So’nggi yangiliklar

09:53Германиянинг 6 карра чемпиони 7 йиллик танаффусдан сўнг Бундеслигага қайтди  0 09:25“Барселона“ “Эл Класико“ олдидан икки футболчисини қайта тиклаганини эълон қилди  3 09:24Суперлига. Бугун 9-тур якунланади  1 08:51“Пахтакор“ “Бухоро“ни йирик ҳисобда мағлуб этган баҳсдан ФОТОГАЛEРEЯ  0 08:23Sofascore. “Ризеспор“ мағлуб бўлган баҳсда Алиқулов неча баҳога лойиқ кўрилди?  0 07:56ОФК Чақирув кубоги. Қўшниларимиз бош совринга эга чиқишди  4 07:25Мессининг голи ҳам “Интер Майами“га йирик мағлубиятдан қутилиб қолишга ёрдам бермади  5 01:59ЛаЛига. "Атлетико" Сорлотнинг 23 дақиқадаги покери эвазига йирик ғалаба қайд этди  1 01:18Муҳаммад Салоҳ: "Буни ҳеч ким кутмаганди"  4 00:44Камолиддин Тожиев: "Морейра штабида ишлашим керак бўлганди"  17 00:09Илёс Зейтуллаев: "Қаршида "Насаф"дан очко олиш кўп нарсаларни англатади"  2 23:57Улуғбек Бакаев: "6:0 ҳисобида мағлуб бўлиш жуда оғриқли"  14 23:38Бундеслига. "Бавария" ўз майдонида ишончли ғалабага эришди, Мюллер "Альянц Арена" билан хайрлашди  4 23:18Рўзиқул Бердиев: "Насаф" ҳозир шу даражага етди-ки, дуранг ҳам ранжитяпти"  30 23:05Суперлига. ОКМКда камбек, "Пахтакор" йирик ҳисобда ғалаба қозонди, "Насаф" эса сўнгги дақиқаларда ғалабани қўлдан бой берди  0

“Kelishilgan o'yinlar qiroli”. XI bob Yangiliklar

“Kelishilgan o'yinlar qiroli”. XI bob

Uilson Raj Perumalning "Kelishilgan o'yinlar qiroli" kitobining o'n birinchi bobini taqdim etamiz.
Malayziyaga uchib borgan Perumal o'z ishida davom etarkan, kutilmaganda yordamchisi Prasad unga xiyonat qiladi. Bu orada Samir qahramonimizga qo'ng'iroq qilib, g'irrom o'yin olib borayotganini aytgancha etiroz bildiradi. Boz ustiga uning jinoiy ishi sudda ko'rib chiqiladigan kun ham etib kelgandi. Xo'sh, kelishilgan o'yinlarning qiroli darajasiga ko'tarilgan Raj Uilson Perumal yana panjara ortiga yo'l oladimi?

GONDURAS BILAN NIGERIYANI JCH-2010GA MEN OLIB CHIQQANMAN


Agar o'yinni sotishni istamasangiz, sadoqatingizni hurmat qilaman. Men birovning chakkasiga to'pponcha tirab, hech kimni majbur qilmayman. SHunchaki pul ishlab olishni taklif qilaman xolos. Uchrashuvlarni sotib olish oldidan boshqalar bilan shu tarzda ishlashga odatlanganman. Kelishilgan o'yinlar turlicha tashkil etiladi. Kimdir o'zini homiydek tutadi, yana kimdir kerakli o'yinchisini tarkibga kiritishga muvaffaq bo'ladi. Ayrimlar futbolchilar va rasmiy shaxslar uchun totalizatorda pul tikishlarini taminlash maqsadida rasman kredit olib beradilar. SHunday odamlar bo'ynigacha qarz bo'lib, uni to'lay olmaydigan ahvolga kelib qolganlaridan so'ng istalgan shartni bajarishga majbur bo'lib qoladilar. Bazilar esa o'yinchilar va hakamlarga ochiqdan-ochiq taklif bilan chiqadilar. Asli xorvat millatiga mansub, lekin nemis zaminida tug'ilgan aka-uka Ante bilan Milan Sapina kelishilgan o'yinlarni uyushtirish borasida juda ustamon bo'lib ketgandilar. Ular Berlinda King nomli qahvaxonani ochib, bu erga futbolchilar va hakamlarni taklif qilgancha bukmekerlik saytlarida kredit ochardilar.
- SHu ham ish bo'libdi-mi? - deya istehzo bilan kulib qo'yardilar bu erga birinchi bor tashrif buyurgan  futbolchilar va hakamlar monitorga qarab. - Axir men professionalman. Kim ham natijalarni mendan ko'ra oldinroq to'g'ri taxmin qila olardi?
Aslida ular stavkalarga darhol berilib, xuddi kompyuter o'yinlariga mahliyo bo'lib qolgan bolalarga aylanib qolganlarini sezmay qolardilar.

YORDAMCHINING XIYONATI

Malayziyada mezbonlar Suriya terma jamoasini qabul qilardilar. Bu o'yinni men tashkil etgandi. Men tanlagan keniyalik hakam o'zidan talab qilinganidek uchta penalti belgiladi va 70-daqiqada stadionni tark etib, yutug'imni olish uchun yo'l oldim. Yangi yil arafasida Zimbabve terma jamoasi malaylarning Selangor klubi bilan o'ynardi. Stavkalar qabul qilinmadi. SHuning evaziga bo'lsa kerak, afrikaliklar osonlikcha raqiblarini uch to'p farqi bilan yutdilar. O'sha kuni oqshomda Dan sindikatida bazm uyushtirdi. Admir, Dino va bolgariyalik Kosta uchib keldilar. Kosta o'zini xuddi katta bossdek tutardi. Uning stolida etti shisha vino bor bo'lib, Kosta har biridan oz-ozdan ichib turardi. 2008 yili sigaretlarning noqonuniy savdosi bilan shug'ullangani uchun uni qamoq jazosiga hukm qilgandilar. Kelishilgan o'yinlarni tashkil etish borasida Kostaning o'z uslubi bor edi. Agar men bu masalada o'yinchilar, murabbiylar va hakamlarga murojaat qilsam, bolgariyalik hamkasbim to'g'ridan-to'g'ri futbol associaciyalari yoki klublarning prezidentlari huzuriga borardi. Greciya va Turkiyada u mustahkam aloqalar o'rnatgandi. Kosta futbol klublarining prezidentlari yordamida Greciya chempionatida juda ko'p kelishilgan uchrashuvlarni tashkil eta olgandi.
2008-09 mavsumda Kosta hatto Bolgariyada bir klubni butunlay sotib olgandi. O'shanda u jamoa yordamida kerakli natijalarni qayd etgan holda cho'ntaklarini qappaytirib olgandi. Kostaning rejalarini bajargan o'sha klub esa mavsum yakunida quyi divizionga ravona bo'lgandi. Bu jamoani sotib yuborib, kerakli miqdordagi sarmoyaga ega bo'lgan Kosta Danning sindikatidan joy olgandi. Dan o'sha bazmga meni taklif qilmadi. Evropalik mehmonlar bilan ko'rishgach, uyimga ravona bo'ldim. Oradan ikki kun o'tib Zimbabve terma jamoasi Kuala-Lumpurda Suriya bilan kuch sinashdi. Muammolar boshlandi. Futbolchilar pullarni qo'lga kiritmagunlariga qadar maydonga chiqishdan bosh tortdilar.
- Toshingizni tering! Tailandga qarshi bahsni barbod qildingiz, - deya ularga baqirishga tushdim. - Endi pullarni oldindan qo'lga kiritmoqchimisizlar? Avval ishni bajaring, keyin ulushingizni oling.
- Yuq, oldin pullarni cho'zing, - deyishdi futbolchilar.
- Yaxshi. Sizlarga 30 ming dollar beraman. Boringlar va 4 gol farqi bilan yutqazinglar.
O'yin paytida zaxira o'rindig'ida o'tirdim. Suriyaning to'rtinchi golidan keyin stadionni tark etdim. Zimbabve terma jamoasi raqibiga 0:6 hisobida yutqazdi. Tabir joiz bo'lsa, afrikaliklar maydonda o'yinni piyoda yurib o'tkazdilar. Uchrashuvdan keyin futbolchilarga yana 20 ming dollar berdim. Bu orada Prasad Maniran ismli yigit bilan til biriktirishga ulgurgan ekan. Ular Suriya chempionati yaxshi daromad keltirayotganini bilardilar. SHuning uchun ikkovlon menga tegishli xududda o'ynashga qaror qildi. Ular bir qancha futbolchilar va bir agentga chiqdilar. Oldingi mavsumda kelishilgan o'yinlarni tashkil etganim bois o'sha klubning prezidentini tanirdim. Ular oliy ligada qolishga harakat qilardilar. SHunchaki, bu paytga kelib ular o'tgan mavsum uchun qarzni qaytarardilar. O'yin 2:2 hisobi bilan tugashi kerak edi. Buni hamma bilardi, faqat Prasad bilan Manirandan tashqari.
Bu ahmoqlar o'yinchilar va murabbiylarga faol tasir o'tkazishga tushdilar. Menga Samir ismli odamim qo'ng'iroq qildi:
- Menga bildirmasdan o'yin tashkil qilyapsanmi? Singapurlik ikki kishi sotib olingan bellashuvda kelishilgan o'yin o'tkazishga urinyapti. Futbolchilar esa policiyaga arz qilmoqchilar.
- Nimalar deyapsan? Bunday gap-so'zlardan butunlay bexabarman.
Bu ishlarning ortida Prasad bilan Maniran turganligini tezda aniqladim va ularga Suriyadan daf bo'lishlarini maslahat berdim. Ular meni raqobatdan qo'rqyapti, degan xayolga bordilar. O'yinchilar bilan navbatdagi uchrashuv oldidan ularning xonalariga yashirin kameralarni o'rnatdilar. O'sha futbolchilarni qamoqqa oldilar. Suriya TV orqali bu o'yinchilar ko'rsatildi. Ular Suriya qamoqxonasida besh oy o'tirdilar va 100 ming dollardan garov puli to'lab, ozodlikka chiqdilar. Keyinchalik bu yigitlar o'sha besh oy hayotidagi eng dahshatli kunlar bo'lganligini tan oldilar. Qisqasi, bu ahmoqlar binoyidek ketayotgan biznesimni barbod qildilar. O'shandan boshlab suriyalik futbolchilar men bilan hamkorlik qilishga va o'yinlarni sotish haqidagi takliflardan qo'rqib qoldilar.

Biz mehmonxonaga joylashdik va klubning ikki o'yinchisi - Musonda hamda Uayt bilan uchrashdik. Musonda sochlarini tilla  rangga bo'yab olgandi. Ulardan oyiga qancha pulga ishlashlari haqida so'radim. Zambiyalik futbolchilar shunday javob qaytarishdi:
- Oyiga 1000 evro.
Aslida ular 2000 evroga ishlardilar. Lekin uning teng yarmi ijarada yashash va eb-ichishga ketardi. Men ularni zamonaviy qullar deb hisobladim. Finlyandiyaning oliy ligasida o'ynasalar-da, bu yigitlar xuddi farroshlar kabi maosh olardilar.
- Bir o'yin uchun 10 ming evro ishlashni istaysizlarmi? - deya so'radim ulardan.
Rovaniemi o'yinchilari ko'zimga engil tabiatli ayollardek ko'rinib ketishdi. Mega Zeddi bilan bog'landi. U bu erga kelgunimizga qadar ham o'yinlarni sotish bilan shug'ullanganlarini gapirib berdi. Ular sharqiy evropalik odamlar, asosan ruslar bilan hamkorlik qilardilar. Ko'p o'tmay Dan bilan Dinoning kerakli natija uchun ularga pul berganlaridan xabar topdim. Rovaniemi vakillari kelishilgan o'yinlarga shunchalik berilib ketdilarki, oliy liga bilan muddatidan oldin xayrlashganlarini ham sezmay qoldilar. Vaholanki, ularda tajribali o'yinchilar etarli edi. Bu ahmoqlar har ikki o'yinning birida kerakli natijani taminlay olmaganlari uchun boshqa hamkasblarimiz ular bilan aloqani yig'ishtirib qo'ygandilar. Mega bilan o'zimizni sinab ko'rishga qaror qildik.
- Oliy liga bilan deyarli xayrlashganlaring uchun bukmekerlar ishtirokingizdagi o'yinga stavkalarni qabul qilmasliklari ham mumkin,  - dedim ularga. - Sizlarga 10 ming dollardan garov puli beraman. Buni yangi mavsumdagi hamkorlik uchun berilgan avans tariqasida qabul qilinglar. Agar kelishilgan o'yinda ishtirok etishni istamasangiz, sadoqatingizni hurmat qilaman va jimgina ortga qaytaman. SHu paytgacha birovning peshonasiga to'pponcha tirab, o'yinni sotishga majbur qilmaganman. Men shunchaki pul ishlab olishni taklif qilaman xolos. Agar rozi bo'lsangiz, mening dunyoimga kirasizlar. Istamasangiz, nachora...
Musonda va Uayt bilan suhbatlashganimdan keyin Mega ikkimiz Singapurga qaytdik. U erdan Nigeriya poytaxti Abudjaga qarab uchdik.

YANA AFRIKADA

Etib borganimizdan so'ng mahalliy federaciyaning vakili bilan uchrashdik. JCH-2010 saralash  bahslari nihoyasiga etishi oldidan Nigeriya Tunisdan ikki ochkoga ortda qolardi. Nigeriyaliklar safarda Keniya bilan uchrashsalar, Tunis esa Maputuda Mozambik bilan to'qnash kelardi.
- JCH final bosqichiga nima qilib bo'lsa ham chiqishimiz kerak, - deya yalinishga tushdi o'sha amaldor.  - Bu masalada bizga yordam bera olasizmi?
- Keniya ustidan g'alaba qozonishingizni taminlashim mumkin,  - degancha uning savoliga javob qaytardim men. - Ammo Tunis g'alaba qozonadigan bo'lsa, baribir mundialdan chetda qolasizlar.
Jahon chempionatiga Tunis yoki Nigeriyaning borishi meni umuman qiziqtirmasdi. Bu shunchaki biznes. Vaziyatdan chiqib ketish uchun nigeriyaliklar bilan aloqani yaxshilashga harakat qildim.
- Tunisdan ochko tortib oladigan bo'lsalar, Mozambik FA prezidentiga 100 ming dollar vada qilishim mumkin,  - deya gapimda davom etdim. - Lekin bu yo'l samara berishini bilmayman. Gapimga ishoning, terma jamoangizning Keniya ustidan g'alaba qozonishini kafolatlashim mumkin. Bu masalada keniyalik bir qancha o'yinchilarni sotib olganman.
Amaldor benihoya xursand bo'lib ketdi va bossi bilan albatta gaplashib olishimizga vada berib xayrlashdi. Biz ertasi kuni uchrashdik.
- Men Singapurdagi Football 4U kompaniyasining rahbariman,  - deya o'zimni tanishtirdim Nigeriya FA prezidenti bilan uchrashgan chog'imda.  - Pekin Olimpiadasi oldidan tashkil etilgan qitalararo Kubokda federaciyangiz bilan hamkorlik qilganman. Xodimlaringiz ham meni yaxshi tanishadi. Keniya ustidan g'alaba qozonishingizni taminlayman va bundan tashqari Mozambikni ruhlantira olaman. Axir jahon Kubogi uchun kurashishni istaysizlar, to'g'rimi?
 - Albatta, rostdan ham bu ishlar qo'lingizdan keladimi? - deya shoshib qolgancha javob berdi prezident. U o'z quloqlariga ishonmasdi.
- Siz bilan Nayrobiga uchib, Nigeriyaning g'alabasini tribunada nishonlaymiz. O'z navbatida odamlaringizni Mozambik va Tunis terma jamoalari o'rtasidagi o'yinga yuborishingizga to'g'ri keladi.
Aslida hech narsani kafolatlamagandim. Men shunchaki ularni ishontirdim xolos.
- Endi mening shartlarimni eshiting,  - degancha gapimda davom etdim. - Agar hammasi ko'ngildagidek yakunlansa, JCHga tayyorgarlik ko'rish uchun FIFAdan million dollar olasizlar. Uchta o'rtoqlik o'yinida ishtirok etishingiz  uchun mashg'ulot lageringizni tashkil etish ishlari bilan o'zim shug'ullanaman. Raqiblarni va hakamlarni ham o'zim tanlayman. Rozimisiz?
JCH yo'llanmasini qo'lga kiritgan jamoalar FIFAdan 9 million dollar oladilar. Uning 1 millioni tayyorgarlik ishlariga  sarflanadi. Terma jamoangizni mundialga olib chiqa olishini vada bergan kishining shartini qanday qilib rad qilishingiz mumkin? O'ylaymanki, tunisliklarga shunday taklif bilan chiqqan taqdirimda ular ham ikkilanib o'tirmagan bo'lardilar. Nigeriyaliklar rozi bo'lishdi. O'rtoqlik o'yinlarida sotiladigan terma jamoalarni qidirib topish oson. Buning uchun bir kunni tayin qilsangiz bas. Bukmekerlar ham o'sha bellashuv uchun garov pullarini qabul qilishni boshlaydigan bo'lsalar, ortiqcha qiyinchiliksiz salkam 5 million dollarga ishlab olishingiz mumkin. Darvoqe, mashg'ulot lagerini tashkil etish uchun 500 ming dollar etadi. Agar 700 ming so'rasam, uning 200 minggi cho'ntagimda qoladi. Ko'rib turganingizdek, oddiy jarayon orqali ham yaxshigina pulga ishlab olsa bo'ladi.
Afrikada saralash bosqichining oxirgi turi juda qizg'in kechdi. Dastlab AFKdagi odamim Kot-D‘Ivuar - Togo terma jamoalari o'rtasidagi uchrashuv uchun oldindan sotib olingan zimbabvelik hakamni tayinladi. O'sha hakam bir hafta oldin Bahrayn hamda Togo terma jamoalari o'rtasida o'tkazilgan o'rtoqlik o'yinida men uchun kerakli bo'lgan 5:1 hisobidagi g'alabani taminlab bergandi. Hakamni uchrashuvga tayinlash men uchun bor-yo'g'i 10 ming dollarga tushdi. Bir kun oldin Neyrobida keniyaliklar bilan gaplashib olgandim. Yigitlarimning ikki nafari boshlang'ich tarkibda maydonga tushishi, yana biri esa zaxirada qolishi kerak edi. Nigeriya uchun -1 ko'rinishida fora berdilar. SHuning uchun -2 ko'rinishida yutqazib berishlarini so'radim. Nigeriyaliklar tezkor gol o'tkazib yubordilar. Ikkinchi golni o'tkazib yuborishlari ham hech gap emasdi, lekin hakam yuz foizli vaziyatda penalti belgilamadi. Xullas, ular katta qiyinchilik bilan 3:2 hisobida g'alaba qozondilar. Biroq men hech narsa yutmagandim. Buning uchun Tunisning qoqilishi kerak edi.
Mozambik FA prezidentiga shunday mazmunda xat yubordim: Agar Tunisni to'xtatib qolsanglar, 100 ming dollar beraman. O'ylaymanki, u hozirgacha o'sha xatni saqlab qolgan va o'rtoqlariga ko'rsatib yuradi. Ishonmaysiz, lekin Mozambik 1:0 hisobida g'alaba qozondi. Rejam ish berdi. SHu zahoti haqiqiy qahramonga aylandim. Axir xuddi Gonduras kabi Nigeriyani ham JCHga olib chiqqandim-da! Bu haqda hech kimga gapirishim kerak emasdi. Amalga oshirish qiyin bo'lgan ishni uddalay olganimni his qilib turardim. Endi men kelishilgan o'yinlarning haqiqiy qiroliga aylangandim. Albatta, biznesim qonuniy emas. Har qanday mayda-chuyda narsalarga ham etibor berishga harakat qilaman. JCH final bosqichini hisobga olmaganda, o'z ishimda eng yuqori cho'qqiga ko'tarilgandim. CHunki Nigeriya bilan Gonduras terma jamoalarining JARdagi mundialda men bilan ishlashlari mumkinligiga ishonmasdim. Zero, bunday maqomdagi musobaqada futbolchilar jonlarini jabborga berib to'p suradilar. Ular futbolni yaxshi ko'radilar. Albatta, o'yinchilar ham pullarni sevishadi. Ammo bunday nufuzli turnirda maydonga qadam bosganlaridan keyin faqat futbol haqida o'ylashga tushadilar.

J.ZAYNOBUTDINOV tayyorladi

Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика