Mirjamol Qosimov: "Otam futbolda men uchun bosh murabbiyga aylanadilar"
31 okt 2017 17:49
Yangiliklar
Mirjamol Qosimov: "Otam futbolda men uchun bosh murabbiyga aylanadilar"
Uning kichik o'g'li Mirjamol hozirgi kunda "Bunyodkor" klubida o'ynamoqda. O'z vaqtida yoshlar o'rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etib qaytgan yarim himoyachi bilan ko'plab mavzularda suhbatlashishga qaror qildik.
- Futbolga qanday qilib kirib kelganingiz barchamizga qiziq...
- Yoshligimda dastlab chiniqish uchun karate sport turiga qatnashganman. Keyinroq futbolga qiziqishim kuchaydi. 7 yoshimda dadam o'zlarining birinchi ustozlari Yuriy Gospadarchukka olib borganlar. "CHig'atoy" sport maktabida 2-3 yil tahsil oldim. Keyin "Paxtakor" akademiyasiga ko'chib o'tgandim. U erda Otabek G'ulomxo'jaev boshchiligida mashg'ulotlar o'tkazdim. So'ngra bu murabbiy "Bunyodkor" akademiyasiga ketgani uchun aynan u meni o'z jamoasiga chaqirgandilar. SHu tariqa "qaldirg'ochlar" safiga qo'shilganman. Sizni tushunadigan murabbiy bo'lsa
- Demak bu o'tishga Mirjalol Qosimovning "qo'li" bo'lmagan?
- (Kuladi) yo'q-yo'q. Ko'pchilik otam murabbiy bo'lgani bois shunday o'ylashi mumkin. Ammo yoshligimdan hozirgacha otam futbolda menga hech qanday yordam bermagan. Barchasiga o'z kuchim bilan erishayapman.
- Kievning "Dinamo" klubi mashg'ulotlarida ishtirok etgansiz. Nima uchun bu klubga o'tmagansiz?
- 2015 yil yozida Yangi Zelandiyada Jahon chempionatida ishtirok etib qaytganimizdan so'ng Kiev klubidan 10 kunlik ko'rikdan o'tish uchun chaqiruv qog'ozi kelganini aytishdi. Uydagilar bilan maslahatlashgach Kievga borishga qaror qildim. U erga borib faqat mashg'ulotlarda ishtirok etdim, o'rtoqlik o'yinlarida maydonga tusha olmadim. Qishda klub meni yana ko'rikdan o'tish chaqirdi. Ammo bilsangiz o'sha paytda Ukrainada notinchlik hukm surayotgandi. Notinchlik bo'layotgan joyda sport qanday rivojlanadi deb o'yladim va ikkinchi yig'inga bormadim.
- Sergey Lushan bu mavsum ikki-uch marta maydonga tushirgandi. Mirjalol Qosimov kelgach siz asosiy tarkib o'yinchisiga aylandingiz. Lushan sizdagi mahoratni ko'ra olmaganmidi?
- Sergey Ivanovich akademiyada o'ynab yurganimdayoq menga murabbiylik qilganlar. Har bir murabbiyning futbolga qarashi bo'ladi. Maslan, Xames Rodriges Anchelotti davrida "Real"ning asosiy futbolchisi edi, Zidan kelgach Xames zaxiraga o'tirdi. O'zimni Xames bilan taqqoslamoqchi emasman. SHunchaki Evropadagi vaziyatni aytayapman. Demak Zidanning futbolga qarashi boshqacharoq, bu Xames yomon o'yinchi yoki Anchelotti yomon murabbiy degani emas. Lushan meni kam maydonga tushirganida undan xafa bo'lmaganman yoki jahlim chiqmagan. Aksincha o'z ustimda yanada ko'proq ishlashga harakat qilganman.
- 2011 yil Qarshida 1995 yilda tug'ilgan futbolchilar ishtirokida musobaqa bo'lib o'tgandi. Siz xuddi otangiz kabi o'yinlar namoyish etib muxlis va mutaxassislar etirofiga sazovor bo'lgandingiz. O'shanda ko'pchilik Mirjamol Qosimov porlab chiqadi deb taxmin qilgandi. Ammo mana oradan shuncha yil o'tdi... Bilamizki orada jarohat ham oldingiz. Eldor SHomurodov, Dostonbek Hamdamov kabi futbolchilardek erta porlay olmaganingizga jarohat sababmi yoki yuqorida aytganingizdek murabbiylarning qarashimi?
- O'sha musobaqani men ham juda yaxshi eslayman. Ammo Qarshidan keyin jarohat oldim. Yosh futbolchilarda jarohat qiyin kechadi. O'sha yil qishki yig'inlarda qatnasha olmadim. Anchagina shug'ullanmagandan so'ng yana o'yinga qo'shilib ketish anchagina og'ir bo'ldi. Har bir futbolchining porlab chiqadigan o'z davri bo'ladi, kimdir vaqtliroq, kimdir kechqroq. Eng asosiysi o'z oldingizga qo'ygan maqsadga etib borishdir.
- O'zbek futboli afsonasi Mirjalol Qosimovning o'g'li sifatida futbol o'ynash qanchalik og'ir? Bu sizga ortiqcha bosim o'tkazmaydimi?
- Hamma joyda meni otam bilan taqqoslayverishadi. Bosim bo'ladi, bu narsa yo'q deya olmayman. Buni engib o'tish uchun ikki baravar ko'proq mehnat qilish kerak. Yoshligimdan bunga tayyor bo'lganman.
- Mirjalol Qosimov uyda qanday, futbolda qanday?
- Uyda otam, qattiqqo'l, hayotiy maslahatlar beradilar. Barcha otalar kabi ota. Ammo "Bunyodkor" bazasiga kirib kelishim bilan men uchun murabbiyga aylanadilar, men ham ular uchun oddiy futbolchi bo'laman. Futbolchilar qatori men ham ularga "bosh murabbiy" deb murojaat qilaman. Bundan xayron qolish kerak emas.
- Mirjalol Qosimov kelgach "Bunyodkor"da nima o'zgardi?
- Birinchi kundayoq har bir futbolchi bilan shaxsan, yakkama-yakka gaplashib chiqdilar. Har bir o'yinchiga sizlar endi yosh bola emassizlar, 15-16 yosh bular yosh, sizlar esa 22-23 yoshsizlar. Yigitlarning ruhiyatini ko'tardilar. Jamoaga g'alabaga ishonchni olib keldilar deb o'ylayman.
- Akangiz, Mirkamol Qosimov ham futbolga qatnashganlar. Nima uchun futbolchi bo'lmaganlar?
- To'g'ri akam ham futbolchi bo'lgan. "Oq-tepa" safida o'ynaganlar. Ammo dastlab oyoqlaridan jarohat olganlar. Keyinroq elkalari shikastlangan. SHu bois butsalarini erta mixga ilishga qaror qilganlar. "Quruvchi"ning o'ribosarlari safida qisqa muddat o'ynab keyin murabbiylikka o'qishni boshlaganlar. Aslida akam yoshlikdan kelajakda futbol murabbiyi bo'laman der edilar. Ayni paytda "Bunyodkor" akademiyasida yosh futbolchilar bilan ishlayaptilar.
- Tanqidga qanday munosabatda bo'lasiz?
- Har bir insonning fikri bo'ladi. Hamma o'z fikrini bildirish huquqiga ega. Ko'pchilik "dadasining o'g'li" deydi. Balki bu menga yordam berayotgandir. Sababi shularga javob berish uchun boshqalardan ko'ra ko'proq mehnat qilaman va bu menga foyda keltirmoqda.
- "Bunyodkor" bu mavsumni nechinchi o'rinda tugatishi mumkin?
- Har bir narsaning ilojisi bor. To'g'ri birinchi davrada ko'p ochkolar yo'qotdik. Ammo ayni paytda jamoamiz ajoyib formada. Mavsum oxirigacha o'yinlarda g'alaba qozonsak yuqori pog'onalarni egallashimiz mumkin.
- "Dinamo" bilan o'yinda burchak to'pidan so'ng gol urdingiz. Mirjalol Qosimov murabbiy sifatida sizga nimadir dedilarmi?
- Hech nima demadilar (kuladi).
- O'sha vaziyatda to'p uzatdingizmi yoki aynan zarba berdingizmi?
- Bunday holatda to'pni darvoza yoniga burama tarzda etkazib berishim kerak edi. Bu mashg'ulotlarda ko'p bor sinalgan va ishlangan usul. Mashg'ulotlarda va o'yinlarda burchakdan ko'p gol urganman. Masalan, bir necha yil oldin "Bunyodkor" safida 1995 yilda tug'ilgan futbolchilar ishtirokida Qozog'istonda o'tgan musobaqada va yoshlar ligasi doirasida "SHo'rtan" bilan bahsda burchakdan gol urgandim. Oliy ligada ham bunga erishganim o'ziga xos natija deb bilaman.
- Mirjamol Qosimov qachon turmush qurmoqchi?
- (kuladi) Ko'pchilikni qiziqtirayotgan savol. Jamoadoshlarim ham faqat shu savolni berishadi. Xudo xohlasa keyingi yil bo'lsa kerak.
- O'zbekistonda Mirjalol Qosimovdan tashqari kimni eng kuchli murabbiy deb hisoblaysiz?
- Ro'ziqul Berdiev. O'z vaqtida "Nasaf" safida etakchi bo'lganlar. Bir necha yillardan buyon "Nasaf"ni bir maromda ushlab turibdilar. Jamoaning o'yinida mazmun bor. Bu klubni professional deb hisoblayman.
- Dadangizning xayrlashuv uchrashuvida siz ham maydonga tushgansiz. Sizda qanday xotiralar qolgan?
- O'yinni juda yaxshi eslayman. O'zgacha xotiralar qolgan. Darvozaga zarba ham bergandim, ammo to'p darvoza to'rining tashqi tomoniga tekkandi. Sobiq MHSK stadioni to'lib-toshgandi. Maydonda Evropa va Osiyo yulduzlari harakat qilayotgandi. Men ham o'shanda yosh bo'lsam ham futbolga qatnashib yurardim, shu bois xuddi rasmiy o'yinga tushayotgandek hissiyotlar boshimdan o'tgan.
- Hech dadangiz o'zlarining o'yinlaridagi harakatlarini sizga namuna sifatida ko'rsatganlarmi?
- O'zlarining o'yinlarini emasku, lekin birga Evropaning futbol o'yinlarini ko'rib o'tirsak bir-ikkita vaziyatlar bo'lib qolsa, aynan men o'ynaydigan joyda, otam menga kerakli maslahalar berishlari mumkin.
- Siz uchun dadangizning qaysi gol eng chiroylisi?
- Ko'p gollarni jarima to'pidan urganlar. 2004 yil Osiyo Kubogi guruh bosqichida Iroq bilan bahsda o'z nuqtalaridan chiroyli to'p kiritgandilar. O'sha o'yinni ko'rib o'tirgandim. Juda yaxshi eslayman.
- Mirjalol Qosimov futbol o'ynagan paytda jarima to'piga ega bo'lsak muxlislar xuddi gol bo'lganidek xursand bo'lishardi. Jarima to'pidan gol urish hislati dadangizda bu tug'mami yoki mashg'ulotlar samarasida erishilganmi?
- Buni ortida katta mehnat turibdi. Nega desangiz yoshi katta qo'shnilar bilan gaplashib turganimizda ular dadam yoshliklarida yonimizdagi maktabning futbol maydonida 200-300ta jarima to'pi temasdan uyga kirmagan ekanlar.
- Futbolchi bo'lmaganingizda qaysi kasbni tanlardingiz?
- (uzoq o'ylanib) Buni xatto o'ylab ham ko'rmagan ekanman. Katta tennisga qiziqaman. Hayotim sport bilan chambarchas bog'liq. 5 yoshimdan sportni ichidaman. Bo'sh vaqtimda tennis o'ynab turaman.
- Onangiz futbolchining turmush o'rtog'i hisoblanadilar. Ular futbolchining hayotini juda yaxshi biladilar: jarohatlar, uzoq safarlar, yig'inlar... Yoshlikda men ham futbolchi bo'laman deganingizda qarshi bo'lmaganlarmi?
- Albatta, kichkinaligimda onam bilan yaxshilab suhbatlashib olganmiz. Siz aytgandek jarohatlar futbolning bir qismi xolos, parvozlar, o'yinlar va bundan tashqari Mirjalol Qosimovning o'g'li ekanligimni aytganlar. Barcha odamlar seni dadang bilan taqqoslaydi deb aytgandilar. SHularga tayyor bo'lsang futbolchi bo'laver degandilar. O'zimdagi kuchli qiziqish va mana shu qiyinchiliklarga rozi bo'lganim uchun ham futbolchi bo'lishga qaror qilganman. Bundan hech qachon afsuslanmayman.
VIDEO. Mirjamol Qosimovning dilidagi gaplar... (to'liq intervyu)
SHahboz Beg'amov va Narzulla Saydullaev suhbatlashdi
Fikrlar