So’nggi yangiliklar

14:32Футзал бўйича ФИФА Жаҳон чемпионати-2024 мезбон шаҳарлари эълон қилинди  3 14:15Ўзбекистон клублари нега доим футболчилардан қарз бўлаверади? Камолиддин Мурзоев билан интервью  3 14:07Ўзбекистонлик ҳакам футзал бўйича Осиё Кубоги 2-турига тайинланди  0 13:51"Бавария" ҳимоячиси ёзда жамоани тарк этишни истамаяпти  0 13:25"Барселона" ярим ҳимоячиси билан шартномани узайтирмоқчи  0 12:57"Реал" вингери "Барселона"га қарши ўйинни ўтказиб юбориши мумкин  4 12:30МЮ ҳужумчисига харидорлар маълум қилинди  1 12:05Неймар ижтимоий тармоқларда Мбаппени ҳақорат қилди  10 11:43Ўзбекистон футзал терма жамоасининг Ироққа қарши учрашувини баҳрайнлик рефери бошқаради  4 11:22"Пахтакор-79" ПФЛ талабини бажармагани учун Биринчи лигадан четлаштирилиши мумкин  3 10:47Шерзод Эсанов: «Биз Андижон халқи ва »Андижон« мухлислари учун бор кучимизни майдонда берамиз»  9 10:20«Манчестер Сити»нинг ёзги асосий трансфер мақсади маълум  15 09:52Англия клублари 9 йил аввалги нохуш натижани такрорлашди  6 09:26Иброҳимҳалил Йўлдошев: «Осиё кубогига келишим жуда қийин бўлди»  7 09:01Клопп жамоасини Европа лигасидан чиқиб кетгани ҳақида фикр билдирди  3

Moziyga qaytib... Erkaklar yig'laganda... Yangiliklar

Moziyga qaytib... Erkaklar yig'laganda...

1979 yilning 11 avgust kuni “Paxtakor” jamoasining 17 azosi aviahalokat natijasida halok bo'lgan.

Bu voqea SSSR cenzurasi tufayli juda qattiq sir saqlangan va vafot etganlar qatorida butun boshli futbol jamoasi bo'lmaganda, aviahalokat to'g'risida hech qaerda gapirilmasdi va yozilmasdi. Lekin futbol komandasi o'z-o'zidan g'oyib bo'lishi mumkin emas va bir necha kundan keyin bu haqda malumot berilgan, faqat quruq va ikki qatorgina. Oradan yillar o'tib ham, bu mavzu yopiqligicha qolgan va u haqda gapirish va yozish mumkin bo'lmagan. To'g'ri, marhum paxtakorchilar yod olingan, ular xotirasiga musobaqalar o'tkazilgan, lekin voqeaning o'ziga to'xtalinmagan. Faqat oradan 9 yil o'tib, o'sha paytda mamlakatda boshlangan oshkoralik principlari tufayli bu boradagi ilk maqola elon qilingan. O'zbekiston matbuotida “Paxtakor-79” halokati haqida batafsil yozilgan ilk maqola.

Erkaklar yig'laganda...

(“Turkiston” gazetasining 1988 yil 11 avgust sonidan olingan).


Hozir aniq esimda yo'q. Lekin o'sha kuni uyimizda qandaydir yig'in bo'lishi kerak edi. Ammo mudhish xabarni qay tariqa eshitganim yodimdan chiqmaydi.
Ertalab uyg'onganimda dadam ko'rinmadilar. Onamning aytishlariga qaraganda, kimdir ertalab soat to'rtlar atrofida mashina bilan olib ketibdi. Biz yuvinib, nonushta qilgach, birin-ketin-qarindosh urug'lar kela boshlashdi. Biroq dadamdan xabar yo'q edi. U kunduzi soat 12 larga yaqin kirib keldi. Rangida-rang qolmagan. Hech kimning salomiga alik ham olmay, hovlining chetidagi ustunga suyanib qoldi. Hammamiz uning atrofiga to'plandik. Xavotir bilan nima bo'lganini so'radik. U esa xuddi “Paxtakor” stadionidagi suxandonlik xonasida o'tirganidek o'yinchilar nomini sanay ketdi: “Pokatilov, Korchyonov, Ashirov, Agishev, Zagumennix, An, Fyodorov...” Dadam ikkala qo'lini alam bilan pastga siltadi-da, ho'ngrab yig'lab yubordi. Hamma qotib qoldi. Men umrimda birinchi marotaba dadamning yig'lashini ko'rishim edi. Tag'in barchaning oldida. Hovlidagi xotin-halajlar “Tinchlikmi, nima bo'ldi o'zi? Gapirsangizchi?” deb qo'yishmaganidan so'ng ko'z yoshlarini artib, bir xo'rsindi-da, titroq ovoz bilan tushuntirdi: “Paxtakor” komandasi Minsk shahriga o'ynagani ketayotganida ular uchayotgan samolyot boshqa bir samolyot bilan to'qnashib ketibdi. Qattiq portlash natijasida passajirlarning hammasi halok bo'libdi...”
- Voy nima gap ekan, debmiz. Vahimangiz qurin. Biz boshqa hayollarga boribmiz.
Bazi ayollarning bu xabarga bildirgan fikrlari ana shunday bo'ldi.

Lekin biz oilamiz ahli bilan dadamga juda achindik. CHunki “Paxtakor” u kishi uchun nimaligini yaxshi bilardik. Onam esa ancha vaqtgacha o'zlariga kelolmay qoldilar. Sababi, o'sha samolyotda dadam ham uchishlari kerak edi. Faqat ana shu yig'in tufayligina safarga bormagan edilar...

Kechga yaqin erkak qarindosh-urug'lar hamda dadamning yaqin og'aynilari ham hovlini to'ldirishdi. Ular bir tomondan qattiq hafa bo'lishsa, ikkinchi tomondan – dadamning tasodif tufayli omon qolganligidan xursand bo'lishardi. Yig'inga kelayotgan ammam esa ostona hatlamasdan, uyimizga dodlab kirgan. Bir-ikki kun oldin dadam Minskka ketaman deb, u kishiga telefon orqali xabar bergan ekan...

Mudhish xabar shaharga yashin tezligida tarqaldi. Bozor-o'char, do'kon, choyxona va shifoxona, korxona va ko'cha-kuy, barcha erda va barchaning og'zida halok bo'lgan “Paxtakor”. Ertasiga kioskalarda odamlar turna-qator bo'lib navbatga turishdi. O'shanda “O'zbekiton fizkulturachisi” gazetasi talash bo'lib ketgandi. O'sha sonda halok bo'lgan 17 sportchining suratlari bosilgandi. Biroq gazetaning kam sonli tiraji ishqibozlarga ozlik qildi. Buni sezgan olg'ir shaxslar suratlarni yig'ib, atrofiga tasirli so'zlarni yozib, yoniga 1980 yil kalendarini tushirib sota boshladilar. Ularning bozori chaqqon bo'lib ketdi. Qiziqqan-qiziqmaganlar bu “qo'lbola” kalendarlarni xarid qila boshladi.

Taqvim bo'yicha belgilangan kunda Minsk shahridagi stadionni muxlislar o'yin bo'lmasligini bilsalar-da to'ldirdilar. Maydon o'rtasiga “Dinamo” jamoasi formada saf tortdi. Barcha futbolchilar qora rangdagi hoshiya taqib olgandilar. Bir daqiqa sukutdan so'ng, futbolchilar maydonni boshlari egik holda tark etdilar. Bu o'ziga xos taziya izhori edi. O'zbekiston Jismoniy tarbiya va sport Davlat qo'mitasiga esa shu mazmundagi telegramma keldi: “Aziz birodarlar! Biz aviahalokat natijasida halok bo'lgan o'n etti yigit qarshisida bosh egamiz. Sizdan iltimos, bu taziyamizni marhumlarning oila-azolariga etkazsangiz. Biz o'zbek futboli yana qayta tiklanib, shon-shuhratga ko'milishida tilakdoshmiz. Agar marhumlar uchun yodgorlik tashkil qilinsa, iltimos, bizga manzil jo'nating. Biz ham o'n etti o'g'lon uchun jamg'arma jo'natamiz.

Bir guruh gruziyalik futbol ishqibozlari”.




Halok bo'lgan komandaning eng katta azosi, taniqli futbolchi va murabbiy Idgay Tazetdinov bo'lsa, eng yoshi – hali 18 ga qadam qo'ymagan Sirojiddin Bozorov edi. Sirojiddin o'zi bir kun oldin o'rinbosarlar tarkibida jo'nashi lozim ekan. Faqat oilasida to'y bo'lgani sabab, murabbiylar unga asosiy tarkib bilan uchishga ruxsat berishgan ekan. Taqdirning bunday beshafqatligini kim ham bilibdi, deysiz?

CHipta olib qo'yib, Minskka uchmaganlar orasida “Paxtakor”ning bosh murabbiyi Oleg Bazilevich ham bor edi. U zudlik bilan yangi komanda tuzishga kirishdi. Mamlakat futbol federaciyasining iltimosiga binoan oliy va birinchi liganing ko'pgina jamoalari komandani oyoqqa turg'izish uchun o'zlarining o'yinchilarini “Paxtakor”ga yubordilar. Tez orada “Paxtakor” belgisi tushirilgan formani gruzin futbolchilari Z.Cereteli, G. va M. Machaidzelar, moskvalik S.Glushakov, V.Solovev hamda A.Yakubiklar, minsklik P.Vasilevskiy va boshqalar kiydilar. Yangi komanda dastlabki o'yinni Erevanda “Ararat”ga qarshi o'tkazdi. Garchand maydon egalari 3:1 hisobida g'olib chiqqan bo'lsalar ham, paxtakorchi Glushakov kiritgan yagona to'pi bizga umid bag'ishladi. Navbatdagi uchrashuv esa Toshkentda o'tkazilishi lozim edi. Hali ham aviahalokat to'g'risida aniq tasavvurga ega bo'lmaganlar o'sha kuni stadionga “Paxtakor” – “Dinamo” (Tbilisi) o'yinini ko'rgani keldilar. Uchrashuv boshlanishidan avval stadion suxandoni barchadan bir daqiqa sukut saqlashni so'radi. Stadion karnaylaridan marham futbolchilarning nomlari o'qila boshlandi. Birinchi marotaba ular to'liq – ism, familiya va otasining ismi bilan o'qildi: “Sergey Konstantinovich Pokatilov, Aleksandr Ivanovich Korchyonov...” O'yinchilar maydonga tushadigan tartib raqami bilan o'qilarkan, sakkizinchi bo'lib Mixail An va to'qqizinchi bo'lib Vladimir Fyodorovlarning nomlari aytilishi kerak edi. Suxandon ayolning ovozi Anni zo'rg'a aytdi, Fyodorovga kelganda titrab ketdi. Keyin esa umuman o'chib qoldi. Sukunat saqlanib turgani uchun ham, vishillab turgan karnaydan titroq yig'i tovushi eshitildi. Men hayron bo'lib boshimni ko'tardim. Biroq atrofdagi kishilar undan ham hayron qoladigan darajada edilar. Stadionda ellik mingga yaqin odam yig'lardi. Bu dahshatli manzara edi. Hozirgina bir-biri bilan joy talashgan ikki o'smir ham, ko'ksidagi ordenlari bilan stadionga kelgan shlyapali chol ham, bolasini elkasiga o'tqazib olgan anavi mo'ylovli amaki ham yig'lardi. Nihoyat suxandon bir amallab ro'yhatni tugatdi. Muxlislar ham o'zlariga kelishdi. Yangi “Paxtakor” o'zining ilk g'alabasiga o'sha kuni erishdi. Hamyurtlarimiz 2:1 hisobida ustun keldilar. “Yangi” va “eski” iboralari mana, o'sha vaqtdan beri qo'llaniladi. “Paxtakor” 1982 yil 6-o'rinni egallaganda ham, oliy ligadan tushib ketganda ham, “sayohatchi” futbolchilar komandani talon-taroj qilganda ham, “eski” “Paxtakor”ni eslashadi. Hozirgi kunda ham istalgan ishqiboz “o'sha” o'yinchilarni yoddan aytib berishi mumkin.

Otam ham yillar o'tgan sari eski “Paxtakor” hech qachon qaytib kelmasligini, o'shanday o'yinchilar hech qachon bo'lmasligini his qilib bo'ldi. O'tgan yili matbuot sahifasida “Paxtakor” 2000 yilgacha oliy ligaga chiqa olmaydi, bordi-yu, men yanglishsam faqat xursand bo'lardim” degan javobidan keyin, “yuqoridan” “o'zingiz futbolni targ'ib qilish o'rniga pesimist bo'lyapsiz” deb norozi bo'lishgandi. Otam esa anchagacha kuyinib yurdi. “O'zim ishonmagan narsaga qanday qilib boshqalarni ishontiraman. Axir “Paxtakor”ning ahvoli menga besh panjadek malum-ku”, deb.
Bu yil chempionat arafasida komanda murabbiylari birinchi o'yindan oldin “Paxtakor” xotirasini yodga olamiz, deb vada berishdi. 7 aprel kuni o'tkazilgan “Paxtakor”-“Rotor” uchrashuvida esa, bu narsa amalga oshirilmadi. SHundan keyin ham komandaga ishonib bo'ladimi? Hatto Vasilis Xadzipanagis Greciyadan kelib, “Paxtakor”ni xotirlab ketdi. Monumentga gulchambar qo'ydi, futbolchilar nomidagi ko'chalarni aylandi.

Yaqinda uyimizga bir maktub keldi. Uning qiqacha mazmuni quyidagicha: “Hurmatli Axbor aka! Kechirasiz, men iloji bo'lmaganidan sizga maktub yozayapman. CHunki bu ishga faqat siz yordam berishingiz mumkin. Qishlog'imizdagilar ham shu fikrda. Gap shundaki, men Sirojiddin Bozorovning opasi bo'laman.

Kichik ukam futbolga qiziqishi sababli, uni Toshkentdagi sport-internatiga, Sirojiddin o'qigan joyga olib borgan edim. Ota-onam ham u futbolchi bo'lsin, uni maydonda ko'rsak, Sirojiddinni eslab yuramiz, deyishgandi. Biroq u erdagi murabbiylar bizga hatto qayrilib ham qarashmadi...”

Otam xatni o'qib anchagacha o'ziga kelolmadi. Samarqandga javob maktubi yozdi. O'zi Sirojiddinning ukasini sport-intenatga olib bordi. SHundan keyin respublikada taniqli murabbiylar uni sinab ko'rishdi. Faqatgina yoshi etmagani uchun kelasi yil albatta qabul qilishlarin aytib, uzr so'rashdi.

SHu kunlarda esa otam uyga qog'ozga o'rog'liq narsa ko'tarib keldi. So'ng hammamizga birma-bir ko'rsatib chiqdi. Biz temir va shisha parchalarini ushlab, hech narsaga tushunmadik. Otam bundan xafa bo'lmadi ham. Yosh bolalarga xos qo'lidagi narsaga suqlanib qararkan, menga murojaat qildi: “To'qqiz yildan beri orzu qilib qidirgan narsamni topdim. Bular “Paxtakor” halokatga uchragan samolyot parchalaridir. Tanishlaring bo'lsa, menga muzeylardagidek oynavand eksponat yasatib bergin. Bularni va 1979 yil halokatdan oldin o'yinchilardan qo'l qo'ydirib olgan vimpelni ko'rgazma qilib uyning to'riga joylashtiraman...”

* * *

“Sport jurnalisti juda murakkab kasb. Respublikamizda bu kasbning ustalari sanoqli. CHunki odatda jismoniy tarbiya institutini bitirganlar adabiyotni yaxshi bilishmaydi va akcincha jurnalistika yoki filologiya fakultetini bitirgan studentlarning sport bilan muntazam shug'ullangalarini kam uchratganman”.

15 yil futbol bilan shug'ullangandan so'ng universitetni bitirib, redakciyaga ilk bor maqola yozganimda, yuqoridagi gaplarni otam menga uqtirgandi. SHundan so'ng men har safar nima yozishimdan qatiy nazar, otamga ko'rsataman. U ham erinmasdan o'qib chiqib, o'zining fikrlarini aytadi. Bugungi yozganlarimni ilk bor otamga ko'rsatmasdan chop ettirayotirman. CHunki uni avvaldan yodiga ko'p narsalarni solib, yuragi siqilishini istamadim.

Bugun esa mumkin, chunki 11 avgust. “Paxtakor” halokatga uchragan kun. Otam odatdagidek erta uyg'onadi. Bozordan gul harid qilib, Botkinodagi marhumlarsiz qabrlarni ziyorat qiladi. O'yinchilarning nomi qo'yilgan ko'chalarni kezadi. Marhumlarning oila azolariga qo'ng'iroq qilib, hol-ahvol so'raydi. So'ngra, uyga kirib vimpel, rasmlar, xullas, “Paxtakor-79”dan nima esdalik qolgan bo'lsa, barchasini yana bir bor ko'zdan kechiradi. SHuning uchun ham men xohlasam-xohlamasam, bugun u yana bir bor yig'lab, yuragini bo'shatib oladi. Uning shunday bo'lib qolganiga bugun 9 yil bo'ldi...

Abror IMOMXO'JAEV.

Reyting: +16   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика