Jahongir Jiyamurodov: “Maqsad - Zomin shahrida haqiqiy professional klub tuzish”
22 iyu 2020 21:14
Yangiliklar
Jahongir Jiyamurodov: “Maqsad - Zomin shahrida haqiqiy professional klub tuzish”
Ayni paytda Pro-liga vakili “Zomin” klubi rahbariyati bo'lajak bahsni yuqori saviyada o'tkazishga qatiy bel bog'lagan. Xabaringiz bor, yaqin o'tmishning yorqin namoyondalaridan biri, o'zbek futbolida munosib iz qoldirgan Jahongir Jiyamurodov “Zomin” jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan. Hozirda jamoa azolari yangi mavsumga tayyorgarlik ishlarini qizg'in olib borishmoqda. Kuni kecha J.Jiyamurodov bilan bog'lanib, “Zomin” jamoasining kelgusi rejalari, olib borilayotgan ishlar xususida suhbatlashdik.
- Yangi mavsumga hozirlik ishlari qay tarzda olib borilyapti?
- Malumki, yurtimizda hukmronlik qilayotgan COVID-19 pandemiyasi sababli o'zbek futbol katta tanaffus yuzaga kelgandi. Salkam uch oy davomida “futbolsiz” yashashga majbur bo'ldik. SHu davr oralig'ida yurtdoshlarimiz tomonidan belgilangan qoidalarga jiddiy etibor berilgani bois karantin choralari biroz yumshatildi. Natijada, shu yilning 30 may kuni futbol bo'yicha xalqaro va ichki musobaqalarga yuqori darajada tayyorgarlik ko'rish hamda ularda qatnashish maqsadida professional futbol klublariga o'z o'quv mashg'ulotlarini sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga muvofiq qilgan holda boshlashga hamda 2020 yil 5 iyundan O'zbekiston professional futbol ligasi chempionatlarini tomoshabinlar ishtirokisiz o'tkazishga ruxsat berildi.
Navbatdagi Pro-liga o'yinlariga taraddud ishlarini asosan o'z qarorgohimizda olib bordik. Bilasiz, Zomin – mamlakatimizning eng xushmanzara maskanlaridan biri sanaladi. Zomin tog' yon bag'rida tashkil etilgan tadorikning birinchi qismida asosiy etibor futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini bir maromga etkazishga qaratildi. So'ngra, o'z qarorgohimizda mashg'ulotlar olib borildi, qolaversa, o'rtoqlik uchrashuvlarda o'z omadimizni sinab ko'rdik. Tarkibda deyarli o'zgarishlar yo'q. Jamoaning o'tgan yilgi negizini saqlab qolganmiz. Pro-liga hadisini olgan bir qator futbolchilarni taklif etdik va ular bilan shartnomalar imzolandi. 23 iyun kuni O'zbekiston Kubogining dastlabki bosqichida “Oq-tepa” jamoasi mehmoni bo'lamiz.
- Olingan malumotlarga ko'ra rahbariyat tomonidan klub infratuzilmasini yanada yaxshilashga katta etibor qaratilayotgan ekan?
- SHunday. Futbolchilik faoliyatim davomida bir qator nomdor klublar sharafini himoya qilib xorij safarlarida bo'ldim. Mahalliy jamoalarning yaratilgan shart-sharoitlari bilan yaqindan tanishdim. Kerakli malumotlarni yon daftarchamga qayd etib qo'ygandim. “Zomin” jamoasida ish boshlaganimda, klub prezidenti Ilhom aka Sobirovga bu borada o'z takliflarimni bildirdim. Maqtanyapti demanggu, hozirga kelib Zomin shahridagi 5000 ming tomoshabinga mo'ljallangan markaziy o'yingohda tamirlash ishlari yakuniga etkazildi. Stadion hududida suniy qoplamali maydon barpo etildi. Zamonaviy ko'rinishga ega stadion esa shahar ko'rkiga ko'rk bag'ishlamoqda. SHuningdek, Zomin shahriga kiraverishda jamoaning yangi qarorgohi qurilyapti. Bu erda 40 kishiga mo'ljallangan mehmonxona, suniy qoplamali va tabiiy futbol maydonlari bunyod qilinyapti. O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligi arafasida yangi qarorgoh ish boshlashi rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda futbolni rivojlantirish nafaqat futbolchi va murabbiylarga, balki uni boshqarayotgan klub rahbarlariga, mahalliy hokimliklarga bog'liq. O'zim “Nasaf”da to'p tepib yurgan kezlarim, o'zbek futbolining haqiqiy fidoiysi, marhum Nuriddin Zayniev naqadar millionlar o'yiniga jonkuyar ekanligiga tan bergandim. Qashqadaryo viloyatida futbolni yanada ommalashtirishga o'zining ulkan ulushini qo'shgan Bahrom Davlatov futbol sohasidagi tashkilotchiligiga qoyil qolaman. Ilhom aka Sobirovda ham shunday xislatlar mujassamlashgan, desam xato bo'lmaydi. U kishi doimo futbol bilan hamnafas. Asosiy va o'rinbosarlar tarkibining mashg'ulotlarini doimiy ravishda kuzatib boradi. Futbolchilarning holidan xabar oladi. Yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etishda har tomonlama yordam beradi. Aynan Ilhom akaning jonbozligi bilan “Zomin” jamoasi infratuzilmasi yaxshilandi, markaziy stadion zamonaviy ko'rinishga ega bo'ldi. Klub qarorgohi va futbol akademiyasi barpo etilmoqda. Jamoaning uch yosh toifasidagi o'rinbosarlar tarkibi shakllantirildi. Mamlakatimizning boshqa klublarida ham Ilhom akaga o'xshagan o'z ishining haqiqiy ustalari ko'payishini xohlardim.
- Jamoada yoshlar futboliga etibor qay darajada?
- Gohida hayron qolaman, ayrim klublar juda katta mablag'lar sarflab, xorijdan yoki mahalliy nomdor futbolchilarni o'z saflariga chorlashadi. Aslida, O'zbekiston istedodlarga boy makon hisoblanadi. Takidlash joizki, poytaxtda, viloyat va tuman markazlarida hatto chekka-chekka qishloqlarda ham iqtidor egalari talaygina. Ularni izlab topish, to'g'ri yo'l ko'rsatib, katta futbolda o'z o'rnini egallashida baholi qudrat ko'mak berishimiz lozim. Kezi kelganda, “Nasaf” jamoasini olaylik. Mening sobiq jamoamda yoshlar futboli tizimi yaxshi yo'lga qo'yilgan. So'nggi yillarda bir qator taniqli charm to'p ustalari “ajdarlar” tarkibini tark etishdi. SHunga qaramay, jamoaning o'yini aslo pasaymadi. Ketganlar o'rnini “Nasaf” futbol akademiyasida kamol topgan yoshlar hisobiga to'ldirildi. Guvohi bo'lganingizdek, qarshiliklar katta xarajatlar sarflamay, o'z ichki imkoniyatlaridan oqilona foydalanib kelishmoqda. Bugungi kunga kelib, jamoaning tarkibi ancha yoshargan bo'lsa-da, “Nasaf” sovrindorlar qatoridan joy olishga intilyapti.
- Barqarorlik yo'qolmasligining asosiy sababi nimada deb, o'ylaysiz?
- “Nasaf” futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari ham asosiy jamoaning o'yin uslubi bo'yicha harakat qilishadi. SHu bois bo'lsa kerak, akademiya safidan qo'shilgan futbolchi bosh jamoa tarkibiga osongina moslashib ketadi. “Zomin”da ham futbol akademiya ish boshladi. Bugungi kunda 18 yoshgacha bo'lgan jamoa tarkibiga asos solindi. Ayni chog'da 14 va 16 yoshlilar jamoalarini deyarli shakllantirdik va saralash ishlari hamon davom etmoqda. O'zbek futbolida o'z o'rniga ega tajribali bolalar murabbiylarini ishga jalb etdik.
Malum yillar o'tib yaxshi niyatlar bilan boshlagan ishimiz o'z mevasini beradi, degan umiddaman. Bilasizmi, bolaligimda futbol bilan shug'ullanishda juda ko'plab qiyinchiliklarga duch kelganman. O'rta maktabda o'qib yurgan paytimda ustozim va do'stlarim bilan o'sib ketgan yantoqlarni chopib, futbol maydonini tartibga keltirardik. O'sha o'rtoqlarim orasida juda ham iqtidor egalari ko'p edi. Agarda maktabdosh do'stlarim ham futbol o'ynab ketishganda bormi, o'zbek futbolida nomdor futbolchilar voyaga etgan bo'lardi. O'zim bolalik futbolida muammolarga duch kelganim bois bugungi kelajagimiz vorislarini baholi qudrat qo'llab-quvvatlamoqchiman. Zero, bolalar, o'smirlar, yoshlar futbolini rivojlantirmay turib, professional futbolda va xalqaro maydonlarda yuksak natijalarga erishib bo'lmaydi.
- Klubda futbol infratuzilmasini yaxshilashda “Nasaf” yo'li tanlandimi?
- SHunday desa ham bo'ladi. Lekin, “Zomin”ning yo'li sal boshqacharoq. Yani, kelgusi mavsumlarda o'zga futbolchilar xizmatiga ehtiyoj sezmay, bor diqqatni o'z akademiyasidan etishib chiqqan yigitlariga qaratadi. Eng yaxshi futbolchilarga tushgan taklif bo'yicha transferlar amalga oshiriladi. Undan tushgan sarmoya orqali klub moliyaviy ahvoli yanada yaxshilanadi. Klub rahbariyati va jamoa murabbiylar shtabining asosiy maqsadi esa Zomin shahrida haqiqiy professional klub tuzishdan iborat.
- 29 iyun kuni ayollar futboli bo'yicha joriy yilgi mamlakat superkubogining hal qiluvchi uchrashuvi o'tkaziladi. Bo'lajak o'yinni qabul qilishga “Zomin” markaziy shaymi?
- Albatta. Yuqorida “Zomin” stadionidagi ijobiy o'zgarishlar xususida to'xtaldim. Mazkur superkubok uchrashuvi karantin qoidalariga to'liq amal qilingan holda uyushtiriladi. Buning uchun stadionimizda barcha sharoitlar muhayyo etilgan. O'zbekiston futbol associaciyasi va O'zbekiston professional futbol ligasi mutasaddilarining bildirgan ishonchini “Zomin” klubi rahbariyati to'liq oqlaydi. Bu bilan to'xtab qolmoqchi emasmiz. Kelgusida O'zbekiston Kubogining final uchrashuvi va xalqaro miqyosida o'tadigan o'yinlarni qabul qilishga tayyorlamoqchimiz.
Mirjalol Normatov suhbatlashdi
Fikrlar