So’nggi yangiliklar

00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  0 00:23Франция. ПСЖ - "Тулуза" баҳси асосий таркиблари маълум!  0 00:10Саудия Арабистони. Обамеянгнинг голи "Ал Насср"ни мағлуб қилди, Роналдудан 911-гол  12 23:52Бундеслига. "Бавария" - "Аугсбург" баҳси асосий таркиблари маълум!  0 23:33Россия. "Рубин" "Акрон"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  0 23:17Рубен Аморим: "Ўзимга, футболчиларга ва клубга ишонаман"  0 22:44Месси Флик "Барселона" бош мураббийи бўлгани ҳақида гапирди  6 22:08"Интер Майами"ни ким бошқариши аниқ  0 21:48Виталий Левченко: "Нефтчи"да ёшлар йўқ? Бунинг учун шароитлар йўқ"   4 21:35Рўзиқул Бердиев: "Чемпионатда ҳеч қандай мақсад қолмаган"  13 21:09Жамшид Саидов: "Ёш болалардек ўйнадик, рақиб бизни янчиб ташлади"  0 20:57Сергей Лушчан: "Навбаҳор" футболчилари "Нефтчи"га ўтяпти? Балки..."  2 20:33Суперлига. "Навбаҳор" "Қизилқум"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 20:21"Пахтакор" 8 йил олдинги антирекордини такрорлади  2 20:15Суперлига. "Навбаҳор" сафарда "Қизилқум"ни 5:1 ҳисобида мағлуб этди  22

Jaloliddin Masharipov qaysi savolga javob bera olmadi? Yangiliklar

Jaloliddin Masharipov qaysi savolga javob bera olmadi?

O'zbekiston Kubogi-2017 final uchrashuvi bilan yurtimizda bu yilgi futbol mavsumiga rasman yakun yasaldi.

Poytaxt derbisidan o'rin olgan final bahsida Marat Bikmaev tomonidan “Bunyodkor” darvozasiga kiritilgan yagona gol uchrashuv taqdirini hal qilish barobarida “Lokomotiv”ga mamlakat kubogini taqdim etdi. Bu bilan “temiryo'lchilar” qatorasiga ikkinchi yil ham mavsumni “oltin dubl” qayd etgan holda yakunlashga muvaffaq bo'lishdi. Kelasi yil ham Andrey Miklyaev va Mirko Yelichich jamoasi OCHLda ishtirok etadi. O'zbekiston chempionlari to'g'ridan-to'g'ri guruh bosqichidan ishtiroklarini boshlashadi. Kubok finalidan so'ng futbolchilarga tatil elon qilindi. Rejaga ko'ra, dekabr oyining uchinchi o'n kunligida, aniqrog'i 24 dekabr kuni jamoa yangi mavsumga tayyorgarlik ko'rish maqsadida yana Toshkentda yig'iladi. Biz final uchrashuvidan so'ng jamoaning etakchi yarim himoyachilaridan biri Jaloliddin Masharipovdan intervyu oldik.

- Jaloliddin, mavsum “Lokomotiv” uchun omadli keldi. Bu yil ham xuddi o'tgan mavsumdagi bo'lgani kabi “oltin dubl” qayd etildi. Umumiy olganda, ham klubda, ham terma jamoada va ham hayotda 2017 yilgi futbol mavsumi siz uchun qanday taassurotlar bilan esda qoladigan bo'ldi?
- Mavsum boshida “Lokomotiv”ga yaxshi niyatlar bilan o'tgan edim. Bu transferga rozilik berishimga birinchi galda jamoaning OCHLda ishtiroki etishi sabab bo'lgandi. Afsuski, Osiyoning eng nufuzli musobaqasida guruhdan chiqish nasib qilmadi. Bunga birinchi galda o'zimiz sababchimiz. G'alaba qozonib turgan o'yinlarimizning so'nggi daqiqalarida gol o'tkazib yuborib, qimmatli ochkolarni boy berdik. Bazi holatlarda omad ochiqchasiga bizdan yuz o'girdi. O'zi shunday holatlar bo'ladi, siz qanchalik istasangiz ham to'p darvozaga kirmaydi. Ana shu jihatlarini inobatga olsak, mavsumdan to'liq qoniqish hosil qildik, deb ayta olmayman. To'g'ri, o'tgan yilgi natijani takrorlab, kubok va chempionlikni o'zimizda saqlab qoldik. Bu tomondan o'zimiz aham xursand bo'ldik, muxlislarimizni ham xushnud eta oldik. Endi terma jamoamizga kelsak, menimcha hammaning bu mavzuda aytar gapi tayin. Ochig'i, o'sha oxirgi o'yinni eslamaslikka harakat qilaman. Toshkentda Janubiy Koreyaga qarshi kechgan uchrashuvda birgina aniq zarba bizni JCH-2018 final bosqichiga olib chiqardi. Ming afsuski, o'sha bitta gol bizni bu safar ham mundialda qatnashish baxtidan mahrum qildi. Omadsiz ishtirok bu yilgi to'rt yillik ciklda ham davom etdi. Har safargidek orzu umidlarimizni keyingi jahon chempionatiga olib qo'yamiz. Bundan boshqa choramiz ham yo'q. SHaxsiy hayotimda esa katta o'zgarishlar ro'y bermadi. Bo'sh vaqtim deyarli bo'lmadi. Kichik fursat yuzaga keldi deguncha oilam davrasiga oshiqdim.

- “Lokomotiv”ga o'tib, xato qilmaganingiz amalda isbot topdi. Yangi jamoangizda baxtiyorsiz, shundaymi?
- Albatta. Bu jamoa tarkibida O'zbekiston chempioni bo'ldim, mamlakat kubogini qo'lga kiritdim. Menimcha, bunday yutuqlarga erishish har bir futbolchining orzusi hisoblanadi. Yuqorida aytganimdek, OCHLda omadsiz ishtirok etdik. SHu narsa ko'ngilni biroz xira qilib turibdi. Yana bir narsani aytib o'tishim kerak, kubok finalida g'alaba qozonish orqali “Paxtakor” jamoasiga ham yordam berib yubordik. Agar finalda biz g'olib bo'lmaganimizda, kubok sohiba sifatida “Bunyodkor” OCHLda ishtirok etardi. Endi “Paxtakor” OCHL guruh bosqichiga yo'llanma beruvchi pley-off o'yinida maydonga tushadi. Bitta o'yindan iborat bahs Qatarning “Al Garafa” klubiga qarshi o'tkaziladi. Dohada o'tadigan bu uchrashuvda jamoadoshlarimga omad tilayman. O'zbekistondan qancha klub guruh bosqichida ishtirok etsa, bundan birinchi navbatda futbolimiz va albatta muxlislar yutishadi.

- CHempionatda “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushdingiz. Baribir sobiq jamoadoshlaringizga qarshi o'ynash qiyin kechgan bo'lsa kerak?
- To'g'risini aytaman, bu men uchun juda ham og'ir. Menimcha, har bir futbolchiga ham sobiq jamoasiga qarshi o'ynash oson bo'lmasa kerak. Ha, biz professionalmiz, o'z burchimizni bajaryapmiz, deymizu, lekin ichingizdan bir g'alati tuyg'u o'tadi. Yurakning bir chetida baribir sobiq klubingizga muhabbat bo'ladi. Buni o'chirib tashlab bo'lmaydi. Qandaydir sobiq jamoadoshlaringizdan uyalish holati yuz beradi. Yoshligingizdan sizni tarbiya qilgan jamoaga qarshi o'ynash oson emas. Xuddi bir hiyonat qilayotganga o'xshaysiz. Ochig'i, bolalarning ko'ziga qarashga uyalaman. Buni aytish oson, ammo, maydonga tushganda buning qanchalik qiyin tuyg'u ekanligini anglab etasiz. Ko'p yillar davomida sizni olqishlab turgan muxlislar qarshisida endi raqibga aylanasiz. Siz haqingizda endi umuman boshqacha fikrlar yangraydi. Har xil toifadagi muxlislar bor. Ayrimlari sizning qaroringizni to'g'ri qabul qiladi. Bazilari umuman tushunmaydi.      

- “Paxtakor”ning bu yilgi mavsumdagi o'yinlarini kuzatib bordingiz. Baribir bu klubga befarq emassiz. Jamoa o'yini sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Deyarli barcha o'yinlarini kuzatib bordim. Ayniqsa, ikkinchi davrada “Paxtakor” ancha mazmunli o'yin namoyish etdi. Buning natijasida chempionat bronza medallari qo'lga kiritildi. Gruziyalik mutaxassis SHota Arveladze jamoa o'yiniga o'zgartirish kiritishga harakat qildi. Buning uddasidan ham chiqa oldi. Har qanday murabbiyga ham to'laqonli o'z mahoratini namoyish etishi, natija ko'rsatishi uchun vaqt kerak. Kelasi yili Arveladzening nimalarga qodir ekanligini ko'ramiz. Oldinda OCHL pley-off o'yini bor. Bitta o'yindan iborat uchrashuvda ham xorijlik murabbiyning salohiyati ko'zga tashlanadi.

- “Lokomotiv” jamoasiga qancha muddatga ijaraga berilgan edingiz? Endigi rejalaringiz qanday?
- “Lokomotiv”ga bir yillik ijara shartnomasiga asosan o'tgandim. Mana o'sha muddat yakunlandi. Huquqiy jihatdan “Paxtakor”ga tegishliman. Klub bilan hali shartnomam bor. SHu bois hozir yana “Paxtakor” ixtiyoriga qaytishim kerak. Lekin hali kelgusi rejalarim haqida o'ylab ko'rganim yo'q. Bizda bayram shukuhi hali davom etyapti (kuladi).

- Yangi masumni “Paxtakor”da boshlaysizmi? Qalbingiz nima deyapti? Bu masalada bir to'xtamga keldingizmi?
- Bu haqda gapirishga hali erta bo'lsa kerak, deb o'ylayman. Mavsum kechagina nihoyasiga etdi. Endi qisqa tatildan so'ng bu mavzuga yana qaytamiz.

- “Paxtakor” rahbariyati bilan bu mavzuda gaplashmadingizmi? “Lokomotiv”dagilar nima deyishyapti?
- Ming bor uzr, bu savollaringizga hozir javob bera olmayman. CHunki, nima deb javob berishni ham bilmayapman. Hali hech narsa aniq emas.

- Taxminan bir hafta oralig'ida “Bunyodkor”ni ham chempionatda, ham kubok finalida mag'lub etdinglar. Bu bugungi kunda “temiryo'lchilar”ning “qaldirg'ochlar”dan amalda ham ustun ekanini anglatadimi?
- Bu savolning javobini o'zingiz ham berdingiz. Ketma-ket ikkita uchrashuvda ham g'alaba qozonishga muvaffaq bo'ldik. Bu o'z-o'zidan “Lokomotiv”ning bugungi kunda “Bunyodkor”dan kuchliroq ekanligini ko'rsatib turibdi.

- CHempionat yakunida eng yaqin taqibchi “Nasaf” bilan 8 ochkolik farq yuzaga keldi. SHu jihatdan olab qaraganda, bu yil osonlikcha chempion bo'ldik, deb ayta olasizmi?
- Yo'q, bunday fikr bildira olmayman. Siz aytgan sakkiz ochkolik farq biz chempionlikni rasmiylashtirib olganimizdan so'ng yuzaga keldi. Agar “Nasaf”ga Namanganda ochko kerak bo'lganida “Navbahor”ga qarshi ikkinchi tarkib bilan o'ynamas edi. O'sha o'yinda mag'lubiyatga uchragani uchun ham sakkiz ochkolik farq bilan chempionatni yakunladik. Samarqandda “Dinamo”ni mag'lub etmagunimizcha, chempion bo'lishimizga ishonmayotgandik. CHunki har qanday natija bo'lishi mumkin edi. SHu sababli ham oxirigacha kurash olib bordik va yakunda o'z maqsadimizga erishdik. Samarqandda chempion bo'lganimizdan keyin o'z maydonimizda “Bunyodkor”ni qabul qildik. Bu uchrashuvda har ikki jamoada ham vazifasi yo'q edi. Natija turnir jadvalidagi holatga tasir qilmasdi. SHundan bo'lsa kerak, o'yin ancha qiziqarli va hujumkor ruhda o'tdi.

- Agar taklif bo'lsa, o'zingizni xorij klubida sinab ko'rarmidingiz?
- Albatta sinab ko'rardim. Legioner sifatida o'ynash har bir futbolchining orzusi hisoblanadi. Faqat o'z oldiga yuksak vazifalarni qo'ygan xorij klublaridan takliflar tushsa, o'zimni sinab ko'rgan bo'lardim.

- PFL tomonidan oliy ligada 12ta jamoaning qoldirilishi so'nggi oyning eng ko'p muhokama qilingan mavzusi bo'ldi. Bu borada shaxsiy fikringiz qanday?
- Bilasizmi, bu yangilik o'zim uchun ham juda qiziq bo'lyapti. CHunki boshqacha formatda chempionatimiz o'tkaziladi. Oliy liga nomi Superligaga o'zgartirildi. Endi nomiga jismiga yarasha bo'lishi ham kerak. O'FF rahbariyati nimanidir o'ylagan va rejalashtirgandir-ki, bunday yangilikni amaliyotga tadbiq etishni lozim topdi. Har bir yangilik baribir yaxshilikka xizmat qiladi. Jamoalar o'rtasidagi raqobatning kuchli bo'lgani yaxshiku! CHempionat qanchalik kuchli bo'lsa, o'sha mamlakat terma jamoasi ham shunga mos ravishda kuchli bo'ladi. SHaxsan men bu yangilikni qo'llab-quvvatlayman. Faqat turnir jadvalining quyi pog'onalarida borayotgan jamoalarga qiyin bo'ldi.

- Yangi yildan Birinchi ligada 24 yoshdan katta futbolchilarning o'ynashiga ruxsat berilmaydi. Bu biroz baxsli holat. Bunday cheklov qo'yilishiga munosabatingiz qanday?
- Bu o'zgartirish kiritilishiga qarshiman. Biroz noto'g'ri qaror bo'ldi, deb ayta olaman. Nega deganda 24 yoshdan katta futbolchilarning aksariyati ishsiz qolib ketadi. Oliy ligaga ham bora olmaydi. O'zi oliy ligada jamoalar soni qirqartirilgach, juda ko'p futbolchi ko'chada qoladi. Yosh cheklovi sabab ishsiz qolgan futbolchilar oilasini qanday boqadi? Qolaversa, ayrim futbolchilarning istedodi 25 yoshdan keyin ochilib ketadi. Zamonaviy futboldan bunga misollar juda ham ko'p. O'ziga klub topa olmagan futbolchilarning taqdiri hech kimni qiziqtirmaydimi? Aynan mana shu jihatlari bahs munozaraga sabab bo'lyapti.
- O'z o'yiningizdan ko'nglingiz to'ldimi yoki bundan ham yaxshirog'ini kutganmidingiz? Balki jarohatlar to'sqinlik qilgandir?
- Birinchi davrada ko'rsatgan o'yinimdan ko'nglim to'ldi, desam ham bo'ladi. Lekin ikkinchi davrada o'z potencialim darajasida o'ynay olmadim. SHu sababli ham o'z o'yinimdan qoniqish hosil qilmadim.
- Buning sabablarini taxlil qilib ko'rdingizmi? Ikkinchi davrada o'yiningizda pasayish yuz berishiga nima sabab bo'ldi?
- Hozir nimanidir sabab sifatida ko'rsatsam, bu bahonaga o'tib qoladi. SHunday ekan, xatolarimni o'zim bilaman. Jarohatlar bezovta qilgani ham bor gap. Nasib qilsa, kelasi yili muxlislar maydonda umuman boshqa Jaloliddinni ko'rishadi. SHunga astoydil harakat qilaman.

- Tez orada mavsumning eng yaxshilari aniqlanadi. Futbolchilarning kuchli uchligida kimni ko'rishni istardingiz?
- Menimcha, bu yil hech qanday shak-shubhasiz yilning eng yaxshi futbolchisi Marat Bikmaev bo'ladi. Jamoadoshim 26ta gol bilan chempionat to'purari ham bo'ldi. Bu yilgi yutuqlarimizda Bikmaevning xizmatlari katta bo'ldi. Kuchli uchlikka boshqa futbolchini qo'ymayman. Sababi, uning yakunida kim g'olib bo'lishi kundek ravshan bo'lib turibdi.    

- Murabbiylardanchi?
- Endi murabbiylardan eng yaxshi bo'lishga davogarlar ko'p. Ular orasida Ro'ziqul Berdiev, Mirko Yelichich, SHota Arveladzening imkoniyatlarini yuqoriroq baholagan bo'lardim. Qolaversa, Mirjalol Qosimov ham qisqa fursatda “Bunyodkor”ning o'yinida ijobiy tomonga sezilarli o'zgarish qila oldi. Bundan tashqari, “Navbahor” jamoasi bosh murabbiyi Ilhom Mo'minjonov, “Buxoro” klubi ustozi Ulug'bek Baqoev ham o'zlarini murabbiylik xislatlarini ko'rsata olishdi.

- Yoshlardan mavsum kashfiyoti sifatida qaysi futbolchilar ko'zingizga tashlandi?
- “Nasaf” futbolchilari Aziz G'aniev va Islom Kenjaboevni alohida takidlagan bo'lardim. Bu ikki yosh futbolchi qolgan tengdoshlaridan yaqqol ajralib turishdi.

- Kelasi yili Rossiyada o'tadigan Jahon chempionatiga qura tashlandi. O'ziga xos “o'lim guruhi” deb qaysi kvartetni aytgan bo'lardingiz?
- Har bir guruhda kamida ikkitadan yaqqol kuchli terma jamoa bor. SHu bois, alohida bir guruhni ajratib ko'rsatmayman. “A” guruhi o'ziga yarasha teng kuchli jamoalardan tashkil topgan.

- Rossiya o'z guruhidan chiqa oladimi?
- Menimcha, chiqa oladi. Agar mezbonlar dastlabki ikkita o'yinda g'alaba qozona olishsa, bu vazifani muddatidan avval bajarishlari mumkin. Aks holda qiyin bo'ladi. SHaxsan o'zim Braziliyaga muxlislik qilaman.

- Qaysi Osiyo jamoasining guruhdan chiqish imkoniyati yuqoriroq?
- Avstraliya.


Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Reyting: +11   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика