JCH–2018 saralashi. Eron – O'zbekiston uchrashuvi prevyusi
11 iyu 2017 11:37
Yangiliklar
JCH–2018 saralashi. Eron – O'zbekiston uchrashuvi prevyusi
Bellashuv 12 iyun, dushanba kuni Tehron shahridagi “Ozodi” stadionida bo'lib o'tadi. O'yin Toshkent vatqi bilan 21:45 da boshlanadi.
O'FF matbuot xizmati jamoalar o'rtasidagi o'zaro o'yinlar statistikasi, tarkibdagi yo'qotishlar va bo'lajak o'yinga oid boshqa malumotlarni taqdim qiladi.
O'zaro uchrashuvlar
O'zbekiston va Eron shu kungacha 7 marotaba o'zaro to'qnash kelgan. Forslar 5 o'yinda g'alaba qozongan bo'lsa, bitta uchrashuvda milliy terma jamoa zafar quchgan. Yana bir o'yinda murosa ko'chasi tanlangan. O'zbekiston milliy terma jamoasining Eronga qarshi yagona g'alabasi 2012 yili Tehronda qayd etilgan.
Jamoalar o'rtasidagi barcha o'yinlar natijasi
14.12.1998 O'zbekiston – Eron 0:4 | Osiyo o'yinlari 1/4 final
11.07.2007 Eron – O'zbekiston 2:1 | Osiyo Kubogi, guruh bosqichi
05.09.2009 O'zbekiston – Eron 0:0 | O'rtoqlik o'yini
03.06.2012 O'zbekiston – Eron 0:1 | JCH–2014 saralashi
14.11.2012 Eron – O'zbekiston 0:1 | JCH–2014 saralashi
11.06.2015 O'zbekiston – Eron 0:1 | O'rtqolik o'yini
06.10.2016 O'zbekiston – Eron 0:1 | JCH–2018 saralashi
Bo'lajak o'yinga tayyorgarlik
O'zbekiston milliy terma jamoasi Eronga qarshi o'yin oldidan 6 iyun kuni Toshkentda Tailand termasi bilan kuch sinashdi. Temurxo'ja Abduxoliqov va Sardor Rashidovning gollari O'zbekistonga 2:0 hisobidagi g'alabani olib keldi.
Eron termasi 4 iyun kuni Podgorica shahrida CHernogoriya futbolchilariga qarshi bahs olib bordi. Sardor Azmunning dubli Karlush Keyrush jamoasiga 2:1 hisobidagi g'alabani keltirdi.
Yo'qotishlar
O'zbekiston terma jamoasi safida bir qator yo'qotishlar mavjud. Jumladan, Vitaliy Denisov, Islom To'xtaxo'jaev, Aleksandr Merzlyakov kabi futbolchilar Tailand va Eronga qarshi o'yinlarda maydonga tushmasligi ancha oldin malum bo'lgan edi.
Keyinroq shifokorlar tavsiyasiga ko'ra Odil Hamrobekov milliy terma jamoa lagerini tark etib, “Nasaf” ixtiyoriga yuborildi. Tailand bilan o'yinda jarohat olgan Marat Bikmaev Eronga bormasligi malum bo'ldi.
Eron terma jamoasi safida yo'qotishlar yo'q. O'zbekiston bilan o'yinga jalb qilingan futbolchilardan hech biri jarohat olmagan yoki malum sabablarga ko'ra lagerni tark etmagan.
FIFA reytingidagi o'rni
1 iyun kuni Xalqaro futbol federaciyasi (FIFA)ning yangilangan reytingni elon qilingan edi. Unga ko'ra, O'zbekiston terma jamoasi 582 ochko bilan 62-o'rinni egalladi. Hisobida 829 ochko bo'lgan Eron jahon reytingida 30-pog'onadan joy oldi. OFKga azo mamlakat terma jamoalari o'rtasida forslar birinchi, O'zbekiston oltinchi o'rinda bormoqda.
Uchrashuv hakamlari
Eron – O'zbekiston uchrashuviga ummonlik FIFA referisi Ahmad Abu Bakar Said al-Kaf mazkur bosh hakam etib tayinlandi. Unga qanotlarda hamyurtlari Hamid Sulaymoy Marhun al-Mahayi hamda Abu Bakar Salim Mahad al-Amri yordam beradi. Umar Muborak Mazarua al-Yoqubiy zaxira hakami sifatida ishlaydi.
Hakamlar ishiga malayziyalik Muhammad Solih Subhiddin baho beradi. Uchrashuv komissari etib yaponiyalik Kaise Tomoxiro tayinlandi. Xavfsizlik bo'yicha oficer – Tara Singx (Malayziya).
Guruhdagi vaziyat
JCH–2018 turniriga saralash bosqichi “A” guruhi 7-turidan keyin vaziyat quyidagicha: Eron 17 ochko bilan peshqadam, Janubiy Koreya 13 ochko, O'zbekiston 12 ochko bilan mos ravishda 2–3 o'rinlarni egallab turibdi. Guruhdagi 4–6 o'rinlarni esa tegishli ravishda Suriya (8 ochko), Xitoy (5 ochko) va Qatar (4 ochko) egallagan.
“A” guruhi 8-turning qolgan o'yinlari
Saralash bosqichining “A” guruhi 8-turida Suriya neytral maydon – Malayziyada Xitoy terma jamoasi bilan to'qnash keladi. O'yin 13 iyun kuni Toshkent vaqti bilan 18:45 da boshlanadi. Qatar termasi esa 13 iyun kuni Janubiy Koreyani Doha shahrida qabul qiladi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 23:59 da boshlanadi.
Fikrlar