulugbek Bakaev, Xose-Luis Vilyanueva.
2-taym: Murodjon Zuhurov (Muhiddin Xudoyorov 80), SHavkat Raimqulov, Hayrulla Karimov, Timur Yafarov, Sahob Jo'raev, Viktor Karpenko, Erkin Boydullaev, Anvar Raximov, SHavkat Salomov, Bahodir Pardaev, Anvar Soliev.




SHov-shuvli tashriflar 2009 yilda ham davom etdi. 9 iyun kuni “Bunyodkor” yana bir dovrug'li shartnomani imzoladi: 2002 yil Braziliya termasi bilan Jahon chempionligini qo'lga kiritgan va o'sha yili FIFA tomonidan yilning eng yaxshi murabbiyi deb tan olingan braziliyalik Luis Felipe Skolari “qaldirg'ochlar” ustoziga aylandi! Oradan 2 oy o'tib O'zbekiston kubogi finalida yana “Paxtakor” va “Bunyodkor” ro'baro' keldi va unda “sherlar” minimal hisobda zafar quchdilar. Sentyabrda bo'lib o'tgan OCHL chorak finalida esa “Bunyodkor” Janubiy Koreyaning “Pxoxan Stilerz” klubiga qo'shimcha vaqtda mag'lub bo'ldi (O'sha mavsumda aynan koreyaliklar musobaqa g'olibi bo'lganlar). Lekin o'sha yilgi milliy chempionatda Skolari shogirdlari ajoyib natijani qo'lga kiritishdi va asosiy raqobatchi – “Paxtakor”ni 24 ochko (!) ortda qolirib, ketma-ket ikkinchi chempionlikni nishonlashdi.

Messining tashrifidan roppa-rosa 1 yil o'tib, yani 2009 yilning 22 dekabr kuni yurtimizga zamonamizning yana bir yorqin yulduzi, portugaliyalik Krishtianu Ronaldu keldi! Jahonning 2008 yildagi “Eng yaxshi futbolchisi”, “Oltin to'p” va “Oltin butsa” sohibi, klublar o'rtasida Jahon chempioni va ECHL g'olibining tashrifi “Yosh futbolchilarni qo'llab-quvvatlash dasturi” doirasida amalga oshirilgan edi. Krishtianu dastlab O'FFga tashrif buyurdi, rahbariyat bilan uchrashdi va futbol muzeyini ko'zdan kechirdi.

Kunning ikkinchi yarmida Ronaldu yosh futbolchilar bilan birgalikda mashg'ulotlar o'tkazish uchun “Jar” stadioniga tashrif buyurdi. O'sha kuni “Jar”dagi tiqilinch holatni tasavvur qilishning o'zi qiyin. Oqim to'lqini azbaroyi ko'pligidan stadionning temir darvozalari ham sinib tushganini ko'pchilik eslasa kerak. 9 ming sig'imga ega bo'lgan stadionga 15 mingdan ortiq muxlis bostirib kirgandi! KriRo minglab tomoshabinlar hayqirig'i ostida yashil maydonga tushib keldi va o'zining to'p bilan mohirona harakatlarini namoyish etdi. Keyin “Bunyodkor” akademiyasining 12 yoshli tarbiyalanuvchisi SHohjaxon Xasanov ham bu jarayonda ishtirok etib o'z istedodini namoyish etdi. SHundan so'ng, akademiyaning 1995 va 1996 yillarda tug'ilgan tarbiyalanuvchilari o'rtasida o'rtoqlik uchrashuvi bo'lib o'tdi, Krishtianu har ikkala jamoa safida bir taymdan harakatlandi.



O'sha kuni kimsan Ronaldu bilan bir jamoada to'p tepgan, hozirda katta futbolda javlon urayotgan Mirjamol Qosimov, Sardor Azimov, Zabihillo O'rinboev, Akrom Komilov, Rustam Ashurmatov, Doston Hamdamovlar bu daqiqalarni bir umr unutishmasa kerak.

Afsuski, bu dovrug'li tashrifning so'nggisi bo'ldi. 2010 yil “Bunyodkor” boshi uzra qora bulutlar kezdi, tasischilar bankrotga uchradi va barcha legionerlar klubni tark etishdi. Lekin “qaldirg'ochlar” 2 yil davomida millionlab futbol muxlislari etiborida bo'lishdi. Ular yondirgan “olov” qisqa muddatli bo'ldi, biroq barchani isitdi va hammaga yorug'lik ulashdi! Yurtdoshlarimiz, jahonning eng yorqin yulduzlarini o'z ko'zlari bilan ko'rishga muvaffaq bo'lishdi. Na MDH mamlakatlari, na Osiyo davlatlarining birortasida bu xol kuzatilmagandi!

Bugungi hikoyamizni yana Petining gaplari bilan yakunlamoqchimiz: “Aminmanki, xali shunday vaqtlar keladi va menga o'xshaganlar O'zbekistonga ketyapmiz deyishsa, hech kim kulmaydigan bo'ladi. Men bunga ishonaman”. Darhaqiqat, jahon futbolining eng zo'rlari yurtimizga tashrif buyurdi, hech kim kulgani yo'q, aksincha havas bilan kuzatishdi. Bu esa mamlakat imiji uchun juda muhim edi!
Eng qiyin paytda jamoani yana Mirjalol Qosimov qabul qilib oldi, “yulduzlar”siz 3 martadan mamlakat chempionligi va kubogi sohibiga aylantirdi, superkubokka ega chiqdi va o'zimizning qora ko'zlar bilan yana Osiyo CHempionlar ligasi yarim finaligacha etib bordi. Server Jeparov yana Osiyoda tengsiz bo'ldi! Biroq bu – boshqa mavzu...



Abror IMOMXO'JAEV

Reyting: +10   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика