Jafar Irismetov: "Bu yilgi chempionatimizda yaqqol yarq etib ajralib turgan futbolchini ko'rmadim"
22 noy 2016 18:58
Yangiliklar
Jafar Irismetov: "Bu yilgi chempionatimizda yaqqol yarq etib ajralib turgan futbolchini ko'rmadim"
- O'yin juda qiziqarli kechdi. Havo sovuq bo'lishiga qaramasdan stadionga kelgan muxlislarga birinchi navbatda rahmat demoqchiman. Turnir jadvali holatidan kelib chiqsak, "Paxtakor"ga ochko zarur emasdi. Biz juda muhim bo'lgan bir ochkoni qo'lga kiritdik. Uchrashuv teng kurashlar ostida o'tdi. "Paxtakor" jamoasi ancha tajribaga ega ekanligini baribir bilinib turdi.
- Jamoani mavsum o'rtasida juda qiyin pallada qabul qilib oldingiz va oliy ligada qolish vazifasini bajardingiz. Keyingi faoliyatingizni ham "Obod"da davom ettirasizmi? Bu borada og'zaki kelishuvga erishilganmi yoki...?
- Jamoani mavsum o'rtasida qabul qilib olayotganimda, "Obod"ni oliy ligada qolishiga hech kim ishonmagandi. Klub bilan o'rtamizda tuzilgan shartnoma dekabrda tugaydi. Hozircha hech qanday kelishuv yo'q. Kelajakda nima bo'lishini ko'ramiz. Hozir jamoa qisqa muddatli tatilga chiqadi va keyinchalik yig'ilamiz. Hamma masala o'shanda malum bo'ladi.
- SHohruz Norxonov nega aynan ikkinchi bo'limda maydonga tushirildi?
- SHohruz Norxonovnining o'yinida ozgina pasayish borligini ko'rdik. Bugungi bahsda Norxonovni ikkinchi taymda tushirishni maqsad qilgandik. Sababi, "Paxtakor"ni himoyachilari toliqib qolgan payt biz Norxonovning tezligidan foydalanmoqchi bo'lgandik.
- Bugun "Obod" bemalol g'alaba qozonishi ham mumkin edi. Ko'p vaziyatlarda "Paxtakor" darvozaboni oldinga chiqib ketdi. Ammo negadir "Obod" futbolchilari uzoqdan zarba yo'llashmadi. Buni siz ham ko'rgan bo'lsangiz kerak, futbolchilarga uzoqdan darvozani "o'qqa" tutishga ko'rsatma bermadingizmi?
- Futbolchilarga ko'rsatma berasizmi, yo'qmi, baribir maydonda futbolchilar harakat qilishadi. Men bugun shogirdlarimga uzoqdan zarba yo'llashga ko'rsatma bermagandim. Asosiy vazifamiz bizga kerakli bo'lgan natijani ushlab qolish edi.
- O'yin davomida "Andijon" - "Navbahor" uchrashuvi natijasini ham bilib turdingizmi?
- Ha, internet orqali ushbu bahs natijasidan boxabar bo'lib turdim. Bizga "Andijon" jamoasining g'alabasi kerak edi. CHunki ularni g'alabasi bizni o'tish o'yinlarisiz oliy ligada qolishimizni taminlab berardi. Ammo biz o'zimiz "Paxtakor"dan ochko olishni uddasidan chiqdik. "Navbahor"ning g'alabasi bizlarni o'tish o'yinida ishtirok etishimizga sabab bo'lishi mumkin edi.
- Joriy mavsumda chempionatimizdagi eng yaxshi futbolchi nomini ayta olasizmi?
- Bu yilgi mavsumda eng yaxshi futbolchi bo'ldi deb birortani ko'rsatib aytishim qiyin. Joriy mavsumda chempionatimizda yorqin o'yin ko'rsatgan, boshqalardan ajralib turgan futbolchini ko'rmadim. O'zbekiston terma jamoasida ham bu kabi futbolchini ko'rmadim. Haqiqatda zo'r o'ynadi, degan futbolchini ushbu mavsumda ko'rganim yo'q. Barcha bir darajada o'ynadi, demaymanu, masalan Aliboevni ko'rsatsa bo'ladi. Bu endi mani o'zimning shaxsiy fikrim. Yaqqol ajralib chiqqan futbolchi yo'q. Masalan chempionatda 30-35ta gol urgan futbolchi yo'q. Lekin yaxshi futbolchilari ko'p. Faqat o'shalarni ko'ra bilish kerak.
- Bu kabi ko'p gol uradigan futbolchilar 90-yillar oxirida bo'lgandi...
- Nega endi? (kuladi) Mana Ispaniya chempionatida ko'p gol urishmoqda. Masalan La Ligada jamoalarning darajasi yuqori. Ammo uddalashmoqdaku...
Fikrlar