So’nggi yangiliklar

01:49Миср олимпия терма жамоаси сардори БАА клубига ўтди  1 00:44"Рома" "Ювентус" футболчиси билан шартнома имзолади  0 00:16Париж-2024. Франция ва АҚШ чорак финал иштирокчиларига айланди  0 23:55"Пахтакор" ёшлар ўртасидаги Осиё чемпионини таркибга қўшиб олди  9 23:38ОКМК хорватиялик футболчи билан шартнома имзолади  5 23:28"Андижон"ни Эркинов тарк этди ва унинг ўрнига "Динамо" футболчиси қўшилди  1 23:10Париж-2024. Доминикан Республикаси - Ўзбекистон 1:1, Олимпиадани ғалабасиз якунладик  12 22:59ЦСКА легионер футболчисини Ўзбекистонга юборди  2 22:32Россия кубоги. "Рубин" "Акрон"ни тор-мор этди, Эсанов дебют қилди  2 22:15Париж-2024. Марокаш ва Аргентина плей-офф йўлланмасини қўлга киритди  3 22:02"Андижон" сербиялик футболчи билан шартнома имзолади  7 21:41"Насаф" "Атлетико Мадрид"да ўйнаган сербиялик футболчини таркибга қўшиб олди  9 21:24ОКМКни Қосимов ва яна икки нафар футболчи тарк этди  13 21:03Париж-2024. Миср Испанияни мағлуб этиб, гуруҳ пешқадами сифатида плей-оффга йўл олди  15 20:51Аббос Файзуллаев: "Олимпиадага ҳеч ким мағлубиятга учраймиз ёки гуруҳда қолиб кетамиз деган мақсадда келмайди"  25

Kopa futboldan ketyapti. Bugun men tik turib qarsak chalaman... Yangiliklar

Kopa futboldan ketyapti. Bugun men tik turib qarsak chalaman...

Teglar :  Timur Kapadze
Timur Kapadzeni negadir Xabi Alonsoga o'xshatardim. Futboldagi poziciyasidan tortib, maydondagi tarbiyasiga qadar mos edi bir-biriga. Biri jahon yulduzi, ikkinchisi esa O'zbekiston.

SHu yilning may oyida Xabi Alonso butsalarini mixga ilishga qaror qildi. O'zining so'nggi yillarini “Bavariya”da o'tkazgan ispaniyalik futbolchini Evropa olqishlar bilan kuzatib qo'ydi. Bugun esa biz Timur Kapadze uchun qarsak chalamiz. Ko'ryapsizmi, ular hatto bitta yilda futbolni tark etmoqda.

“Paxtakor” muxlisi sifatida Timur Kapadze ishtirokidagi bir qator o'yinlarni kuzatganman. Insondagi malum bir harakterni yaxshi yoki yomonga ajratish fikridan yiroqman, shunchaki menga Kopaning maydonda o'zini tutishi yoqardi. Unda haqiqiy professionalni ko'rardim. Gol ursa ham kamtar nishonlardi, o'zini hamma joyda ko'rsatmasdi, ishini bilib qilardi maydonda. O'z missiyasini toza bajargani uchun ham bazida muxlislar uning asosiy vazifasi nima ekanini tushunmay qolgan paytlar bo'lgan. Men esa doimo tayanch zonada to'p surishni orzu qilgan oddiy bir muxlis sifatida aynan shu zona futbolchilariga bo'lakcha etibor qaratardim va ularning mehnatini qadrlardim, maydondagi o'rni, mehnati hammanikidan ko'proq deb bilardim.  

Tachmurod Agamurodov hujumchini tayanch zonaga o'tkazib adashmagandi deb hisoblayman. Kopada gol sezish qobiliyati bor. Biroq undagi bosiqlik oldingi chiqizdan ko'ra, orqaroqqa mos edi chamamda. Uning poziciyasi xuddiki harakteri bilan jipslashib ketgandek ko'rinardi. “Neftchi”da qanday o'ynagan va nimalar qilganini bilmayman. CHunki Kopani o'zim uchun “Paxtakor”da kashf qilganman.



2008 yilning 26 martini alohida eslab qolganman. JAR mundiali sari yo'lga chiqqan O'zbekiston terma jamoasi “MHSK” stadionida Saudiya darvozasiga javobsiz 3 ta gol urgandi. Negadir o'sha bahs men ko'rganlarim ichida bo'lakcha o'rin tutadi. Stadion, uning atrofi, futbolchilarning kayfiyati, xullas, hammasi alo darajada edi. Birinchi bo'lim so'ngida aynan Kapadze hisobni ochishga erishdi va o'yinning borishini butkul o'zgartirib yubordi.

O'sha vaqtlarda Avaz aka Berdiqulov, Xayrulla aka Hamidov kabi ustoz jurnalistlar FIFA jurnalini chiqarishardi. Avaz aka o'yin oldidan chaqirib, birinchi marta menga topshiriq berdi: Saudiyaga qarshi o'yinning eng yaxshi futbolchisi haqida uncha katta bo'lmagan poster yozib berishim kerak edi. Maqolalarini sevib o'qiydiganim insondan olgan topshiriqni ado etish uchun o'zimni uch kun ruhan tayyorlaganim esimda. Saudiyaga qarshi o'yin qahramoni so'zsiz Kopa bo'ldi. Men endi uni o'yindan keyinoq izlab topishim va yaqin soatlar ichida bosilishi kerak bo'lgan jurnal uchun fikrini olishim kerak edi.

SHu kuni “MHSK”da futbolchilarga yaqinlashib bo'lmadi. Asabiylasha boshlaganimni ko'rgan otam olamon ichidan meni tortib oldi va kulib, yaxshisi mehmonxonada jamoani kutib turishimni maslahat berdi. Ha, men endigina kirib kelayotganim bu sohaga. Hattoki shugina ishga ham aqlim etarli darajada emasdi, otamda esa tajriba deganidan qop-qop.

Deyarli taksi ushlamaydigan bola, “O'zbekiston” oteliga uchib bordim va jamoani poylay boshladim. Kopaga murojaat qilsam, bunga qanday javob qaytarishini ham bilmasdim. “CHarchadim, ertaga yoki boshqa kuni”, — deyishi mumkin, kulib o'tib ketishi yoki menga umuman qaramasligi ham mumkin, xullas, hayajonning eng yuqori notasi.

Uzoqdan men kutgan avtobus ko'rindi, yutinib oldim. O'sha davrlarni eslasam, hozir kulgim keladi. Ammo kim o'z ishiga professional bo'lib kelgan? Men duch kelgan jurnalistdan emas, Berdiqulovning o'zidan topshiriq olganman axir. Avtobusga yaqin bordim, futbolchilar undan tusha boshladi. Men Kopani kutdim va u tushayotganida ko'zlarini izlab topdim. Kayfiyati chog' futbolchi menga kulib qaradi va ko'z qisib qo'ydi. SHuning o'zi etarli edi.

FIFA’da mening mittigina posterim va Kapadzening kattagina rasmi chiqdi. Men uni alohida saqlab qo'ydim. SHundan keyin matbuotda yuzdan ortiq chiqishlar qildim, biroq kezi kelganda aqalli maqolam chiqqan gazetalarni sotib olmagan paytlarim bo'ldi. Ammo o'sha jurnal o'zimda qoldi, o'yin xotiramga o'chmas bo'lib jipslashdi.


Meni yaxshi taniydiganlar biladi. Maqolalarimdan mehr uqib olish ko'pchilik uchun qiyin. Aytishim kerakki, futbolga bo'lgan mehrsiz men hech narsa qoralay olmasdim. SHunchaki kim tarsakini eslab qoladi va kim maqoladan hikmat izlaydi. Menda Kopaga nisbatan mehr bor, buni tan olaman. Futbolchi tanishlarim ikki qo'limning barmoqlarichalik ham emas. Ular meni tanishi mumkin, biroq ko'pchiligi bilan shaxsan tanish emasman, ulfatchilik qilmaganman. Kopa bilan ham bir dasturxon atrofida hech qachon o'tirmadim. Hurmatim va munosabatim haqida o'ziga bir og'iz ham aytmadim. Ammo bugun shunga haqliman. CHunki u yashil maydonni tark etyapti. Futboldan ketayotgan u, biroq hayajonini o'zimda his qilib turibman. Axir u o'zbek futboli uchun qo'lidan keladigan hammasini qildi.

Kopa 2015 yilgi Osiyo Kubogidan keyin terma bilan xayrlashgandi. Agar o'sha qarorga kelmaganida, Qosimov yoki Babayan hech bo'lmaganda yoshlarga bir nimalarni o'rgatishi uchun ham unga taklif yuborishi mumkin edi. Biroq Kopa vaqtida keta oldi. Fursat kelganini o'zi ongli ravishda tushuna oldi.

Va mana endi u biryo'la futboldan ham ketish arafasida. Boshini baland ko'tarib ketyapti. Jamoasini ketma-ket ikki marta chempion qildi, odamlarning undan ko'ngli qolguniga qadar, muxlislar uni maydonning o'zida unutguniga qadar o'ynashni istamadi. SHuning uchun ham Kopani qarsaklar bilan kuzatib qo'ysa arziydi.

Ha, aytgancha, Timurga Ruslan Nuriddinov masalasidagi intervyuda yana bir marta tan berdim. Bunda men har ikki tomonga ham tarafkash emasman. Ruslan achchiq haqiqatlarni qo'rqmay aytib tashlagani uchun qoyil qoldim. Butun futbol ommasi shuni eshitib, eshitmaganga olgan bir vaqtda esa, Kopaning o'zi unga javob berish taklifi bilan keldi. Bu haqiqiy etakchining ishidir. U nafaqat o'zini, qolgan sheriklarini, balki butun bir futbol ommasini o'sha tanqidlardan himoya qilmoqchi bo'ldi. Etibor bering, O'zbekiston futbolidagi minglab futbolchi emas, aynan Kopa shu ishni qilishni o'ziga lozim deb topdi. SHu emasmi haqiqiy liderlik, g'amxo'rlik va g'urur?! Men o'shanda Kapadze bilan ikkinchi bor jiddiyroq gaplashgandim.


Kapadzelar oilasida fayz bor. Tohir Kapadze bilan “1-liga sharhi” ko'rsatuvini tayyorlayotgan vaqtim ko'p bor ko'rishdik, suhbatlashdik. Kamron Kapadze ukam bilan futbol o'ynagan vaqtlaridan buyon tanishmiz. Ularning barchasida yuksak madaniyat, hurmat va samimiylik bor deb hisoblayman. Gap qilingan va qilinishi kerak bo'lgan ishlar haqida emas, gap shunchaki o'zaro munosabat va principlarda.

Kopa, men senga futboldan keyingi hayotingda ham faqat va faqat omad tilayman. Sen bosib o'tgan yo'l millionlar o'yiniga kirib kelayotgan yosh bolachalar uchun uzoq vaqt maktab vazifasini o'tashiga ishonaman. Seni avval muxlis, keyin esa jurnalist va bugun yana bir bor oddiy muxlis sifatida hurmat qiluvchi do'stingman. Boshni sarbast tutishda davom et!

Muallif :
Reyting: +113   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика