Kaxi Maxaradze: “Paxtakor” chempionlik uchun kurashyapti”
25 apr 2014 18:07
Yangiliklar
Kaxi Maxaradze: “Paxtakor” chempionlik uchun kurashyapti”
- Kaxi, avvalo 5-turda “Olmaliq” ustidan qozonilgan muhim g'alaba bilan tabriklayman. Ko'z tegmasin, siz sardorligingizdagi jamoa hozircha yo'qotishsiz odimlayapti. Suhbatimiz avvalida “Olmaliq” bilan bo'lib o'tgan uchrashuv haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
- Tabrik uchun rahmat. Albatta, turnir jadvalida yuz foizlik natija bilan peshqadamlik qilish yoqimli. Muxlislarimiz ham bu onlarni ancha sog'inib qolishgandi. “Olmaliq”qa qarshi kechgan uchrashuvga ham odatdagidek tayyorgarlik ko'rdik. Mashg'ulot va tayyorgarlik jarayonida katta o'zgarish bo'lmadi. O'zi har bir uchrashuvga g'alaba ishtiyoqida hozirlik ko'ramiz va shu ruhiyatda maydonga tushamiz. Bizda o'yinni toifalarga bo'lish tushunchasi yo'q. Lekin barchamiz muhim o'yin ekanligi, g'alaba qozonsak, asosiy taqibchilarimizdan 4 ochkoga o'zib ketishimizni bilgan edik. SHu holat ham bizga qo'shimcha kuch bag'ishladi. Qolaversa, “Olmaliq” jamoasini jiddiy tarzda o'rganib chiqish asnosida, ularning kuchli va shu bilan birga zaif jihatlarini o'zimiz uchun belgilab olgan edik. Bir-ikkita vaziyatni inobatga olmaganda, raqiblar jarima maydonchamizda havfli vaziyatlarni sodir eta olishmadi. Navbatdagi uch ochkoni qo'lga kiritganimizdan xursandman. Eng muhim shu bo'lsa kerak.
- O'tgan mavsumda “Olmaliq” jamoasi har ikki o'yinda ham “Paxtakor”ni mag'lub etishning uddasidan chiqqandi. Bu yodingizdan chiqmagan bo'lsa kerak?
- Albatta. Lekin bu o'tgan yili edi. Hozir jamoada ko'p narsa o'zgardi. Biz o'sha mag'lubiyat uchun revansh oldik.
- “Olmaliq” nimasi bilan sizni hayratga soldi?
- Biz bilan uchrashuvda bunday holat ko'zga tashlanmadi. “Bunyodkor”ga qarshi kechgan o'yinda juda yaxshi taassurot qoldirishgan edi.
- Bu safar ham raqib jarima maydonchasida juda ko'p havfli vaziyatlarni yuzaga keltirdinglar. Lekin hamon vaziyatlardan unumli foydalanish foizi pastligicha qolmoqda. Bu nima bilan bog'liq?
- Fikringizga qo'shilaman. Avvalgi uchrashuvlarda bo'lgani kabi bu safar ham havfli vaziyatlar ko'p sodir etildi. To'p ikki bor darvoza ustuni va to'siniga tegdi. Bu muammo ustida ishlayapmiz.
- Muammo hujumchilardami yoki boshqa sabablar bormi?
- Menimcha, yosh hujumchilarimizga mahorat va tajriba etishmayapti. Yarim himoyachilar hujumchilarni muntazam to'p bilan taminlab turishibdi. Lekin yakuniy zarba aniq chiqmayapti. Hujumchilar sovuqqon bo'lishlari kerak. O'ylaymanki, mavsum davomida kerakli tajribani to'plab olishadi.
- O'yin mobaynida kuchli yomg'ir yog'di. Bu jamoa o'yiniga salbiy tasir qilmadimi?
- Yo'q. Ikkala jamoa ham bir xil sharoitda o'ynadi. Qolaversa, bu kuchli yomg'ir maydon holatiga zarracha ham tasir o'tkazmadi. Aksincha, ayni futbol o'ynaydigan ob-havo bo'ldi. SHaxsan menga bu yoqdi.
- “Olmaliq” bilan o'yinda 4 ta, umumiy 5 ta uchrashuvda esa, 13 ta sariq kartochka ishlab olibsizlar. Bu “Paxtakor”dek jamoa uchun meyoridan biroz ko'p emasmi?
- Ha, “Olmaliq” bilan o'yinda ogohlantirishlarimiz biroz ko'payib ketdi. Boz ustiga o'z muxlislarimiz ko'z o'ngida o'tkazilgan o'yinda 4 ta sariq kartochka olish, har holda yaxshi ish bo'lmadi. Demak, bu masalada ham ish olib borish kerak ekan.
- Ushbu turning markaziy o'yini xisoblangan “Bunyodkor” – “Lokomotiv” uchrashuvini ko'rdingizmi?
- To'g'risini aytsam, ko'ra olmadim.
- O'yindagi xisob “Paxtakor” foydasiga ishlagani aniq. Endi asosiy raqiblaringizni 4 ochkoga ortda qoldiryapsizlar...
- Biz asosiy raqiblarimiz qanday o'ynayotganiga ortiqcha etibor qaratmaymiz. Hayolimizda navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlik ko'rish va g'alaba qozonish bo'ladi. To'g'ri, shaxsan men turnir jadvalidagi o'zgarishlarni kuzatib boraman. Ammo, takror aytaman, birinchi galda “Paxtakor” o'tkazadigan o'yin haqida o'ylaymiz. Fikru hayolimiz o'zimiz ishtirok etadigan uchrashuvda bo'ladi. Biz joriy mavsumda chempion bo'lishni maqsad qilganmiz va shu maqsad yo'lida kurashyapmiz.
- Jamoa joriy mavsumni bosh murabbiysiz o'tkazyapti. Klub vice-prezidenti Samvel Babayan bir vaqtning o'zida bosh menejer sifatida bosh murabbiy majburiyatini ham bajaryapti. SHu manoda olib qaraganda, o'tgan yil bilan taqqoslaganda, jamoada nimalar o'zgardi?
- Birinchi va shu bilan birga katta o'zgarish – jamoada bosh murabbiy yo'q. Lekin bu o'zgarish bo'lgani sezilmayapti. Futbolchilar o'z ishlariga professional darajada yondashishyapti. Bu esa natijada aks etyapti. O'zgarishlardan yana biri –talab kuchaygan. Bu nafaqat futbolda, balki har bir ishda ham eng muhim jihat xisoblanadi. Umuman olganda, “Paxtakor” katta va ahil oila. Bu oiladagilar esa, yagona maqsad sari odimlashyapti. Biz hech kimdan qo'rqmaymiz va maydonga faqat g'alaba uchun tushamiz. Jamoada yosh va istedodli futbolchilar ko'pchilikni tashkil etadi. Ularning kelajagi porloq.
- Mashg'ulotlarda o'zgarish kuzatilmadimi?
- O'zgarishlar bor. Har bir murabbiyning o'z ish uslubi va o'yin falsafasi bor. Lekin men bu o'zgarishlarni bir-biri bilan taqqoslash niyatidan yiroqman. Eng muhimi, murabbiylarning ko'rsatmalarini maydonda bekamu-ko'st bajarish kerak. SHunda murabbiyning ham, futbolchilarning ham qilayotgan ishlari ko'zga tashlanadi.
- “Paxtakor” mavsum oxirigacha peshqadamlikni saqlab qola oladimi?
- Buning uchun astoydil harakat qilamiz. Mavsum endigina boshlandi va hali hammasi oldinda. Etakchi klublar bilan hali o'yin o'tkazmadik. O'ylaymanki, “Bunyodkor”, “Lokomotiv” va “Nasaf” jamoalariga qarshi kechadigan o'yinlarda ham chiroyli va hujumkor futbol namoyish etamiz. Odatda bashorat qilishni, oldindan fikr bildirishni yoqtirmayman. Lekin muxlislarimiz xaqqi-hurmati uchun ham bu yil chempion bo'lishimiz kerak.
- “Paxtakor”ni 6-turda Samarqandga murakkab safar kutib turibdi. Ravshan Haydarov jamoasi 5-turda “Andijon” maydonidan irodali g'alaba bilan qaytdi...
- CHempionatda oson o'yinlarning o'zi bo'lmasa kerak. Muxlislarimizni xushnud etish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Ochko yo'qotishga haqqimiz yo'q. Aks holda, bizni taqib etib kelayotgan “Bunyodkor” va “Lokomotiv” klublari o'rtadagi ochkolar farqini minimal holatga keltirib olishadi.
- CHempionatimizda o'ynayotgan legionerlarga ko'p etirozlar bo'lyapti. Boyan Miladinovich, Kaxi Maxaradze, Aleksandr Pishur, Sergey Simonenko, “Olmaliq”dagi Zuagi bu ro'yxatga kirmaydi. Bu haqda fikringiz qanday?
- Masalan, “Olmaliq”ning legionerlari shaxsan menda iliq taassurot qoldirdi. Siz sanab o'tgan futbolchilarga hurmatim baland. Boyan deyarli ikki yil davomida jarohatini davolash bilan band bo'ldi. U o'zbekka aylanib ulgurdi. Miladinovichning klubga bo'lgan sadoqati meni hayron qoldirgan. Pishur o'tgan yili legioner nomini yuz foiz oqladi. CHempionat to'purari bo'ldi. Bu turda ham jamoasi uchun muhim golni urdi. Simonenko ham himoya markazida ishonchli o'yin ko'rsatyapti. Qolgan legionerlar ham o'zlarini ko'rsatishlari kerak. Faqat ular uchun ozgina vaqt kerak. Moslashish jarayoni hamma futbolchilarda ham bir tekis kechavermaydi. Ayrimlar jamoa o'yiniga moslashib keta olmaydi. Boshqa tomondan, yaxshi, saviyali legionerlar yaxshigina pul ham turadi.
- Beshta tur ortda qoldi. Kuzatish va taqqoslashlaringiz asnosida bu yilgi chempionatga qanday baho bergan bo'lardingiz? O'sish sezilyaptimi?
- Ijobiy o'zgarishlar bor, albatta. Deyarli har bir jamoa tarkibida legionerlar, istedodli mahalliy futbolchilar o'ynayapti. Asosiy tarkibga kirish uchun kurash ham qizib boryapti. Stadionga asta sekinlik bilan bo'lsada, muxlislar qayta boshlashadi. CHempionlik uchun “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv”, “Nasaf” jamoalari kurash olib borishsa, “Olmaliq”, “Metallurg”, “Dinamo”, “Navbahor” jamoalari ham sovrinli o'rinlarga davogarlik qilishadi.
- Evropa futbolini ham kuzatib boryapsizmi?
- Ha, albatta. Bu qita futbolidan ko'p narsani o'rganish mumkin.
- Qaysi jamoalarga muxlis qilasiz?
- 17 yildan beri faqat “Barselona” jamoasiga muxlislik qilib kelaman. Afsuski, joriy mavsumda sevimli jamoam barqaror o'yin namoyish eta olmayapti. Kutilmaganda autsayder klublarga imkoniyatni boy berib qo'ymoqda. “Barsa” o'ziga o'xshamayapti. Ketma-ket 3 ta uchrashuvda mag'lubiyatga uchradi. ECHL chorak finalidagi “Atletiko”ga qarshi o'yindagi mag'lubiyatni tushunish mumkindir, lekin “Granada” bilan uchrashuvda kataloniyaliklarning yutqazishga haqqilari yo'q edi. Eng muhim palladagi bu mag'lubiyat “Barselona” uchun qimmatga tushishi mumkin.
- Bu notekis o'yinda bosh murabbiyni aybdor sifatida ko'rsatish mumkinmi?
- Bilmadim, balki hamma gap bosh murabbiydadir. SHunday kuchli tarkib bilan bunday bo'sh o'yin namoyish etilishida murabbiyga savollar etarli.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Fikrlar