“Kelishilgan o'yinlar qiroli”. XV bob
26 dek 2014 16:00
Yangiliklar


“Kelishilgan o'yinlar qiroli”. XV bob
2010 yili JARda o'tkazilgan mundial oldidan Perumal hamtovoqlari bilan kelishilgan ruhdagi bir qancha o'rtoqlik o'yinlarini tashkil etib, cho'ntaklarini ancha qappaytirib olganidan so'ng ortga qaytganmi? Agar uning o'rnida boshqa odam bo'lganida Millionlarim bor. Endi pulni pulga urishtirib, bexavotir yashasam ham bo'ladi-ku! degan qarorga kelishi hech gap emasdi. Biroq o'zini ashaddiy o'yinchi deb hisoblagan qahramonimizning xayoliga shunga o'xshash fikr kelishiga ishonib bo'lmaydi.
MUNDIAL PAYTIDAGI OMADSIZ URINISH
Har bir omadli o'yin bizga taxminan 1,5 million dollar keltirdi. Biz 4-5 million dollarga ishladik. Jahon chempionatining bir qancha o'yinlarini tomosha qilish maqsadida JARda qoldim. Ibrohim orqali afrikalik bir referiga chiqib, jahon chempionatida ishlaydigan har bir o'yini uchun 400 ming dollar taklif qildim. U qo'rqib ketdi va taklifimni rad etdi. Ko'rgan foydamning bir qismini JARda ishlatib yubordim. Ispaniyaning Gondurasga qarshi o'yini uchun -2 forasi bilan 800 ming dollar tikdim. Yana 400 mingni gollar farqiga sarfladim. Bir o'yin uchun maksimal stavkam 1,2 million dollarni tashkil qildi. David Vilya dublni juda tez rasmiylashtirdi, ammo ikkinchi bo'limda penaltidan samarali foydalana olmadi. SHu tariqa 400 ming dollarni yutqazdim. Omadsizlikda futbolchini emas, balki o'zimni aybladim.
JARdagi kelishilgan o'yinlar orqali yutgan pullarimning deyarli hammasini boy berdim. JARdan uchib ketish oldidan oilamdagilarga Malayziyadagi qarindoshlarimizning holidan xabar olishlarini iltimos qildim va o'zim ham o'sha yoqqa ravona bo'ldim. Ular bilan yana qachon uchrashishimni bilmasdim. Singapurga qaytmoqchi emasdim. Makaolik bukmekerga deyarli hamma qarzimni to'ladim. Malayziyada meni Muhammad Hasan ismli kishi bilan tanishtirib qo'ydilar. U NR (kadrlar xizmati) bilan shug'ullanib, nufuzli biznes markazidan ofisni ijaraga olgandi. Lekin bunday joyning ijarasini to'lash uchun u juda oz daromad olardi. Unga salkam 100 ming dollar qarz berdim va Hasan o'sha erda turib men uchun ishlashga rozilik bildirdi. O'zim esa Buyuk Britaniyaga uchdim.
MENGA ISHONING VA BOYIB KETASIZ
Singapurga qayta olmasdim va buni istamasdim ham. CHunki yaqin besh yilni panjara ortida o'tkazish xavfi ostida qolgandim. JCH-2010dan keyin Londonga o'rnashishga qaror qildim. Uembli stadionidan uncha uzoq bo'lmagan hind kvartalida ijaraga uy oldim. Kvartiramga tamillar TVsidagi dasturlarni ulab berdilar. Bunday dasturlar va hind oshxonasida tayyorlanadigan taomlarsiz yashashimni tasavvur qila olmayman. Hamma Angliyada nimanidir rejalashtirayotganim haqida o'ylardi. Biroq ular xato qildilar. Ertalab qahva ichib, gazetalarni o'qib bo'lganimdan keyin Uembli atrofida aylanib yurardim. Bazida shu erda yashayotgan tamillarga futbol o'ynashni taklif qilardim, ular esa kriketni maqul ko'rardilar. Bukmekerlik idoralarining doimiy mehmoniga aylandim. Buyuk Britaniyada turli takliflar Singapurga qaraganda ham juda ko'p: it urishtirish, itlarning poygasi, avtomat o'yinlar... Bunday o'yinlarni doim yomon ko'rganman. Deyarli har qadamda marixuana sotilsa-da, odamlar menga nisbatan juda muloyim munosabatda bo'lardilar. Muhojirlar ko'pincha mahalliy bezorilarning qurboniga aylanardilar. Kunlardan birida irlandlar meni tunab ketishdi. Singapurda esa oq tanlilar ko'chalarda birovni tunashga botina olmaydilar.
Ko'p vaqtimni kompyuter qarshisida kelishilgan o'yinlarni tashkil etish bilan o'tkazardim. Futbolni endi xuddi yosh paytimdagi kabi shunchaki qiziqish uchun tomosha qilmasdim. Londonda yashasam-da, APL uchrashuvlariga bormasdim. Lekin inglizlarning hujumchilari juda yomon o'ynashlarini ilg'ab etdim. Ular uchun 20 million funt to'laydilar. Hujumchilar esa besh metrdan to'pni darvozaga to'g'ri yo'llay olishmaydi. Darren Bent bilan Endi Kerrollni bunga yaqqol misol sifatida ko'rsatish mumkin. Bu ahvolda Angliyaning yaqin yuz yil ichida jahon chempionatini yuta olmasligiga ishonchim komil.
JARdagi JCHdan keyin ham Dan bilan hamkorlik qilishda davom etdim. U qochib yurganimdan xabardor edi. Xorvatiyada Dino bilan Admir qo'lga tushganlaridan keyin Dan Evropaga kelishga qo'rqib qolgandi. Qonun bilan bog'liq muammolarimiz borligiga qaramasdan katta miqdorda pullarga ishladik. Hatto pullarni ko'chmas mulklarni sotib olishga sarflasam qanday bo'larkin, degan xayolga bordim. Ishim ko'rib chiqiladigan sudga betaraf hakamni tayinladilar. Bu men uchun eng yaxshi variant edi. Biroq ortga qaytishni istamasdim.
YANA FINLYANDIYADA
2010 yilning bahorida Mega menga Rovaniemi ishtirokida kelishilgan o'yinlarni tashkil etish maqsadida Finlyandiyaga uchib bormoqchi ekanligini aytgandi. U erda o'ynayotgan zimbabveliklarga pul qoldirgandik. Megaga birga ishlashni taklif qildim. Ammo u boshqa bossga ishlayotganini aytib, taklifimni rad etdi. Mega zimbabveliklar va gruzinlar bilan kelishib olgandi. Rovaniemi dastlabki ikki o'yinda 3:0 hisobida g'alaba qozondi. Uchinchi marta shunday natija takrorlanganidan keyin boss futbolchilarga pul to'lashdan bosh tortdi. Nega deganda, u 4:0 hisobidagi g'alabani talab qilgandi. U o'zini xuddi havaskor o'yinchidek tutardi. Futbolchilar bundan norozi bo'la boshladilar. Ularning o'rtasidagi ishga aralashish fursati etib kelganligini his qildim. SHu bois Entonini Finlyandiyaga yubordim.
Entoni u erga borganidan so'ng oldingi yili o'zim pul qoldirib kelgan futbolchini qidirib topdi. SHundan so'ng o'zim ham uchib borishga qaror qildim. Dastlab Xaka klubida ishlaydigan xodimlar bilan uchrashishni rejalashtirib, xuddi Brayan singari homiylik qilishim mumkinligini taklif etmoqchi bo'ldim. Brayan SHveycariyaning Kyasso jamoasi bilan shunday yo'l tutgandi. Tan olishim kerak, bu ishga yomon hozirlik ko'rgandim.
- Klubingizga salkam 500 ming dollar ajratmoqchiman, - dedim Xakaning menejeriga. - Tarkibni kuchaytira oladigan 5 yoki 6 nafar futbolchini topamiz. Agar ular klubda yaxshi o'ynab keta olsalar, boshqa jamoalarga sotib yuboramiz.
Menejer bu taklifimni direktorlar kengashiga etkazishini aytdi. U gap orasida Tamperening bankrot bo'lish yoqasida qolgani va homiyga muhtojlik sezayotganini malum qildi. SHundan keyin Rovaniemi qo'nim topgan Laplandiyaga yo'l oldim. Navbatdagi o'yin oldidan futbolchilarni o'z xonamga yig'dim va ularga uchrashuvni jangsiz topshirishni taklif qildim.
- Yo'q, g'alaba qozonishimiz ham mumkin, - deya javob berdi futbolchilar.
- U holda maydonga chiqing va g'alaba qozoninglar!
O'yinchilarga avans tariqasida 25 ming evro berdim. Ular esa uchrashuvni juda bo'sh o'tkazib, Vikingituga 0:3 hisobida yutqazib qo'ydilar. Pullarni qaytarib oldim. Zambiyalik bo'lgan bu yigitlar futbolni juda yomon o'ynardilar. 20 yoshimda ulardan bir necha karra aloroq darajada to'p surganman. Yoshlar o'rtasida o'tkaziladigan turnirlarda skautlar izg'ib yuradilar. Agar 17 yoshli futbolchini skautlar ilg'amay qolsalar, u 20 yoshga etganida so'nggi imkoniyatga ega bo'lishi mumkin. Aks holda o'sha yigit top-saviyada o'ynashni faqat tushida ko'radi. Bunday holatda u oyiga 3 ming evrodan umid qila oladi xolos.
Navbatdagi o'yin arafasida futbolchilardan har bir bo'lim uchun ikkitadan golni talab qildim. Golning qaysi darvozaga kiritilishi ahamiyatsiz edi. Ammo bu tentaklar faqat 3:0 hisobida g'alaba qozondilar. Hamkasblarimning nima sababdan Rovaniemi bilan ishlashni istamasliklarini shunda tushunib etdim. O'sha telbalarga vazifani shunday so'zlar bilan tushuntirishga harakat qildim:
- Nima sababdan menga ishonmayapsizlar? Agar hammasini aytganimdek bajaradigan bo'lsanglar, boyib ketasizlar. Buning uchun gapimga kirsanglar bas.
Finlyandiyadagi dastlabki omadsizlikdan so'ng Londonga qaytdim va butun etiborimni Misrga qaratdim. U erda Togo, Keniya, Nigeriya, Marokash, Malavi va Zambiya U-23 terma jamoalari ishtirokida turnir tashkil etdim. Muruganni o'sha yoqqa yubordim. Mahalliy FA mening kompaniyamni juda yaxshi bilardi. Amaldorlar xarajatlarning katta qismini qoplashimiz mumkinligi haqidagi taklifni jon deb qabul qildilar. Bukmekerlarning bo'lajak o'yinlar uchun stavkalarni qabul qilishga kirishishlarini bilardik. CHunki Misrdagi uchrashuvlarni TV orqali muntazam namoyish etadilar. Murugan ishni alo darajada bajargani bois katta pulga ega bo'ldik.
Avgustda yana Finlyandiyaga qaytdim. Rovaniemi KEMI bilan uchrashishi kerak edi. O'yindan oldin Rovaniemida to'p suradigan zimbabveliklar va gruziyalik egizak aka-uka Korguashvililarni bir joyga yig'ib, ularga nima qilishlari kerakligini tushuntirdim. Futbolchilardan 0:0 hisobida durang o'ynashlarini so'radim. Yigitlar rozi bo'lishdi. Saviya borasida jamoalar o'rtasidagi farq juda katta ekanligi bois Rovaniemi bemalol 5 yoki 6 gol farqi bilan g'alaba qozonishi mumkin edi. Ammo bahs golsiz durang bilan nihoyasiga etdi. Nihoyat, futbolchilar o'z pullarini oldilar.
BIZNESNING FOSH ETILISHI
Bu orada uzoq vaqtdan beri Zimbabveda olib borayotgan muvaffaqiyatli biznesim fosh bo'ldi. Ayrim o'yinchilar Osiyo turnesi chog'ida uchrashuvlarni jangsiz topshirganlarini tan oldilar. Rozmarini so'roqqa chaqirdilar. Malavilik Feliks ismli agent bu ayolning men bilan aloqasi borligini bildirib, FIFAga shu xususda xat yubordi. Voqealar rivoji bunday tus olganidan so'ng o'z nomimga dog' tushirmaslik uchun Zimbabve OAV vakillariga shunday mazmunda xat yubordim:
- Singapurdagi sport firmalaridan biri uchun ishlashimni etiborga olishinglarni so'rayman. Biz butun dunyo bo'ylab o'rtoqlik maqomidagi turnirlarni tashkil etish bilan shug'ullanamiz. Kelishilgan o'yinlarni o'tkazishimiz haqidagi ayblovlar quruq tuhmatdan boshqa narsa emas. Rozmarini anchadan beri yaxshi bilaman. U hech qachon bunday iflos ishlarga qo'l urmagan.
Rozmari bilan Feliks o'rtasida nima yuz berganini bilmayman. Ehtimol, Feliks undan xalos bo'lishni istagan ko'rinadi. Har qanday holatda ham o'sha voqeadan keyin Zimbabvedagi ishni davom ettira olmasdim. Butun diqqatimni Finlyandiyaga qaratdim. Rovaniemi Espuni qabul qilardi. Futbolchilardan 1:0 hisobida g'alaba qozonishlarini so'radim. Ular esa ko'rsatmamga etiroz bildirib, 3 yoki 4 gol farqi bilan g'alaba qozona olishlarini aytishga tushdilar. O'yinchilar ko'pincha o'zlarini mendan ko'ra aqlli deb hisoblaydilar. Ularga pul to'layotganim uchun norasmiy ustozi ekanligimni aytdim. Futbolchilar rasman bosh murabbiy bo'lmasam-da, menga bo'ysunishlari kerak. Agar bu ahmoq yigitlar gapimga ko'nganlarida bir mavsumda 150 ming evrodan ishlardilar. Lekin ular klub uchun harakat qilib, oyiga 1-2 ming evroga teng bo'lgan maosh bilan kifoyalandilar.
Aytishim kerakki, bu orada futbolchilarning o'zlari ham pullarini yirik hisobdagi g'alabalar uchun tikishni istab qoldilar. Bu Dan bilan meni qanoatlantirardi. Oxir-oqibat ular hatto bir o'yinda gol kiritishni ham uddalay olmadilar. 150 ming dollarni yo'qotdim. O'sha kunning oqshomida klub direktorlar kengashidan kimdir menga qo'ng'iroq qilib, xitoylik qandaydir bir kimsa futbolchilarni sotib olayotganini gapirib berdi. Bu Mega bo'lsa kerak, degan xayolga bordim. Ishni eplay olmaganidan so'ng avansimni qaytarib olish uchun zimbabvelikning huzuriga bordim. Xonada uning jamoadagi ikki sherigi va boshqa klubda to'p suradigan ikki hamyurti ham bor edi. Ularga o'zimni fosh qilmaslik va bu erga yaxshi niyatda kelganimni ko'rsatib qo'yish maqsadida 500 evrodan berdim. Kutilmaganda tashqarida Rovaniemi direktorlar kengashida ishlaydigan odamning ovozi kelib qoldi. Zudlik bilan yotoqxonaga berkinib oldim. U xonaga kirgan paytda mendan bor-yo'g'i bir metr narida turardi. Men bo'lsam, sumkamdagi 80 ming evroni changallagancha berkinib olgandim. O'sha kungi voqeadan so'ng mahalliy barda to'planishga kelishib oldik.
NIKARAGUALIK ESKI TANISH
Terma jamoalar va klublar ishtirokidagi o'yinlar uchun stavkalarni amalga oshirish bir-biridan mutlaqo farq qiladi. Terma jamoalar bilan kelishish osonroq: o'yinni tashkil etasan, pullarni tikasan, yutuqni olasan, hamma xursand va uy-uyiga tarqaydi. Klublar bilan esa ehtiyot bo'lib ishlagan maqul. Ular har haftada maydonga tushardilar. Stavkalarga mukkasidan ketib qolsang, bukmekerlik idoralarida ishlaydiganlar shubhalana boshlaydilar. Natijada o'sha o'yinlarni tekshirishga kirishib ketadilar. Odatda total uchun tikaman. Agar Rovaniemining murabbiyi bo'lganimda 3 yoki 4 nafar yaxshi futbolchini sotib olgan bo'lardim. Aholisi 5 million kishini tashkil etadigan Finlyandiyada top-ligada 12, ikkinchi divizionda 10 va uchinchi divizionda esa 40 ta klub ishtirok etadi. Futbolchilarning saviyasi ham unchalik yuqori emas. Turli taktikalarning ularga farqi yo'q. Masalan, mahalliy klublardan birining egasi bo'lgan taqdirimda masalan, Kolumbiyadan o'yinchilarni olib kelgan va ularni ikki qismga ajratib chiqardim. Hujumchilar talabimga ko'ra gol kiritsalar, himoyachilar kerak paytda raqib hujumchilarini o'tkazib yuborardilar. SHunday qilsak, g'alaba qozonishimiz va ko'proq pullarga ishlashimiz mumkin edi. 2010 yilning sentyabrida Nikaraguada men bilan Karib havzasida kelishilgan o'yinlarni tashkil etishda faol qatnashgan Armando tizzasidan jarohat olib faoliyatini yakunlashga majbur bo'ldi. U kunlardan birida paragvaylik mahbubasiga iflos ishlarda qatnashganligini gullab qo'ydi. Bunday gaplar mahalliy FA amaldorlarining quloqlariga etib bordi. Nikaragua Gvatemalaga 0:5 hisobida yutqazganidan so'ng uni umrbod futboldan chetlatdilar. SHu tariqa Armando Kollado butun diqqat-etiborini kelishilgan o'yinlarni tashkil etishga qaratdi. Uni KONKAKAF CHempionlar ligasida Real Solt-Leyk bilan Deportivo Arabe Unito klublari ishtirokida o'tadigan o'yinda ishlashga yubordim. Armando Paragvayda turib ishlardi. SHuningdek, u Janubiy Amerikada o'z tarmog'ini yo'lga qo'ydi va Kolumbiya chempionatiga ham aralashishni boshladi.
O'sha yilning sentyabrida Bahrayn men tashkil etgan o'rtoqlik o'yinida Togoni qabul qildi. Togoda bosh murabbiyning yordamchisini tanirdim. Togo FA taklif uchun elektron xat ololmasdi. SHu sabab Londonda turib, shunday mazmundagi maktubni uchinchi shaxs orqali yuborishimga to'g'ri keldi. Malum bo'lishicha, asosiy terma jamoa bundan ikki kun oldin Botsvana bilan o'yin o'tkazgan ekan. SHuning uchun kim to'g'ri kelsa, shundaylardan terma jamoa tuzildi. Uchrashuvni boshqarish Ibrohimga topshirildi. Yani, Togo terma jamoasi ularga qo'shimcha ravishda hakamlar men tomonda edi: 14 kishiga qarshi 11 kishi. Singapurga o'yinning kelishilganligi haqida mish-mishlar etib bordi. Hamma 3,5dan ko'proq total uchun tikishga tushdi. Bunday paytda pul ishlashning yagona yo'li totalni qisqartirishdan iborat. Bosh murabbiyi yordamchisiga zaxira o'rindig'ining o'zidan qo'ng'iroq (bu paytda Bahrayn hisobni ochishga ulgurgandi) qilib, o'yinni quritish va hamma himoyalanishi kerakligini etkazdim. Imkon tug'ilgan zahoti Ibrohimga ham ko'rsatma berishga ulgurdim:
- Boshqa gollar kerak emas. Raqib hujumga o'tgan mahalda o'yindan tashqari holat yuzaga kelganini bildirib, hushtak chalaver.
O'zimning yulduz referim hisoblanadigan Ibrohimga ishonardim. Bahrayn 3:0 hisobida g'alaba qozondi. Ertasi kuni togolik jurnalistlar FIFA rasmiy sayti orqali milliy terma jamoa ishtirokida shubhali o'yin o'tkazilgani haqidagi xabarni o'qidilar. Ular tarkibni sinchkovlik bilan o'rganib chiqqanlaridan keyin Bahraynga soxta terma jamoa yuborilganini tushunib etdilar. Bunday aldov uchun yordamchi murabbiyni aybdor deb topdilar. Katta mojaro yuzaga keldi. O'sha kunga qadar Bahrayn FA bilan munosabatim alo darajada edi. Ular men tashkil etgan o'yinlarda doim g'alaba qozonardilar. Bahraynliklarning JCH-2010 final bosqichiga chiqishlariga ham juda oz qolgandi. Lekin ular Yangi Zelandiyaga qarshi o'tkazilgan pley-off bahslarida omadsizlikka uchragandilar. Bahraynliklardan ko'ra ularning mundialga borishlarini ko'proq men istaganman.
YANGI TAKLIF
Agar shunday voqea yuz berganida kamida to'rtta kelishilgan o'yinni o'tkazishim va tillaga ko'milishim mumkin edi. Afsuski, murabbiy yordamchisi mening firmamni ko'rsatdi. Qandaydir qisqa fursat oralig'ida juda mashhur bo'lib ketdim. Ko'p o'tmay Rovaniemidagi zimbabvelik o'yinchi qo'ng'iroq qildi. U menga Oulu klubidagi do'stlari o'yinni topshirishmoqchi ekanliklarini etkazdi. Yana Finlyandiyaga uchdim.
- Sizlar 0:2 hisobida yutqazishingiz kerak, - deya ularga ko'rsatma bera boshladim. - Agar birortangiz qizil kartochka oladigan bo'lsangiz, voqealar rivoji o'z-o'zidan bizning foydamizga ishlaydi.
Tribunalardagi yagona hind men bo'lsam kerak. Sovuqdan dildirab o'tirardim. Oulu 0:5 hisobida mag'lubiyatga uchradi. O'z o'yinchilarimga 50 ming evro berdim. Oradan malum vaqt o'tgach, firmamga Finlyandiyaning ikkinchi divizionida to'p suradigan PoPa klubidan xat keldi. Ular homiy qidirayotgan ekanlar. Aftidan o'zim bilan yaxshi tanish bo'lgan Xaka menejeri hamkasbiga shunday taklif bilan chiqqanimni gapirib bergan ko'rinadi. PoPaning taklifini qabul qilishga shoshilmadim va yana Xaka bilan bog'landim. Ular bundan shubhalangan shekilli, taklifimni rad etdilar.
Tampere klubi esa pullarga muhtojlik sezardi. Jamoaga million dollar miqdorida investiciya kiritishim mumkinligini va noyabrdayoq hisob raqamiga 300 ming o'tkazib berishga vada qildim. Ular rozi bo'lishdi. Fin oliy ligasida to'p suradigan Marixamn klubida o'zim yaxshi tanish bo'lgan keniyalik Uillis ismli darvozabon o'ynardi.
(Davomi bor)
J.ZAYNOBUTDINOV tayyorladi.

Fikrlar