So’nggi yangiliklar

14:10Алонсо нуфузли нашр талқинида йилнинг энг яхши мураббийи бўлди  0 13:43Иброҳим Ибрагимов: "Мақсадим – "Пахтакор" билан яхши натижалар кўрсатиш"  2 13:30Футзал. ЖЧ-1996. Бразилия "требл" қайд этди  0 13:11"Милан" собиқ футболчиси Саудия Арабистони клубига ўтди  1 12:47Тимур Кападзе: "Олимпиада вақтида биз футбол эмас, бошқа ташвишлар ҳақида кўпроқ ўйлашга мажбур бўлдик"  20 12:17Бензема "ишдан бўшатган" мураббий Аргентинага йўл олди  2 11:55"Атлетико" Хави билан келишиб олди  2 11:29"Киммих кўп йиллар давомида "Бавария" учун муҳим ўйинчи бўлиб келган"  1 11:01Кьеза "Ювентус"дан кетаётгани тасдиқланди  1 10:22Аббосбек Файзуллаев Олимпиададаги шароитлардан кўнгли тўлмаганини айтди  23 09:55Конор Галлахер «Атлетико» футболчиси - Фабрицио Романо  1 09:24Ламин Ямаль ўзига тегишли бўлган сертификатларни олди  1 08:56Фаолиятини якунлаган Кроос Германияда «Йил футболчи»си бўлди  3 08:28ЦСКА устози Аббосбек Файзуллаевнинг кечаги ўйинига баҳо берди  5 08:05Бугун Париж Олимпиадасида фақатгина бир нафар спортчимиз иштирок этади  2

Krasnickiy, Stadnik, “ayyor Mixey” va o'sha mashhur o'yin haqida Ahrol Inoyatov bilan dildan suhbat (1-qism) Yangiliklar

Krasnickiy, Stadnik, “ayyor Mixey” va o'sha mashhur o'yin haqida Ahrol Inoyatov bilan dildan suhbat (1-qism)

Teglar :  Ahrol Inoyatov
Hozirgi avlod Ahrol Inoyatovni oxirgi 3-4 yilda O'FFda “Kelishilgan o'yinlarga qarshi kurashish bo'limi”da rahbar sifatida faoliyat yuritgani bilan yaxshi taniydi.

Yoshi ulug' futbol ishqibozlari esa, Ahrol akani 60-70 – yillarda Gennadiy Krasnickiy, Birodar Abduraimov, Stanislav Stadnik bilan birga “Paxtakor”da javlon urganini eslaydi. Bugungi kunda nafaqada, oilasi bag'rida umrguzoronlik qilayotgan Ahrol aka bilan dildan suhbat uyushtirdik. Suhbatimiz uzoq davom etdi. Unda shu vaqtgacha aytilgan va aytilmagan voqealar haqida so'z yuritildi. Yildan-yilga afsonaga aylanayotgan Gennadiy Krasnickiy va “Paxtakor” –“Metallurg” bahsi ham eslab o'tildi. O'ylaymanki, bu suhbatimiz mushtariylarga manzur bo'ladi. Suhbatimiz uzoq davom etgani, ajoyib xotiralar-u, muhim faktlar aytilgani bois, intervyuni qismlarga ajratib berishni maqul deb bildik.

1-qism. Bolalik yillari va futbolchilik faoliyati
-    Ahrol aka, keling, suhbatimizni dastavval bolaligingizni, futbolga qadam qo'ygan yillaringizni eslash bilan boshlasak.
-    Men 1945 yil 11 iyunda Toshkent shahrida tug'ilganman. Aksar o'zbek bolalari kabi kaminaning bolaligi ham mahallada do'stlar bilan to'p tepish bilan o'tgan. U paytlarda shahrimizda hali uylar kam edi. O'rtoqlar bilan yig'ilib qolsak, darvozalarga tosh qo'yib, futbol o'ynab ketaverardik. Adashmasam 9-10 yoshimda poytaxtimizdagi 2-sonli BO'SMning futbol yo'nalishiga qatnay boshlaganman.Maktabga borishimiz ham oddiy bo'lgan. Hech kim bizni u erga qo'limizdan ushlab olib bormagan yoki taklif qilmagan. Do'stlar bilan yig'ilib, BO'SMga borganmiz va mashg'ulotlarga qo'shilganmiz. Bu dargohda ustozim Maruf aka Akbarov qo'l ostida millionlar o'yining ilk sir-asrorlarini o'rganganman. O'sha vaqtlarda jamoamiz bilan shahar birinchiliklarida ishtirok etib kelardik. SHahar birinchiligi juda qiziq o'tardi. O'yin kunlari ertalabdan kechgacha stadionda bo'lardik, barcha yosh toifasidagi bellashuvlarni tomosha qilardik.O'yinlarimni kuzatib borgan Sergey Arutyunov 13 yoshimda o'zi bosh murabbiylik qilayotgan O'zbekiston o'smirlar terma jamoasiga taklif qildi. Tarkibda xalqimiz tanigan Bahodir Ibragimov va Valeriy Lyotkin kabi futbolchilar bo'lardi. 1963 yil Volgogradda terma jamoalar o'rtasidagi Sobiq Ittifoq birinchiligida qatnashganmiz. Musobaqadagi natija ko'ngildagidek bo'lmagan. Garchi guruhdan chiqa olgan bo'lsakda, u yog'iga o'ta olmaganmiz. Rossiyadan qaytib kelganimizdan keyin “Paxtakor” terma jamoaning besh azosiga taklif bilan chiqdi, yakunda men va Bahodir Ibragimov klubda qoldik. Aytishim kerak, garchi futbol biz shug'ullanadigan asosiy sport turi bo'lsa-da, basketbol, voleybolni ham o'ynashni kanda qilmasdik. Nega? CHunki futbol o'zida hamma sport turini jam qilgan. Atletizm, yuqoriga sakrash, tez yugurish va fikrlash. SHunday ekan, yaxshi futbolchi bo'laman degan bola barcha sport turini o'ynab turishi kerak.

-    “Paxtakor”dagi faoliyatingiz haqida ham to'xtalib o'tsangiz.
-    Jamoaga o'tganimda Aleksandr Keller bosh murabbiy Lyov Olshanskiy uning yordamchisi va o'rinbosarlar tarkibini shug'ullantirar edi. Ulardan keyin Gavriil Dmitrievich Kachalin har ikkala tarkibga bosh murabbiy etib tayinlandi. Hech esimdan chiqmaydi, Dmitrievich tushdan keyin soat 15:00 va 16:00da, issiqda o'rinbosarlarni, so'ng asosiy tarkibni shug'ullantirardi. SHug'ullantirganda ham professional tarzda, ishiga o'ta jiddiy yondoshib, bajarardi. Hozir ham ishiga bu darajada jiddiy yondoshadigan murabbiylar kam. Boisi, jamoa bosh murabbiyi o'rinbosarlar tarkibini shug'ullantiravermaydi. “Paxtakor”dagi faoliyatim 10 yil davom etdi. 1972 yil 27 yoshimda tizzamdan olgan jarohatim butsalarimi mixga ilishimga sabab bo'ldi.



-    18 yoshda mamlakatning birinchi raqamli klubidan taklif olishingiz, bir mavsumning o'zidayoq asosiy tarkibga kirishingizni nimalar bilan bog'lagan bo'lardingiz.
-    “Paxtakor” shunday jamoa ediki, hamma bir-birini qo'llardi. Vaholanki, tarkibda raqobat juda kuchli, ammo ish boshqa, hayot boshqa edi. Jamoaga tez kirishib ketishimiz tarkibdagi faxriy o'yinchilarning qo'llab-quvvatlashi bilan bog'liq deb o'ylayman. Boisi, Hamid Rahmatullaev, Akmal Azizxo'jaev kabi tajribali o'yinchilar nafaqat maydonda, balki hayotda ham juda ko'p maslahatlar bergan. Qizig'i, asosiy va o'rinbosarlar tarkibi o'zaro maydonga tushganida hech kim bir-birini ayamasdi, lekin bu qarama-qarshilik maydonning o'zida qolib ketardi. Jamoa mashg'ulotlari yakuniga etgach, deyarli hech kim maydondan chiqib ketmasdi. Futbolchilar o'z kamchiliklari ustida ishlardi. CHunki-chunki, o'yinchining kuchli tarafidan kuchsiz tomoni ko'proq. Agar o'sha kuchsiz jihatlari ustida ishlab, uni bartaraf etmasa, o'sishdan to'xtab qoladi. Biz bugungi kunda falon futbolchi o'sishdan to'xtab qoldi, deya bong uramiz. Xo'sh, nega o'sishdan to'xtab qoladi? Sababi, u faqat mashg'ulotlarda ishlaydi. Mashg'ulotlar jamoa uchun o'tkaziladi. Individual shug'ullangan o'yinchio'z kamchiliklari ustida bosh qotiradi. SHuning uchun ham mashg'ulotlardan keyin qolib ishlashning foydali tomonlari ko'p.

-    Hozir mashg'ulotlardan keyin qolib individual tarzda shug'ullanish haqida gapiryapsiz. To'g'ri, bu insonning o'ziga bog'liq jihat, ammo iqtidorli o'yinchilarni nazorat qilish vaqti kelmadimikan? Murabbiylar shu tomonlarga ham etibor berishi lozim emasmi?
-    Aslida hamma gap murabbiylarda. Kuchli mutaxassisdan kuchli o'yinchi etishib chiqadi. Murabbiy pedagog, ruhshunos, shogirdlari bilan har tomonlama aloqa o'rnata oladigan inson bo'lishi lozim. Qaysidir futbolchining oilaviy muammosi bo'lsa, boshqasini shaxsiy. Ustoz shu tomonlarga ham etibor berishi kerak. SHundagina o'zi ham shogirdi ham kuchli bo'la oladi. Hamma vazifani murabbiyga yuklab qo'yish ham noto'g'ri, boisi jamoada 40ga yaqin o'yinchi bor, ularning barchasiga vaqt ajratishga ulgurmasligi mumkin. SHunday vaziyatda klubdagi boshqa lavozimdagi insonlar bunga etibor berishsa maqsadga muvofiq bo'lardi. Bizning davrda jamoa boshlig'i tashkiliy ishlar, xususan, o'yinchilarning muammosi bilan shug'ullanardi. Agar shu tartibda ish olib borilsa, haqiqiy jamoa bo'lib, birgalikda ishlagan bo'lishadi va tabiiyki, natija ham bo'ladi.

-    Sizdan Gennadiy Krasnickiy haqida so'ramoqchiman. Zarbalari afsonaga aylangan bu noyob iqtidor egasi to'g'risidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
-    Gena rostakamiga noyob iqtidor egasi edi. Alloh unga shunday kuch bergan ediki, qoyil qolmaslikning iloji yo'q. Har bir insonning fiziologik holati bo'ladi. Krasnickiyning bo'yi 185-190 santimetrlar atrofida bo'lsa, oyog'ining o'lchami 36 edi. Qolaversa, oyog'ining pastki qismi ham boshqacharoq, oddiy insonlarnikidan farq qilardi. Balki aynan shu jihat uning zarbasi afsonaga aylanadigan darajada kuchli bo'lishiga sabab bo'lgandir? Yana bir gap: ko'pchilik uning faqat zarbalari haqida gapiradi. Yaratgan Genaga texnika tomondan ham iqtidor bergandi. SHunday bo'lsa-da, u ham to'p bilan ishlashni ham jismoniy holatini yanada yaxshilashni kanda qilmasdi. Xudo menga iqtidor bergan deb indamay yurmasdi. Hamma qatori, balki ko'proq ham ishlardi. Mashg'ulotlardan so'ng ham qolib to'p bilan ishlashda davom etardi. Nega bilasizmi? U futbolni yurakdan yaxshi ko'rardi. Qiziqqon edi, futbol o'ynagisi kelaverardi, o'yin vaqtida hamma narsani esdan chiqarardi. Insoniylikni birinchi o'ringa qo'yadigan, tartibli shaxs edi.
SHu erda yana bir noyob iqtidor egasi Stanislav Stadnik haqida gap gapirib o'tmasam bo'lmas. Zero, bu futbolchi to'g'risida ham doim ham gapirilavermaydi. Stasning texnikasi shu darajada kuchli ediki, to'p uzatishlarni qoyillatardi. U ham futbolni yuragidan yaxshi ko'rardi. O'yin davomida amalga oshirgan to'p uzatishlarini doim yodida saqlardi, rohatlanardi. Ajoyib paslaridan keyin menga “Ahrol, qanday bo'ldi?”, deb qo'yardi. Futbolni bu darajada yaxshi ko'radigan insonni kam ko'rganman. Stadnikni ko'pchilik bilmaydi, ayniqsa hozirgi avlod. Mixail An, Mirjalol Qosimov Stasni bilishgan.



-    O'sha vaqtdagi “Paxtakor”ning yutuqlarida eng katta rol o'ynagan jihat nima bo'lgan?
-    Birlik. Biz og'izda emas, amalda jamoa edik. Bir-birimiz uchun o'ynardik va albatta qilgan mehnatlarimiz sabab muvaffaqiyatga erishganmiz.

-    1965-1966 va 1969-1970 yilgi mavsumlarda “Paxtakor”da bosh murabbiy sifatida ishlagan Mixail Yakushin haqida doim iliq fikrlar bildirgansiz. SHu insonni hozirgi avlodga “tanishtirsangiz” degandim.
-    Yakushin – aqlli, ayyor murabbiy edi. Unga “ayyor Mixey” deb laqab ham qo'yilgandi. Bu laqab o'z-o'zidan qo'yilmagan. Moskvaning “Dinamo” jamoasini boshqarib yurgan vaqtida Buyuk Britaniyaga safar uyushtirib, to'rtta uchrashuvning ikkitasida g'alaba qozongan, ikkitasida durangga erishgan (“CHelsi” – 3:3; “Kardiff Siti” – 10:1; “Arsenal” – 4:3, “Reynjers” – 2:2 - muallif). Bu natija Sobiq Ittifoqning futboldagi xalqaro obro'siga ijobiy tasir qilgan. SHu safardan keyin u o'ziga shunday laqab “ortirib” olgan. Yakushin haqiqatdan ham laqabiga mos ravishda ayyor edi. SHunday mashg'ulotlar o'ylab topardiki, hamma o'ziga yuklatilgan vazifani to'liq bajarishga majbur bo'lardi. Hech kim ayyorlik bilan mashg'ulotlardan qutilib qola olmasdi. To'g'risini aytsam, futbolni bu darajada tushunadigan murabbiyni ko'rmaganman. Yakushin qo'l ostida o'ynaganimiz bizning yutug'imiz bo'lgan. Bu mutaxassisda yuqoridagi sanaganim, murabbiyda bo'lishi kerak xislatlarning barchasi bor edi. Pedagog, ruhshunos, futbolchilarning nima tanavvul qilishi-yu, qanday jarohatdan necha kundaqutilishini ham bilardi. Bir murabbiyda shuncha xislat bo'lishi, unga Yaratgan rostakamiga iqtidor berganidan darak beradi. Yakushinning xotirasi ham juda kuchli edi. Kim qachon qanday xatoga yo'l qo'yganini yoddan sanab berardi. Uning o'sha vaqtdagi sport qo'mitasi raisiga bo'lgan munosabatini ham aytib bersam. Qaysi o'yinligi esimda yo'q, birinchi bo'limdan keyin mag'lubiyatga uchrab turibmiz. Sport qo'mitasi raisi tanaffus vaqtida hammadan oldin echinish xonasiga kirib, bizga ko'rsatmalar beryapti. SHu payt echinish xonasining eshigi oldiga etib kelgan Yakushin ichkariga kirmasdan shunday deyapti: “Hurmatli rais, sizdan iltimos xonadan chiqing!”. Endi tasavvur qiling, bizning oldimizda murabbiynning obro'si qanchalik oshganini. Bu murabbiy shunday edi, jamoaning ichki ishiga hech kimni aralashtirmasdi. Natijaga o'zi javob bergani sababli, hamma ishlar u orqali amalga oshirilardi. Undan so'roqsiz hech kim hech qanday ish qilmasdi. Vaholanki, o'sha vaqtda Respublika sport qo'mitasi raisini xonadan chiqarvorish?! Yakushin jamoani shu darajada nazorat qilardiki, hech kim ortiqcha bir so'm ishlata olmasdi. 1965 yil “Paxtakor” davlatga 50 ming foyda keltirgan bo'lsa, kelasi mavsumda bu summa 150 mingga ko'tarilgan. Bu o'z-o'zidan emas. Bosh murabbiy hatto chiptalarning sotuvini ham nazorat qilardi. Jamoa o'yinga stadionga kelganida u yo'lda tushib qolardida, chiptalar qanday sotilayotganini kuzatardi. Hech kim uni alday olmasdi.SHuning uchun ham Respublikada faqat “Paxtakor” foyda keltirardi.

Qaysidir yili o'rtoqlik uchrashuvi vaqtida markaziy himoyachi menga qanotga to'p uzatdi. Odatda murabbiylar yonga pas berishni tavsiya qilishmasdi. CHunki bunday holatda raqib to'pni olib qo'yish ehtimoli oshib ketadi va tabiiyki, pas bergan futbolchi nafaqat o'zini, jamoadoshini va butun jamoani qiyin ahvolga solib qo'yishi mumkin. O'sha vaziyatda ham shunday bo'ldi. Raqib gol urmadiku, qarshi hujumga o'tib ketdi. O'yin bo'layotgan vaqtda Yakushin jamoadoshimni yoniga chaqirdi. U raqib hujumga o'tishini aytganda, bosh murabbiy shunday dedi: “Sen raqibga yordam bermasang, ular bizga gol ura olmaydi”. “Ayyor Mixey” shunday deb jamoadoshimni yoniga chaqirdi va yon tarafga boshqa to'p uzatmasligi kerakligini tushuntirdi.



Yakushin bilan qiziqarli voqea ham sodir bo'lgan. Jamoaning echinish xonasida u o'tiradigan stul bo'lar edi. Bu stulga faqat u o'tirishini ham barcha bilardi. Bir marta shunday bo'ldiki, jamoadoshim dushdan chiqib, bilib-bilmay o'sha stulni o'zi bilan olib ketdi. Murabbiyimiz buni sezmadi va o'tirmoqchi bo'lganida yiqildi. Xonada kulgi ko'tarildi. “Mixey”ni juda jahli chiqdi va jamoadoshimga qattiq dakki berdi.

Aslida “Paxtakor”da yomon murabbiylar ishlamagan. Aleksandr Abramov – sobiq Ittifoq vaqtida “Taktika” deya nomlangan kitob yozgandi. Mamlakatdagi aksar murabbiylar shu kitobdan foydalanardi. Vyacheslav Solovev – darajasi Yakushinnikida ikki daraja past bo'lsa-da, kuchli mutaxassislar qatoriga kirardi.

Gavriil Kachalin bosh murabbiylik qilgan vaqtda umrimda birinchi va so'nggi marta kech qolganman. Kechikkanda ham, mashg'ulotlarga emas, jamoa Kutaisiga naqd oliy liganing rasmiy o'yiniga uchib ketishi lozim bo'lgan samolyotga etib kela olmaganman. SHunday bo'lsa-da, shu kunning o'zidayoq chipta topib, Tblisiga uchganman, u erdan Kutaisiga borganman. Mehmonxonani topib, ro'yxatdan o'tib, mashg'ulotlar o'tkaziladigan stadionga etib kelganman. Bosh murabbiy meni ko'rib bir og'iz indamagan. Odatda futbolchi mashg'ulotga kech qolsa, unga dakki beriladi, jazo qo'llaniladi. Kachalin indamayapti, indamayotganiga hayron bo'lib, ikki barobar ruhiy bosim bilan o'zimni-o'zim “eb qo'yyapman”. Oxiri sabrim etmasdan o'zim bosh murabbiydan menga qanday jazo qo'llanishini so'raganman. Javob quyidagicha bo'lgan: “Kechikkaningni o'zi senga jazo. Sen jazoingni olib bo'lding”. Pedagogik mahoratni ko'ryapsizmi? SHu-shu, qaerga borsam 10-15 daqiqa erta boradigan bo'lganman. Kachalinning tutgan yo'li menga butun umrga etadigan dars bo'lgan.

-    O'sha mashhur “Paxtakor”ning kun tartibi qanday bo'lgan? Masalan, yangi mavsum yoki davralar oralig'idagi tayyorgarligi qay tartibda o'tgan?
-    Biz yangi mavsumga asosan Samarqandda tayyorgarlik ko'rardik. CHunki bu shahar poytaxtga nisbatan biroz issiqroq edi. Nafaqat “Paxtakor”, balki “Krilya Sovetov”, “Dinamo” (Minsk), “SHaxtyor” kabi klublar ham yanvar-fevral oylarida Samarqandda bo'lishardi. Ishonasizmi, liboslarimiz qurishga ulgurmasdi. Ertalab 45 daqiqalik badantarbiya, soat 11:00da mashg'ulot, oradan besh soat o'tib yana mashg'ulot. Kiyimlarimizni, butsalarimizni quritishga ulgurmasdik. U vaqtlarda hamma narsa bittadan edi. Har bir mashg'ulotdan keyin isitish batareyalari butsalar bilan to'lardi. (Kulib) Kiyinib echinishdan zerikardik. Dam olishni qo'yavering. Endi uxlayman desangiz yo navbatdagi mashg'ulot yoki tushlik vaqti bo'lardi. Biz shu tartibda shug'ullanardik.

Yurtimiz sarhil mevalarga boy ekanligi sababli, bizga asosan tabiiy sharbat berishardi. Suv deyarli ichirishmasdi. Nega? Boisi, yugurib turganingizda suv badanga og'irlik qiladi. Odam chanqaydi, og'iz quriydi, suvni ichasiz, lekin chanqoq bosilmaydi, aksincha, qorin ishib qoladi. Natijada yugurish qiyinlashadi va bu yurakka ortiqcha bosim beradi. Murabbiylar bizga suvga qurigan og'izni chayishni tavsiya qilardi. CHanqoqni bosishni uchun esa, ko'k choy ichardik. Bilasiz, ko'k choy insondagi bosimni tushiradi. Yugurayotgan yoki mashq qilayotgan kishida tabiiyki, bosim yuqori bo'ladi. Ko'k choy esa, insondagi bosimni maromida ushlab turadi.

Ishonsangiz, bizga hatto tuxumni qaynatib berishmasdi, nega? Og'irlik qiladi. Hazm bo'lishi qiyin. Tuxumni bir ko'tarishda ichardik. Murabbiylar sekundomer bilan ichgin derdi. Yakushin futbolchilarni nima tanavvul qilayotganini jiddiy nazorat qilardi. O'zi ro'yxat tuzib berardi.

-    Uchrashuvlar vaqtida esla qolgan qandaydir voqeani aytib bera olasizmi?
-    Odatda rasmiy o'yindan bir kun avval o'tkaziladigan mashg'ulot engil o'tadi. 40-45 daqiqadan ko'p bo'lmaydi. Futbolchilar ham shunga ruhan tayyor bo'lishadi. Qaysi mavsum eslay olmayman, Moskvada “Spartak”ka qarshi o'ynashimiz kerak. Bir kun oldingi mashg'ulotlarga chiqdik, naqd ikki soat davom etdi. Yakushinga hech kim hech narsa deya olmaydi. Hayronmiz, ertaga jiddiy o'yinimiz bor, biz 2 soatdan beri mashg'ulot o'tkazyapmiz. Oxiri yordamchi murabbiyga murojaat qildik. U “ayyor Mixey”ga mashg'ulotni tugatsak bo'lar, degandi quyidagi javobni oldi: “Kashaning mazasini sarig'yog' bilan buza olmaysan”. Nima demoqchi? Mashg'ulot qancha ko'p bo'lsa ham ziyoni yo'q.Ertasi kuni “Lujniki”da “Spartak”ka qarshi ajoyib o'yin o'tkazib, so'nggi daqiqalarda o'tkazib yuborilgan gol sababli g'alabani qo'ldan chiqarganmiz.

“Paxtakor” chempionat o'yinlarida Moskvaning barcha klublarini zir titratardi. SHuning uchun barcha rus jamoalari biz bilan bo'ladigan bahslarga o'ta jiddiy yondoshardi. Eslayman, Moskvada “Torpedo”ga qarshi o'ynishimiz kerak. O'yin kungi badantarbiyaga bosh murabbiy Yakushin kelmadi. Hayron bo'ldik. Keyin “Torpedo” azolari bizning sardorga aloqaga chiqib, durang o'ynashni taklif qildi. Tabiiyki, biz bunga ko'nmadik. Vaholanki, raqib safida kamida besh nafar milliy terma jamoa azosi bor edi. Xullas, yigitlar bilan kelishib, o'yinda borimizni berishimizn gaplashib oldik. Lekin ertasi kuni omadimiz kelmadi. 4:0 hisobida mag'lubiyatga uchradik.


Davomi bor...


Furqatbek NISHONOV suhbatlashdi.


Reyting: +6   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика